Home / MAQOLALAR / TABIAT VA INSON MUNOSABATLARIDA MA’NAVIY-AXLOQIY BEGONALASHUVNI OLDINI OLISHNING MUHIM JIHATLARI

TABIAT VA INSON MUNOSABATLARIDA MA’NAVIY-AXLOQIY BEGONALASHUVNI OLDINI OLISHNING MUHIM JIHATLARI

Ma’naviy borliq orqali shaxs o‘z qadriyatlarini anglaydi, dunyoqarashini shakllantiradi va o‘z yaratuvchanlik qobiliyatini yanada yorqinroq namoyon etadi. “Ma’naviyat” tushunchasini tadqiq qilgan olim K.Vaaymanning fikriga ko‘ra, uning uchta asosiy shakli mavjuddir. Oila sharoitida shakllanuvchi dunyoviy ma’naviyat; jamiyatda namoyon bo‘luvchi jamoaviy ma’naviyat; madaniy-diniy xususiyatga ega bo‘lgan moddiy ma’naviyat shular jumlasidandir. K.Vaayman o‘z tadqiqotlari natijasi o‘laroq, “moddiy ma’naviyat – bu ilohiy-insoniy munosabatlar kompozitsiyasi hamda ko‘p bosqichli transformatsiya jarayonidir” [5:1042] degan xulosaga keladi.

Tadqiqot jarayonida analiz va sintez, mantiqiylik va qiyosiylik, tarixiylik metodlaridan foydalanilgan.

K.N.Sokolov, ma’naviyatni funksional obyekt sifatida belgilar ekan, uning intellektual va axloqiy birlik sifatida mavjud bo‘lishini ta’kidlaydi [13:192]. L.P.Buyeva ma’naviyatni “inson hayotining mazmuni, sifati va yo‘nalishi, shuningdek, har bir shaxsdagi insoniylikning belgisi, hayotiy ahamiyatga ega qadriyatlar sohasi bilan chambarchas bog‘langan xususiyat” [4] deb ta’riflaydi. P.V.Petriy ma’naviyatni “jamiyatda o‘rnatilgan asl qadriyat va manfaatlarni o‘zida aks ettiruvchi, shu bilan birga, har qanday shaxs va guruhning ijtimoiy hayotga qo‘shilishini ta’minlaydigan, jamoaviy va individual ong, dunyoqarash va ma’naviy fazilatlarni aks ettiruvchi holat” [12:229] deb hisoblaydi. A.L.Dobroxotov ma’naviyatning ikki xususiyatini izohlab o‘tadi:

1) ma’naviyat – bu insonning ijodkorlik qobiliyatining eng yuqori darajasi bo‘lib, bu unga o‘z hayotining ma’no-mazmun manbai bo‘lib xizmat qiladi; individual va ijtimoiy hayotning tabiiy asoslarini axloqiy, madaniy va diniy qadriyatlar bilan to‘ldirish imkoniyatini ochadi; inson qalbini ezgu maqsadlar sari yo‘naltiruvchi prinsip rolini o‘ynaydi;

2) ma’naviyat – bu insonni aktiv va passiv ravishda jalb qilishi mumkin bo‘lgan, dunyoni boshqaruvchi g‘oyaviy kuch hisoblanadi. Shu boisdan ham ma’naviy begonalashuv shaxs va sotsial guruhlarning ijtimoiy yakkalanishiga olib keladi [6:472].

Begonalashuv hodisasining ijtimoiy-falsafiy va tarixiy-falsafiy tahlili natijalari bizning ma’naviy begonalashuvga keltirgan ta’rifimizda ifodalangan ijtimoiy mohiyatni aniqlash imkonini berdi:

Ma’naviy begonalashuv – ham obyektiv, ham subyektiv jarayon bo‘lib, shaxs, ijtimoiy guruhlar va butun jamiyatning o‘z ma’naviy olamini rivojlantirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni ratsionalizatsiya qilish qobiliyatini yo‘qotishi, ularni individual va ijtimoiy hayotda yakdillikka erishishining imkonsizligidir.

Ma’naviy begonalashuv jarayon sifatida, bir tomondan, ma’naviy uzoqlashishdan tashkil topgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shaxs va jamiyat hayotining ma’naviy sohasidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Ma’naviy begonalashuv holat sifatida, jamiyat hayotidagi qadriyatlarni saqlash qobiliyatining yo‘qolishi bilan tavsiflanadi. Har ikkala holatda ham ushbu jarayon o‘ziga xos xavfga ega bo‘lib, buning oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “…yoshlarimiz ma’naviyati, g‘oyaviy-mafkuraviy tarbiyasi uchun mas’ul deb bilgan insonlar  – bu mahalla yoki diniy tashkilotlar bo‘ladimi, huquq-tartibot idoralari xodimlari yoki katta ta’sir kuchiga ega ijodkor ziyolilar bo‘ladimi – ularning barchasi ayniqsa faol bo‘lishlari lozim” [2]. Aks holda, ma’naviy begonalashuv jamiyatning marginallashuvi kabi ijtimoiy hodisalarda namoyon bo‘ladi, bu jarayon deviant xulq-atvorning rivojlanishiga olib keladi; insondagi boqimandalik kayfiyatini oshiradi; individual, ijtimoiy va milliy identifikatsiya inqirozini yuzaga keltiradi. Aynan ma’naviy begonalashuv natijasida inson, jamiyat va millat faol subyektdan manipulyatsiyaga moyil passiv obyektga aylanadi, bu etnik identifikatsiya inqirozi, ommaviy madaniyatning avj olishi, axborot urushining kuchayishi kabi tendensiyalarda namoyon bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim” [1:23]. Zamonaviy jamiyatda ma’naviy begonalashuvni bartaraf etish uchun huquqiy, ma’naviy, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy (moddiy-ishlab chiqarish) sohalarda va ijtimoiy rivojlanishning barcha darajalarida: shaxs, jamiyat, davlat va global miqyosdagi ustuvor yo‘nalishlar tizimini amalga oshirish zarur.

Axloqiy begonalashuv hodisasini, asosan, insonlarning begonalashish faoliyatini o‘zlashtirib olish jarayoni sifatida tahlil qilish bo‘yicha o‘zbek olimlarining tadqiqotlari chegaralanganini aytib o‘tish joizdir. Axloqiy begonalashuvni shaxsning o‘zini o‘zi anglash yoki anglamaslik jarayoni sifatida tahlil qilish natijalari esa uning quyidagi asosiy xususiyatlarini aniqlashga imkon beradi:

  1. Axloqiy begonalashuv – ijtimoiy aloqa va munosabatlarning murakkablashuvi natijasida, inson o‘z ma’naviy mas’uliyatini, o‘z aql-idroki bilan yuritmasdan, aksincha, boshqalarning ixtiyoriga berish holatini yuzaga keltirdi. Bunda, shaxsni o‘ziga qaraganda ma’naviy jihatdan yuqoriroq rivojlangan shaxs tomonidan yashirin ekspluatatsiya qilinishi ehtimoli oshadi.
  2. Har qanday axloqiy faoliyat, shu jumladan, axloqiy begonalashuv ham, inson ma’naviy faoliyatining eng murakkab turi sifatida, birinchi navbatda, iqtisodiy va siyosiy omillarga bog‘liqdir. Shu sababdan, axloqiy begonalashuv ko‘pincha shaxsning moliyaviy yetishmovchiligi natijasida paydo bo‘ladi. Demak, ijtimoiy jarayonlarni qayta tashkil etish va yanada murakkablashtirish uchun shaxs har tomonlama rivojlanishi lozim. Iqtisodiyot va axloqni, madaniyat va ma’naviyatni uyg‘unlashtirish uchun ma’naviy-axloqiy islohot, axloqiy ma’rifatni rivojlantirish talab etiladi.
  3. Individual qadriyat va ijtimoiy jarayonlar oriyentatsiyasi o‘rtasidagi nomuvofiqlik darajasini anglash axloqiy begonalashuvning turli shakllarini o‘rganishga imkon beradi. Shu bilan birga, u yoki bu shakl gnoseologik jihatdan muayyan axloqiy hodisalarning mutlaqlashuvi jarayonida vujudga kelishini hisobga olish kerak.
  4. Shaxsning o‘z-o‘zidan begonalashuvini chuqur anglashi uning axloqiy xususiyati ekanligi axloqiy begonalashuvni yengish ko‘p jihatdan o‘z-o‘zini anglashga bog‘liqligini ko‘rsatadi.
  5. Ko‘pgina axloqiy va ma’naviy illatlar axloqning o‘zini mutlaqlashtirish jarayonida paydo bo‘ladi. Shu sababli, bunday absolyutizatsiya va uning asosida yuzaga keladigan begonalashuvni bartaraf etishning o‘ziga xos usullari mavjud.

Ma’naviy kamolotni rivojlantirishda, ehtiyojlarni cheklash masalasi hal qiluvchi muammolardan biriga aylanadi. Inson va tabiatning semantik yaxlitligi va o‘zaro bog‘liqligi hamda tabiiy resurslar chegaralanganini anglash uchun odamlar ongini yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ma’naviy kamolotga erishishda moddiy va utilitar qadriyatlarni ma’naviy qadriyatlar bilan almashtirish zarur. Aynan shu orqali ma’naviy-amaliy faoliyatning butun tizimini (tarbiya, ta’lim, fan, san’at, axloq, falsafa, mafkura) takomillashtirish zarur.

Bu borada eng samarali yo‘l odamlarning ongiga ularning tabiatni o‘zgartirishga qaratilgan ehtiyot harakatlari natijasida kelib chiquvchi xavf-xatarlar haqidagi g‘oyalarni kiritishdir. Bunday g‘oyaning kiritilishi ekologik mas’uliyatni rag‘batlantiruvchi tuyg‘uni paydo qiladi. Chunki xavf-xatardan qo‘rqish barqaror rivojlanishning umumiy gumanistik maqsadi – xavfdan omon qolishga yo‘naltirilgan irodani rag‘batlantiradi. Boshqacha qilib aytganda, “gumanizm tushunchasining mazmun-mohiyati insonning tabiatga qaratilgan munosabatlarida konkretlashadi va universal xarakter kasb etadi” [5:69]. Shu sababli, hukumatlar ekologik xavfsizlikni ta’minlashdan bo‘yin tovlayotgan davlatlarga nisbatan “iqtisodiy qamchi” usulini qo‘llaydi, ya’ni iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash, ularning tovarlarini sotib olishdan bosh tortish orqali butun dunyoda ekologik xavfsizlikni ta’minlash chinakamiga qo‘l kelishi mumkin.

V.Livinskayaning fikricha, ekologik xavfsizlik hech qanday ma’muriy yoki tabiiy chegaralarni tan olmas ekan, xalqaro prinsiplar milliy ekologiya qonunchiligining asosini tashkil qilishi shart [4:76]. Insoniyat boshiga soya solayotgan ekologik falokatlarning oldini olish masalasida xalqaro hamkorlik ma’lum darajada shakllangan va muhim tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlarni yanada izchil faollashtirish zarur. Chunki hozirgacha atrof-muhit muhofazasi va insoniyatga yetarli, qulay yashash sharoitlarini yaratish masalalarini boshqarib turuvchi tom ma’nodagi keng ko‘lamli ta’sirga ega, xolis, yagona xalqaro tizim mavjud emas. Xalqaro ekologik hamkorlikni takomillashtirish insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichlarida ham muhim hayotiy zaruratlardan biri bo‘lib qolaveradi [14].

Barqaror rivojlanishning yana bir muhim muammosi ma’naviyatning qadr-qiymatini, uning semantik yaxlitligini, shuningdek, estetik komponentini saqlab qolishdir. U so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari tizimiga san’atning uzviy integratsiyalashuvi sababli inson va butun jamiyat ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatish vositasiga aylandi. Boshqa tomondan, u real voqelikdan, tabiat bilan yaxlitligidan ajrala boshladi. San’at fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari orqali dunyoni idrok etishning virtual usulining dominantlashuviga hissa qo‘sha boshladi, natijada bu insonni tabiatdan va uning tabiiy estetik jihatida yanada uzoqroq ajralishiga olib keldi. Bu shaklda rivojlanayotgan estetika insonni tasavvur kuchidan mahrum qiladi, chunki ijod, san’at va fan o‘rtasida o‘ziga xos bog‘liqlik bo‘lgani sababli, ko‘rish, anglash qobiliyatining buzilishi tufayli fikrlash qobiliyati ham o‘z shaklini o‘zgartirishi mumkin. Shu sababli, ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni ekologik talablar va barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq yo‘naltirish, ijtimoiy va ijodiy tamoyil va biosferani saqlash o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilish uchun har qanday imkoniyatlardan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish kerak.

Barqaror rivojlanishga o‘tishda ma’naviyat zamonaviy ilm-fan yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan bilimlar, yangiliklardan quvvat olishi kerak. Biosfera degradatsiyasida (yemirilishida) muhim rol o‘ynagan ilmiy bilimlar endi atrof-muhitni saqlab qolish, oqilona boshqarish va insoniyatning yashashi uchun qulay sharoit yaratishga yordam berishi kerak. Shu sababli, ilm-fanni rivojlantirish va takomillashtirish yo‘nalishlarini tanlashda axloqiy va ekologik mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati namoyon bo‘ladi. Zamonaviy ilm-fanning mazkur mezonlarini shakllantirish tabiatshunoslik va ijtimoiy-gumanitar sohalarni yaqinlashtirish hamda integratsiyalash, ularning tarkibini ma’naviy-axloqiy parametrlar va gumanistik ko‘rsatmalar bilan to‘ldirishni taqozo etadi.

Bugungi kundagi har qanday global muammoni bir yoki ikkita fan doirasida hal qilish imkonsiz. Sinergetikaning metodologik tamoyillaridan foydalangan holda muammoni integratsiyalashgan shaklda tushunish, anglash va uni har tomonlama hal qilish, fanlarning muayyan tamoyillarga asosan shakllantirishga bo‘lgan ontologik ehtiyojni yuzaga keltiradi.

Kelajakda Yerda hayotning davom etish-etmasligi shubha ostida qolishi, ushbu masalaga jiddiy yondashish, xususan, ma’naviyatning asosini tashkil etuvchi axloqiy me’yorlar va qadriyatlarni tahlil etish tendensiyalari kuchaytirishni talab qiladi. Turli fanlarga doir axloqiy muammolar tobora aniqlashib borayotgan bir davrda, axloqiy muammolarni ilmiy muammolar bilan integratsiyalashgan holda o‘rganish masalasi ekologiya fani misolida yanada aniq namoyon bo‘ladi. Ekologiya tabiatshunoslik faniga oid materiallarni yashash muhitini saqlash muammosi bilan bog‘liq shaklda o‘rganadi. Uning negizida tabiatni ijtimoiy muhit bilan birlashtirgan ekologik madaniyat yotadi.

“Ekologik madaniyat bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda sotsiologik yondashuv asosida ilgari surilgan ekologik madaniyat haqidagi mulohazalar ham diqqatga sazovor” [10:15-16]. Ekologiya fanining jamiyat ijtimoiy muammolariga yaqinligi shundan kelib chiqadi. Muammoning axloqiy tomoni inson va jamiyatning tabiatga nisbatan ijtimoiy-axloqiy pozitsiyalariga tayanadi. Demak, ekologik madaniyatning o‘lchovi aynan ekologik axloq bo‘lib, u tabiatni (shu jumladan insonni) saqlash va rivojlantirishga qaratilgan ekologik harakatlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Axloqning ekologizatsiyasi (ekologik rivojlanish) inson va jamiyatning ma’lum darajadagi tabiat holatini saqlab qolishning ahamiyatini aks ettiradi. Ya’ni yashash muhitiga xos ekologik sharoitlar insonning unda mavjud bo‘lishi uchun mos bo‘lishi kerak. Unda atrof-muhit me’yorlarini etiklashtirish (axloqiy jihatdan rivojlantirish) va axloqni ekologizatsiya qilish, shuningdek, ushbu ikki jarayonning o‘zaro munosabatini jamiyatning barqaror rivojlanishiga tatbiq qilishning zarurligi namoyon bo‘ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu haqida shunday yozadi: “Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin” [2:570]. Axloqning ekologizatsiyasi inson va jamiyatning tabiat holatini saqlab qolishga ma’lum darajadagi aloqadorligini aks ettiradi. Bu esa, axloqiy-ekologik onglilikni rivojlantirishni taqozo qiladi.

Begonalashuv muammosi zamonaviy falsafadagi eng keskin va munozarali muammolardan biridir. Shuni tan olish zarurki, shaxsni ommaviylashtirish, standartlashtirish va individualligini yo‘qotish tendensiyalarida, falsafiy tushunchalarning hech biri begonalashuv kabi keng ijtimoiy rezonansga ega emas. Umuman olganda, o‘ziga xos murakkabligi va mavhumligi bilan begonalashuv muammosi falsafiy tafakkur taraqqiyoti tarixidagi asosiy muammolardan biriga aylanib ulgurgan. T.N.Sereginaning ta’kidlashicha, “Begonalashuv – bu yot xususiyatni o‘zlashtirish, uni moddiy-ma’naviy madaniyatga aylantirish, shu jumladan, ijtimoiy jihatdan o‘zining avvalgi holatiga qaytarib bo‘lmaydigan jarayondir” [9.153]

Begonalashuvning paydo bo‘lish tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, antropogenezning barcha davrlarida insoniyatning ajralmas va tabiiy atributi bo‘lgan. U tovarning ilk shakllari paydo bo‘lganda (arxaik jamiyatlarda ortiqcha mahsulotlar almashinuvi) yuzaga kelgan. Tarixiy jihatdan begonalashuvning birinchi shakli inson mohiyati va mavjudligini anglashga qaratilgan diniy begonalashuv bo‘lgan. Xususiy mulk rivojlangan jamiyatlarda begonalashuv nafaqat iqtisodiyot va boshqaruvning, balki odamlar, ijtimoiy institutlar, jamoalar va butun jamiyat o‘rtasidagi siyosiy va hatto ma’naviy munosabatlarning asosiy xususiyatiga aylanadi. Shu boisdan ham U.Xajiyev “Ma’naviy-axloqiy imperativlar, mohiyatiga ko‘ra, ajdodlarimiz yaratgan, ulardan meros bo‘lib kelayotgan, xalqimiz va millatimiz mentaliteti, turmush tarzi, madaniy hayotidan joy olgan qadriyatlar hisoblanadi. Ularning turli manfaat va qiziqishlar bilan bog‘liqligi ma’naviy-axloqiy hayotda “men” va “biz” kategoriyalarini shakllantirgan. Jamiyatda asrlar davomida shakllanib, rivojlanib kelgan marosimlar, an’analar, urf-odatlar ham shaxs bilan jamoatchilik o‘rtasida bo‘ladigan axloqiy munosabatlarning ko‘rinishi hisoblanadi” [11:16] deb ta’kidlaydi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. ‒ T.: O‘zbekiston, 2016. – B.23.
  2. Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. – Toshkent: “O‘zbekiston” NMIU, 1-jild. 2018. – B.570.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqi // “Toshkent oqshomi” gazetasi, 2017 yil 16 iyun.
  4. Буева Л.П. Духовность и проблемы нравственной культуры // Вопросы философии. – М., 1996. №
  5. Ваайман К. Духовность: формы, принципы, подходы (в 2-х томах). Пер. с нидерл. Т. 1-2 ББИ. 2009. – C.1042.
  6. Доброхотов А.Л. Избранное (Философия культуры). 2008. – C.472.
  7. Ливинская В. Правовые, экономические, социальные и культурные основы экологической безопасности // Хўжалик ва ҳуқуқ. – 2000. – № – Б. 76.
  8. Mamashokirov S. Vahimami yoki haqiqat. – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2012. – B.69.
  9. Nigmatov A.I. Ekologiya: asosiy atama va iboralarning izohli lug‘ati. – T., 2002. – B.15-16.
  10. Петрий П.В. Духовные ценности российского общества и армия. Монография. – Москва: Военный университет, 2001. – C.229.
  11. Серегина Т.Н. Антропологические аспекты проблемы отчуждения. – Москва: Изд-во МГАДА, 2008. – С.153.
  12. Соколов К.Н. Духовные основания геополитической борьбы. – Москва: Поколение, 2009. – С.192.
  13. Xadjiyev U.Sh. Yoshlarning tafakkurini shakllantirishda sharqona ma’naviy-axloqiy imperativlarning o‘rni. Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – T., 2020. – B.16.
  14. http://xs.uz/uzkr/post/global-ekologik-muammolar-barqaror-taraqqiyotga-katta-tahdid-solmoqda-buning-oldini-olish-uchun-nima-qilish-kerak.
Shaxlo SAMANOVA,
UTU Rаnch, “Ijtimоiy fаnlаr” kаfеdrаsi mudiri, falsafa fanlari doktori, dotsent

Check Also

MAZHABGA ERGASHISH SUNNAT, MAZHABSIZLIK BIDʼATDIR

Fatvo berishni Paygʻambar alayhissalomning oʻzlari boshlab berganlar. U zot ochiq-oydin vahiyga suyanib, Alloh taolo nomidan …