Home / MAQOLALAR / AMIR TЕMUR VA TЕMURIYLAR DAVRIDA BUXORO VOHASIDA HUNARMANDLIK TARAQQIYOTI XUSUSIDA

AMIR TЕMUR VA TЕMURIYLAR DAVRIDA BUXORO VOHASIDA HUNARMANDLIK TARAQQIYOTI XUSUSIDA

Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr siyosiy-iqtisodiy, madaniy jihatdan gullab-yashnadi. Mamlakat rivoji va xalq farovonligi uchun Amir Temur hunarmandlik va savdo-sotiq ishlariga, ayniqsa, katta ahamiyat qaratgandi. Aynan hunarmandlar va savdo ahlining qoʻllab-quvvatlashlari Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishida muhim omil boʻlib xizmat qilgan. Sohibqiron siyosatini uning avlodlari ham davom ettirib, Samarqand, Toshkent, Termiz, Qarshi va Buxoro kabi shaharlarni hunarmandlik ishlab chiqarishi va savdo markazlariga aylantirdi. Ayniqsa, Buxoro XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asrning boshlarida hunarmandlik va savdo taraqqiy etgan shaharlardan biri sifatida namoyon boʻldi.

Buxoro hunarmandlarining mahsulotlari Sharq va Gʻarbda mashhur boʻlgani tarixiy manbalarda keltirib oʻtilgan. Ayniqsa, buxorolik hunarmandlar tayyorlagan matolar moʻgʻullar davridayoq mashhur boʻlib, Rashididdin yozib qoldirgan maʼlumotlarning birida Buxorodan uch savdogarning Xitoy tomon yoʻlga chiqishi, bu vaqtda Chingizxon Shimoliy Xitoyni istilo qilish bilan band boʻlgani va savdogarlarning Chingizxon bilan uchrashgani, savdogarlarning Xitoyga olib borayotgan mahsulotlari orasida zarboft (zar-oltin iplar qoʻshib toʻqilgan qimmatbaho mato), zandanicha (paxtadan sifatli qilib tayyorlangan va gul bosilgan mato turi), karpas (paxta tolasidan toʻqilgan oq rangli baxmalmato) kabi matolar ham boʻlgani aytib oʻtiladi. Chingizxon buxorolik savdogarlar mahsulotini koʻrib, garchi ularning qiymati 10-20 dinor atrofida boʻlsa-da, zarboftning bir boʻlagiga bir bolish (moʻgʻullar davlatidagi pul birligi) oltin, zandanicha, karpas matosining bir boʻlagiga bir bolish kumush toʻlashni buyurgani aytib oʻtilgan[4: 187-188]. Ammo moʻgʻullar istilosi va undan keyingi oʻzaro kurashlar jarayonida Buxoroda hunarmandlikning koʻp turlari yoʻqolib borgan.

XIV asrning birinchi yarmida Chigʻatoy ulusida kechgan voqeliklar shaharlarning va savdo iqtisodiy munosabatlarning vayron boʻlishiga olib kelayotgan edi. Ana shunday jarayonlarda hunarmandlar oʻzlarini himoya qilish uchun ittifoqlar, birodarlik tashkilotlariga birlasha boshladilar. Bu hol Movarounnahrda ham sodir boʻlib, tarixchi olimlar B.Grekov va A.Yakubovskiylarning taʼkidlashicha, XIV asrda Eron, Kichik Osiyo va Oʻrta Osiyo shaharlarida hunarmandlarning oʻzaro birodarlashgan ittifoqlari shakllangan edi. Ushbu ittifoqlar nafaqat mehnat taqsimotida, balki, siyosiy masalalarda ham faol boʻlib, feodal jamiyatda shaharliklarning omma oldidagi chiqishlari aynan ular orqali sodir boʻlgan. Bunday tashkilotlar manbalarda Axiy deb atalgan. Ularning oʻz yigʻinlari, oʻz shayxlari boʻlib, boshqa Axiy (birodar)lar bilan yaqin aloqada tez-tez chiqishlar qilib, siyosiy hayotga katta taʼsir koʻrsatgan[3: 105].  Aynan mana shunday tashkilotlar keyinchalik Amir Temurning iqtisodiy qudratiga aylanib borgan. Buning ustiga XIV asr davomida savdo iqtisodiy munosabatlar asta-sekinlik bilan rivojlanib, turk-moʻgʻul feodallarining ayrimlari ham savdo, hunarmandlik ishlab chiqarishiga eʼtibor qarata boshlagandi. Feodallar shaharlarda koʻchmas mulk, savdo doʻkonlari, hunarmandlik rastalari sotib ola boshladilar. Bu holat ularning oʻtroqlikka oʻtish va islomni qabul qilish jarayonini tezlashtirdi. Savdo va hunarmandlik birinchi navbatda Samarqand va Buxoroda rivojlanib bordi[9: 9-10]. Bu esa oʻzaro urushlarga chek qoʻyib, mamlakatni birlashtirish tarafdorlarining koʻpayib borishini taʼminlagan omillardan biri boʻldi.

