Koʻpchilik xalqlarda yetti soni xosiyatli raqam hisoblanadi. Bu anʼana muayyan ilohiy mantiqqa ham asoslangan. Masalan, Qurʼonda Alloh taolo borliqni olti kunda[1] yaratib, yettinchi kuni Arshga koʻtarilgani bayon qilingan [1:59-oyat]. Ushbu muqaddas kitob yetti xil arab shevasiga muvofiq keladigan “rasmi xat” uslubida bitilgani[2] va yetti qiroat[3] qorilari ham shu uslubga tayangani hadisda qayd qilingan[4].
Hayotda ham mazkur son bilan bogʻliq tushunchalar anchagina keng tarqalgan. Jumladan, yetti qavat osmon, yetti qavat yer, haftaning yetti kuni, musiqaning yetti notasi, dunyoning yetti moʻjizasi, yetti xazina, moddalarning yetti koʻrinishi, yetti avlod, yetti iqlim, yetti rang, yetti sayyora, Injilda zikr etilgan yetti halokatli gunoh va hokazolarni eslash mumkin [45].
Islomda yetti raqamining eʼzozlanishi bir qator aniq faktlarga asoslanadi. Masalan, Muhammad (s.a.v.) davrlarida shariat ahkomlarini mukammal egallagan yetti faqih sahoba haqidagi tushuncha mavjud[5]. Sahoba va tobeinlar davrida ham yetti nafar faqih[6] oʻzining chuqur bilimi, yuksak iqtidori va benuqson fatvolari bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham ular “Al-Fuqaho as-sabʼa” (“Yetti faqih”) deb eʼzozlangan. Ular haqida arab shoiri “Ilm borasida rivoyatlari ilmdan tashqariga chiqib ketmagan yetti dengiz kim” deyilsa, ular – Ubaydulloh, Urva, Qosim, Saʼid, Abu Bakr, Sulaymon, Xorijadir” deb ayting”, [24:1/23] degan. Shuningdek, arab davlatlaridan biri Marokashda ham Oʻrta asrlarda faqih, muhaddis, mutasavvif va tilshunos ulamolar oʻtgan boʻlib, ular “Ar-Rijol as-sabʼa”[7] (“Yetti kishi”) nomi bilan qadrlangan [31:142-143].
Movarounnahrda ham yetti soni bilan bogʻliq koʻplab syujetlar shakllangan. Masalan, Buxoroda Naqshbandiya tariqatining yetti peshvosi haqidagi fenomen yuzaga chiqqan[8]. Ularning maqomiga munosib ziyoratgohlar barpo etilgan.
Mil. avv. IV-III asrlarda paydo boʻlgan Qoraqalpogʻistondagi Mizdaxkon manzilgohining deyarli barcha obyektlari “yetti” raqami bilan bogʻliq. Yetti gumbaz Shamuna Nabiyning yetti goʻzal qizi sharafiga qurilgan, deb hisoblanadi. Xalifa Yerejep yodgorligining ostida, rivoyatlarga koʻra, yetti sahoba dafn qilingan. Sagʻana ham “Yetti sahoba” nomi bilan mashhur. “Jetti qari” maqbarasi Qurʼonning yetti hofiziga tegishli, degan aqida mavjud.
Islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotni shariat qoidalari asosida tartibga solish zaruratini keltirib chiqardi. Bu ishlar qozilik mahkamalarining vujudga kelishiga turtki berdi. Ularning “qozixona”lar yoki “dor al-quzzot” deb nomlangan adolat dargohi sifatida aholi qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishi nazarda tutilgan.
Buxoroda ilmu maʼrifati, taqvosi, parhezkorligi va adolati bilan ajralib turgan yetti nafar faqih oʻtgani maʼlum. Tarixga “Al-Quzzot as-sabʼa” (“Yetti qozi”) nomi bilan kirgan ushbu faqihlar adolatsizlikka yoʻl qoʻymagani tufayli xalq orasida katta obroʻ qozongan. Ular turli davrlarda yashagan boʻlsa-da, qabrlari bir joyda – Buxorodagi “Chor Bakri Buxoro”[9] majmuasida joylashgan. Shuning uchun ham ushbu qabriston xalq orasida “Mazoroti quzzoti sabʼa” nomi bilan ham mashhurdir.
Buxoroning yetti qozisi hanuzgacha yaxshi oʻrganilmagan. Ustrushana mintaqasining ilmiy-madaniy markaz sifatidagi rolini aniqlashga bagʻishlangan tadqiqotimizga tegishli joyi shundaki, yetti nafar faqihning ismi sharifi keltirilgan roʻyxat Abu Jaʼfar Ustrushaniydan boshlanadi. Olimning toʻliq ismi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Amr (Umar) ibn Sulaymon Shaʼbiy (Shuʼabiy) Ustrushaniydir[10]. Tarixiy manbalarda uning tavallud sanasi toʻgʻrisida maʼlumot uchratmadik. Ammo manbalarda vafot sanasi 400/1010 yoki 404/1013-yil deb koʻrsatilgan va “Mazoroti quzzoti sabʼa” qabristoniga birinchi dafn etilgan qozi sifatida zikr qilinadi. U Ustrushana mintaqasining yirik faqihlaridan biri boʻlgan. Faqih dastlabki ilmni oʻz yurtida olib, keyinchalik Buxoroda qozilik lavozimida xizmat qilgan.
Abu Jaʼfar Ustrushaniyning ustozlari asosan X asrda islom ilmlari rivoj topgan markazlar – Ustrushana, Buxoro va Bagʻdodlik hanafiy mazhabining yetuk olimlaridan boʻlgan. Olimning oʻzi ham faqihlar oilaviy sulolasi vakilidir. Ilk ustozi X asrda Ustrushanada yashagan oʻzining amakisi Luqmon ibn Shaʼbiy ibn Sulaymon Ustrushaniy boʻlgan. Binobarin, Abu Jaʼfar Ustrushaniy boshlangʻich taʼlimni hamda oʻz zamonida keng tarqalgan diniy ilmlarni tugʻilib oʻsgan vatani Ustrushanada Luqmon ibn Shaʼbiydan olgan. Keyinchalik fiqh ilmini chuqur oʻrganish maqsadida tahsilni davom ettirish uchun Buxoroga borgan va shu yerda muqim yashab qolgan. Ikkinchi ustozi buxorolik faqih Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy Buxoriydir [37:3/300]. U 301/913-yil tavallud topgan, koʻplab buxorolik hanafiy faqihlarning ustozi hisoblanadi. U Samarqand ilohiyotchilarining “imon – yaratilgan” degan fikri tarafdori boʻlgan [36:1/100]. Kamoriy, oʻz navbatida, buxorolik mashhur mutasavvif Kalobodiy Buxoriyning ustozi sanaladi.
Abu Jaʼfar Ustrushaniyning uchinchi ustozi bagʻdodlik olim Abu Bakr Ahmad ibn Ali Roziy Hanafiy Jassos laqabi bilan mashhur faqih boʻlgan. U 305/917-yil tavallud topgan va 370/980-yil vafot etgan. Asli Ray ahlidan boʻlgan mazkur olim Movarounnahrda fiqh ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Abu Bakr Kosoniy (494/1100-587/1191) oʻzining “Badoiʼu as-sanoiʼi fi tartib ash-sharoiʼi” (“Shariat tartiblashda goʻzal uslub”) asarida Abu Bakr Jassosni “hujjatul islom” (“Islom dini hujjati”) deb eʼtirof etgan. Shubhasiz, hanafiy mazhabiga oid moʻtabar manbalarda Abu Bakr Jassosning soʻzlari hujjat, yaʼni yakuniy xulosa sifatida keltiriladi. Abu Bakr Jassos ham usul al-fiqh, ham furuʼ al-fiqhni mukammal egallagan yetuk olim boʻlgan [29:13/271; 42:21-22; 35:1/7; 18:9/389].
Abu Jaʼfar Ustrushaniyning ustoz va shogirdlari haqidagi maʼlumotlar ularning ilm-fan rivojiga ulkan hissa qoʻshganini tasdiqlaydi. Zero, uning koʻp sonli shogirdlari ham Movarounnahr madaniy taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan. Tabaqot manbalarida taʼkidlanishicha, islom olamida “Shamsul aimma” (“Imomlar quyoshi”) sharafli unvoniga beshta faqih[11] musharraf boʻlgan [33:10,142; 38:2/1014,1224,1298; 23:4/194; 27:4/136; 34:158,163,271; 37:3/3360,4/143]. Abu Jaʼfar Ustrushaniy Abu Zayd Dabusiyga ustoz boʻlishi bilan bir qatorda, mazkur beshta “Shamsul aimma” unvonli faqihlarning uchtasiga[12] ham ustoz-shogird silsilasi bilan ustoz hisoblanadi [33:142; 38:2/1224; 23:4/194; 27:4/136]. Shuningdek, Abu Jaʼfar Ustrushaniy Movarounnahrda oʻz ilmu maʼrifati va adolatpeshaligi bilan dong taratgan qozilar sulolasining asoschisi hisoblanadi. Zero, uning shogirdlari Abu Zayd Dabusiy, Shamsul aimma Halvoniy, Abul Yusr Bazdaviy, Faxrul islom Bazdaviy, Abul Maoliy Ahmad ibn Abul Yusr Bazdaviy, Abu Sobit Hasan ibn Faxrul islom Bazdaviylar koʻp yillar qozilik lavozimida ishlagan.
Abu Jaʼfar Ustrushaniyning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati va Oʻrta asrlar Movarounnahr fiqh ilmi rivojiga qoʻshgan hissasini aniqroq yoritib berish uchun u yashagan davr haqida ham maʼlumot berish joiz. Shunda olimning hanafiylik mazhabi rivojida tutgan oʻrnini xolisona tahlil qilish va baholash mumkin. U yashagan zamon Abbosiylar hukmronligi davriga (132-656/750-1258) toʻgʻri keladi. Abbosiylar sulolasining taʼsiri xalifa Mustakfiy davridan zaiflasha boshlagan. Abu Jaʼfar Ustrushaniy yashagan mutaassiblik chuqurlashgan X asrda (309/922412/1022) diniy tortishuvlar asosan hanafiylar va shofeʼiylar oʻrtasida boʻlgani tufayli har ikkala mazhab ulamolariga koʻplab tosh otilar edi [14:1]. Yaʼni shofeʼiylar hanafiylarni oyat va hadislarga kam suyanganlikda tanqid qilar, hanafiy faqihlari esa oʻz mazhabini Qurʼon va Sunnaga asoslanganini koʻrsatishga intilar edi. Abu Jaʼfar Ustrushaniy “Kifoyat ash-Shaʼbiy” asarini mazkur taʼna va dashnomlarga raddiya sifatida, avvalo, Qurʼon va hadislarga, soʻngra esa oʻzining raʼyiga va qiyosdan foydalangan shaklda taʼlif etgan. U Ustrushana ilmiy muhitidan oziqlangan olim sifatida hadis ilmi rivojiga ham muhim hissa qoʻshgan. Abu Zayd Dabusiy “Al-Asror” asarida toʻrtta hadisni Xalil ibn Ahmad Sijziy (290/902-378/988-y.)dan Abu Jaʼfar Ustrushaniy vositasida rivoyat qilgani [22:26-27] buning isbotidir.
Abu Jaʼfar Ustrushaniy maʼlum muddat qozilik lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Ammo uning asosiy faoliyati oʻzi oʻrgangan ilm sohalarida, xususan, hadis va fiqh borasida tadqiqot olib borish va fundamental asarlar yozish bilan bogʻliq boʻlgan. Uning ilmiy-maʼnaviy merosini “Al-Jomiʼ al-kabir” (“Katta toʻplam”), “Az-Ziyodot” (“Qoʻshimchalar”) va “Kifoyat ash-Shaʼbiy” (“Shaʼbiyning kifoyasi”) kabi fiqhiy asarlar tashkil qiladi. Uning “Az-Ziyodot” asari bizgacha yetib kelmagan, lekin boshqa manbalarda undan iqtiboslar keltirilgan.
Abu Hanifa vafotidan soʻng (150/767-y.) milodiy XI asr boshigacha Movarounnahrda hanafiy fiqhi boʻyicha yozilgan sanoqli asarlar[13] qatoriga Abu Jaʼfar Ustrushaniyning “Kifoyat ash-Shaʼbiy” (“Shaʼbiyning kifoyasi”) asarini kiritish mumkin [20:443,447]. Mazkur asarning Turkiyada saqlanayotgan nusxasi “Al-Majolis fi furuʼ al-fiqh” (“Fiqh tarmoqlariga bagʻishlangan majlislar”), [2:233v] deb nomlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Kifoyat ash-Shaʼbiy” asarining uchta qoʻlyozmasi 4611, 4666, 6013 raqamlari ostida saqlanmoqda.
“Kifoyat ash-Shaʼbiy” tarkibiy tuzilishi nuqtayi nazaridan 80 ta majlis, yaʼni suhbatdan iborat. Asarda fiqhiy masalalar bilan birga, naqliy ilmlar va vaʼzlar, yaʼni Qurʼoni karim oyatlari va Rasululloh (s.a.v.)ning fiqhiy-huquqiy masalalarga doir hadislari qamrab olingan. Kitob nafaqat fiqhiy, balki amri maʼruf va nahyi munkar janrida bitilgan didaktik, yaʼni pand-nasihatlardan iborat asarlar sirasiga ham kiradi [19].
Abu Jaʼfar Ustrushaniy asos solgan Buxoro fiqh maktabini davom ettirgan “Quzzoti sabʼa”ning ikkinchisi Abu Zayd Dabusiy hisoblanadi. U Abu Jaʼfar Ustrushaniyning xos shogirdi boʻlgan, toʻliq ismi – Abu Zayd Ubaydulloh ibn Umar ibn Iso Dabusiy. U Buxoro bilan Samarqand oraligʻida joylashgan Dabusiya qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. Abu Zayd Dabusiy 20 yoshida 389/999-yildan keyin Qoraxoniylar tomonidan qozilik lavozimiga tayinlangan [5:27]. Tadqiqotchi A.Akgunduzning yozishicha, Dabusiy Qoraxoniylar davrida rasmiy qozi vazifasida ishlagani sababli fiqhiy asarlarda u “Qozi Zayd” deb zikr qilingan [9:90].
Abu Zayd Dabusiy qator fiqhiy asarlar[14] yozgan [10:3; 11:1/184; 12:1/456]. U ilmi xilof boʻyicha “At-Taʼlifatu fi masoil al-xilof bayna al-aimma” (“Allomalar oʻrtasida fiqh ilmidagi ixtilof yoʻllari”) nomli asar ham yaratgan. Abu Tayyib Muhammad Siddiqxon ibn Hasan Qanujiyning “Abjad al-ulum” kitobida taʼkidlanishicha, hanafiy mazhabida u qiyos uslubi boʻyicha keng maʼlumot bergan, unga tegishli boʻlgan shartlar va bahslarga chek qoʻygan hamda usulul fiqh ilmini kamolga yetkazgan olim boʻlgan [30:3/109]. Ibn Xaldun “Hanafiy mazhabida usulul fiqh borasida eng yaxshi asar yozgan olim, avvalgilardan Dabusiy va keyingilardan Sayfulislom Bazdaviy edi”[15], deb taʼkidlagani ham ushbu xulosani tasdiqlaydi [21:427].
Abu Zayd Dabusiy qator shogirdlar ham yetishtirgan. Ulardan birinchisi zamonasida “Al-Qozi al-jamol” (“Chiroyli qozi”) nomi bilan tanilgan Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon Rigʻdamuniy Buxoriy (414/1024-493/1101)dir [36:46; 20:72]. Ikkinchi shogirdi Alouddin Ali Marvaziy XI asrning ikkinchi yarmida yashagan. Tarojim asarlarida uning tavallud va vafot sanalari qayd etilmagan. Faqat Abu Zayd Dabusiyning doʻsti va shogirdi[16] sifatida tilga olingan [36:234]. Abu Zayd Dabusiy 430/1039-yili vafot etgan va “Al-Quzzoti as-sabʼa” (“Yetti qozi”) maqbarasiga dafn etilgan [23:1/147; 36:73; 33:2/1590].
Abu Zayd Dabusiy “Ilm al-xilof” (“Fiqhiy ixtiloflarni oʻrganuvchi ilm”) faniga asos solgan alloma hisoblanadi. Ilm al-xilof bugungi huquqshunoslikda “Qiyosiy huquqshunoslik” sifatida eʼtirof etilmoqda [4:4]. Xilof ilmi ‒ sharʼiy fikrlardagi tafovutlar, muhokama va natijalarning holati va shubhalarni daf qilish haqida bahs yuritadigan ilmdir [44]. Sharʼiy dalillardan chiqarilgan fiqhiy masalalarda xilof koʻp boʻladi. Chunki mujtahidlar manbalari va uslubi hamda nazari turlichadir. Shuning uchun bu kabi xiloflarning boʻlishi tabiiy holdir [8:170].
Eʼtiborlisi shundaki, xilof deganda, ulamolar bir-birini tamoman qoralamagan. Xilof faqatgina biror-bir masalaga yechim topishda mujtahidlar tomonidan olingan sharʼiy dalillarning turlicha ekanida oʻz ifodasini topgan. Bir mujtahid muayyan masala boʻyicha hukm chiqarishda bir dalilni kuchliroq sanagan boʻlsa, boshqasi aynan shu masalada boshqa bir dalilni afzal hisoblagan. Shu sababli bitta hukm borasida mazhablar oʻrtasida farqli yondashuvlar paydo boʻlgan. Faqihlar ixtilofi boʻyicha kitoblar ham taʼlif etilgan[17].
Movarounnahrda V-VI/XI-XII asrlarda ilm al-xilof sohasida asarlar yozishda muayyan anʼana shakllangan. Bu yoʻnalishdagi ilk asar Abu Ali Hasan ibn Qosim Tabariyning “Al-Muharrar fi an-nazar”, ikkinchi muhim asar Abul Qosim Mahmud Zamaxshariyning (vaf.538/1144) “Ruus al-masoil al-masoil al-xilofiyyati bayna al-hanafiyya va-sh-shofiiyya” (“Hanafiy va shofeʼiy mazhablari oʻrtasidagi ixtilofli masalalarning ildizlari”) [7] va uchinchisi Abu Zayd Dabusiyning “Taʼsis an-nazar” (“Yondashuvlarni asoslash”)[18] asari edi. Oxirgisi eng mukammal ekani tufayli Abu Zayd Dabusiy Movarounnahrda ilm al-xilof asoschisi sifatida eʼtirof etiladi [16:532]. Abu Zayd Dabusiydan keyin yashagan Abu Hafs Umar Nasafiyning (vaf.537/1142) “Al-Manzuma fi al-xilofiyot” va Alouddin Samarqandiy (vaf.553/1158)ning “Muxtalaf ar-rivoya” asarlari ilm al-xilof sohasida “Taʼsis an-nazar”ga oʻxshasa-da, uning oʻrnini bosa olmadi [11:184].
Ibn Xaldun “Al-Muqaddima”da taʼkidlashicha, Abu Zayd Dabusiy oʻzining “Taʼsis an-nazar” va “Al-Asror” (“Sirlar”) asarlari orqali olimlar tomonidan “Ilmul xilof” asoschisi deb tan olingan. Demak, olim bundan toʻqqiz yarim asr muqaddam qiyosiy huquqshunoslikka asos solgan [21:2/931; 3:42]. Olim sunniylik mazhablari orasida huquqiy muammolar boʻyicha kuzatilgan ixtiloflarni chuqur oʻrganib, ularni ilmiy uslubda tushuntirish qoidalarini yaratgan va koʻplab ilmiy asarlar yozgan [37:1/220; 36:1/27; 21:320]. Andalusiyalik olim Ibn Arabiy Bagʻdod shahriga kelganda, uning asarlarini koʻchirib, islom dunyosining gʻarbiy mamlakatlariga tarqatgan. Ibn Rushd hamda Ibn Nujaym oʻz huquqiy asarlarini yozishda Dabusiydan ilhomlangan ekan [17:34].
