Bayramlar va yillik nishonlanadigan kunlar xalqlar hayotida alohida oʻrin egallaydi. Tarix davomida yilda bir nishonlanadigan muayyan kunni ajratib qoʻymagan xalq yo jamiyat yoʻq hisobi. Bunday sana yirik voqeani yodga olish, tarixiy xotirani yangilash, milliy, insoniy yo muhim ijtimoiy hodisani nishonlash uchun belgilanadi.
Islom dini insonlar odat qilib kelgan hamma amallarni ham inkor etmagan, balki ularni islomiy meʼyorlarga muvofiqligiga qarab baholagan: din asoslariga zid boʻlmagan odatlarni qabul qilgan, aksincha, islom taʼlimoti va maqsadlariga toʻgʻri kelmaydiganlarini bekor qilgan. Quyida milliy va ijtimoiy bayramlarning ahamiyati, ularning milliylikni mustahkamlash va ijobiy ijtimoiy aloqalarni rivojlantirishdagi oʻrni, shuningdek, islomning bu masalaga munosabati haqida soʻz yuritiladi.
Islomda bayramlar ikki turga boʻlinadi: diniy va ijtimoiy (milliy) bayramlar.
Islomiy bayramlar Qurʼon va sunnatda aniq koʻrsatilgan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida oʻyin-kulgu qilinadigan ikki kun bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu ikki kun qanday kunlar?” dedilar. “Johiliyat davrida bu ikki kunda oʻyin-kulgu qilar edik”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo sizlarga bu ikki kunni undan yaxshiroq ikki kunga: Qurbon hayiti va Ramazon hayitiga almashtirdi”, dedilar”[1].
Demak, musulmonlar uchun asosiy bayramlar: Ramazon va Qurbon hayitlaridir. Bu bayramlar Allohga ibodat, sadaqa va ezgu amallar bilan oʻtadi.
Ijtimoiy bayramlar – millat yo jamiyat hayotidagi muhim sanalarni yodga olish, muayyan kasb egalarini taqdirlash yo tarixiy voqealarni eslash uchun belgilangan, jamiyatning qadriyatlariga asoslangan, diniy boʻlmagan, balki ijtimoiy hayot bilan bogʻliq kunlar hisoblanadi. Masalan, bizning Mustaqillik kuni, Oʻqituvchilar kuni, Xotira va qadrlash kuni kabi.
Barcha xalqlarda asosiy diniy bayramlar bilan bir qatorda milliy-tarixiy voqea-hodisalarga bogʻliq bayramlar ham boʻladi. Ular “majoziy bayramlar” deb ataladi. Davrlar oʻtishi bilan musulmonlarda ham bunday majoziy bayramlar shakllanib borgan[2].
Quyida Jahon musulmon ulamolar ittifoqi raisi prof. dr. Ali Muhyiddin Qoradogʻiyning “Milliy kunlar (yoki bayramlar)ni nishonlash hukmi” mavzusidagi fatvosidan parcha taqdim qilinadi: “Milliy kunlar urf-odatlar doirasiga kiradi va ular aslida mubohdir. Chunki asl qoida: “Urf-odatlarning harom ekaniga dalil boʻlmasa, ular muboh boʻladi”. Milliy bayramlar – bu mustaqillik yoki davlat tashkil topganini eslaydigan kunlar boʻlib, ular Allohning neʼmatlaridandir. Bu kunlar shukr qilishni, quvonch va xursandlikni taqozo qiladi. Alloh taolo bunday deydi: “Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta) shular sababli (moʻminlar) shodlansinlar!”[3]
Demak, milliy kunlar ibodat yo diniy shiorlardan boʻlmagani uchungina ularni bidʼat demaymiz. Fatvomiz ham yangi diniy bayramni joriy etishga oid emas. Chunki qoʻshimcha ravishda diniy bayramlarni joriy etish – shariatga unda avval boʻlmagan yangi ibodatlarni kiritish harom va bidʼat hisoblanadi.
Bu masalada ijtimoiy bayramlarni man qiluvchilar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisiga tayanadi: “Kim bir qavmga oʻxshasa, u ham ular bilan birgadir”[4].
Aslida esa, kofirlarga oʻxshash ikki xil boʻladi.
Harom boʻlgan tashabbuh: diniy shiorlarda, kufr yo gunoh ishlarda oʻxshash boʻlish. Atay va bilib turib qilinsa, bu kufr darajasiga yetadi.
Muboh tashabbuh: din bilan bogʻliq boʻlmagan urf-odatlarda, kiyinishda, odatiy ishlarda oʻxshash boʻlish (masalan, boshqa dinlar tusini bermaydigan kiyim kiyish). Bu shariat qoidalariga rioya qilgan holda mumkin.
Shu bois kofirlarga oʻxshash masalasi milliy bayramlarga tatbiq etilmaydi. Chunki milliy kunlar diniy bayram emas, balki shunchaki quvonch, xursandlik ulashiladigan boʻlgan tadbirlardir. Shuning uchun shariat nuqtayi nazaridan mumkin. Bunday kunlarda Allohga shukr qilish, faqirlarga hadya ulashish eng yaxshi ishlardan hisoblanadi”.
Bu borada Azhar shayxi, shayx Jodul Haq Ali Jodul Haq (1982-1996) aytganidek: “Islom tarixida unutib boʻlmaydigan xotiralar bor, ularni eslashda muayyan voqea-hodisalarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatiladi, bayramlar kuch-quvvat olishga yordam beradi”[5].
Azhar olimlari quyidagilarni taʼkidlaydi: “Hadis boshqa bayramlarni qatʼiy taqiqlamagan, balki u davrdagi mushriklardan oʻtib kelgan bayramlarga qarshi ishora qilgan. Agar bayramlar yaxshi niyat bilan, sharʼiy chegaralarda oʻtsa, gunoh ishlar boʻlmasa, ularni taqiqlashga asos yoʻq. Islom faqat niyat yomon boʻlsa yoki bayramda harom amallar sodir etilsa, bunga qarshi chiqadi”[6].
Islom dini qotib qolgan, hayotdan uzilgan din emas. Qurʼonni bir musʼhafda toʻplash, nuqtalash, jamoat boʻlib taroveh namozi oʻqish kabi amallar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida boʻlmagan, lekin sahobalar ularni yaxshi bidʼat deb qabul qilgan.
Mustaqillik kuni, Oʻqituvchilar kuni, Xotira va qadrlash kuni kabi bayramlar ibodat emas, balki ijtimoiy odatlar sirasiga kiradi. Ulardan koʻzlangan maqsad yaxshilikni yodga olish, xalqni birlashtirish va minnatdorlikni ifodalashdir. Islomda bunday odatlar bidʼat hisoblanmaydi, chunki ular diniy aqidaga zid emas.
Xulosa shuki, milliy va ijtimoiy bayramlar oʻtmishni yodga olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash vositasidir. Islom dini bunga qarshi emas, balki islomiy qadriyatlar va odoblarga zid boʻlmasa, ularni ijobiy ruhda oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu vatanparvarlik tuygʻusi boʻlib, ekstremistik tashkilotlar targʻib qiladigan davlatni inkor etish, faqat botil mafkura yo yoʻlga sodiqlikni tan olish kabi notoʻgʻri gʻoyalar jamiyatga kirib kelishi va oʻrnashishining oldini oladi. Islom dini bunday tadbirlarni qatʼiy taqiqlamaydi. Aksincha, ularni ijobiy ruhda oʻtkazishni tavsiya qiladi. Zero bu vatanparvarlik hissini kuchaytirish va jamiyatda mushtaraklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.