Markazda oʻtkazilayotgan “Qoʻlyozma asarlarga egalik va ularning yoyilishi: Imom Buxoriy va hadis qoʻlyozmalari” mavzusidagi xalqaro simpoziumning ikkinchi kuni ham yuqori ilmiy muhit va mazmundor maʼruzalar bilan davom etdi.
Bu kungi sessiyalarda qoʻlyozma merosi yangi ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, hadis qoʻlyozmalarining ayrim nusxalari, ayniqsa “Sahihul Buxoriy”ning turli davr va mintaqalardagi koʻchirma variantlari ilmiy jihatdan taqqoslab oʻrganildi.
Maʼruzalar davomida qoʻlyozmalardagi egalik qaydlari faqat mulkchilik belgisi emas, balki ilm-fan rivojining, kitob mutolaasi va merosni asrab-avaylash madaniyatining muhim koʻrsatkichi ekani taʼkidlandi. Olimlar bu qaydlar orqali oʻtmishdagi ilm ahlining oʻzaro aloqalari, kitob ayirboshlash va ijozat anʼanalari haqida qimmatli maʼlumotlarni tiklash mumkinligini, Oʻrta asrlarda ilmiy maktablar oʻrtasidagi munosabatlar, kitobdorlar faoliyati va kitob tarqalish geografiyasini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlinayotgani alohida qayd etildi.
Muhokamalarda ilmiy izlanishlarni integratsiyalash, qoʻlyozma maʼlumotlar bazasini yaratish va tadqiqotchilarning xalqaro hamkorligini kuchaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Simpozium ishtirokchilarining fikricha, bu anjuman nafaqat Imom Buxoriy merosini chuqurroq oʻrganishga xizmat qilmoqda, balki islom dunyosidagi qoʻlyozma madaniyatini tadqiq etishda yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Tadbirning ilmiy muhokamalarga boy ikkinchi kuni simpoziumning umumiy yoʻnalishi va maqsadlarini yanada ravshanroq yoritib, ishtirokchilarga yangi ilmiy gʻoyalar va hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.
Xalqaro simpozium 16-oktyabr kuni ishini davom ettiradi.