“Imom Buxoriy va musulmon olamidagi ilm-fan (2025)” xalqaro anjumani oʻz ishini ikkinchi kun ham qizgʻin ilmiy muhokamalar bilan davom ettirdi.

Bu safar “Hadis, tafsir va axloqiy mulohazalar”, “Zamonaviy tadqiqotlar, raqamli gumanitar ilmlar va institusional taʼlim” mavzularida ilmiy sessiyalar oʻtkazildi. Ularda Oʻzbekiston va Indoneziya olimlari va tadqiqotchilar ishtirokida hadis va tafsir ilmlarining zamonaviy nafasi va tendensiyalari, ularni raqamli muhitda tadqiq etish usullari, axloqiy-tarbiyaviy mazmun beradigan matnlarni ilmiy tahlil qilish yoʻllari muhokama qilindi.

Imom Buxoriy asarlaridagi maʼnaviy qadriyatlarning bugungi taʼlim jarayonlari va jamiyat hayotidagi ahamiyati, islom ilmlarini oʻqitishda raqamli texnologiyalardan yanada unumli foydalanish imkoniyatlari, qoʻshma tadqiqotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ishtirokchilar diqqat markazida boʻldi.

Anjumanning yakuniy qismida ikki kunlik ilmiy muloqot natijalari sarhisob qilinib, ilmiy tavsiyalar qabul qilindi. Shuningdek, istiqbolda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Indoneziyaning ilmiy muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi va muhokama etildi.

Qatnashchilar ushbu xalqaro forum islom ilmlarini rivojlantirish, ilm-fan va maʼrifat borasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlash yoʻlida yangi ilmiy muloqot va hamkorlik maydonini yaratganini eʼtirof etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