1365 yil sarbadorlar qoʻzgʻoloni davrida hunarmand va savdo iqtisodiy-munosabatlar vakillarining yetakchilarini qatl etishga qarshi chiqib, Amir Temur savdo-iqtisodiy manfaatlarni himoya qildi. Buning natijasida Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz shaharlarining qoʻllab-quvvatlashiga erishdi[9: 14].

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, u yuritgan savdo-iqtisodiy siyosat natijasida buyuk ipak yoʻli boʻylab savdo aloqalari qayta tiklanibgina qolmay, xalqaro savdoda Samarqand, Buxoro, Urganch, Toshkent kabi yirik savdo-hunarmandlik markazlari emas, balki kichik shaharlar va qishloqlarning ham faol ishtiroki taʼminlandi[1: 79]. Bu esa hunarmandlikning yoʻqolib ketgan tarmoqlari tiklanishiga va yangi sohalarning vujudga kelishiga asosiy turtki boʻlgan.

Moʻgʻullar bosqini arafasida Buxoroda qator hunarmandlik sohalari taraqqiy etgan boʻlib, ayniqsa, ipak matolarni tayyorlash keng taraqqiy etgani yuqorida aytib oʻtilgandi. Oʻzaro urushlar natijasida ipakchilik Buxoroda butunlay inqirozga uchragan boʻlib, Amir Temurning ipakchilik sohasini Buxoroda yana qayta tiklashga va rivojlantirishga harakat qilgani tarixiy adabiyotlarda keltirib oʻtilganining guvohi boʻlish mumkin[8: 33].                               Davomi bor…

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Amir Temur jahon tarixida. –T.: Sharq. 1996.
  2. Amir Temur Yevropa elchilari nigohida / Rui Gonsales de Klavixo. Buyuk Amir Temur tarixi (1403-1406); Tarj., U.Joʻrayev. Sultoniya arxiyepiskopi Ioann. Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar. Tarj., B.Ermatov; Masʼul muharrir A.X. Saidov. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi matbaa ijodiy uyi, 2007.
  3. Grekov B., Yakubovskiy A. Zolotaya Orda (Ocherk istorii Djuchi v period slojeniya i rassveta v XIII-XIV vv.)/Pod redaksiyey V. Bыstryanskogo. – M.: Gospolitizdat, 1941.
  4. Rashidaddin. Sbornik letopisey Tom I. Kniga vtoraya/perevod s persidskogo O.I. Smirnovoy. Premechaniya B.I. Ponkratova i O.I. Smirnovoy. Redaksiya prof A.A. Semyonova. – M-L.: Izdatelstvo akademii nauk SSSR, 1952.
  5. Temur va Ulugʻbek davri tarixi. –T.: Qomuslar bosh tahririyati; 1996. www.ziyouz.com kutubxonasi.
  6. Toʻxtiyev I. Amir Temur va temuriylarning moliya-pul siyosati:/I.Toʻxtiyev; masʼul muharrirlar: Muhammad Ali, L.Tangriyev. – T.: Oʻzbekiston, 2006.
  7. Fedorov M.N. Klad monet Ulugbeka iz Samarkanda//Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. 8-9-son, 1969.
  8. Yuldasheva M.Yu. K voprosu o remeslennom proizvodstve v Buxarskom xanstve v XVI-XVII vekax//Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar, 4-son, 1961.
  9. Yakubovskiy A.Yu. Samarkand pri Timure i timuridax. – Leningrad, 1933.
Jamshid KOʻCHAROV,
Qarshi davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …