Home / MAQOLALAR / Samarqand

Samarqand

18-oktyabr – Samarqand shahri kuniga bagʻishlanadi

Bu misralar tunda emas, yozilmoqda tong bilan,
Minorlarga ajdodlarim bitgan qizil qon bilan,
Gumbazlarning qaʼridagi ming yillik tugʻyon bilan,
Yetti iqlim aro tengsiz, jannat bogʻi Samarqand,
Oʻzbegimning iftixori, shamchirogʻi Samarqand.
 
Johiliyat zamonida zolim shohga yoʻydilar,
Qabrin ochib jahongirni qayta boshdan soʻydilar.
Haq gʻolibdir. Mana endi ulkan haykal qoʻydilar,
Qarshisida yarim dunyo choʻkka tushgan Samarqand,
Oʻzbek nomi Yeru Quyosh, koʻkka tushgan Samarqand.
 
Koshinlarning ranglarida jamuljam boʻlar jahon,
Yulduzlar har tun kimnidir izlashar yuragi qon,
Rasadxona maydonidan boshlanar asli osmon,
Ulugʻbekning aytolmagan soʻzlaridir Samarqand,
Kashf etilgan yangi olam koʻzlaridir Samarqand.
 
Bobur Mirzo bunda ulkan qoʻrgʻon qurmoqchi boʻldi,
Avlodlarga yetgulik bir oshyon qurmoqchi boʻldi,
Yogʻiy bosdi tuprogʻini, bari chalajon soʻldi,
Bobur koʻksida ushalmas zoʻr armoni Samarqand,
Necha vatangado zotlar dil darmoni Samarqand.
 
Registoning ming bir kitob, tarixning bir parchasi,
Shundan bizga ochilgan ilk ilmu sheʼrning darchasi,
Uch madrasaning oldida oʻtaversin barchasi,
Navoiyning qoʻllariga qoʻlin tutgan Samarqand,
Motrudiyning izlarini koʻzga surtgan Samarqand.
 
Bobo yurti Buxorodan yiroq boʻldi ul daho,
Hadis ilmi yoʻllarida chiroq boʻldi ul daho,
Ne daholar oʻtgan yurtda tuproq boʻldi ul daho,
Ismoil al Buxoriyning dil ohidir Samarqand,
Izlab izlab topgan soʻnggi panohidir Samarqand.
 
Yogʻiy bosdi, qaddin biroz bukdi Choʻpon otamiz,
Zarafshonga koʻz yoshini toʻkdi Choʻpon otamiz,
El ulusga tinchlik istab choʻkdi Choʻpon otamiz,
Yurak uygʻoq, ammo koʻzi basir boʻlgan Samarqand,
Kaufmandek jallodlarga asir boʻlgan Samarqand.
 
Koʻhna dunyo, darding sening asrlarga yuk boʻlgan,
Bu dardlarning azobidan ne boshlar buyuk boʻlgan,
Ne faryodki, oqillar xor, johillar suyuk boʻlgan,
Bosqinlardan, sotqinlardan oʻlmagan bosh Samarqand,
Koʻhna tarix sahrosida sinmagan tosh Samarqand.
 
Talabalik. Oltin davrim. Bagʻrida iz qoldirdim,
Dorilfunun eshigida bir goʻzal qiz qoldirdim,
Qiz qalbida bir umrlik otashin his qoldirdim,
Oʻshal shirin muhabbatim beshigisan, Samarqand,
Ishq qasrining men ochmagan eshigisan, Samarqand.
 
Singilginam, qah-qah urma, oshiq ukam, chekma oh,
Bul saroylar qoshi uzra quvlashib yurmoq gunoh.
Bunda yotgan har zarra, xas minglab sirlarga guvoh,
Turku-Turon iftixori, yoshligisan, Samarqand,
Oshiqlarning oʻshal qalam qoshligisan, Samarqand.
 
Ona shahrim! Shaʼningga hech quruq soʻzlar demasman,
Seni jondan sevaman deb koʻkragimga urmasman,
Otam yotgan bu zaminni hech kimsaga bermasman,
Oʻzligini anglagan kun – istiqboldir Samarqand,
Mustaqillik – kelajagu, Istiqloldir Samarqand.
 
Men ham sening bir parchangman, bitta oshiq yuraging,
Ozod elim baxti uchun tolmasin hech bilaging,
Doʻstga bagʻring toʻlaversin, Tinchlik boʻlsin tilaging,
Oʻzbekiston bogʻi aro mangu daraxt Samarqand,
Yor Muhammad butun umr intilgan baxt Samarqand!..
  
Yor MUHAMMAD

Check Also

ZAMONAVIY TEXNIK KASHFIYOTLARNING ISLOM MANBALARIDA BAYON ETILISHI

Jahonda boʻlayotgan kashfiyotlarning barchasi inson omiliga xizmat qilib kelmoqda. Bu esa, insoniyatning turmush tarzini har …