Home / FOTO LAVHALAR / Yoshlar maʼnaviyati va diniy erkinlik mavzusida samimiy muloqot

Yoshlar maʼnaviyati va diniy erkinlik mavzusida samimiy muloqot

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Xoja Buxoriy” oʻrta-maxsus islom taʼlim muassasasida talabalar ishtirokida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun – kelajagimiz garovi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari J.Jumayev, T.Evadullayev va U.Muhammadiyev mamlakatimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini asrab-avaylash va targʻib etish maqsadida tashkil etilgan ilmiy markazlarning oʻrni va ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritdi.

Muloqotda globallashuv sharoitida yoshlarda maʼnaviy-mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, ularni turli gʻarazli gʻoyalar taʼsiridan himoyalash va tanqidiy fikrlash madaniyatini shakllantirish muhim ekani taʼkidlandi. Radikalizm, yot gʻoyalar va torfikrlikning jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri haqida soʻz yuritilib, ijodkor va bunyodkor ajdodlarimiz – allomalarning bagʻrikeng, ilmiy va tanqidiy dunyoqarashi barcha avlodlar uchun ibrat ekanligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi tolibi ilmlar dunyoviy va diniy bilimlarni uygʻun holda egallab, ajdodlarning haqiqiy ilmiy vorislariga aylanishi zarur. Shu maʼnoda, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi diniy taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotgani misollar bilan yoritib berildi.

Samimiy muloqot ruhida oʻtgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Moturidiylik: Ilmiy merosdan maʼnaviy barqarorlik sari

Samarqand davlat universiteti hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand arxeologiya …