Home / YANGILIKLAR / DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIKNING HUQUQIY ASOSI

DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIKNING HUQUQIY ASOSI

Buyuk mutakallim alloma, vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy hazratlari ezgulik va yovuzlikdan birini tanlash inson hayotining asosini tashkil etishiga eʼtibor qaratar ekan, baxtli yoki baxtsizligi ayni shu sabab bilan bogʻliqligini uqtiradi hamda toʻgʻri tanlovning bir koʻrinishi jamiyatda mavjud qonunlarga itoat qilishda ekanini aytadi.

Darhaqiqat, qonunlarga itoat etish va rioya qilish – totuvlik hamda tinchlikning asosidir. Barcha jabhada qonun ustuvor boʻlgan jamiyat – komil jamiyatdir. Intizom, tartib, oʻzaro hurmat boʻlgan jamiyat rivojlanish yoʻlini tez topib oladi va ushbu yoʻlda sobitqadamlik bilan ilgarilaydi.

Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni shu jihatdan ayni muddaodir.

Mazkur qonun inson huquqlari boʻyicha umumjahon andozalariga mos. Uni qabul qilishda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi xalqaro qonunchilik, BMTning koʻplab hujjatlari, azaldan dunyo xaritasida shu sohada obroʻ qozongan mamlakatlar qonunlari zoʻr professionallarimiz hamda kuchli mutaxassislarimiz tarafidan puxta va chuqur, har jihatdan batafsil, keng oʻrganib chiqilgani har bir moddada yaqqol koʻrinib turibdi.

6 ta bob, 35 ta moddadan iborat yangi tahrirdagi ushbu qonunda bir talay oʻzgarishlar bor. Jumladan, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi yengillashtirildi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, masalan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmasligi belgilandi. Roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron koʻrinishda amalga oshirilishi joriy etildi. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilandi.

Dunyoda elatlar koʻp, eʼtiqodlar, din va mazhablar xilma-xil. Ming yillardan beri insoniyat bilan yonma-yon yashayotgan, uning maʼnaviy olamini toʻldirib, ezgu amallarga undab kelayotgan dinlarning mohiyatiga razm solsak, hamohanglik, mushtaraklikni ilgʻaymiz. Hatto ularning daʼvati ham nihoyatda oʻxshash: “Odamlar, ahil-inoq yashang!”, “Oʻzganing haqidan xazar qiling!”, “Bir-biringizga yomonlik qilmang!”, “Mehr-muruvvatli boʻling!”…

Shunday boʻlsa-da, sayyoramizning turli nuqtalarida dinlararo ziddiyatlar, mazhablararo qarama-qarshiliklar hamon uchrayotgani, bu hol qonli toʻqnashuvlarga sabab boʻlayotgani, bundan tinch aholi jabr chekib, shaharlar, davlatlardagi barqarorlik izidan chiqayotgani ayni haqiqat. Insonlarning eng muqaddas aʼmoli – eʼtiqodidan foydalanib, mafkuraviy xuruj uyushtirish, din niqobi ostida manfur gʻoyalarini amalga oshirishdan tap tortmaydiganlar, afsuski, doimo payt poylaydi, sodda, gʻoʻr kishilarga, yoshlarga tuzoq qoʻyadi. Bunday tahdidlarga qarshi ogohlik va xushyorlik yoʻqotmaslik, yoshlarning ongi hamda qalbini himoyalash – davr talabi.

Sir emas, ayrim gʻaraz maqsadli kimsalar muqaddas dinimizni niqob qilib olib, yoshlarni oʻz domiga tortmoqchi boʻlgani yaqin tariximizda kuzatildi. Shu va boshqa sabablarni inobatga olib, qonunda diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼiy nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd qilindi.

Har qanday shaxsning “oʻzicha” aholiga diniy taʼlim berishi – noanʼanaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis boʻlmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar boʻyicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib kelishini hayot koʻrsatmoqda. Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bogʻliq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot gʻoya va qarashlar taʼsiriga tushishiga sabab boʻladi. Shu bois diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilangani ayni muddao boʻldi.

Koʻp millatli hamda koʻp konfessiyali yurtimizda diniy bagʻrikenglik masalalariga katta eʼtibor berilayotgani bois turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ustuvor tamoyiliga amal qilinayotir.

Oqilona din siyosatidan minnatdor kishilar umuminsoniy gʻoyalar ostida birlashmoqda. Mamlakatimizda dinlararo bagʻrikenglik nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini yuzaga chiqarib, tinchlik va barqarorlikning muhim shartlaridan biriga aylangan.

Qonunning yana bir muhim jihati amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy taʼrifi mavjud emasligi sabab jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi.

Ushbu hujjat dono xalqimizning bugungi xohish-istaklariga, hozirgi zamon talablariga, ayni paytdagi davr ehtiyojlariga toʻla-toʻkis javob beradi. Endi hamma gap unga rioya qilishda. Zero, moʻmin-musulmonlarning yaxshisi ushbu hadisi sharifda goʻzal tarzda ifodalangan: “Oxirati deb dunyosini, dunyosi deb oxiratini tark qilgan banda sizlarning yaxshilaringiz emas. Zero, ikkisining jamgʻarishi lozim boʻlgan jihati bor. Odamlarga boqimanda boʻlib qolmanglar (yaʼni ularga zinhor ogʻirligingiz tushmasin)!” (Imom Daylamiy rivoyati).

Husayn Voiz Koshifiy: “Davlat va jamiyatni qonun ustuvorligisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki busiz dunyoning muhim ishlarini tartibga solish vazifasini amalga oshirish mumkin emas. Tarbiya va jazo haqidagi qonunlarning boʻlmaganligi davlat faoliyatining buzilishiga va inson huquqlarining kamsitilishiga olib keladi”, degan.

Abu Nasr Forobiy esa: “Qonunsiz jamiyatda tartib oʻrnatib boʻlmaydi”, deb hisoblaydi. Mutafakkirning fikricha, jamiyatda qonun ustuvor boʻlib, inson huquqlari kafolatlanmasa, oʻzaro bir-birini qoʻllab-quvvatlash tartibga solinmaydi. Chunki har kim oʻz shaxsiy manfaatini koʻzlab boshqalarga zarar yetkazadi, oʻzaro kurash, buzgʻunchilik va zoʻravonlik kabi illatlar avj oladi.

Muxtasar aytganda, yangi qonunda milliy fazilatlarimiz, diniy qadriyatlarimiz yoritilib, asrlar davomida ulugʻ ajdodlarimizdan dono xalqimizga betakror meros boʻlib kelayotgan beqiyos maʼnaviyatimiz ham inobatga olingan.

Qonun yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash, barqarorlik saqlash, adovat hamda murosasizlikka sabab boʻluvchi har qanday illatning payini qirqishda muhim huquqiy asos boʻladi.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining oʻrinbosari
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2021-yil 23-iyul, 153-son

Check Also

Yuta shtati delegatsiyasi – Markaz mehmoni

Bugun, 26-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Amerika …