Home / YANGILIKLAR / “Yangi Oʻzbekiston – yangi renessans sari”

“Yangi Oʻzbekiston – yangi renessans sari”

Joriy yil 17 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Samarqand Davlat universiteti hamkorligida “Yangi Oʻzbekiston – yangi renessans sari” nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. ZOOM dasturi orqali tashkil etilgan konferensiya ishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi B.Toʻrayev ishtirok etdi va “Uchinchi renessans – tarixiy xotirani tiklashdir” mavzusida maʼruza qildi.

Notiq oʻz maʼruzasida ayni paytda markazda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va tarjima ishlari borasida axborot berdi. Unga koʻra ilmiy xodimlar tomonidan oʻtgan davr davomida jami 742 ta ilmiy maqola eʼlon qilinib, 78 dona kitob va risolalar nashrga tayyorlandi. 54 ta kitob chop etilib, 21 ta kitob tarjima qilindi. jumladan Imom Jaloliddin Suyutiyning “Lubob al-hadis” asari tahqiq va tarjima qilindi, Imom Rustagʻfonining “Favoid va fatavoiy” asari tahqiq va taxrij qilindi, Abdurahmon Jomiyning “Arbaʼiyn” va Alisher Navoiyning “Arbaʼin” asarlari qiyosiy tahlil asosida oʻrganilmoqda, Imom Buxoriyning “Sulosiyot al-Buxoriy” asari tahqiq va tarjima qilinmoqda. Maʼruzachi shuningdek, ayni kunlarda Imom Moturidiyga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining markaz xodimlari tomonidan tarjima qilinib, nashr ettirilgan 30-juzi toʻgʻrisida ham soʻz olib, mazkur eng muhim va yirik ilmiy natija jamoaning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʻlganini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …