Home / MAQOLALAR / “TAZKIRAI MUQIMXONIYA” QOʻLYOZMASINING TAVSIFI

“TAZKIRAI MUQIMXONIYA” QOʻLYOZMASINING TAVSIFI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazning qoʻlyozmalar fondida tarixga ham oid asarlar mavjud boʻlib, ulardan biri “Tazkirai Muqimxoniya” qoʻlyozmasidir. Unda uch sulolaning siyosiy jarayonlardagi toʻqnashuvlari va Movarounnahrda yangi bir sulola ashtarxoniylarning siyosat maydondagi oʻrni va ahamiyati bayon qilingan. Asardagi voqea-hodisalar muallif tomonidan barcha tafsilotlari bilan tasvirlangan.

Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xoʻja Baqo balxlik tarixchi olim boʻlib, XVII asrda ashtarxoniylar davrida Subhonqulixon (1680-1702) va Balx taxtiga oʻtirgan shahzoda Abu Muzaffar Said Muhammad Muqimxon(1702-1704) hukmronligi davrida saroy munshiysi boʻlgan. Muhammad Yusuf Munshiy shahzoda Abu Muzaffar Said Muhammad Muqimxonga bagʻishlab, “Tazkirai Muqimxoniya” asarini yozgan[1]

Buxoro xoni Subhonqulixon oʻgʻil koʻrganida unga nom qoʻyish uchun “Burhonul avliyo val ataqiya, hidoyatpanoh, haqiqatogoh Nasriddinxoja ibn Abdugʻafforxoja ibn Solihxoja ibn Xoja Kalonxoja ibn Maxdumi Aʼzam quddusu sirruha” ning huzuriga boradi va ul zot Qurʼoni karim sahifalarini ochib, undan: Aʼuzubillahi minash shaytonir rojim,

رَبِّ ٱجْعَلْنِى مُقِيمَ ٱلصَّلَوٰةِ وَمِن ذُرِّيَّتِى … …

“Parvardigoro, meni va zurriyotlarimni namozda qoim qilgin”  (Ibrohim surasi 40 oyat) degan oyatga koʻzlari tushib, chaqaloqqa Muqimxon deb ism qoʻygan. Keyinchalik shahzoda Balx valiahdi boʻlib, tarixda katta iz qoldirgan[2].

Asar Oʻrta Osiyoning XVI asr oxiri va XVII asr boshlaridagi tarixini yoritadigan muhim manbalardan biri hisoblanadi. Unda Chingizxon va uning avlodlari, Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar  hukmronlik qilgan davrlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlari va ularning shajarasini barcha detallari bilan yoritilgan[3].

  1. Muallif: Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xoʻja Baqo.
  2. Koʻchirilgan sanasi: 1239/1823 yil.
  3. Tili: forsiy.
  4. Qogʻozi: sharq.
  5. Varagʻi: 24,5×15 mm.
  6. Xat turi: nastaʼliq.
  7. Siyoh turi: asarning bob va fasllari, ismlar qizil siyohda, matn qora siyohda yozilgan.
  8. Matn oʻlchami: 19×9,5 mm.
  9. Asarning boshlanishi:

افتتاح مقال بعون واهب ذوالجلال وقادر مبتدل تعلی شانه عما یقال که درمبدء فطرت 

  1. Asarning oxiri:

… اقبال و كوكب النبور جلال ابن پادشاه خصال ازوسمت سبوط و وبال مصونی وماءمونی دار او الحق محمد واله الامجاد                                                                                                        

  1. Kolofon:

شد توفيق خداى لا ينام سنة ١٢٣٩  اين كتابت يوم بنچشنبه تمام

  1. Hoshiya: Amir Husrav gʻazali va matnlarga toʻldirmalar berilgan.
  2. Poygir: mavjud.

Asarning tavsifi: Mazkur qoʻlyozma boy va qadimiy madaniyatga ega boʻlgan Movarounnahr va Xuroson  xalqlari tarixini oydinlashtiradigan noyob nusxadir. U 1823 yili koʻchirilgan va markazning qoʻlyozmalar fondida №68 raqamda saqlanadi. Asar muqaddima va 10 boʻlimdan iborat boʻlib, boblarda tarixiy voqealar ketma-ketlikda yoritilgan.

 Birinchi boʻlim  oʻn bobdan tashkil topgan. Unda Chingizxonning nasl-nasabi, taxtga oʻtirishi, yurishlari haqidagi hikoyalar va Movarounnahrga kelishi va shaharlarni zabt etishi bayon qilingan.

Keyingi bobda Shayboniyxon boshchiligidagi Dashti Qipchoq koʻchmanchi qabilalarining Movarounnahrga bostirib kirishi haqida hikoya qilinadi. Ubaydullaxon va Bobur Mirzo oʻrtasidagi Buxoro uchun toʻqnashuvlar, Iskandarxon va Pirmuhammadxon hukmronligi, shuningdek, Abdullaxonning Movarounnahr taxtini egallashi, vafoti  va Abdulmoʻminning qatli voqealari yoritilgan[4].

Asarning ikkinchi boʻlimi oʻttiz sakkiz bobdan iborat. Ammo boblardagi maʼlumotlar nisbatan qisqa. Ulardagi maʼlumotlar asarning asosiy qismini tashkil etadi — ashtarxoniylar hukmronligi davri aks ettiriladi. Shuningdek, Buxoro xonligining XVI-XVIII asrlardagi siyosiy ahvoli tasvirlanadi, xususan, hukmronlik shayboniylardan ashtarxoniylarga oʻtishi, Balx va Buxoro hukmdorlari va amirlari oʻrtasidagi nizolar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Markaziy hokimiyatning zaiflashishi, Buxoro xonligining Eron va Hindiston bilan munosabatlari bayon qiladi.

 Asarning soʻnggi boʻlimida Balxda shahzoda Abu Muzaffar Said Muhammad Muqimxonning taxtga chiqish tarixi va uning Buxoro bilan munosabatlari yoritilgan. 1702-1704 yillar voqealari, xususan, Buxoro bilan Balx oʻrtasida boshlangan qurolli kurash oʻrin olgan. Asarda xonlar va yirik zamindorlar toʻgʻrisida, mehnatkashlarning ogʻir ahvoli haqida ham soʻz yuritilgan. Shuningdek, oʻz davrining yetuk tariqat peshvosi, xattot, shoirlari va  Qunduz, Termiz, Balxda yashovchi  qavmlar (qatagʻon, qoʻngʻirot, qurama) hamda saroy mansablari va harbiy unvonlar toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilgan[5].

Muallif ashtarxoniylar davlatida tariqat vakillarining mavqei balandligini va ular siyosiy boshqaruvda yuqori lavozim sohiblari boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtgan. Asar bilan tanishar ekanmiz, ashtarxoniylar ichki ziddiyatlar tufayli tanazzulga uchragani va mahalliy zodagonlar Muqimxonni tan olmay Balx hokimligiga Xoja Abduvali Porsoning oʻgʻli Solihxojani tayinlaganiga guvoh boʻlishimiz mumkin[6].

Muhammad Yusuf Munshiy XVI-XVIII asrlaridagi tarixiy, siyosiy voqealarni tasvirlar ekan, xronologiyaga alohida eʼtibor qaratgan. Shuningdek, muallif Markaziy Osiyoda sulolalarning siyosiy kurashlari, xalq qoʻzgʻolonlari, Buxoro xonligidan ajralib chiqqan Balx va Fargʻona vodiysidagi vaziyatni batafsil tasvirlagan. Samarqand, Shahrisabz va Badaxshon hokimlarining markazga boʻysunmaslik harakatlarini va buning sabablarini koʻrsatib bergan. 1708 yilda Ubaydullaxon oʻtkazgan pul islohoti va uning aholi hayotiga salbiy taʼsirini yoritib oʻtgan.   

“Tazkirai Muqimxoniya” asari xonliklardagi ichki vaziyat, mahalliy zodagon va din peshvolarining siyosatdagi mavqeidan to oddiy xalqning hayot tarzigacha boʻlgan oid maʼlumotlari bilan ahamiyatlidir. Kelajakda tadqiqotchi olimlar tomonidan bu asarning turli sanalarda koʻchirilgan nusxalari tadqiq va tahlil qilinsa, unda keltirilgan bahs-munozarali jihatlarga oydinlik kiritilar edi.

Masalan, baʼzi olimlar Solihxojani Maxdumi Aʼzamning nabirasi desa, boshqalari Xoja Abduvali Porsoning oʻgʻli, deydi. Bunday chigal masalalar talaygina. Asar davrlar oʻtsa-da, oʻz qiymatini yoʻqotmagan, hamon tarixchi olimlar uchun muhim manba boʻlib xizmat qilib kelmoqda.

Komilxon Kattayevning “Nodir qoʻlyozmalar” shaxsiy fondida kitobning ikkita qoʻlyozma nusxasi mavjud boʻlib, birinchisi, 186 varaqdan iborat. 1829 yilda koʻchirilgan; Yashil sharq muqovasining, tayakisi charmdan, turunj va loladan iborat. Ikkinchi nusxasi — 266 varaq, 1897 yilda koʻchirilgan va  yashil sharq muqovasining, tayakisi charmdan, turunj va loladan iborat. Ikki qoʻlyozmaning ham xattoti keltirilmagan[7].

Shuningdek, asarning Sharqshunoslik qoʻlyozmalar instituti Habib Sulaymonov fondida ham bir necha nusxalari saqlanmoqda. Ulardan;

“Tazkirai Muqimxoniya”-  №72 raqamdagi nusxasi uch boʻlimdan iborat boʻlib, مقالة deb boblarni nomlagan. I–boʻlim 14a-27a ; II –boʻlim  27a-101a ; III – boʻlim 101a-119b va خاتمة 119b-120b varaq. Muallif asarni soʻngida Xoja Bahoulhaqq, Xoja Hofiz Sheroziy, Amir Temur, Sayyid Sharif Jurjoniy, Xoja Ahror Valiy, Alisher Navoiy, Adullaxon kabi tarixiy shaxslarning biografiyasi haqida va Buxorodagi ayrim meʼmoriy yodgorliklarning tarixiga oid maʼlumotlarni bayon etgan. 138a varagʻida  nusxaning oxirgi qismi kolofonda 1324/1906 yil 139b varaqda esa, ميرزا عبد الفتاح كاتب ١٣٤٠ yaʼni,  Xattot Mirzo Abdulfattoh kotib 1922 yil koʻchirgan degan yozuv keltirilgan.

“Tazkirai Muqimxoniya”-  №2569 raqamdagi nusxasida ham yuqoridagi nusxa kabi boʻlim va boblarga ajratilgan. 1824 yil nastaʼliq xatida Xorazmda koʻchirilgan. Nusxa toʻliq, matn qizil ramkaga olingan va poygirlari bor. Sharqona raqamlangan[8].

“Tazkirai Muqimxoniya”-  №609/II raqamdagi nusxasida Muhammad Yusuf Munshiy Muzaffar Muqimxonning Balx  siyosiy boshqaruvidagi muhim shaxs ekani eʼtirof etilgan. Asar 408 varaqdan iborat, boʻlib, 1814 yil مرزا خدايداد ولد مرزا محمد حسين بلخي   xattot Mirzo Hudoydod oʻgʻli Mirzo Muhammad Husayn Balxiy tomonidan koʻchirilgan[9].

Qoʻlyozmaning Sankt-Peterburg va boshqa xorijiy fondlarda 60 dan ziyodroq nusxalari saqlanadi. Aksariyat nusxalari XIX asrda koʻchirilgan. Asar 1861  yili oʻzbekchaga  toʻliq tarjima qilingan, undan ayrim parchalari fransuz va rus tilarida eʼlon qilingan. 1956 yili toʻliq ruschaga tarjimasi sharqshunos rus olimi A.Semenov tomonidan nashr etilgan[10].

Muxtasar qilib aytganda, alloma Muqimxon va ashtarxoniylar tarixini yozish orqali butun davrni, unda barcha ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, oddiy odamlarning hayotini, muhim tarixiy shaxslarning shajarasi va faoliyatini batafsil yoritib bergan. Asar shu jihati bilan ham noyob boʻlib, oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan va keng qamrovli tadqiqotlarga munosibdir.

[2] K.Kattayev “Mahdumi Aʼzam va Dahbed” 1994. –B.-18
[4] Muhammad Yusuf Munshiy. “Tazkirai Muqimxoniy” №68 16b-17a-betlar
[5] Oʻsha asar 26b  bet
[6] A.Saidov. Svedeniya Muhammada Yusufa Munshiy ob administrativnom ustroystve Buxarskogo xanstva v XVI-  nachale XVIII vv.
[8] Katolog fonda instituta rukopisey II-tom № 72; №2569 -S-275
[9] Sobraniye vostochnыx rukopisey akademii I-tom №609/II, №1531, №1691, №1738, №789, №1967, №1862/II, №20/ I, №2212/II, №615/II, -S-275
Daurbekova Iroda,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Mamanov Mehriddin SamDU 1-kurs magistranti

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …