Home / FOTO LAVHALAR / Xalqaro simpozium – qoʻlyozmalar tadqiqining yangi ilmiy bosqichi

Xalqaro simpozium – qoʻlyozmalar tadqiqining yangi ilmiy bosqichi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilayotgan “Qoʻlyozma asarlarga egalik va ularning yoyilishi: Imom Buxoriy va hadis qoʻlyozmalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya 16-oktyabr kuni davom ettirildi.

Anjumanning bu qismi qoʻlyozmalarning kodikologik xususiyatlari, egalik qaydlarining ilmiy hujjat sifatidagi ahamiyati va kitob toʻplash madaniyatini oʻrganishga bagʻishlandi. Unda qoʻlyozmalardagi sohiblik belgilarini oʻrganishning yangi usullari, shular orqali ilm tarqalishi va ijtimoiy munosabatlarni tiklash imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi. Taqdim etilgan maʼruzalarda Imom Buxoriy asarlarining qoʻlyozma nusxalari, ularning geografik tarqalishi, saqlanish tarixi va badiiy jihatlariga oid qiziqarli ilmiy maʼlumotlar bayon etildi.

Shuningdek, qoʻlyozma madaniyatining islom ilm-fani taraqqiyotidagi oʻrni, kitob toʻplash va saqlash anʼanalarining avlodlararo davomiyligi haqida fikrlar bildirildi. Ilmiy muhokamalarda qoʻlyozmalarni faqat tarixiy manba sifatida emas, balki maʼnaviy merosning tirik guvohi sifatida tahlil etish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Yakunda simpozium doirasida bildirilgan ilmiy gʻoyalar, tadqiqot natijalari va hamkorlik tashabbuslari umumlashtirildi. Qatnashchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi, Samarqand shahrining tarixiy va madaniy obidalariga ziyorat tashkil etildi.

Uch kun davom etgan xalqaro ilmiy anjuman qoʻlyozma manbalar madaniyatini oʻrganishda yangi bosqichni boshlab berdi. Simpozium natijalari kelgusida Imom Buxoriy va boshqa buyuk mutafakkirlar ilmiy merosini chuqurroq tadqiq etish, qoʻlyozma asarlarni kelajak avlod uchun bus-butun asrab, ilmiy muomalaga yanada keng tarzda kiritish amaliyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmadagi hayot: Ilm, meros va anʼanalar muhokamasi boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 14-oktyabr kuni “Qoʻlyozma manbalar madaniyati” III xalqaro simpoziumi va uning …