Vatanni sevmoq imondandir!
Vatanparvarlik – kishilarning ona yurtiga, oʻz vataniga muhabbati va sadoqatini ifodalaydigan tushuncha hisoblanadi. U barcha kishilar, xalqlar, millatlar uchun umumiy boʻlgan, asrlar davomida sayqallanib kelgan umuminsoniy tuygʻu, maʼnaviy qadriyatlardan biridir. Tarixiy jihatdan Vatanparvarlik kishilarning oʻz vatani taqdiri bilan bogʻliq ijtimoiy rivojlanish, xalqlarning oʻzi yashayotgan hudud daxlsizligi va mustaqilligi yoʻlidagi kurashi jarayonida takomillashib kelgan his-tuygʻular jamlanmasi hamdir. Bu vatanning oʻtmishi va hozirgi kuni bilan faxrlanishda, uning manfaatlarini himoya qilishda namoyon boʻladi.
Darhaqiqat, sharafli va oliyjanob, aziz va tabarruk boʻlgan burchni bajarish kindik qoni tomgan har bir insonning yurtni asrab-avaylash, eʼzozlash, uning kelajagi uchun qaygʻurishga, xalqiga, Prezidentiga sodiq xizmat qilishga undaydi. Vatanparvarlik tuygʻusi Oʻzbekiston xalqiga xos xislat. Jamiyat aʼzolari oʻz davlati obroʻ-eʼtiborini mustahkamlash, qadr-qimmatini saqlash uchun halol va vijdonan mehnat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi qayerda va qanday lavozimda ishlamasin, qanday vazifani bajarmasin, vaqtincha qaysi xorijiy davlatda yashab, unga topshirilgan vazifani bajarishda davom etmasin, oʻzining tutgan oʻrni, xatti-harakati bilan oʻz Vatanining obroʻsini baland koʻtarishga, uning shaʼniga dogʻ tushirmaslikka, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi degan nomga munosib boʻlishga harakat qiladi.
Maʼlumki, hozirgi kunda dunyo aholisining 25 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda esa yoshlar qatlami jami aholining qariyb 60 foiziga yaqin. Shuning uchun Oʻzbekiston yoshlar mamlakati sifatida eʼtirof etiladi. Yaqin oʻn yilliklarda bu qatlam davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga ega boʻlishini hisobga olganda, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash naqadar muhim ahamiyatga ega ekani oydinlashadi. Shu sababdan Yangi Oʻzbekistonda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi tezkor globallashuv sharoitida ham oʻz milliy qadriyatlariga mustahkam suyanib kelayotgan xalqimiz beqiyos maʼnaviy boyligi bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi. Xalqimizning asrlar osha oʻzining yuksak qadrini bir lahzaga boʻlsa-da yoʻqotmay kelayotgan insoniy fazilatlaridan biri – bu oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtiga – Vatanga muhabbat, vatanparvarlik fazilatidir.
Dinimizda vatanparvarlik, Vatanni sevish oliy qadriyat sifatida qadrlanadi. Jumladan, Paygʻambarimiz (s.a.v.): “Qasamki, Sen (Makka) Alloh taoloning eng yaxshi yerisan va Alloh taoloning zaminida Allohga eng sevimlisisan. Sening ahling meni siqib chiqarmaganida, aslo
chiqib ketmas edim”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisi sharifda bayon qilinganidek, Vatan Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ulkan neʼmat, ilohiy muhabbat tuygʻusidir. Uning qadrini biror moddiy boylik bilan oʻlchab boʻlmaydi. Vatan taraqqiyoti va ravnaqi, uning himoyasi yoʻlida nafaqat mol-u davlat, balki jon ham fido qilinadi.
Vatanga boʻlgan muhabbat Alloh taolo tomonidan insoniyat fitratiga solib qoʻyilgandir. Shu maʼnoda inson oʻz yurtini sevishi, uni obod etishi hamda Vatanni koʻz qorachigʻidek asrashi, himoya qilishi ham muqaddas va sharafli burchdir.
Vatanga boʻlgan muhabbat, Vatan iztirobi borasida hadislarda shunday deyilgan: “Rasululloh (s.a.v.): Makkadan Madinaga koʻchib oʻtgan paytlarida: “Allohim, Madinani bizga xuddi Makkani suyganimiz kabi yoki undan-da ziyoda suyukli qilgin!” deya duo qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, Paygʻambarimiz (s.a.v.)ga ilk bor vahiy nozil boʻlgan kezlari Hadicha onamiz bu hodisadan ajablanib, xavotirlanib, Paygʻambarimiz (s.a.v.)ni zamonasining olim kishisi Varaqa ibn Navfal oldiga olib boradi. Shunda Varaqa ibn Navfal u kishiga paygʻambarlik missiyasi kelganini, bu yoʻl anchayin mashaqqatli boʻlishini, hatto odamlar u kishini Makkadan chiqarib yuborishi mumkinligini ham aytadi. Shunda Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Ular meni Makkadan chiqarib yuboradilarmi?” deya qattiq iztirob chekadilar. Ushbu misoldan ham Paygʻambarimiz (s.a.v.) oʻz Vatani –Makka shahriga naqadar muhabbatli ekanliklarini koʻrishimiz mumkin.
Xalqimizda “Vatanni sevmoq imondandir”, degan naql bor. Ushbu hikmat mazmunidan shu narsani anglash mumkinki, Vatanni sevish va uni ardoqlash imon darajasiga koʻtarilgan boʻlib, vatanparvarlikdek ulugʻ fazilat yuksak maqomga egadir.
Butun musulmon olamini ilm-u maʼrifati bilan munavvar etgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi buyuk ajdodlarimiz Vatanga boʻlgan kuchli muhabbati tufayli oʻzlarining taxallusini kindik qoni toʻkilgan yurt nomi bilan bogʻlagani ham ana shunday eʼtirof va eʼtiborning oʻziga xos amaliy ifodasidir[1].
Vatan tarixini bilgan, ulugʻ ajdodlar merosini chuqur oʻrgangan har bir inson qalbida milliy gʻurur-iftixor tuygʻulari yanada joʻsh urib, el-yurtga, Vatanga sadoqati ortib boraveradi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy Vatanni sevish va uni ardoqlashni tabiat va jamiyatning muhim qonuniyati sifatida quyidagicha taʼriflagan. “Vatan. Har bir kishining tugʻulub oʻskan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tugʻulgan, oʻsgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuygʻusi hayvonlarda ham bor. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz-oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi. Agar bir hayvon oʻz vatanidan – uyuridan ayirilsa, oʻz yeridagi kabi rohatda yashamas, maishati talx boʻlub, hap vaqt dilining bir goʻshasida oʻz vatanining muhabbati turar”[2].
Vatanparvarlik tuygʻusi, avvalo, insonda yurtga nisbatan ichki va tashqi xavflarning oldini olishda mustahkam immunitet shakllanishiga xizmat qiladi. Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun kurashda tashabbuskor boʻlish, tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrash, unga fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz-oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi.
Hozirgi kunda ham yoshlarimizning ajdodlarimizga munosib voris boʻlishida ularning vatanparvar sifatida tarbiyalanishi muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha uzluksiz olib boriladigan ishlar biz uchun dolzarb ahamiyatga egadir. Vatanparvarlik har bir davlat hayotining maʼnaviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon boʻladi”[3].
Darhaqiqat, yoshlar maʼnaviyati, dunyoqarashi, eʼtiqodiga aloqador koʻnikmalar majmui asosan oila, mahalla va taʼlim muassasalari muhitida shakllanadi. Bu oʻrinda tarbiya jarayoni ishtirokchilari saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida oila, mahalla va taʼlim muassasalari hamkorligi yoshlarni maʼnaviy barkamol, vatanparvar qilib tarbiyalash uchun keng jamoatchilik faoliyatini muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, yoshlarda xalq va yurt taqdiri uchun fidoiylik, vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish muhim oʻrin tutadi.
Bugungi kunda milliy armiyamiz jangovar ruhini yanada koʻtarish ham muhim masalalardan biridir. Bu borada ham bir talay ishlar amalga oshirildi. Shu maqsadda mamlakatimizda “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Jaloliddin izdoshlari” harbiy vatanparvarlik loyihalari tashkil qilib borilmoqda. Mazkur loyihalar ham bevosita ajdodlar merosidan suv ichgan va ularning negizida shakllangan. Holbuki, yoshlarni vatanparvarlik asosida tarbiyalashda tarixiy ildiz va oʻzligimizni anglashimizning ahamiyati nihoyatda katta.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning maqsadi yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador boʻlgan davlat xizmati turlarida faollik koʻrsatish, tinch va harbiy sharoitda harbiy burchga sadoqatli boʻlish, ularda oʻz yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak masʼuliyat hamda javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iboratdir.
Bugungi kunda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda kitobxonlik muhim ahamiyatga ega. Uni shakllan tirishda jadid bobolarimiz merosiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Jadidlar” va “Allomalar” rukni ostida ommabop risolalar, avtobiografik qoʻllanmalar, falsafiy-qomusiy adabiyot va jadidlar qalamiga mansub durdona asarlar qayta-qayta nashr etilmoqda. Axborot-resurs markazlari jadid namoyandalari asarlari bilan boyitilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surayotgan ezgu harakatlarning ommalashuviga qaratilgan[4].
Xulosa qilganda, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish va uni yuksak darajaga koʻtarish mamlakatimiz kelajagini belgilab beruvchi omillardan biridir. Bu borada Yangi Oʻzbekistonda bir talay ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar, allomalar ilmiy merosini oʻrganish va uni xalqimizga yetkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish va uni keng targʻib qilish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, armiyamizda xizmat qilayotgan yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida ham tegishli ishlar bajarildi. Shu va boshqa omillar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






