Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Indoneziyaning Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti va Qurʼon ilmlari instituti (IIQ) hamkorligida “IMOM BUXORIY VA MUSULMON OLAMIDA ILM-FAN (2025)” mavzusida xalqaro anjuman boshlandi.

Forum joriy yil iyul oyida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti oʻrtasida Jakartada imzolangan Anglashuv memorandumida koʻzda tutilgan ilmiy hamkorlik yoʻnalishlarining amaliy natijalaridan biri sifatida tashkil etildi.
Tantanali ochilish marosimida ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-maʼnaviy aloqalarni rivojlantirishga, Imom Buxoriy merosini chuqur oʻrganish va uning ilmiy ahamiyatini keng yoritishga qaratilgan tashabbuslar alohida taʼkidlandi.

Ishtirokchilar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

Anjuman doirasida “Imom Buxoriy merosi va zamonaviy islom tafakkuri” hamda “Hadisshunoslik metodologiyasi va klassik ilmlar” mavzularida ilmiy sessiyalar oʻtkazilib, olimlar Imom Buxoriy asarlarining ilmiy asoslari, jahon hadisshunoslik maktabida tutgan oʻrni va zamonaviy talqinlari haqida fikr almashdi.

Birinchi kun yakunida ishtirokchilar fikr va tajriba bilan oʻrtoqlashib, ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.


Qatnashchilar bilan ovozdan taʼkidlaganidek, forum ilmiy muloqot, tajriba almashish va musulmon olamida ilm-fan taraqqiyotini yanada rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻlmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz







