Home / MAQOLALAR / Ilm yo’lidagi safarlarning fazilati

Ilm yo’lidagi safarlarning fazilati

O’z yurtidagi ulamolarning ilmlarini o’zlashtirmasdan, diniy ilmlarni tashqaridan olishni istagan kishi o’zi bilmagan holda diniy ilmlar bilan bir qatorda o’sha xalqlarning urf-odatli va dunyoqarashini ham o’ziga singdiradi.

Alloh taolo ilmli bandalarining darajasini va olimlarning fazilati haqida “…Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo’lurmi?!” deydi. Inson hayotida ilm nechog’li katta o’rin tutishi mazkur oyatdan ham ayonlashadi. CHunki har qanday xalqning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning ilmga e’tibori va ilmiy taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi.

SHu sababli Alloh taolo kalomi sharifida “Mo’minlar yoppasiga (jangga, dunyo ishlariga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari payg’ambardan) dinni o’rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!” deb, musulmonlarning hammasi dushman bilan, Vatan himoyasi va undan boshqa dunyo tashvishlari bilan mashg’ul bo’lib qolmasdan, ilmga salohiyati mavjud bo’lgan bir jamoasi jamiyatning dunyo va oxirati uchun manfaat ketiradigan ilm bilan mashg’ul bo’lishi kerakligini ta’kidladi.

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu haqda “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir erkagu ayol musulmonga farzdir”, deb ilm sari intilishga buyuradilar.

Ilmni imkon qadar mukammal darajada olish vositalaridan biri ilm talabida safar qilishdir. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu haqda “Ilm agar Xitoyda bo’lsa ham uni qidirib boring!” dedilar. CHunki tolibi ilm bunday safar jarayonida turli insonlar va turli fikrlar bilan tanishadi. e’tibor qaratiladigan bir jihat hadis matnida Xitoyga urg’u berilganidir. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida Xitoy islom dunyosidan eng uzoqda joylashgan makon bo’lib, u joylarga islom dini etib bormagan, ammo dunyoviy bilimlar sohasida etakchi davlat edi. Demak, musulmon kishi diniga, e’tiqodiga oid bo’lmagan dunyoviy ilmlarni o’zlashtirish uchun boshqa yurtlarga safar qilishi lozim. CHunki dunyo xalqlari ilmiy jihatdan o’zaro farqlanib, doim o’zgarish va rivojlanishda bo’ladi.

Ammo tolibi ilm diniy bilimini oshirish maqsadida safar qilmoqchi bo’lsa, undan oldin din sohasidagi ilmlarni o’z vatanida puxta egallab, o’z yurtidagi ulamolarning ilmlarini, mazhab va aqidaga bog’liq ixtilofiy masalalarni o’zlashtirib olishi zarur. CHunki u borib o’rganmoqchi bo’lgan manzillarda, xohlaydimi-yo’qmi, islom diniga bog’liq ilmlar o’sha erdagi xalqlarning dunyoqarashi va urf-odatlari bilan aralashib ketgan. O’z yurtidagi ulamolarning ilmlarini o’zlashtirmasdan diniy ilmlarni tashqaridan olishni istagan kishi o’zi bilmagan holda diniy ilmlar bilan bir qatorda o’sha xalqlarning urf-odatli va dunyoqarashini ham o’ziga singdiradi. Bu esa yurtiga qaytgandan so’ng mahalladoshlari va atrofidagi odamlar bilan o’rtada turli tushunmovchiliklar va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. SHu sababli Hofiz Ibn Saloh: “Tolibi ilm o’z yurtida muhim va oliy ilmlarni olganidan keyin safar qilsin”, deydi.

Tarixiy manbalarga qaraydigan bo’lsak, diniy ilm olish uchun safarga chiqqan ulamolarning aksari besh-o’n yil muddat o’z yurtlda tahsil olgan. SHu sababli bu zamindan barcha sohalarda, shu jumladan diniy bilimlar bo’yicha ham dunyoga peshvo olimlar etishib chiqqan.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: yuz.uz

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …