ISLOM DINI BUTUN DUNYOGA RAHMAT BOʻLIB KELGAN DINDIR. Bu haqda Alloh taolo “Qurʼoni karim”ning Anbiyo surasi, 107-oyatida: «(EY MUHAMMAD), SIZNI OLAMLARGA FAQAT RAHMAT QILIB YUBORDIK» deya marhamat qilgan.
Islom dinining bagʻrikenglik din ekanligi haqida fikr yuritishdan oldin “bagʻrikenglik” soʻzining maʼnosiga eʼtibor bersak oʻrinli boʻlar edi. Islom dini oʻgitlariga koʻra, boshqa din vakillari (gʻayridinlar)ga, butun insoniyatga, qolaversa, butun borliqqa nisbatan ochiq koʻngil bilan, mehr-muhabbat bilan yondashish bagʻrikenglik, deyiladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham shunday taʼkidlanadi: “Bagʻrikenglik – masalaga keng koʻlamda, ochiq koʻngil bilan yondashishlik”[1].
Islom dini butun dunyoga rahmat boʻlib kelgan dindir. Bu haqda Alloh taolo Qurʼoni karimning Anbiyo surasi, 107-oyatida: “(Ey Muhammad), Sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik” deya marhamat qilgan.
Alloh insonlarni bagʻrikeng va kechirimli boʻlishga undaydi.“Aʼrof” surasining 199-oyatidagi “Kechirimli boʻl” degan xitobi orqali ifodalangan “kechirimlilik va bagʻrikenglik” tushunchasi islom dinining asosiy qoidalaridan biridir.
Islom tarixiga nazar solinsa, musulmonlar Qurʼon axloqining bu muhim taʼlimotini ijtimoiy hayotga qanday tatbiq qilganlari juda aniq koʻrinadi. Musulmonlar oʻz qadami yetgan har bir joyda adolatsizlikka qarshi kurashib, erkin va bagʻrikeng muhit yaratishga harakat qilgan. Din, til va madaniyat jihatidan bir-biridan tubdan farq qiladigan xalqlarning bir osmon ostida tinch va osoyishta yashashini taʼminlagan, oʻziga ergashganlarga ilm, boylik va ustunlikni taqdim etgan. Shubhasiz, keng hududlar boʻylab yoyilgan musulmon oʻlkalarining asrlar davomida mavjud boʻla olganining eng muhim sabablaridan biri bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yaratganidir. Ularning bu boradagi tayanchi, tabiiyki, Qurʼoni karimdir. Zero,bagʻrikenglik faqat Qurʼon koʻrsatmasiga muvofiq boʻlgandagina farovonlik olib keladi. Kalomi sharifning bu boradagi koʻrsatmasi quyidagicha: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar boʻlmas. Siz (yomonlikni) goʻzalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan oʻrtalaringizda adovat boʻlgan kimsa qaynoq (qalin) doʻstdek boʻlib qolur”. (Fussilat surasi, 34- oyat).
Bagʻrikenglik mehribonlik, xushmuomalalik, yumshoqlik, kechirimlilik singari xislatlarni ham oʻz ichiga oladi. Kishining butun borliqqa mehribon boʻlishi, goʻzal muomala qilishi, shirinsuxanligi, oʻziga nisbatan qilingan notoʻgʻri munosabatlarni kechira olishi qalbi keng ekaniga dalolatdir. Hadislarda bu haqdagi goʻzal namunalarni koʻrishimiz mumkin.
Ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Doʻzaxga harom kishini yoki unga doʻzax harom boʻlgan kishini sizlarga xabarini beraymi? U (birodariga hojat vaqtida) yaqin turadigan, tavozuʼli va muloyim kishilardir”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Yumshoq tabiatlilik Allohga suyukli banda boʻlish demakdir. Rasul alayhissalom Abulqays qabilasidan Ashij ismli kishiga “Senda Alloh yaxshi koʻradigan ikkita goʻzal xislat bor: muloyimlik va vazminlik”, (Imom Muslim rivoyati) degan edilar. Bu ikki xislat insonlar va jamiyatlar oʻrtasida tinchlik boʻlishini taʼminlovchi, munosabatlarga darz ketishining oldini oluvchi muhim omildir. Hatto bu davlatlararo munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bagʻrikenglikning eng yuksak darajasi kechirimlilikda namoyon boʻladi. Inson oʻziga qilingan nohaqlik, qoʻpollik, zulmni kechira olishi uning oliyjanobligidandir. Alloh taolo Qurʼoni karimda marhamat qilib aytadiki: “Albatta, kim (oʻziga yetgan ozor aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu (ish) ishlarning maqsadga muvofigʻidir”. (Shoʻro surasi, 43-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u haqda bunday deganlar: “Sizlarga Alloh uning sababi bilan yuksak darajalarga koʻtaradigan narsaning xabarini beraymi?” – dedilar. “Ha, Allohning rasuli”, deyishdi. Rasululloh: “Senga nodonlik qilganga mehribon boʻl, senga zulm qilganni kechir, seni mahrum qilganga (senga bermaganga) bergin va sendan uzilganga (qarindoshlik aloqasini uzganga) bogʻlan”, dedilar”. (Imom Tabaroniy rivoyati).
Kechirimlilik musulmon kishining eng fazilatli amalidir. Bu ish har doim jamiyatga koʻpdan-koʻp manfaat keltirgan. Kishining komillik sifatlaridan biri aynan shu xislatda namoyon boʻladi. Atrofdagilardan boʻladigan dushmanlik va ozorlarga sabr qilib, qasos olmasdan, kechirib yuborishni hamma ham eplay olmaydi. Bu bilan jamiyatda tinchlik totuvlik taʼminlanadi.
Allohga hamdlar boʻlsinki, bugun yurtimizdagi oʻttiz yetti milliondan ziyod xalq tinchlik, osoyishtalikda hayot kechirmoqda. Albatta, buning asosiy negizi millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglikka borib tutashadi. Yuzdan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoqlikda, Oʻzbekistonning ertasi uchun kamarbasta boʻlib yashayotgani koʻzni quvontiradi.
Jahon dinlarining ichida faqat islomda eʼtiqod erkinligi ochiq-oydin eʼlon qilingan. Baqara surasining 256-oyatida: “Dinda majburlash yoʻq” deyilgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat –namuna boʻldilar.
Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahli kitobdan boʻlgan qoʻshnilari bilan yaxshi munosabatda boʻlar, hadya berib, ulardan ham qabul qilardilar. Madinaga Habashiston nasroniylarining vakillari kelganida, ularni masjidga tushirib ziyofat berdilar va xizmatlarini qildilar. Najron nasroniylari kelganida, hattoki ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar. Rasululloh oʻzlari namuna boʻlgan holda butun ummatni insonlar oʻrtasidagi munosabatda halimlikka, bagʻrikenglikka chaqirdilar.
Islomda bagʻrikenglik masalasi juda muhim oʻrin tutadi. Islom kishilarni birdamlikka, yaxshilikka, ahillikka chaqiradi. Alloh taolo Qurʼoni karimning “Hujurot” surasi 13-oyatida: “Ey insonlar, Biz sizni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va sizlarni oʻzaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qoʻydik…”, deya marhamat qiladi.
Darhaqiqat, islomda zoʻravonlik, oʻzgaga zulm yetkazish yoʻq. Hattoki insonlarni dinga zoʻrlik bilan chaqirish ham mumkin emas. Haqiqiy musulmon, oʻzini islomda deb bilgan kishilarning shiori tinchlik boʻlishi kerak. Musulmon odam, hadisga muvofiq, oʻzgalarga tili bilan ham, qoʻli bilan ham ozor yetkazmasligi kerak. Aksincha, moʻmin odam atrofdagilarga faqat manfaat yetkazishi zarur.
Paygʻambar alayhissalom: “Din – husni xulqdir”, deganlar. Yaʼni din odob, axloq, insoniylikning goʻzal tajassumidir. Xulosa qiladigan boʻlsak, bagʻrikenglik inson tabiatiga bogʻliq narsadir. Alloh insonni xuddi shu tabiat ila yaratgan. Insonning sof tabiati shiddat va qiyinchilikni yoqtirmaydi. U doimo osonlik va yumshoqlikka moyil.
Alloh taolo “Oli Imron” surasining 159-oyatida: “Allohning rahmati ila ularga muloyim boʻlding. Agar qoʻpol, qalbi qattiq boʻlganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar”, deya marhamat qilgan. Bu oyat tafsirida: “Darhaqiqat, inson uchun chiroyli xulqdan koʻra zarurroq, muhimroq biror fazilat yoʻq. Dinimizda chiroyli xulq egasi boʻlishga chaqirilgan. Odamlar bilan xushmuomalada boʻlish yaxshilikka tenglashtirilgan”,2 deya tushuntiriladi.
Hazrati Umar (roziyallohu anhu)ning oʻgʻli Abdullohning bir yahudiy qoʻshnisi bor edi. Abdulloh (roziyallohu anhu) bir kuni tuya soʻydi. U kishi xizmatkorlariga «Qoʻshnimizni unutma!” dedi. Biroz vaqt oʻtib: “Yahudiy qoʻshnimizni unutmadingmi?” deb soʻradi. Xizmatkor: “Taqsir, hozir aytgan edingiz. Qoʻshniga goʻsht ajratib qoʻydik, hozir olib chiqib beramiz”, dedi. Uch-toʻrt daqiqa oʻtib Abdulloh (roziyallohu anhu) xizmatkorni chaqirib, yana soʻradi. Shunda xizmatkor: “Uzr soʻrayman, shu paytgacha sizga itoatsizlik qilgan emasman, bilasiz. Keyin ham qilmayman. Nega qoʻshni haqida buncha qaygʻurasiz?” deb soʻradi. Shunda Abdulloh (roziyallohu anhu): “Men Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning: “Jabroil (alayhissalom) menga qoʻshni haqida mudom nasihat qilar ediki, men yaqinda qoʻshniga ham meros berilsa kerak, deb oʻylardim”, deganlarini eshitganman”, dedilar. Afsuski, keyingi paytda islom dinini notoʻgʻri talqin qilish natijasida jamiyatda turli xil kelishmovchilik va muammolar kelib chiqmoqda. Ayrim kishilar islomning bagʻrikenglik dini ekanini unutib, boshqa din vakillarigagina emas, musulmon birodarlariga ham notoʻgʻri munosabatda boʻlmoqda. Bularning hammasi ilmsizlik, johillikdan boʻlak narsa emas.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bagʻrikenglik borasida oʻzbek zamini azaldan dunyo xalqlariga namuna boʻlgan. Yurtimiz jugʻrofiy nuqtayi nazardan muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani sabab, oʻlkada turli millat va elat vakillari azaldan bir-birlari bilan tinch-totuv, ahil-inoq boʻlib yashab kelishgan. Bugun mamlakatimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat, elat vakillari totuvlik va diniy bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilib yashamoqda.
Hozirgi zamonaviy dunyoda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik davlat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Shu bois, Yangi Oʻzbekistonda ham millatlar oʻrtasidagi hamjihatlik
va oʻzaro hurmat muhitini saqlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda turli din vakillari oʻz ibodatxonalarida erkin ibodat qila oladi. Muxtasar qilib aytganda, Oʻzbekiston – bagʻrikenglik va birdamlik oʻlkasidir.
Bagʻrikenglik nafaqat davlat yoki jamiyat darajasida, balki har bir insonning shaxsiy hayotida ham muhim fazilat hisoblanadi. Quyidagi sabablar shuni koʻrsatadi:
- Jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlaydi.
– Agar insonlar bir-birini hurmat qilsa, ular oʻrtasida nizo va kelishmovchilik kamayadi.
- Insoniy munosabatlarni mustahkamlaydi.
– Har bir kishi atrofidagi insonlarni tushunib, ularga hurmat bilan munosabatda boʻlsa, jamiyatda oʻzaro hamkorlik va birdamlik kuchayadi.
- Kelajak avlod uchun yaxshi namuna boʻladi.
– Agar biz farzandlarimizga bagʻrikenglik, mehr-oqibat va hurmat kabi fazilatlarni oʻrgatsak, ular kelajakda ana shu qadriyatlarga amal qilgan holda hayot kechiradi.
- Taraqqiyotga yoʻl ochadi.
– Faqat bagʻrikeng va ochiq jamiyatlarda innovatsiya, taraqqiyot va rivojlanish yuz beradi.
Xulosa. Islom bagʻrikenglik dinidir. U insonlarni oʻzaro hurmat va tinchlikda yashashga chorlaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yoʻllari bu borada bizga ibratdir. Bagʻrikenglikni asosiy qadriyatlardan biri sifatida qabul qilishimiz kerak. Zero, bagʻrikenglik – tinchlik, taraqqiyot va farovonlik garovidir. Har birimiz oʻz qoʻshnilarimiz, atrofimizdagi insonlar va boshqa millat va din vakillari bilan oʻzaro hurmat muhitida yashasak, jamiyatimiz yanada ravnaq topadi. Bagʻrikenglik – tinchlik va birdamlik timsoli!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






