Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (5-QISM)

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (5-QISM)

Ibodatlari, fazllari, taqvolari va solihliklari

Hokim aytganlar: “Bizga Muhammad ibn Xolid Muttavviʼiy, u kishiga  Musabbih ibn Saʼid: “Muhammad ibn Ismoil ramazon oyida har kun kunduzi bir marta Qurʼonni xatm qilardilar. Taroveh namozini oʻqib boʻlgach, har uch kunda kechqurun Qurʼonni tushirar edilar”, deganlar”.

Bakr ibn Munir aytganlar: “Abu Abdulloh Buxoriyning: “Alloh bilan yuzma-yuz boʻlganda, U meni hisob-kitob qilmaydi, degan umiddaman. Chunki men biror kishini gʻiybat qilmaganman”, deganlarini eshitdim”.

Imom Buxoriy (Alloh u kishini rahmat qilsin) toʻgʻri aytganlar. Kimki Buxoriyning jarhu taʼdildagi soʻzlarini eshitsa, u kishining odamlarga nisbatan soʻz ishlatishda nechogʻli parhezkor, insofli ekanliklarini bilardi. Bir kishining hadisini zaif sanasalar, u haqda koʻpincha: “Bu munkar hadis. Olimlar bu toʻgʻrida gapirmaganlar, bu xususda har xil fikr bor” qabilidagi latif va nozik iboralarni ishlatganlar. Juda oz oʻrinlarda “Falonchi yolgʻonchi”, “Falonchi hadis toʻqir edi” degan jumlalarni qoʻllar edilar. Hatto Buxoriy: “Falonchining hadisida ikkilanish bor”, desam, odamlar uni muttaham hisoblashar edi”, deganlar. “Men biror kishini gʻiybat qilmaganman”, degan soʻzlaridan ham maʼlumki, u kishining taqvolari yuqori edi.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq aytganlar: «Imom Buxoriy: “Qiyomatda menga xusumatchi boʻlmasa kerak”, dedilar. Men: “Baʼzi odamlar “At-Tarix” kitobingiz toʻgʻrisida gapirishganda sizning kishilarni gʻiybat qilishingizni aytadilar”, dedim. Buxoriy: “U soʻzlarni biz rivoyat qildik, xolos. Oʻzimizdan toʻqib aytganimiz yoʻq. Oishadan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ham: “…Bu oʻz qavmining naqadar yomon kishisidir”, deganlar”, deb taʼkidladilar.

Imom Buxoriy: “Gʻiybat uni aytuvchiga zarar qilishini bilganimdan buyon hech kimni gʻiybat qilmadim”, dedilar.

 

Vafotlari

 Ibn Adiy aytganlar: “Abdulquddus ibn Abduljabbor Samarqandiyning: “Muhammad ibn Ismoil Xartang qishlogʻiga keldilar. Bu qishloq Samarqanddan ikki farsax uzoqda joylashgan. U yerda qarindoshlari bor edi. Shularning uylarida turdilar. Bir kecha tahajjud namozini oʻqiganlaridan keyin: “Parvardigor, bu keng yer endi menga tor boʻldi. Meni Oʻz huzuringga olgin”, deb duo qilganlarini eshitdim. Bir oy oʻtar-oʻtmas vafot etdilar. Qabrlari Xartangda”, deganlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: «Abu Mansur Gʻolib ibn Jibriyldan eshitdim. Imom Buxoriy Xartangda shu kishining uylarida edilar. U kishi: “Imom Buxoriy uyimizda bir necha kun turdilar. Qattiq betob boʻldilar. Kasalliklari kuchayib boraverdi. Samarqand shahriga borishni istab elchi joʻnatdilar. Istaklariga rozilik javobi kelgach, safarga chiqish uchun hozirlik koʻrdilar. Ulovlarini tayyorlab, mahsilarini kiydilar, boshlariga salla oʻradilar. Yigirma qadamcha yurganlarida madorlari ketib qoldi. Ulovga mindirish uchun men bir kishi bilan bilaklaridan tutdim. Shunda imom Buxoriy: “Meni  oʻz holimga qoʻyinglar, tinkam quridi”, dedilar. Soʻngra uzoq duo qildilar va yotgan joylarida ruhlari tanlarini tark etdi. Peshonalaridan shunday ter oqdiki, buni tasvirlab boʻlmaydi. Ter oqishi toʻxtaganidan keyin oppoq kiyim bilan kafanladik. Chunki bizga soʻnggi marta: “Meni uchta oppoq kiyimga kafanlanglar, kafanda koʻylak ham, salla ham boʻlmasin”, deb vasiyat qilgan edilar. Biz xuddi shunday qildik.

Dafn qilganimizdan keyin qabr tuprogʻidan mushkdan ham yoqimliroq hid taraldi. Bu bir necha kun davom etdi. Soʻngra qabrlari ustidan oppoq ustunga oʻxshash narsa osmonga koʻtarilib toʻxtadi. Odamlar har kuni kelib, bundan ajablanishardi. Tabarruk qabr tuproqlaridan olib ketadigan boʻldilar. Hatto qabr ancha pasayib qoldi. Qorovullik qilsak ham qabr tuprogʻini saqlashga kuchimiz yetmadi. Qabrni himoya qilishdan charchab ketdik. Shu sababdan qabrlari ustini xas-xashak bilan hech kimning qoʻli yeta olmaydigan qilib toʻsdik. Lekin xalq qabrga zarar yetkazmasdan uning atrofidagi tuproqdan olib ketardi.

Qabrdan taralayotgan xushboʻy hid bir necha kun davom etganidan atrofdagilar bu haqda gapirib, hayratlanishardi.

Hayotliklarida qarshi chiqqanlar vafotlaridan keyin bu kishining kimliklarini bilishdi. Ular Buxoriyning qabrlari yoniga kelib, aytgan yomon soʻzlari uchun tavbayu nadomatlar qilishdi”, dedilar».

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Imom Buxoriyning vafotlaridan soʻng qarindoshlari Abu Mansur Gʻolib ibn Jibriyl juda kam yashadilar. Oʻzlarini u kishining yonlariga dafn etishlarini vasiyat qildilar”.

Muhammad ibn Muhammad ibn Makkiy Jurjoniy aytganlar: “Abdulvohid ibn Odam Tavovisiyning: “Tushimda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni koʻrdim. Yonlarida bir necha sahobalar bor edi. U kishi bir joyda turganlarida borib salom berdim. Alik oldilar. “Ey rasululloh, bu yerda tik turib nima qilyapsiz?” deb soʻradim. “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni kutyapman”, deb javob berdilar. Bir necha kundan keyin menga imom Buxoriyning vafot etganliklari toʻgʻrisida xabar keldi. Hisoblab koʻrsam, vafotlari Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni tushimda koʻrgan vaqtga toʻgʻri kelgan ekan”, deganlarini eshitdim”.

Xalaf ibn Muhammad Xayyom aytganlar: “Mahiyb ibn Sulaym Karminiyning: “Imom Buxoriy 256 yili 62 yoshlarida Ramazon hayiti kechasida vafot etdilar. Uyda yolgʻiz oʻzlari edilar. Ertalab kirsak, vafot qilgan ekanlar”, deganlarini eshitdim”.

Ibn Adiy aytganlar: “Hasan ibn Husayn Bazzoz Buxoriyning: “Imom Buxoriy 256 yilda Ramazon hayiti oqshomida shanba kuni xufton namozi vaqtida vafot etdilar. Ramazon hayiti kuni peshin namozidan soʻng dafn qilindilar. Buxoriy oʻn uch kun kam 62 yoshga kirdilar”, deganlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Abu Zarrning: “Muhammad ibn Hafsning shogirdlari Muhammad ibn Hotam Xalqoniyni tushimda koʻrdim. Bu kishining vafot qilganlarini bilardim. “Ustozim Muhammad ibn Hafsni koʻrdingizmi?” deb soʻradim. Xalqoniy menga qarab: “Ha, koʻrdim. U kishi mana bunday”, dedilar va tom barobaridagi balandlikka ishora qildilar. Soʻngra imom Buxoriy toʻgʻrilarida soʻradim. “Imom Buxoriyni ham koʻrdim”, dedilar va osmonga ishora qildilar. Koʻrsatayotgan joylarining balandligidan yiqilib ketayozdilar”, deganlarini eshitdim”.

Abu Ali Gʻassoniy aytganlar: «Abul Fath Nasr ibn Hasan Sakatiy Samarqandiy 464 yilda Balansiyaga kelib bizga: “Samarqandda bir yili qahatchilik, qurgʻoqchilik boʻldi. Odamlar Allohdan bir necha bor yomgʻir soʻrasalar-da, yogʻingarchilik boʻlmadi. Salohiyat va taqvosi bilan tanilgan bir kishi Samarqand qozisi huzurlariga kelib: “Mening bir fikrim bor. Uni sizga aytaman”, dedilar. Qozi: “Qanday fikr?” deb soʻradilar. U kishi: “Odamlar bilan Xartang qishlogʻiga imom Buxoriyning qabrlari yoniga borib, istisqo namozini oʻsha yerda oʻqisak. Shoyad, Alloh taolo bizga yomgʻir yogʻdirsa”, deb aytdilar. Qozi: “Yaxshi fikr”,  dedilar va odamlar bilan birga Xartangga bordilar. Qozi odamlarga istisqo namozini oʻqib berdilar. Qabr oldida hamma yigʻlashdi. Qabr sohibini vasila qilib yomgʻir soʻradilar.

Alloh taolo osmondan koʻp yomgʻir yogʻdirdi. Yomgʻir koʻp yoqqanidan biror kishi ham Samarqandga qaytolmay, yetti kun Xartangda qolib ketdi. Samarqand va Xartangning orasi uch mil kelardi”, deb xabar berdilar».

Xatib Bagʻdodiy “Tarix” kitoblarida aytganlar: “Bizga qozi Abu Bakr Ahmad ibn Hasan Harashiy Naysoburda xabar berdilar. U kishi faqih Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Balxiydan hadis eshitgan ekanlar”.

Xatib yana boshqa bir sanad bilan aytganlar: “Men Ahmad ibn Abdulloh Saffor Balxiydan eshitdim. U kishi Abu Isʼhoq Mustamliydan eshitgan ekanlar. U kishi Muhammad ibn Yusuf Firabriyning: “Imom Buxoriydan “As-Sahih”ni toʻqson ming kishi eshitgan. Lekin bugungi kunda uni mendan boshqa rivoyat qiladigan qolmadi”, deganlarini eshitganlar”.

davomi bor…

Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …