Home / ALLOMALAR / Abu Hamid Rukniddin Muhammad ibn Muhammad Amidiy Samarqandiy

Abu Hamid Rukniddin Muhammad ibn Muhammad Amidiy Samarqandiy

Abu Hamid Rukniddin Muhammad ibn Muhammad Amidiy Samarqandiy kalom, fiqh, falsafa, mantiq sohalari boʻyicha olim boʻlib, uning faoliyati haqida maʼlumotlar manbalarda kam keltirilgan. Alloma oʻz davrining mashhur yetakchi faqih olimlaridan biri boʻlgan Roziyyiddin Nisaburiydan saboq olgan. Nisaburiyning toʻrt shogirdidan biri Muhammad Amidiy Samarqandiy kalom ilmidagi “jadal” (mantiq, falsafa va bahs-munozara, qiyos va qabul qilingan takliflarga asoslangan mezon) ni chuqur oʻrganib, bu sohada izlanish va tadqiqotlar olib borgan. Shu sababdan alloma “Rukniddin” (Dinning ustuni) nomi bilan tanilgan. Muhammad Samarqandiy fors tilida jadal ilmi boʻyicha “Chust” (“Bahs”) deb nomlangan asar yozgan birinchi olimlardan boʻlgan.            

Allomaning jadal sohasiga yozgan bir necha boʻlib, faqih olimlar orasida “Tariqat Amidiy” (bk. Brockelmann, GAL, I, 568) asari mashhurdir. Shamsiddin Ahmad ibn Xalil al-Huvayyiy va boshqa olimlar tomonidan yozilgan sharhlar “al-Irshod” (Kashfuz zunun, I, 69; II, 1113; Brockelmann, GAL, I, 568; Suppl., I, 786, 924),  “Aroisun nafois” –“an-Nafois”. (Kashfuz zunun, II, 1966) deb nomlangan. Ibn Xaldun jadal ilmi haqida bahs-munozara ketganda, Pazdaviyni va Amidiy tomonidan ishlab chiqilgan ikkita usul borligini va turli xil dalillardan foydalanib, ular asosida ish koʻrganini aytib oʻtgan.

Allomaning asariga sharh yozgan olimlar tarjimai holi, nomini eslamasdan, unga taʼrif bermasdan oʻtmagan. Chunki, u Bengaliyaning yirik shahri boʻlmish Lakxnavida bir muddat qozilik lavozimida ishlagan davrda, hind falsafasini keng oʻrgangan. “Amrtakunda” (“Havzul hayat”) nomli sanskritcha asarni tadqiq qilib, arab tiliga tarjima qilgan. Asar hind falsafisiga oid boʻlib, mikrokosmos va makrokosmos oʻrtasidagi munosabat, insonning olamdagi oʻrni, mohiyati, tabiati, qalbi, ruhi, oʻlimi, yoga va boshqa mavzularini qamrab olgan. Amrtakundaning arabcha Yusuf Husayn tomonidan besh marta nashr qilingan (“Zau al-Ḥayat: La Version Arabe de lʻAmratkunda”, JA, 213-bet [1928], 291-bet) 344) va asarning muqaddimasida sulton Allouddin Ali Mardon (1207-1212 y) hukmronligi davrda Kamapur (hozirgi Assam) dan kelgan Muhammad Amidiy Samarqandiy bilan u tufayli musulmon boʻlgan Bahujaro ismli bir brahman yogachi oʻrtasidagi ilmiy munozaralar keltirilgan. Shuningdek, olim brahman orqali ushbu asarni chuqur oʻrganib, undan yogadan taʼlim olgani haqida aytib oʻtgan. Keyinchalik Kamapurdan Anbhubanha ismli brahman musulmon boʻlgani va undan ham yogadan oʻqigani va tinglaganini, sanskrit tilidan “Mirʼatul maʼaniy li idrokil aʼlamil insan” asarini arab tiliga tarjima qilganini qayd etgan.

Ushbu asarning baʼzi nusxalarida Amidiy Samarqandiy Bahujaro bilan aloqasi va munosabatlari haqida eslatib oʻtilgan, allomaning asarni fors tiliga soʻngra, fors tilidan arab tiliga tarjima qilgani keltirilgan. Shuningdek, Muhammad Govt Gvaliyariy tomonidan arab va fors tilidagi “Bahrul hayot” asari tarjima qilingan boʻlsa-da, Amidiyning variantidagi maʼlumotlarga toʻgʻri kelmasligi aytib oʻtilgan. Bugungi kunda “Amrtakunda” ning turli tillarga tarjima qilingan nashrlari mavjud boʻlib, asardan tasavvuf, falsafa, mantiq sohasida ishlanish va tadqiqot olib borayotgan olimlar unumli manba sifatida foydalanib kelmoqda. 

Turkiya diyonat vaqfi Islom ensiklopediyasidagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.
Daurbekova Iroda, Halimova Dildora,
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimlari

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …