Home / FOTO LAVHALAR / Ilm – umumiy mulkimiz

Ilm – umumiy mulkimiz

Indoneziyaning Kalimantan mintaqasidagi ulamolar tashabbusi bilan XVIII asrda yashab oʻtgan mashhur muhaddis va faqih Muhammad Arshad Banjariy qalamiga mansub “Sabilul muhtadiyn” (“Hidoyatga yetganlar yoʻli”) asarining faksimile nusxasi Oʻzbekistonga taqdim etildi.

Ushbu qimmatli asarning dublikatlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kutubxonalariga topshirildi. Bu haqda Indoneziyaning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri – “Kalimantan Post” nashri ham xabar tarqatdi.

Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida islom huquqshunosligi sohasida asosiy manbalardan biri sifatida eʼtirof etiladigan ushbu asar asrlar davomida fatvo va tahlillarda qoʻllanib kelayotgan eng ahamiyatli ijtihod namunalaridandir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mazkur tashabbusni tarixiy merosni ilmiy asosda oʻrganish, manbalarni tahlil qilish va hujjatli dalillarga suyangan holda turli mintaqalardagi ilmiy maktablar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida qadrlaydi.

Mazkur tuhfa nafaqat ilmiy aloqalarni rivojlantirish, balki umumislomiy maʼrifiy makonda manbalar almashuvi va fikriy jarayonlarni boyitishning amaliy ifodasi sifatida ham katta ahamiyatga ega.

Markaz rahbariyati islom ilmiy merosining koʻlamini chuqur anglash, turli mintaqalarda shakllangan fiqhiy maktablarning oʻzaro taʼsirini tadqiq etish va yosh tadqiqotchilarni manba asosida mustaqil fikr yuritish madaniyatiga yoʻnaltirishga qoʻshayotgan hissasi uchun indonez olimlariga chuqur minnatdorlik izhor etadi.

Kalimantandan kelgan tuhfa ilm chegara bilmasligini, u butun insoniyatning xazinasi ekanini yana bir karra namoyon etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Muloqot va hamkorlik – maʼnaviy taraqqiyot sari mushtarak odim

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziyaning Islomshunoslik boʻyicha ilgʻor tadqiqotlar xalqaro instituti (International Institute of …