Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Samarqand shahridagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari J.Jumayev va T.Evadullayev mahalla ahli vakillariga jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash va zamonaviy mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish masalalari yuzasidan ma’ruza qilib, yot g‘oyalar xatarlari, buzg‘unchilarning ayniqsa yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatish usullari va butun jamiyat hayotiga solayotgan tahdidlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shunday holatlarga qarshi teran tafakkur va boy milliy qadriyatlar vositasida ma’naviy immunitetni yanada mustahkamlash, bunda mahalla ahlining faol ishtiroki muhim ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi mazmun-mohiyati hamda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunning ahamiyati muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida mahalla kutubxonasiga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan 18 nomdagi risola va bukletlar sovg‘a qilindi. Mazkur nashrlarda ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarbligi haqida fikr almashildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati