Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 14-oktyabr kuni “Qoʻlyozma manbalar madaniyati” III xalqaro simpoziumi va uning doirasida “Qoʻlyozma asarlarga egalik va ularning yoyilishi: Imom Buxoriy va hadis qoʻlyozmalari” mavzusidagi xalqaro anjuman oʻz ishini boshladi.
Tadbir Fotih Sulton Mehmet vaqf universiteti huzuridagi Qoʻlyozmalarni oʻrganish va tadqiq etish markazi tomonidan tashkil etilayotgan “Qoʻlyozma manbalar madaniyati” turkumidagi simpoziumlarning uchinchisi hisoblanadi.
Avvalgi anjumanlar 2022 va 2024-yillarda oʻtkazilib, ularda mos ravishda “Sababi taʼlif” va “Quyudot”, yaʼni qoʻlyozmalardagi taʼlif va qaydlar mavzulari muhokama qilingan edi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu galgi simpozium qoʻlyozma asarlarning matndan tashqari jihatlaridan biri – egalik qaydlariga bagʻishlandi.
Egalik qaydlari – qoʻlyozma muayyan shaxs yoki jamoa tomonidan saqlangani haqidagi yozuvlar boʻlib, ular orqali asarning tarixiy yoʻli, qoʻldan-qoʻlga oʻtish jarayoni va ilmiy anʼanalardagi ahamiyatini aniqlash mumkin.
Tadbir ochilishida simpoziumning ilmiy ahamiyati, hadis ilmi va qoʻlyozma manbalarni tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, qoʻlyozma merosini zamonaviy ilmiy usullar asosida oʻrganish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Anjumanda Imom Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” asari hamda boshqa hadis asarlari qoʻlyozmalaridagi egalik qaydlari ilmiy nuqtayi nazardan tahlil etildi. Bu boradagi tadqiqotlarda asosiy eʼtibor qoʻlyozmalarning matni emas, balki kodikologiya va manbashunoslik nuqtayi nazaridan yondashuvga – yaʼni, asarlarning saqlanish tarixi, mulkchilik munosabatlari va ilmiy avlodlar oʻrtasidagi uzviylikka qaratiladi.
Anjumanning birinchi kunida yurtimiz olimlari va Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Pokistondan kelgan mutaxassislar hadis qoʻlyozmalariga oid yangi topilmalar, ularning mulkchilik qaydlari, tarixiy aylanmasi, ijtimoiy ahamiyati va ilm anʼanalaridagi oʻrni haqida maʼruza qildi. Ilmiy muhokamalar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.
Tadbir 16-oktyabrgacha davom etadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati