Urganch davlat tibbiyot institutida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan “Milliy qadriyatlar va ularning millat maʼnaviyatidagi oʻrni” ruknida “Oʻzbekiston – millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik yurti” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv oʻtkazildi.

Talaba-yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni mustahkamlash, ularni turli yot gʻoyalar taʼsiridan asrash, shuningdek, qalbiga vatanparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik tuygʻularini chuqur singdirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari mavzu yuzasidan maʼruzalar qildi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda soʻnggi yillarda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda taʼlim maskanlari va ilmiy markazlarning oʻrni ayniqsa katta ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda milliy gʻoya va maʼnaviy merosning yoshlar hayotida tutgan oʻrni, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-maʼnaviy merosni chuqur oʻrganishning nechogʻli dolzarbligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir jarayonida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan keng qamrovli javoblar oldi.

Muloqot ochiq va samimiy ruhda kechdi.
Institut rahbariyati bunday maʼrifiy suhbatlar yoshlar ongida milliy gʻurur, fuqarolik masʼuliyati, vatanparvarlik va bagʻrikenglik tuygʻularini mustahkamlashda muhim omil ekanini alohida qayd etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






