Home / MAQOLALAR / BAXT FAQAT BOYLIKDAN IBORAT EMAS

BAXT FAQAT BOYLIKDAN IBORAT EMAS

Hamma oʻylagan niyatlarimga erishsam, istagan narsam muhayyo boʻlsa va boy boʻlsam, baxtli boʻlamanmi?

“Hamma oʻylagan niyatlarimga erishsam, istagan narsam muhayyo boʻlsa va boy boʻlsam, baxtli boʻlamanmi?”

Haqiqatan ham odam hamma tilagiga erishsa baxtli boʻlib qoladimi? Hamma niyati soʻzsiz, paydar-pay amalga oshaversa, hayot zerikarli boʻlib ketmasmikan?

Bunday qoida mavjud:“Biror narsaga erishishni qattiq istaganingda, avval oʻsha narsaga erishgan inson baxtlimi-yoʻqmi, shuni bilish kerak”.

Masalan, biz oʻtgan asrlarda yashagan odamlarga nisbatan baxtli yashashimiz uchun koʻplab asoslar mavjud. Xususan, hozir oʻtmishga nisbatan tibbiyot yaxshi rivojlangan, taʼlim olish osonroq, inson uchun koʻp narsalar muhayyo qilingan. Ayni paytda kam ishlaymiz. Oʻrtahol odamlar bobosi va buvisi orzu qila olmagan narsalarga erishadi: shinam uy, avtomobil, vaqt va energiya tejaydigan maishiy moslamalar, xorijga sayohat. Boʻsh vaqtni oʻtkazishga yordam beradigan gadjetlar, kompyuter, televideniye va boshqa vositalar toʻgʻrisida gapirmasa ham boʻladi. Ilgari bedavo hisoblangan surunkali kasalliklarga hozir ajoyib dorilar bilan tezda chora topilmoqda.

Xoʻsh, shunday ekan, baxtlilik darajamiz avvalgilarga nisbatan ortdimi? Murakkab savol…

Baʼzilar baxtni boylik, toʻkinlik, rohat-farogʻatga toʻla hayotda deb oʻylaydi. Lekin oʻziga toʻq mamlakatlar xalqlari ham “tang hayot”dan shikoyat qilishdan toʻxtagani yoʻq.

Mol-dunyo baxt emas ekan. Unga erishishdagi birlamchi omil ham emas ekan. Aksincha, baʼzida mol-dunyo oʻz sohibiga azob keltiradigan holatlarga ham guvoh boʻlyapmiz.

Islomda insonning mol-davlatga munosabati qanday boʻlishi kerakligi borasida nihoyatda goʻzal taʼlimot mavjud. U avvalo insonning qalbiga yuzlanadi, unga iffat va ulugʻvorlik tuygʻusini oʻrnashtiradi, ochkoʻzlik va badnafslikning yomon ekanini uqtiradi.

Mol-dunyoga muhabbat vijdonni ham, tanani ham parchalaydigan kasallik boʻlib, oʻz ortidan sharmandalik va xorlik keltiradi. Boylikka hirs va uni boy bergandagi qaygʻu holati nimaga sabab boʻlishini mana bu soʻzlardan bilib olamiz: “Maʼlum faktlardan biri shuki, fond birjasida aksiya bahosi pasayganida, ishtirokchilarning qoni tarkibidagi qand miqdori sezilarli darajada oshib ketadi”.

Bu holatga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlaridan ham yaxshiroq davo boʻlishi mumkinmi? U zot alayhissalom aytadilar: “Bu mol yoqimli va shirin. Kim uni nafs saxiyligi bilan olsa, unga baraka beriladi. Kim uni nafs intilishi (ochkoʻzlik) bilan olsa, unga baraka berilmaydi. U yeydi, lekin toʻymaydi…” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Mol-dunyo rangdor va totli mevaga oʻxshaydi. Inson tabiatan shunday shirin va yoqimli narsaga moyil boʻlishi maʼlum. Lekin baʼzilar uni shunchalik koʻp isteʼmol qiladiki, oxiri hazm qila olmay qoladi. Baʼzilar zoʻravonlik yo firibgarlik bilan boshqalar qoʻlidagi narsalarni tortib olib, oʻz ulushiga qoʻshib qoʻyadi. Yana baʼzilar toʻplaydi-yu, lekin och yashaydi, yemaydi. Baʼzilarini qashshoqlik qoʻrquvi tashvishga solsa, boshqalarini koʻproq narsaga ega boʻlib turish
istagi qiynaydi.

Odamlarning eng fazilatlisi boyligi bilan birga saxovat va sharaf sohibi boʻlganidir. U mol-mulkini yoʻqotganda na koʻz yosh toʻkadi va na mahzun boʻladi. Chunki nafsi ochkoʻzlik va mol-mulk koʻpaytirish hirsidan yiroq. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ey odamlar! Boylik molning koʻpligida emas, (haqiqiy) boylik – nafsning toʻqligi. Alloh azza va jalla bandasiga yozilgan rizqni beradi. (Uni) yaxshilik bilan izlang. Halolni oling va haromni tark eting” (Abu Yaʼlo rivoyati).

Baʼzilar Alloh taolo uning joni va oilasiga bergan salomatlik va xotirjamlikni arzimas sanaydi, hatto bu buyuk neʼmatlarni mensimaydi. Oʻzida bor narsalarning qadriga yetmaydi. Qanoatli boʻlish, qoʻlida bor narsalardan unumli foydalanish va oʻtkinchi orzularga berilishdan voz kechish – bu komil shaxs boʻlish asosi va qiyin sharoitlarda muvaffaqiyat qozonish siridir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Quyosh chiqqan kun borki, uning yonida ikki farishta Yer ahliga nido qiladi. Faqatgina saqalayn (insonlar va jinlar) mustasno (yaʼni, ular buni eshitmaydi). (Ular aytadi:) “Ey insonlar, Rabbingiz tomon shoshilingiz. Chunki oz va yetarli boʻlgan narsa koʻp va adashtiruvchi boʻlganidan yaxshiroqdir. Quyosh botgan kun borki, uning yonida ikki farishta nido qiladi: “Allohim, infoq qiluvchiga evaz bergin va ziqnaga
yoʻqotish bergin” (Haysamiy rivoyati).

Hadisda qanoat bilan boʻlgan oz narsaning adashtiruvchi koʻp narsadan yaxshiroq ekani bayon qilinmoqda. Biroq oʻz egasini badavlat qilgan, soʻng boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan va ularga infoq-ehson qilingan boylik baland darajadir. Hadisda bunga eʼtiroz bildirilmagan. Bu bashoratli hadisning asosiy maqsadi – moʻminlarni yoʻqchilikdan qoʻrqmasdan va zaruriy ehtiyojlarning oʻzi bilan kifoyalanishdan choʻchimay, yaxshilik qilishga undash va infoq-ehson qilishda gʻayratini oshirishdir. Bu tushuncha moʻminlarga hayot muammolarini hal qilishda ulkan shijoat baxsh etadi. Hadis oxirida saxiylarga mukofot vaʼda qilinmoqda, xasislar jazodan ogohlantirilmoqda.

Inson hayotda doimo nimalargadir erishishga harakat qilib yashashi kerak. Bu harakat toʻxtagani zahoti inson qalbida qandaydir boʻshliq his etadi. Goho tayyor imkoniyatlar insonni cheklaydi, erinchoqlik paydo boʻladi. Maqsadsizlik turli illatlarga yoʻl ochadi. Hayotda maʼno va maqsad boʻlmasa, yashashning mutlaqo qizigʻi qolmaydi.

Bir necha yil avval italiyalik 34 yoshli millioner oʻz joniga qasd qilgani haqida yozishgandi. Oʻsha kimsa Yevropadagi eng badavlat sulolalardan birining farzandi ekan. U oʻlimi oldidan yozgan xatida bunday degan: “Mening hayotda intiladigan maqsadim qolmadi”. Qarang, hamma narsasi bor-u, lekin maqsadi yoʻq! Eng katta fojia mana shu aslida.

Baxtni roʻyobga chiqarishda moddiy neʼmatlarning oʻrni bormi? Biz inson baxtli boʻlishi uchun ularning oʻziga yarasha oʻrni borligini inkor qilmaymiz. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshi ayol, yaxshi maskan, yaxshi ulov odam bolasining saodatidandir”, deganlar. Lekin bu narsalar inson baxtli boʻlishi uchun birinchi darajali omillar emas. Bular baxtni toʻliq, toʻkis taʼminlab bera olmaydi.

Amerikalik taniqli doktorlardan biri hayotda eʼtirof qilingan, dunyoda inson uchun huzurbaxsh boʻlgan, uni baxtli qiladigan narsalarni jadval qilib yozibdi. Unda salomatlik, muhabbat, hadyalar, kuch-quvvat, obroʻ, mansab va shuhratdan iborat dunyoviy istaklarni bayon qilib, dono bir ustozga maqtanib taqdim qilibdi. Ustoz: “Doʻstim, jadval goʻzal boʻlibdi. Yaxshi tartiblanibdi, ammo zarur va muhim boʻlgan, usiz jadvalingiz bekor boʻladigan bir unsurdan gʻaflatda qolibsiz”, deb jadvalga ikki soʻz yozib qoʻyibdi: “Nafs xotirjamligi”. Bu – Alloh taolo oʻzi tanlab olgan bandalarigagina beradigan narsa. Sogʻlik, mol-dunyo, mansab, shuhrat oʻtkinchi narsalardir. Bu narsalarni oʻzimcha aytayotganim yoʻq, donishlar: “Yo Alloh, dunyo neʼmatlarini kimlarning qadamlari tagiga tashlasang tashlagin, menga esa iztirobga tushmaydigan qalb bergin”, der ekan”,debdi.

Boylik haqida ulamolarning fikrlari ham turlicha. Baʼzilar: “Islom boylikni qoralaydi, hadislarning aksariga qara, boylik zararli ekani aytilgan, shuning uchun inson iloji boricha kambagʻal boʻlishi kerak!” desa, boshqa toifa: “Islom tarixida juda koʻp badavlat kishilar oʻtgan, jannatga tushishini tirikligidayoq eshitgan oʻnta sahobaning yarmidan koʻpi boy boʻlgan, nima uchun islom boylikni qoralar ekan, qaytanga, musulmonlar qancha boy boʻlsa, shuncha
yaxshi”
, degan gaplarni aytadi.

Lekin yetuk ulamolar: “Islom boylikni qoralamaydi, musulmonlar orasida boy-badavlat kishilar koʻpaygani yaxshi”, deydi. Biroq boylik insonning oxirati uchun zararli boʻlsa, undan xatarliroq narsa yoʻqligini ham bayon etadi. Chunki Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning hadislarini diqqat bilan oʻqigan kimsa Paygʻambar alayhissalom duo qilsalar, faqirlikdan panoh soʻraganlarini koʻradi, shu bilan birga, oxiratda foyda bermaydigan boylikdan ham qochganlarini kuzatadi.

Demak, boy boʻlish ham, kambagʻal boʻlish ham baxtli boʻlishga taʼsir koʻrsatmas ekan. Negaki, boylik ham, kambagʻallik ham insonlarga sinov uchun beriladi. Yaʼni inson qoʻlida mol-dunyo toʻplanganida va aksincha, boshiga kambagʻallik tushganida ham Alloh taoloni zikr etishda va unga itoat qilishda bardavom boʻlishi yoki tark etishiga qarab unga baxt beriladi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey Muhammad, bu dunyoda odamlarning) barchasiga – mana bu (moʻmin)larga ham, anavi (kofir)larga ham Parvardigoringiz neʼmat(lar)idan ato etamiz. Parvardigoringiz neʼmati (hech kimdan) man qilinmaydi” (Isro surasi, 20-oyat).

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Alloh oʻrtangizda xulqlaringizni taqsimlaganidek, rizqlaringizni ham taqsimlagan. Alloh dunyoni Oʻzi suygan bandasiga ham, yomon koʻrganiga ham beraveradi. Ammo
dinni
(hidoyatni) faqat yaxshi koʻrgan bandasiga beradi. Alloh kimga dinni bergan ekan, U Zot uni yaxshi koʻribdi”(Ahmad, Hokim, Tabaroniy rivoyat qilgan).

Xulosa shuki, hech bir zamon va makonda baxt boylik yo kambagʻallik bilan oʻlchanmagan va xoslanmagan. Baxtli yashash uchun birgina qoida bor: Alloh taoloning buyurganlari va Paygʻambar alayhissalomning koʻrsatmalariga amal qilib yashash! Shunda kamiga qanoat qilib, koʻngli xotirjam boʻladi, koʻpiga shukr qilib, infoq-ehsonlari va boshqa xayr-u saxovati bilan qalbi taskin topadi va shodlanadi. Boylik ham, faqirlik ham Allohdandir!

Bahodir Mirzayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOM – BAGʻRIKENGLIK DINI

Islom dini bagʻrikenglik, yuksak axloq va maʼrifat dini hisoblanadi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan …