31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishni Kengash raisi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov kirish soʻzi bilan ochib, Kengash aʼzolarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi.
2021 yilning I choragida Markaz tomonidan sohaga taalluqli farmon, qaror va farmoyishlar hamda “2021 yil – Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida, shuningdek, ilmiy va xalqaro aloqalar yoʻnalishlarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborot tinglandi.
Oʻz oʻrnida Kengash aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, Markaz faoliyati samaradorligini oshirishga doir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Shuningdek, Kengash yigʻilishida Markaz mustaqil tadqiqotchilari va tayanch doktorantlari B.Tursunov, B.Amonov, J.Jumayev, S.Ergashev va D.Musinovaning dissertatsiya mavzulari boʻyicha olib borgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Tadqiqotchilar oʻrganayotgan mavzularining dolzarbligi, ilmiy-amaliy ahamiyati, kutilayotgan natija va yangiliklar bilan yaqindan tanishtirdi. Olimlar ilmiy izlanuvchilarning tadqiqot yoʻnalishlariga oid manbalarni toʻplash va tahlil etishni izchil davom ettirishi, erishilgan natijalarni pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda onlayn tarzda tez-tez muhokamalarini oʻtkazib borish boʻyicha zarur tavsiyalarini berdi.
Ilmiy kengash yigʻilishida kun tartibidagi va boshqa masalalar atroflicha koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.