Home / YANGILIKLAR / BAFRIKENGLIK QAROR TOPGAN YURTDA RIVOJLANISH BOʻLADI

BAFRIKENGLIK QAROR TOPGAN YURTDA RIVOJLANISH BOʻLADI

Alloh taologa beadad shukrki, yurtimizda yuzdan ziyod millat va elat vakillari oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlik muhitida yashaydi. Albatta, bashariyat uchun xayrli boʻlgan bu hodisa zamirida yangi Oʻzbekistonning bagʻrikenglik va totuvlik gʻoyalariga xayrixohlik siyosati mujassam.

Oʻzbek xalqi asrlar mobaynida eʼtiqod qilib kelayotgan, inson qadrini, ilm-maʼrifatni, ezgulik va bagʻrikenglikni targʻib etuvchi islom dini va paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom biz — moʻminlarni boshqa din vakillari bilan tinch-totuv hayot kechirish, ularning haqiga rioya etish va jamiyat ravnaqi yoʻlida hamkorlik qilishga chaqirganlar.

Unutmaslik kerakki, oʻzga din vakillari bilan muomalaga kirishgan kishi ular havas qiladigan darajada goʻzal axloqli boʻlishi lozim. Qaysi jamiyatda bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam qaror topgan boʻlsa, oʻsha yerda oʻzaro hurmat va doʻstona munosabatlar rivojlanadi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchlik boʻlmagan joyda taraqqiyot va farovonlik boʻlmagani kabi bagʻrikenglik boʻlmagan jamiyatda osudalik hukm surmaydi. Shu bois, insoniyat yer yuzida hayot kechira boshlaganidan buyon bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga katta ehtiyoj sezadi.

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatda ahillik, birodarlik, oʻzaro hamjihatlik mustahkam boʻlsa, kuchli taraqqiyotga erishilganini koʻramiz. El osoyishta, xalq farovonlikda yashagan. Aksincha, murosasizlik, oʻzaro xusumat kuchayib, urush va mojarolar avj olgan joyda yurt vayronaga, el parokandalikka yuz tutgan. Shuning uchun islom dini turli eʼtiqoddagilarni diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari asosida yashashga daʼvat etgan.

Bugunga kelib saodat sohiliga aylangan yangi Oʻzbekistondagi tinchlik va osoyishtalik, turli eʼtiqod egalari orasidagi totuvlik muhiti tahsinga sazovor. Vatanimizdagi bunday holatga xorijlik birodarlarimiz ham havas bilan qaraydi.

Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik borasida kuzatilayotgan barqarorlik va millatlararo totuvlikning qator sabablari bor. Avvalo, Haq taolo bir yurtda umrguzaronlik qilayotganlarni ahil yashash va yurtni obod etishga buyurgan. Islom dinimiz toʻgʻridan toʻgʻri bagʻrikenglikka chorlagan. Diniy bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlik tamoyili Prezidentimiz boshlagan insonparvar islohotlarning eng muhim boʻgʻiniga aylangan. Shu bois, Vatanimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, mehr-oqibat va inson qadrini ulugʻlashga hamisha ulkan eʼtibor qaratiladi. Har yili yurtimizda anʼanaviy oʻtkaziladigan “Bagʻrikenglik haftaligi” ham ana shu yuksak eʼtibor mevasidir.

Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat) lar qilib qoʻydik” (Hujurot surasi, 13- oyat). Bu oyati karima odam bolalari oʻrtasidagi tenglik va doʻstlikka dalolat qilguvchi, maʼrifatga chorlovchi ilohiy nido, aslida.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi shariflarning birida “Odamlarga tashakkur aytmagan Allohga ham shukr qilmaydi”, deyiladi. Yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik muhiti, diyorimizda yashayotgan turli din va millat vakillari orasidagi totuvlik mustahkamligi, qoʻshni davlatlar va u yerlarda yashayotgan xalqlar bilan yuzaga kelgan doʻstona aloqalar uchun Alloh taologa beadad shukr qilgan holda unga sababchi boʻlgan davlatimiz rahbariga — yangi Oʻzbekiston meʼmoriga, albatta, tashakkur izhor qilish lozim.

Atrofimizdagi qoʻshni xalqlar va millatlar bilan doʻstona aloqalarimiz yangi Oʻzbekiston rahbarining insonparvar qarashlari va islohotlari tufayli mutlaqo samimiy, ishonch va birdamlik bosqichiga kirdi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida bunday yozadi: “Markaziy Osiyo oʻz taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda”.

Vatanimizdagi keng koʻlamli islohotlar aniq maqsadlarga xizmat qiladi. Bu maqsadlar zamirida esa, shubhasiz, inson qadri mujassam. Dinimiz koʻrsatmalariga hamohang tarzda yangi Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va meʼyoriy hujjatlar ham eʼtiqod erkinligi, inson shaʼnini hurmatlash, haq-huquqlarni himoya qilishni koʻzlaydi. Oʻzbek xalqining mutlaq xayrixohligi bilan qabul qilingan, ezgu niyatlar bilan yangilangan bosh qonun — Oʻzbekiston Konstitutsiyasi mamlakat fuqarolarining munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, koʻp millatli jonajon Vatanimizning farovonligini va gullab-yashnashini nazarda tutadi.

Bosh qonunimizning 4-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb yozilgan. Shu yil 25-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun ham davlatchiligimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. Mazkur konsepsiya fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, diniy konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida har yili 16-noyabr Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mazkur sana munosabati bilan “Bagʻrikenglik haftaligi” tashkil etilishi hamda shu haftalik doirasida turli anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan.

Jamiyatimizda dinlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni keng targʻib etgan, oʻzaro hamkorlik rivojiga munosib hissa qoʻshganlarni taqdirlash uchun Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan.

Oʻzbekiston xalqi bu yorugʻ olamda yashayotgan bagʻrikeng va mehmondoʻst xalqlar qatorida zikr etiladi. Azaldan diyorimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillari oʻzaro yelkadosh boʻlib, bir-birining ogʻirini yengil, mushkulini oson qilgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, toʻy va maʼrakada ham koʻp millatli xalqimizning hamjihatligiga hamisha guvohmiz.

Parvardigorimiz barcha millat va eʼtiqodlar orasida adolat bilan ish tutishga chaqiradi. Chunki bashariyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havvodan tarqalgan. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qoʻygan. Insonlarning turfa xalq va qabilalarga boʻlinishining hikmati esa oʻzaro tanishish, hamkorlik va maʼrifatda bardavom boʻlishdadir.

Muqaddas dinimiz oʻzidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga va ularga eʼtiqod qiluvchilarga muruvvat koʻrsatishni buyuradi. Bu haqiqatni oʻta ulkan zakovati bilan anglay olgan movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorik ut-tanzil” asarida “Mumtahana” surasining 8-oyatini bunday tafsir qilgan: “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating, ularga soʻz bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada boʻling!”.

Ulugʻ allomaning tafsirda bunday xulosaga kelishiga hazrati paygʻambar alayhissalomning Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni oʻz masjidlariga tushirganlari va: “Ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni izzat-ikrom qilishni xush koʻraman”, deb shaxsan oʻzlari ularga xizmat qilganlari haqidagi dalil sabab boʻlgandir, ehtimol.

Islom tarixida bunday voqealar juda koʻp…

Islom taʼlimoti oʻzga din va millat vakillari bilan hamisha chiroyli va bagʻrikeng munosabatda boʻlishga chorlaydi. Bu goʻzal chorlovdan hosil boʻlgan ezgu anʼanalar bugun ham bardavom. Xususan, imomlar homiylar va hojilarni jalb qilgan holda oʻzi faoliyat yuritadigan masjid joylashgan mahalla hududidagi ehtiyojmand oilalar holidan muntazam xabar olib turadi. Bu holatda qaysi millat yo din vakili boʻlishidan qatʼi nazar, ehtiyojmandlarga ham moddiy, ham maʼnaviy yordam koʻrsatiladi. Eʼtibor va ardoqdan koʻngli togʻdek koʻtarilgan yurtdoshlarimiz esa el-yurtimiz tinchligi va farovonligini soʻrab duo qiladi.

“Yomgʻir bilan yer koʻkaradi, duo bilan el koʻkaradi”, deydi dono xalqimiz. Shu maʼnoda aytish mumkinki, bugun xalqimizga yetayotgan jami yaxshiliklarga yurt egasining ezgu maqsadi, shu maqsadning amaliy qadamlari va bu qadamlardan manfaat koʻrayotgan fuqarolarning chin dildan qilayotgan samimiy duolari sabab.

Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha moʻmin-musulmonlarning, millat va elatlar vakillarining tinch-totuv, oʻzaro hurmat va eʼtiborda istiqomat qilishida madadkor boʻlsin. Yangi Oʻzbekistonning, inson qadrining faol himoyachisi boʻlgan muhtaram Prezidentimizning jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasidagi ezgu ishlariga qut-baraka yogʻilaversin.

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi

Check Also

Maʼrifat – jaholatga qarshi eng oliy kuch

Urganch Davlat universitetida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni mustahkamlash, ularni turli …