Home / FOTO LAVHALAR / Qoʻlyozma meros va zamonaviy tadqiqotlar

Qoʻlyozma meros va zamonaviy tadqiqotlar

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Milliy tarix va jahon tarixining zamonaviy talqini: Muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Mehrojiddin Amonov “Nodir yozma manbalar (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondi misolida)” nomli maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Tadqiqotchi Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan nodir manbalarning Oʻrta Osiyo ilmiy merosini oʻrganishda tutgan oʻrni, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy davrlariga oid tarixiy maʼlumotlarni tahlil qilishdagi ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, global axborot oqimi oʻta shiddatli tarzda jadallashgan hozirgi sharoitda qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, ilmiy muomalaga kiritish va yosh tadqiqotchilar uchun yangi manba sifatida taqdim etish muhim vazifalardan hisoblanadi. Olimning fikricha, qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan koʻplab manbalar tarixshunoslikda yangi qarash va ilmiy xulosalarni ilgari surish uchun kuchli asos boʻladi.

Shuningdek, maʼruza davomida qoʻlyozmalarni saqlashning xalqaro standartlari, zamonaviy restavratsiya va konservatsiya usullari, Markazda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayoni va uning amaliy natijalari xususida batafsil maʼlumot berildi.

Anjuman ishtirokchilari, jumladan, xorijiy ekspertlar M.Amonovning ilmiy maʼruzasiga katta qiziqish bildirdi. Uning tezis va xulosalari Markazda olib borilayotgan tadqiqotlar mamlakatimizda tarixiy manbalarni oʻrganish va saqlash sohasida shakllangan ilmiy salohiyatning yuksak darajasini yana bir bor namoyon etgani taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Fin delegatsiyasi tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Finlyandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil Belyayev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. …