Islomning asosida tinchlik, bagʻrikenglik va turli din vakillari bilan munosabatlarda oʻzaro hurmat tamoyili yotadi. Qurʼon va sunnatda boshqa dinlarga nisbatan tinchlik va hamjihatlikka katta ahamiyat beriladi.
Islom taʼlimotida dini, irqi yoki millatidan qatʼiy nazar barcha Allohning bandasidir. Islom musulmonlarni Qurʼon va sunnat koʻrsatmalariga rioya qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, boshqa din vakillariga odilona va bagʻrikeng munosabatda boʻlish lozimligini ham taʼkidlaydi.
Islom odamlar turlicha eʼtiqodga ega ekanini eʼtirof etadi. Shuning uchun musulmonlarni boshqalar bilan muloqot va hamkorlikka chorlaydi. Baqara surasining 256-oyatida: “Dinga majbur qilish yoʻq. Batahqiq, haq botildan ajradi”, deyilgan. Bu bagʻrikenglikni yoritib beruvchi eng mashhur oyatlardan biridir.
Iymon insonning shaxsiy tanlovi boʻlib, hech kimni biror dinni qabul qilishga majburlab boʻlmaydi. Islomning haq din ekani aniq boʻlgandan keyin oʻz xohishi bilan eʼtiqod qilmasa, har kimning ixtiyori oʻzida. Har bir inson Alloh bergan aqli bilan oʻz yoʻlini tanlaydi. Majburlashning yoʻqligi turli din vakillari oʻrtasida hurmat va hamjihatlikni taʼminlaydi.
Yahudiy va nasroniylar “Ahli kitob” deb ataladi. Ular ham aslida tavhidga mansubligi va ilohiy kitoblarga ega ekani bilan bogʻliq. Islom ularning muqaddas kitoblarini tan oladi. Musulmonlarni “Ahli kitob” vakillariga nisbatan odillik va hurmat bilan munosabatda boʻlishga chaqiradi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy boʻlganlar, nasorolar va sobiiylardan, qaysilari Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa va yaxshi amallarni qilsa, oʻshalarga Robbi huzurida ajrlar bordir. Ularga xavf yoʻq va ular xafa ham boʻlmaslar”, (Baqara surasi, 62-oyat) deb marhamat qiladi. Bu oyatdagi hukm Muhammad sollallohu alayhi vasallam paygʻambar boʻlib kelgunlaricha boʻlgan muddatga taalluqli boʻlsa ham, bagʻrikenglikdagi maʼnaviy va axloqiy ruhi bugungi kunda ham ahamiyatlidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻz hayotlarida boshqa din vakillariga hurmat va bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni amalda koʻrsatganlar. Bunga yorqin misol Madina ahdnomasidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam yahudiy qabilalari bilan tinchlik shartnomasini tuzib, ularning xavfsizligi va diniy erkinligini kafolatlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bilib qoʻyinglar, kim bir zimmiyga zulm qilsa, yoki uning haqqini noqis qilsa, yoki unga toqati yetmaydigan ishni buyursa, yoki uni norozi qilib, biron narsasini olsa, Qiyomat kuni men u bilan xusumatlashaman”, deganlar (Abu Dovud rivoyati). Yana bir hadislarida: “Kim bir muohadni oʻldirsa, jannatning hidini hidlamaydi. Holbuki uning hidi qirq yillik yoʻldan tuyiladi”, deganlar (Buxoriy rivoyati). Bu u zotning adolat va insofga boʻlgan sadoqatini koʻrsatadi. Unda musulmon boʻlmaganlarning huquqlarini himoya qilish kerakligi taʼkidlanadi va ularga nohaqlik qilish man etiladi. Bu hadisi sharif faqat oʻsha zamonga tegishli emas, hamma vaqt amal qilishini unutmaslik kerak.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qoʻshnilari yahudiy boʻlgan. Unga qoʻshnilik odobini koʻrsatganlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida, sovutlari oʻttiz soʼ arpa evaziga bir yahudiyda garovda turgan edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sahoba va tobeinlar ham musulmon boʻlmagan kimsa va jamoalar bilan dushmanlik boʻlmasa, yaxshi muomala qilib yashaganini bilamiz. Ali roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning och qolganlarini koʻrib, yegulik topish ilinjida bir yahudiyning bogʻiga boradi. U bilan bir chelak suvga bir dona xurmo olish boʻyicha bitim tuzadi. Oʻn yetti chelak suv chiqarib berib, oʻn yetti dona ajva (eng sara navli xurmo) oladi (Ibn Moja rivoyati). Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alining bu ishini inkor qilmaganlar.
Umar roziyallohu anhuning Madinadagi musulmon boʻlmagan qariyalarga ham nafaqa joriy qilgani yaxshi maʼlum. Quddus fathiga borganida, u yerdagi musulmon boʻlmagan aholini himoya qilishga qaratilgan bitim tuzgani ham mashhur voqea.
Tarix davomida musulmonlar boshqa din vakillari bilan tinchlikda yashagani haqida koʻplab misollar keltirish mumkin. Islomning “Oltin asri” davrida (VIII-XII asrlar) musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar birgalikda fan va madaniyat taraqqiyotiga hissa qoʻshgan. Masalan, Qurtuba (Kordoba)da musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar tinchlikda yashab, ilm va madaniyatni birgalikda rivojlantirgan. Shuningdek, Bagʻdoddagi “Baytul hikma” turli din va millat olimlarini birlashtirgan ilmiy markaz boʻlgan.
Bunday misollar islomdagi bagʻrikenglikning faqat nazariy gʻoya boʻlmaganini, balki amalda ham namoyon boʻlganini koʻrsatadi.
Musulmonlar boshqalarni islomga chaqirishga undalgan boʻlsa-da, Qurʼonda aniq aytilganidek, bu faqat tinch va ixtiyoriy tarzda boʻlishi kerak. “Agar Robbingiz xohlasa, yer yuzidagilarning hammasi iymonga kelar edilar. Yoki sen odamlarni moʻmin boʻlishga majburlaysanmi?” (Yunus surasi, 99-oyat). Bu oyat iymon faqat Allohning irodasi va insonning ixtiyori bilan boʻlishidan dalolat beradi. Hech kim boshqani dinni qabul qilishga majburlay olmaydi. Musulmonning vazifasi islom haqiqatini goʻzal va tinch yoʻl bilan yetkazishdir.
Islomning bagʻrikenglik va boshqalarga hurmat bilan munosabatda boʻlishni asosiy axloqiy qadriyat sifatida belgilashiga guvoh boʻldik. Qurʼoni karimda eʼtiqod erkinligi, oʻzaro hurmat, tinchlik va hamjihatlikda yashash lozimligi taʼkidlanar ekan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayoti esa boshqa din vakillariga nisbatan adolat, rahm-shafqat va insofning amaldagi namunasidir.
Islom insonlarni turli din va eʼtiqod vakillari bilan hamjihatlik va hurmat asosida yashashga, jamiyatda odil boʻlib, bashariyatga manfaat keltirishga chorlaydi. Qurʼon va hadislarda taʼkidlanishicha, oxirida hamma odamlarning holini Allohning Oʻzi hukm qiladi, shuning uchun hech kim oʻz dinini boshqalarga zoʻrlab oʻtkazishga haqqi yoʻq.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






