Germaniyaning Fridrix-Aleksandr nomidagi nufuzli Erlangen–Nyurnberg universiteti (FAU Erlangen–Nürnberg) professor-oʻqituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya 7-oktyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Ziyorat doirasida ikki muassasa oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, islom sivilizatsiyasi va ilm-fani merosini oʻrganish, shuningdek, qoʻlyozmalar bilan ishlash borasidagi ilmiy tajriba va yutuqlar boʻyicha fikr almashildi. Shu munosabat bilan qoʻlyozmalarni tadqiq etish, saqlash va raqamlashtirish usullariga bagʻishlangan ilmiy davra suhbati tashkil etildi. Unda Markaz olimlari va delegatsiya aʼzolari tarixiy manbalarni ilmiy asosda oʻrganish, zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash, ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda targʻib etish masalalari yuzasidan mulohazalar yuritdi. Shuningdek, kelgusida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, professor va talabalar almashuvi hamda ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida:
Fridrix-Aleksandr nomidagi Erlangen–Nyurnberg universiteti 1743-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozir kunda Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan sanaladi. Uning tarkibidagi Gumanitar va ijtimoiy fanlar hamda teologiya fakulteti, xususan, Islom dinshunosligi boʻlimi (Department of Islamic-Religious Studies) mohiyatan Markaz faoliyati yoʻnalishlariga yaqin boʻlib, diniy ilmlar, qoʻlyozmalar bilan ishlash, manbashunoslik va ilmiy merosni tadqiq etish sohalarida keng koʻlamli izlanishlar olib boradi. Shuningdek, universitetdagi Kitobshunoslik va raqamli gumanitar fanlar (Book Science & Digital Humanities) boʻlimlari qoʻlyozma manbalarni raqamlashtirish, tahlil qilish va elektron arxivlash sohalarida ilgʻor tajribaga ega.
Shuningdek, Markaz mutaxassislari tomonidan mehmonlar uchun qoʻlyozma manbalar bilan ishlashga bagʻishlangan amaliy mahorat darsi oʻtkazildi. Unda qadimiy qoʻlyozmalarni identifikatsiya qilish, ularni saqlashda qoʻllanadigan sharoitlar, qogʻoz, siyoh va xat turlari orqali davriy belgilanish usullari haqida amaliy maʼlumotlar berildi. Mehmonlar Markaz qoʻlyozmalar fondidagi nodir asarlarni koʻzdan kechirish imkoniga ega boʻlib, bu boradagi ilmiy ishlarga katta qiziqish bildirdi.
Tashrif ikki muassasa oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, islom ilmiy va madaniy merosini oʻrganish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish va xalqaro ilmiy jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.