Dunyodagi barcha dinlar ezgulik gʻoyalariga asoslangan va odamzodni yaxshilik, tinchlik, oʻzaro hamkorlik va doʻstlikka daʼvat etadi. Islom dini bu borada eng yetakchi din desak, yanglishmaymiz. Dinimizda tinchlik va bagʻrikenglikka katta eʼtibor berilgan boʻlib, bu har bir musulmon imon-eʼtiqodining ajralmas qismidir.
Musulmon kishining boshqa din vakillari bilan munosabati Qurʼoni karim taʼlimoti hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnat va siyratlarida oʻz aksini topgan. Musulmon inson paygʻambarlarning barchasiga, ularga nozil qilingan kitob va sahifalarga birdek imon keltirishi, ulardan birortasini inkor qilmasligi lozim.
“Aytinglar: “Allohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub, Asbotlarga[1] tushirilgan narsaga, Muso va Isoga berilgan narsaga va Nabiylarga Robbilaridan berilgan narsaga imon keltirdik. Ularning orasidan birortasini farqlamaymiz va biz Unga musulmonlarmiz”[2].
Ushbu oyati karimada kelgan buyruqqa binoan, har bir musulmon kishi Alloh yuborgan hamma paygʻambarlarni soʻnggi paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarligini tasdiq etgandek tasdiq etishi, Yaratgan zot tushirgan ilohiy kitoblarga Qurʼoni karimga imon keltirgandek imon keltirishi lozim. Agar ulardan birortasiga imon keltirmasa yoki ularni behurmat qilsa, musulmonligi qolmaydi. Demak, bagʻrikenglik, avvalo, dinimiz asosi boʻlgan imonda oʻz ifodasini topgan.
Shuningdek, Alloh taolo Qurʼoni karimning Mumtahana surasi 8-oyatida: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urishmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”, deb moʻmin-musulmonlarni boshqa millat va din vakillari bilan yaxshi munosabatda boʻlishga buyurmoqda. Ushbu hukm islomning naqadar insonparvar va bagʻrikeng din ekaniga yorqin dalildir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik va adolat qilishdan hech kimni man qilmaydi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham boshqa din vakillari bilan muomala odobi haqida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Ushbu oyati karimalarga binoan har bir musulmon odam Alloh taolo tomonidan yuborilgan hamma nabiylarga Muhammad sollallohu alayhi vasallamga imon keltirgandek imon keltirishi, Alloh taolo tomonidan tushirilgan kitoblarga Qurʼoni karimga imon keltirgandek imon keltirishi lozim. Agar ulardan birortasiga imon keltirmasa yoki ularni behurmat qilsa, musulmonligi qolmaydi.
Musulmon kishi boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchi kishilarga yomonlik qilmasligi kerak, ular bilan yaxshi muomalada boʻlishi, munosib aloqalar oʻrnatishi mumkin”[3].
Islom taʼlimotida musulmonlar boshqa din vakillari bilan tinch va oʻzaro hurmat asosida yashashga buyurilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nasroniylarga ibodat qilish uchun joy berganlar. U zot hech qachon boshqa dinlarni haqorat qilmaganlar. Oʻz ummatini ham boshqa dindagilarga bagʻrikeng boʻlishni buyurganlar.
Xalq arbobi, buyuk mutafakkir Abdurauf Fitrat ham bagʻrikenglik haqida bunday degan: “Hech shubha yoʻqki, odamlar har xil din va mazhabdan, har xil qabila va millatdan boʻlsalar ham, bir otaning va yagona jinsning farzandi, boshqacha qilib aytganda, bir-birlarining aka-ukalaridir. Shunday ekan, ular oʻzaro umumiy birodarlikni yuzaga keltirishlari kerak”[4].
“Bagʻrikenglik – dunyodagi turli boy madaniyatlarni, oʻzini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va toʻgʻri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot, hurfikr, vijdon va eʼtiqod vujudga keltiradi. Bagʻrikenglik – turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat maʼnaviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bagʻrikenglik – tinchlikka erishishni taʼminlovchi va urush deb nomlangan madaniyatsizlikdan tinchlik deb nomlangan madaniyatga eltuvchi yoʻldir”[5].
Shu boisdan bu muborak zaminda ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat nazari bilan qaragan. Chunki yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, millatlararo totuvlik, sabr-toqat va bagʻrikenglik islom dini tamoyillaridan biri boʻlib, mamlakat rivoji uchun ham zarur omillardan hisoblangan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, konfessiyalararo munosabatlar va ularning mohiyati jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakterini va jamiyat taraqqiyotini belgilab beruvchi omil sifatida namoyon boʻladi.
Tarixga nazar tashlasak, Oʻzbekiston hududida qadim davrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi aholi oʻzaro bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik tamoyillariga rioya qilgan holda yashaganiga guvoh boʻlamiz. Bu zamindagi turli millat, din va madaniyat vakillari doʻstlik, oʻzaro hurmat, ittifoqlik tamoyillari asosida umrguzaronlik qilgan. Bu anʼana hozir ham davom etmoqda. Bagʻrikenglik – tinchlik, totuvlik va taraqqiyot asosidir.
Xulosa qilib aytganda, boshqa din vakillari bilan bagʻrikenglik tamoyillari asosida muomala qilish dinimiz buyrugʻidir. Boshqa din vakillari bilan muomala, eng avvalo, insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabat – bagʻrikenglikka asoslangan boʻlmogʻi kerak. Bagʻrikenglik esa, aqidaparastlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlarda oʻrnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir. Oʻsib kelayotgan yosh avlodni millatlararo va dinlararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik ruhi asosida mard, jasur, mentalitetimizga yot boʻlgan zararli taʼsir va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






