2-oktyabr kuni Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Neapol Sharqshunoslik universiteti va ERC-SYNERGY EuQu (“Yevropa Qurʼoni”) loyihasi hamkorligida “Din va koʻptillilik: Yevropa va Osiyo jamiyatlarida Qurʼon va islomiy adabiyotlarning yoyilishi” mavzusida xalqaro anjuman boshlandi.
Tadbirning ochilishida Markaz direktori Shovosil Ziyodov, Italiyaning Neapol universiteti rektori Roberto Tottoli va Paviya universiteti professori Davide Skotto ushbu anjumanning ahamiyati, Qurʼonning turli mintaqalarda qanday qabul qilinishi va talqin etilishi, bu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlar haqida soʻzladi.
Forumning birinchi kunidagi ilmiy sessiyalar doirasida qator nufuzli olimlar maʼruzalar bilan ishtirok etdi. Birinchi sessiyaning dastlabki panellari Yevropa mamlakatlarida Qurʼon tarjimasi va yoyilishi masalalariga bagʻishlandi.
Muhokamalarda XVI-XVIII asrlarda Ispaniyadagi musulmon ozchilik orasida Qurʼonning arab va roman tillarida tarqalishi, fransiskchi ulamolarning turli tillardagi talqinlari, shuningdek, “Aqidatun Nasafiya” asarining fransuz tiliga tarjimasi haqida maʼruzalar tinglandi.
Sessiyaning keyingi panellarida Yevropadagi musulmonlarning diniy matnlari, ularning janr xususiyatlari, shuningdek, XVII-XIX asrlardagi tarixiy sharh va izohlar tahlil etildi.
Kunning yakunlovchi panelida tatarlar va kurdlar koʻp tarqalgan hududlarda, Janubiy Kavkaz mintaqasidagi Qurʼon tarjimalari, ularning siyosiy va madaniy taʼsiri, shuningdek, XIX asr islomiy adabiyoti xususida ilmiy maʼruzalar oʻqildi.
Faol munozaralar va qizgʻin bahslar bilan oʻtgan birinchi kun mazmunan boy va dolzarbligi bilan eʼtirof etildi. Unda Italiya, Ispaniya, Fransiya, Polsha, Germaniya, Niderlandiya va Turkiyadan kelgan olimlar Yevropa va Osiyoda Qurʼon va islomiy adabiyotlar yoyilishi bilan bogʻliq tarixiy jarayonlarga oid yangi maʼlumotlar va tahlillarni taqdim etdi.