Home / FOTO LAVHALAR / Sharq va Gʻarb olimlarini birlashtirgan anjuman

Sharq va Gʻarb olimlarini birlashtirgan anjuman

Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Neapol Sharqshunoslik universiteti va ERC-SYNERGY EuQu (“Yevropa Qurʼoni”) loyihasi hamkorligida “Din va koʻptillilik: Yevropa va Osiyo jamiyatlarida Qurʼon va islomiy adabiyotlarning yoyilishi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro anjuman 3-oktyabr kuni oʻz ishini davom ettirdi.

Anjumanning ikkinchi kunida asosiy eʼtibor Osiyodagi islomiy qoʻlyozmalar va Qurʼon tarjimalari, shuningdek, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo olimlarining bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlari hamda soʻnggi topilmalarga qaratildi.

Unda IX-XIII asrlarda Movarounnahrda tarixshunoslikning asosiy yoʻnalishlari, Qozogʻistonning janubiy mintaqalarida islomiy adabiyotlarning yoyilishi, Markaziy Osiyo madaniy muhitining Malayya arxipelagi qoʻlyozmalariga taʼsiri, shuningdek, mustamlaka va shoʻro davrlarida islomning mahalliy til va anʼanalar orqali saqlanib qolishiga oid maʼruzalar tinglandi.

Oʻzbekistonlik, shuningdek, Malayziya, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan tadqiqotchilar Imom Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining bugungi adashgan toifalarga qarshi kurashdagi oʻrni, qadimiy turkiy tarjimalar boʻyicha yangidan topilgan maʼlumotlar, “Fayzul Furqon” va “Tafsiri Charxiy” asarlarining aqida, fiqh va talqindagi ahamiyati haqida oʻzaro fikr almashdi. Zamonaviy tarjima uslublari va Gʻarb oʻlkalarida Qurʼonning qabul qilinishi, bu boradagi tendensiyalar toʻgʻrisida ilmiy mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

Ikkinchi kun ham qizgʻin bahslar va ilmiy muloqotlar bilan oʻtdi. Olimlar yangi topilmalar, manbalar va ilmiy xulosalar bilan oʻrtoqlashib, Qurʼon tarjimalari va islomiy adabiyotlarning tarixiy yoʻliga oid koʻplab masalalarni yoritib berdi.

Anjuman yakunida taʼkidlanganidek, Qurʼon va islomiy merosni tadqiq qilish nafaqat tarixiy haqiqatlarni ochishga, balki jamiyatlar oʻrtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Samarqandda oʻtgan mazkur nufuzli xalqaro anjuman esa turli mintaqalardan tashrif buyurgan olimlarni bir maydonga toʻplab, ilmiy hamkorlik va maʼnaviy yaqinlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Yangi Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish, tinchlik va islom maʼrifatining xalqaro eʼtirofi”

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida shu mavzuda ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat …