Urgut tumanidagi 35-maktabda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov qalamiga mansub “Buyuklik siri. Imom Buxoriyning ibratli hayoti” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oʻqituvchi va oʻquvchilar, mahalliy ziyolilar ishtirok etdi.
Sh.Umarov asarning yozilish jarayoni, undagi ilmiy yondashuv va tarixiy manbalarga tayanilgan jihatlar haqida batafsil soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, kitobda Imom Buxoriyning ibratli hayoti, yuksak axloqi, sof eʼtiqodi va insoniy fazilatlari chuqur tahlil etilgan. Ayniqsa, allomaning “Sahihul Buxoriy” asarini yozish yoʻlidagi mashaqqatli mehnati, ilm va ijoddagi sabr-bardoshi va fidoyiligi yoshlar uchun buyuk ibrat maktabi ekani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari muallif – ancha yillar avval shu maktabda taʼlim olgan Sh.Umarov bilan jonli muloqotda boʻlib, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, uning bugungi maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi oʻrni haqida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
– Imom Buxoriyning hayoti – bu faqat tarix emas, balki bugungi avlodni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi maʼnaviy nurdir. Har bir yosh kitob mutolaasi va ilm izlanishida ibratni ana shunday ulugʻ zotlardan olishi lozim, – dedi muallif.
Faollik koʻrsatgan oʻquvchilar va maktab kutubxonasiga yangi kitob nusxalari tuhfa qilindi.
Tadbir yosh avlodda ilmga muhabbat, ajdodlar merosiga ehtirom va maʼnaviy barkamollik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qildi.