Buyuk imom Ibn Hibbonning bu borada tutgan yoʻli haqida soʻz yuritishdan oldin “bidʼat” soʻzining lugʻaviy va istilohiy maʼnolariga qisqacha toʻxtalib oʻtsak.
Lugʻatda – biror narsani “birinchi boʻlib paydo qilish”, “boshlab berish”, “joriy etish” kabi maʼnolarni anglatadi.
Bu soʻz Ahqof surasining 9-oyatida bunday tarzda kelgan:
﴿قُلْ مَا كُنْتُ بِدْعًا مِنَ الرُّسُلِ﴾
“(Ey Muhammad!) Ayting: “Men paygʻambarlarning yangisi (birinchisi) emasman”. Yaʼni, paygʻambarlik mendan boshlangani yoʻq. Mendan oldin ham koʻp paygʻambarlar boʻlgan.
“Oʻzlari paydo qilgan” degan maʼnosi ham bor. Alloh taolo bunday deydi:
﴿وَرَهْبَانِيَّةً ابْتَدَعُوهَا﴾
“Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar” (Hadid surasi, 27-oyat).
Yana bir maʼnosi “ixtiro qilish”, yaʼni oldin boʻlmagan narsani ishlab chiqish, kashf etishdir.
Istilohda olimlar “bidʼat” soʻzini turlicha taʼriflagan. Baʼzilar kengroq bayon etgan boʻlsa, ayrimlar tor maʼno bergan. Bidʼatning istilohiy taʼriflarini ikki yoʻnalishga ajratish mumkin: birinchisi – umumiy maʼno, ikkinchisi – maxsus berilgan maʼno.
Birinchi yoʻnalish egalari “bidʼat” soʻzini taʼriflar ekan, “oldin namunasi boʻlmagan narsani paydo qilish” maʼnosiga eʼtibor qaratgan. Bidʼatning maʼnosini ancha keng miqyosda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham, keyingi asrlarda ham mavjud boʻlmagan har qanday ishni qamrab oladigan tarzda tushungan.
Bu taʼrif zamiriga yaxshilik ham, yomonlik ham, ibodat ham, ibodat boʻlmagan ham – maqtovga sazovor yo malomat qilingan boʻlishidan qatʼi nazar – diniy yo dunyoviy narsaning hammasi kiradi. Bu – lugʻaviy taʼrifga toʻliq mos yondashuv.
Ikkinchi yoʻnalish tarafdorlari bidʼatni tor maʼnoda “sunnatga zid har qanday yangilik” deb taʼriflash bilan cheklagan. Baʼzilar yanada toraytirib: “bidʼat – sunnatga zid boʻlgan, dinga nisbat berilib eʼtiqod qilingan har qanday yangi narsa” deb taʼrif bergan.
Allomalar bidʼatni ikkiga: kufr va fasodga yetaklovchi kategoriyalarga ajratgan.
Kufrga yetaklovchi bidʼatning oʻzi ham ikki xil boʻladi. Birinchisi, bidʼat egasining kufr qilayotganiga dalolat boʻluvchi omil. Masalan, “biror shaxsda ilohiylik mujassam” degan gap yoki namoz, roʻza, haj va shu kabilarni inkor etish ochiq kufr belgilari sanaladi.
Ikkinchisi, bidʼat egasining kufrga ketmayotganiga dalolat boʻlgan omil. Deylik, Qurʼonni maxluq (yaratilgan) deyish, jannatda Alloh taoloni koʻrishni inkor etish kabilar. Bular insonning kofirligiga dalolat boʻlmaydi, uning – notoʻgʻri boʻlsa-da – shaxsiy fikri, oʻz nuqtayi nazari, kimlarningdir taʼsirida shakllangan yanglish eʼtiqodini koʻrsatadi, xolos.
Fasodga yetaklovchi bidʼat oʻz egasini iymon doirasidan chiqarmaydi. Bunday odam roviy sifatida musulmon hisoblanadi. Lekin bidʼati uni fosiqlikka, yaʼni buzuq eʼtiqod sababli Allohga itoat qilishdan chetlashganlarga mansub qiladi. Xavorijlar, rofizalar va sunnat usullariga xilof boʻlgan boshqa firqalarning bidʼatlari shunday.
