Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziyaning Islomshunoslik boʻyicha ilgʻor tadqiqotlar xalqaro instituti (International Institute of Advanced Islamic Studies – ISTAC) va Malayziya xalqaro islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan, islom moliyasi boʻyicha malakali mutaxassis dr. Sheyla Aynun Yusuf xonim ishtirokida ilmiy suhbat tashkil etildi.


Muloqot davomida olima Markaz ilmiy xodimlari bilan islom moliyasi, sharʼiy huquqlar va ijtimoiy masʼuliyat sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar haqida fikr almashdi. Islom bankchilik va moliya tizimlarida shariat mezonlarini amaliyotga joriy etish boʻyicha oʻz tajribasi va “Maqāṣid al-Sharīʼah” (“Shariat maqsadlari”) gʻoyalari asosida ishlab chiqqan ichki audit usullari haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Sheyla Yusuf islom moliyasining barqaror rivojlanishga qoʻshadigan hissasi, shuningdek, vaqf va zakot tizimlarini ijtimoiy adolatni taʼminlash vositasi sifatida takomillashtirish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbir yakunida Markaz bilan ISTAC va IIUM oʻrtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






