Alloh taoloning sizu bizga bergan eng ulugʻ neʼmatlaridan biri tinchlikdir. Tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz oʻsib-ulgʻayishi, komil inson boʻlib yetishishida, shubhasiz, Vatan himoyachilarining oʻrni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir. Yuragidan Vatan va xalq muhabbati mustahkam oʻrin olgan shijoatli oʻgʻlonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qoʻriqlamoqda. Ularning tunu kun shayligi va bedorligi naqadar savobli ish ekani haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Kechalari Allohdan qoʻrqib yosh toʻkkan koʻzni va Alloh yoʻlida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan koʻzni doʻzax otashi kuydirmaydi”.
Darhaqiqat, Vatan himoyasi eng sharafli kasblardan ekanini yaxshi bilgan azamat yigitlarimiz bu xizmatga jismonan va maʼnan loyiq boʻlish zaruratini yaxshi anglaydi, jon-jahdi bilan shu sifatlarni egallashga harakat qiladi. Zero, Vatan himoyasi hayot-mamot masalasi ekanini, ularning turish-turmushi, el-yurt taqdiri shu nuqtada – mamlakat muhofazasida tutashishini teran anglab yetadi.
Mustaqil Vatanimiz sarhadlarini mudom hushyor turib qoʻriqlayotgan mard yigitlarimizning tajriba va mahorati yildan yilga oshib borayotgani barchamizni xursand qiladi. Odamlar shaxdam qadam tashlab borayotgan imon-eʼtiqodli, oʻz kasbiga sadoqatli, xizmatiga ixlosli askarlarimizga boqib, faxrga toʻladi, samimiy duo qiladi.
Yosh askar qalbidagi Vatan va xalqqa muhabbat, hidoyat, fidoyilik hissi uni har doim ogohlik va sergaklikka chorlaydi. Bunday insonlarga Yaratganning oʻzi ilohiy madad beradi. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning yaxshisidir” (Oli Imron sura- si, 150-oyat).
Tinchlik bu xotirjamlik va barqarorlik boʻlsa, imon qalb halovatidir. Demak, tinchlik va imon maʼno-mohiyati jihatidan bir-biriga juda yaqin. Bir kishining tinchligi jamiyat tinchligining uzviy qismidir. Zero, kishi oʻzi yashab turgan jamiyatning aʼzosi hisoblanadi. Shu tariqa, barchaning tinchligidan butun jamiyat tinchligi kelib chiqadi. Demak, har bir inson butun jamiyat aʼzolari uchun muhim boʻlgan tinchlikni saqlash yoʻlida jon kuydirishi eng zaruriy burch va vojib amaldir.
Tinchlikni mustahkamlash yoʻlida har bir inson oʻz burchini sidqidildan, ixlos va eʼtiqod bilan bajarishi lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi sohasida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi oʻziga topshirilgan vazifani Alloh va insonlar huzuridagi ulugʻ masʼuliyat deb bilishi va harbiy qasamyodga sodiq boʻlishi vojibdir.
Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiylar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar ishtirok etishi lozim. Muhofaza deganda, faqat qurol bilan emas, oʻz oʻrnida soʻz bilan, gʻoyaviy gʻanimlarga ilmiy raddiya berish bilan Vatanga tosh otuvchi va igʻvogarlarga qarshi oʻziga xos fosh etish yoʻllari bilan yurtni, millatni, xalqni himoya qilish tushuniladi. Bu ham imonga taalluqli burchlar qatoriga kiradi.
Ammo Vatan himoyachisi kasbini egallash hammasidan sharafliroqdir. Kindik qoni toʻkilgan tuproqni, shu ozod oʻlkani koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash inson uchun oʻz oilasi, shaʼni, or-nomusi va imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Bu yoʻlda fidoyilik koʻrsatgan kishi yuksak maqomga erishishi, ulkan ajr sohibi boʻlishi haqida bashoratlar mavjud. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Bir kecha kunduz “ribot” (yaʼni, dushmandan qoʻriqlab chiqish) bir oy tutilgan nafl roʻza va oʻqilgan tungi namozdan yaxshidir” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday marhamat qilinadi: “Kim Alloh taolo yoʻlida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi roʻza tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kim sarhadni qoʻriqlab turganda halok boʻlsa, u ham xuddi shunday ajru savobga ega boʻladi va shahidlik maqomini olib, barcha fitnalardan omonda boʻladi” (Imom Nasoiy rivoyati). Kishilarning moli, obroʻsi, yurti va tinchligini saqlash uchun uxlamay tong ottirgan kishiga shunday ulkan darajada yaxshiliklar berilar ekan.
Insonning oʻz Vatani oldida bir necha vazifalari boʻlib, ularning eng muhimi quyidagilardir:
Vatanning haqiga duo qilish.
Chunki paygʻambarlar oʻz vatanlari haqiga duo qilganlar. Ibrohim xalilulloh oʻz vatanlari boʻlmish Makkai mukarrama haqiga Qurʼoni karimda duo qilganlari keltirilgan: “Eslang, Ibrohim: “Ey, Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir boʻlganlarini esa, biroz rizqlantirib, soʻngra doʻzax azobiga mubtalo eturman. Bu oʻta yomon oqibatdir”, dedi” (Baqara surasi, 126-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Madinai munavvaraga borganlarida uning haqiga quyidagicha duo qildilar: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undan-da ziyodaroq suyukli qilgin. Va uni toshu tarozusiga – soʼu muddi[1]ga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mana, paygʻambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq soʻradilar. Zero, bu ikki neʼmat Vatan farovonligi omillaridan hisoblanadi. U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt-saodat yoʻqoladi.
Vatan obodligi uchun moddiy va maʼnaviy hissa qoʻshish.
Bu haqda Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qildi:
“U (Alloh) sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud surasi, 61-oyat).
Demak, inson yer yuzini, xususan, yashab turgan yurtini, oʻz Vatanini obod qilishi uning burchi hisoblanadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
“Qiyomat qoim boʻlib qolsa-yu, biringizning qoʻlida koʻchat boʻlsa, u qoim boʻlgunicha ekishga ulgursa, ekib qoʻysin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisda inson oʻz hayotining oxirgi lahzasini ham gʻanimat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatish lozimligi aytilmoqda.
Vatanda fasod va buzgʻunchilik ishlari bilan mashgʻul boʻlmaslik.
Bu haqda Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qoʻygandan keyin (unda) buzgʻunchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qoʻrqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (Aʼrof surasi, 56-oyat).
Har bir shaxs oʻzi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – oʻz joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kishi vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga yetmasligi, ularni oʻylamasdan vatanga qarshi qurol koʻtarishi islomdagi eng ogʻir gunoh va juda katta jinoyatdir.
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yoʻlida shaʼni, or-nomusi va imonini oʻrtaga qoʻyib, yovga qarshi kurashgan. Ularning soʻzi, ahdu paymon va qasamyodi qilichdan-da oʻtkir, xanjardan-da keskir boʻlgan. Zamon va makon oʻzgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo oʻzgarmadi. Ona Vatan himoyasi mavzusida soʻz borar ekan, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur kabi ulugʻ sarkardalar, yurt ozodligi yoʻlida qoʻlida tigʻ va tugʻ bilan jon bergan Shayx Najmiddin Kubro beixtiyor koʻz oldimizga keladi. Bunday buyuk shaxslarning ona Vatan himoyasi va manfaati yoʻlida koʻrsatgan jasoratini farzandlarimiz ongiga singdirib borishimiz lozim. Shundagina Vatanga muhabbat tuygʻusi, yurtni tashqi kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish masʼuliyati ularning qalbidan mustahkam oʻrin oladi. Bu hissiyot naqadar ulugʻligi haqida Hazrati Umar roziyallohu anhu bunday degan: “Ona Vatanga muhabbat tufayli Alloh yurtni obod qiladi”.
Donolar aytadi: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, doʻstlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, oʻkinib yashashidan bilinadi”. Insonning oʻz xalqiga sadoqati va yurt uchun fidoyiligi ona Vatan himoyasiga, uni taraqqiy toptirib, har tomonlama mustahkam va qudratli etishga, xalqning tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajasida hissa qoʻshishi bilan oʻlchanadi, albatta. Vatanini sevgan inson uni himoya ham qiladi. Shunday insonga katta ajr va savoblar beriladi.
Vatan himoyasi – barchamizning muqaddas burchimiz! Aziz yurtimizda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar haqida qancha soʻzlasak ham oz. Zero, mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega boʻldik, diniy-maʼnaviy qadriyatlarimiz yana xalqimizga qaytarildi. Imon-eʼtiqodimiz va ertangi kunga ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu qishloqlarimiz koʻrkam va obod boʻldi. Hayotimizga beqiyos maʼno va mazmun olib kirgan tinchlik deb atalmish bu bebaho ilohiy neʼmatning qadriga yetish, uning shukrini keltirish, uni asrab-avaylash har birimizning vazifamizdir.
Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qoʻriqlayotgan farzandlarimizni, shuningdek, millat va yurt tinchligida xizmat qilayotgan Vatandoshlarimizni doimo hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz osmonini hamisha musaffo, tinchligimizni barqaror, mustaqilligimizni abadiy qilsin.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