Endi Muhammad ibn Hibbonning asarlariga murojaat qilsak, bidʼat va havo ahlidan (nafs istaklarini dindan ustun qoʻyuvchilardan) rivoyat qilish borasidagi fikr va qarashlarini ravshanroq anglaymiz. Muhaddis oʻz “Sahih”ida bunday degan: “Murjia, rofiza va shunga oʻxshagan mazhablarni tanlagan roviylarga kelsak, ular biz bayon qilgan shart asosida ishonchli boʻlsa, xabarlarini hujjat sifatida qabul qilamiz. Mazhablariga daʼvat qilmasalar, bas. Tutgan mazhabi va oʻzlari bilan Yaratgan oʻrtasidagi eʼtiqodini Alloh azza va jallaga havola qilamiz. Chunki, oʻz mazhabiga chorlovchidan – peshvo darajasiga yetgan boʻlsa ham, ishonchli boʻlsa ham – rivoyat qilsak, mazhabiga ergashish uchun yoʻl ochib bergan boʻlamiz. Shuningdek, oʻrganuvchiga uning va soʻziga tayanishga imkon berib qoʻygan boʻlamiz. Shuning uchun ehtiyot shuki, ulardan daʼvatchi imomlarning rivoyatlarini tark etib, yuqorida bayon qilganimizdek, ishonchli roviylaridan foydalanish mumkin.
Aʼmash, Abu Isʼhoq, Abdulmalik ibn Umayr kabilarning hadislarini qabul qilgan narsalari sababli tark etsak, Qatoda, Said ibn Abu Aruba, Ibn Abu Zuayb singarilarning rivoyatlarini ergashgan narsalari sababli qabul qilmasak, shuningdek, Umar ibn Zarr, Ibrohim Taymiy, Misʼar ibn Kidom va ularga zamondosh boʻlganlardan tanlovlari sababli voz kechib, mazhablari tufayli hadislarini faromush qilsak, bu ish sunnatni toʻla tark etishga yoʻl ochardi va qoʻlimizda sunnatdan juda oz narsa qolar edi. Ayni paytda ularning rivoyatlaridan (toʻliq) foydalansak, sunnatni yoʻq qilish va oʻchirib yuborishga yordam bergan boʻlamiz. Shuning uchun biz bayon qilgan qoidaga amal qilish (yaʼni, ularning rivoyatlarini umumiy holda rad etmasdan, ishonchli boʻlgan roviylarining rivoyatlarini qabul qilish) eng ehtiyotli yoʻldir”[1].
Alloma “As-Siqot” asarida Jaʼfar ibn Sulaymon Zabʼiyning tarjimayi holini bayon etib, bunday degan: “Jaʼfar ibn Sulaymon hadis rivoyatlarida ishonchli va barkamol boʻlgan. Lekin ahli bayt tarafdorlariga moyil boʻlgan (yaʼni, xalifalikka faqat ahli bayt loyiq, deganlarga ergashgan), ammo mazhabiga daʼvat qiluvchi emas edi. Hadis ahli boʻlgan imomlarimiz orasida hech qanday ixtilof yoʻqki, roviy rostgoʻy va moʻtabar boʻlsa, biror bidʼati boʻlsa-da, daʼvat qilmasa, uning xabarlarini hujjat sifatida qabul qilish mumkin. Bidʼatiga daʼvat qilsa, rivoyatini hujjat qilish botil boʻladi. Shu sababdan bidʼatni qabul qilgan va unga daʼvat qilgan baʼzi roviylarning hadislarini ulamolar tark etgan, garchi rivoyatda ishonchli boʻlsalar ham. Lekin xuddi shunday bidʼatga moyil boʻlgan, ammo unga daʼvat qilmagan boshqa ishonchli roviylarning rivoyatlarini dalil qilib keltirganmiz.
Zero, bandaning bidʼati – u bilan Alloh oʻrtasidagi ish, Alloh xohlasa, azoblaydi, xohlasa, afv etadi. Bizga esa, kitoblarimizning turli oʻrinlarida zikr qilganimizdek, ishonchli boʻlsa, rivoyatlarini qabul qilish vojibdir”[2].
Imom Ibn Hibbon tayangan bu meʼyorlar muayyan xulosa beradi. Ularni quyidagicha umumlashtirish mumkin.
Muhammad ibn Hibbon bidʼati kufrga yetaklaydiganlarning rivoyatlarini rad etgan. Lekin fisqqa olib boradigan bidʼatchi haqida bunday keskin soʻz yuritmagan. “Alloh xohlasa, azoblaydi, xohlasa, afv etadi” deb aytyapti. Demak, Niso surasining 48-oyatidagi ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ﴾ “Albatta, Alloh Oʻziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni Oʻzi xohlagan (banda)laridan kechirur” xitobiga koʻra, fosiq kofir boʻlmaydi, uning hukmi Allohning Oʻziga havola. Ammo kufrga oid bidʼat egasi iymon doirasidan chiqqani uchun rivoyati qabul qilinmaydi.
Muhaddis ularning rivoyatini qabul etishda “Sahih”ida belgilangan talablarga muvofiq kelishini shart qilib qoʻygan, ular quyidagilardan iborat: dinda goʻzal satr (yaʼni, roviyning dindorligi va gunohlardan saqlanishi, goʻzal hayo bilan zohir boʻlishi) bilan adolatli boʻlish; rostgoʻylik bilan mashhur boʻlish; aql – rivoyat qilayotgan hadisini idrok qila olish, mazmun-mohiyatini anglash qobiliyati; ilm – rivoyat qilayotgan hadisdagi maʼnolarni oʻzgartirib yuboradigan omillarni yoki haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan narsalarni bilishi; xabarlarining tadlis (roviyning sanadda shayxidan eshitmaganini, goʻyo undan eshitgandek rivoyat qilish)dan pokiza boʻlishi.
Ularning rivoyatini qabul qilishning sharti oʻz bidʼatlariga chorlamasligidir. Daʼvat qilsa, demak, oʻz mazhabini ziynatlab, chiroyli qilib koʻrsatishga harakat qilayotgan boʻladi. Bu esa hadisni oʻz yoʻliga moslab, buzishga yo oʻzgartirishga olib boradi. Shuning uchun ishonchli roviy boʻlsa ham rivoyati qabul qilinmaydi.
Aslida bidʼat egasidan rivoyat qabul qilish haqidagi eng toʻgʻri qarash shuki, u bidʼatiga daʼvat qilmaydigan, rivoyatida oʻz bidʼatini qoʻllab-quvvatlaydigan narsani keltirmaydigan, ishonchli, omonatdor, yetuk va rostgoʻy roviylardan boʻlishi kerak. Bu fikrning toʻgʻriligini amaliy holat oson isbotlaydi. Chunki katta muhaddis imomlar shunday yoʻl tutgan. Masalan, Imom Buxoriy baʼzi ishonchli va bidʼatiga chaqirmaydigan ahli bidʼatdan rivoyat qilgan. Demak, bu yoʻnalish ahli sunna muhaddislari amalda qoʻllagan qoida boʻlib, ilm ahli orasida toʻgʻri yoʻl hisoblanadi.
Endi ahli bidʼat orasidan hadislari qabul qilingan ikki roviyni zikr qilib oʻtamiz. Turli eʼtiqodiy bidʼatlarda ayblangan boʻlsa-da, ulardan Imom Buxoriy ham, Imom Ibn Hibbon ham “Sahih”larida rivoyat keltirgan.
Abu Amr Shaboba ibn Savvor Madoiniy (Imom Buxoriy Fazoriy deb keltirgan). Uni Ibn Main, Ibn Madiniy, Ibn Saʼd, Abu Zurʼa, Usmon ibn Abu Shaybat va boshqalar ishonchli deb baholagan. Ahmad ibn Hanbal: “Undan biroz narsa yozib olganman, murjia aqidasida ekanini keyin bilganman”, degan. Ibn Xarosh: “Ahmad undan rozi emas edi, lekin u rostgoʻy edi”, degan. Sojiy ham shunday degan va qoʻshimcha qilib: “U daʼvatchi edi”, degan[3]. Imom Buxoriy undan ikkita, Ibn Hibbon yettita hadis keltirgan.
Imron ibn Hitton Sadusiy. Mashhur shoir. Xavorijlar aqidasida boʻlgan. Abu Abbos Mubarrid: “Imron sufriya toifasining qaʼdiya guruhi rahbari, notiqi va shoiri edi”, degan. U oʻz mazhabining daʼvatchisi va Ali roziyallohu anhuning qotili Abdurahmon ibn Muljimga mashhur baytlar bilan marsiya aytgan kishi edi[4]. Imom Buxoriy undan ikkita, Ibn Hibbon bitta hadis keltirgan.
Ibn Sirinning “Ilgari odamlar sanad haqida soʻramasdi. Fitna yoyilgach (Usmon roziyallohu anhu shahid qilingach), “Bizga roviylaringizning ismini ayting”, deyiladigan boʻldi. Sunnat ahlidan boʻlsa, hadislari olinar, bidʼat ahlidan boʻlsa, olinmas edi”[5] degan gapidagi bidʼat ahli kufrga chorlovchi roviylardir.
Ibn Hibbon va boshqa muhaddis imomlar bidʼat va havo egalaridan ham rivoyat qilgan ekan. Hadis qabul qilish-qilmaslikda faqat roviyning aqidasiga qaralmagan, balki uning rostgoʻylik, diyonat va rivoyatdagi ishonchlilik mezonlariga ham eʼtibor berilgan. Yana bir jihati shundaki, ishonchli va rostgoʻy roviy keyinchalik bidʼatga kirgan boʻlsa, ulamolar uning avvalgi rivoyatlarini qabul qilgan, keyingilariga nisbatan esa ehtiyotkorlik yoʻlini tutgan.