Yetti qozi – “Quzzoti sabʼa”ning uchinchisi Mustamliy Buxoriy hisoblanadi. Uning toʻliq ismi – Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad ibn Abdulloh Mustamliy Buxoriydir. Uning hayoti va ilmiy faoliyati toʻgʻrisida arab va fors tilida yozilgan tarojim asarlarida qisqa maʼlumotlar mavjud [23:5/289; 43:71; 39:57]. U haqda birmuncha toʻliq maʼlumotlar K.Rahimov tadqiqotida keltirilgan [6:67-71]. Uning taʼkidlashicha, “mustamliy” soʻzi arab tilida “yozuvchi”, “kotib”, “tushuntiruvchi”, “sharhlovchi” maʼnolarini bildirgan. Oʻrta asrlarda dars beruvchi ustozning yordamchisi, oʻquvchilar savollariga javob beruvchi hamda talabalar xatolarini tuzatuvchi kishi “mustamliy”[19] deb atalgan [6:67].
Mustamliy Buxoriy 358/968-360/970-yillar atrofida Buxoroda tavallud topgan. Uning ijodiy faoliyati Somoniylar hukmronligining oxirgi yillari va Qoraxoniylar sulolasi hukmronligining boshlariga toʻgʻri keladi [6:68-69].
Mustamliy Buxoriy olim sifatida asosan Movarounnahr ilmiy muhiti taʼsirida shakllangan. Koʻpchilik tarojim asarlarida uning hadis boʻyicha uch ustozi va tasavvuf boʻyicha bitta ustozi[20] zikr etiladi [37:3/308; 23:3/247-248,5/289]. Shuningdek, Mustamliy Buxoriy keksalik chogʻlarida tasavvuf ilmi sohasida Omul (Chorjoʻy) shayxlaridan ham taʼlim olgan [23:5/289]. Mustamliy Buxoriy diniy va dunyoviy bilimlarini chuqur oʻrgangan. Uning ilmiy-maʼnaviy merosini ikkita asar[21] tashkil etadi [6:71]. U fiqh sohasining bilimdoni ekani “Sharh at-Taarruf” asarida oʻz aksini topgan [39:57]. K.Rahimovga koʻra, Mustamliy Buxoriy 434/1043-yil vafot etgan. Porsoning yozishicha, Mustamliy ushbu shahardagi Bugʻrobek tyepaligi nomi bilan mashhur boʻlgan qabristonda dafn etilgan. Biroq “Tarixi Mullazoda” asari muallifi Muin al-Fuqaro Ahmad ibn Mahmudning taʼkidlashicha, Mustamliy Buxoriyning qabri Bugʻrobek qabristoning sharq tomonida, undan biroz yaqin masofada joylashgan “Quzzoti sabʼa” (“Yetti qozi”) qabristonidadir [6:71].
Yetti qozining toʻrtinchisi Badiuddin Ahmad ibn Umar Buxoriydir. “Tarixi Mullozoda”da u Zahiriddin Buxoriyning otasi sifatida zikr qilinadi. U “Fatovo Badiʼ ad-din” yoki “Fatovo Buxoro” deb nomlangan asar muallifidir.
Yetti qozining beshinchisi – Zahiriddin Muhammad ibn Ahmad ibn Umar Buxoriy (vaf.619/1222) Buxoro qozisi va muhtasibi sifatida tanilgan. U Husomiddin Sadr ash-Shahidning “Al-Jomiʼ as-sagʻir” asariga “Favoid” nomli fiqhiy asar yozgan. Bu asar “Al-Favoid az-zahiriyya” deb ham yuritiladi. Yana uning “Al-Fatovo az-zahiriyya” nomli fiqhiy asari ham mavjud [27:5/320].
Yetti qozining oltinchisi Ahmad ibn Amr ibn Muso ibn Abdulloh Buxoriy (taxminan vaf.396/1006) Abu Nasr Iroqiy nisbasi bilan shuhrat qozongan. Bir muddat Samarqandda qozilik qilgan va Buxoroga ketib, oʻsha yerda vafot etgan. Toʻra Buxoriyning “Tuhfat az-zoiriyn” (“Ziyoratchilarga tuhfa”) asarida Buxoroning yettinchi qozisi sifatida nomi keltiriladi [36:29].
Yetti qozining yettinchisi Zavzaniy hisoblanadi. Manbalarda Zavzaniy nisbasi bilan bir necha faqihlar boʻlgani zikr etilgan[22]. Amalga oshirilgan izlanishlar natijasi “Quzzoti sabʼa”ning yettinchisi quyidagi uch faqihdan biri boʻlganini faraz qilish imkonini beradi. Ularning biri Abu Abdulloh Husayn ibn Ahmad ibn Husayn Zavzaniy (vaf.486/1093) yozuvchi, tilshunos, faqih va shoir boʻlgan. Uning “Sharh al-muallaqot as-sabʼa”, “Tarjumon al-Qurʼon”, “Kitob al-masodir”, “Sharh boiyati ziy ar-ramat” kabi asarlari bor [32:202-203]. Ikkinchisi, Abdurrahim ibn Abdulaziz ibn Muhammad ibn Mahmud Sadidiy Zavzaniy boʻlib, u Abu Jaʼfar Tahoviy (239/853-321/933)ning “Sharh maoniy al-osor” asarini rivoyat qilib, oʻqitgani bilan tanilgan. U XIV asrda yashagan, Imod al-islom laqabi bilan tanilgan hanafiy faqih boʻlib, Buxoroda qozilik qilgan. “Tuhfat az-zoirin” va “Tarixi Mullozoda”da Qozi Imom Zavzan, deb keltirilgan. Uchinchisi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Hasan ibn Sulaymon Zavzaniy (vaf.370/980) boʻlib, shofeʼiy mazhabi vakili boʻlgani uchun shofeʼiylarning tabaqot kitoblarida zikr etilgan. U Xuroson va Movarounnahrda adolatli qozi boʻlgani bilan shuhrat qozongan. Ularning qaysi biri yettinchi qozi maqomida zikr etilgani masalasi hamon ochiqligicha qolmoqda.
Aytish joizki, manbalarda yetti qozining sanogʻi va ular kimlardan iborat boʻlgani turlicha talqin etiladi. Masalan, “Tarixi Mullazoda” asari muallifi Muʼin al-Fuqaro Ahmad ibn Mahmudning (VIII/XIV asr birinchi yarmi) taʼkidlashicha, Buxoroda “Talli sudur” (“Sadrlar tepaligi”) nomli qabriston boʻlib, uning chetida Abu Bakr Tarxon qabri joylashgan [39:56]. Qabrning sharqiy tomonida “Yetti qozi”ning qabrlari joylashgan. Abu Jaʼfar Ustrushaniydan boshlangan yetti qozi qatoriga Abu Zayd Dabusiy (vaf.430/1039), Ismoil ibn Muhammad ibn Abdulloh Mustamliy Buxoriy (vaf.434/1043), Zavzon, Badiuddin Buxoriy (XII asr) va uning oʻgʻli Zahiriddin Buxoriy (vaf.619/1222) kiritiladi [5:30]. Biroq ushbu xabarda yettita emas, balki oltita ism keltiriladi.
Shoh Valiyyulloh Dehlaviyning (vaf.1176/1762) “Al-Insof fi bayon asbob al-ixtilof” (“Ixtiloflar sabablarini bayon qilishda oʻrtacha yoʻl”) asariga asoslanib, arab tadqiqotchisi Subhiy Jamil al-Xayyot “Buxoroning yetti qozisi” tushunchasi, aslida toʻqqizta qozini oʻz ichiga oladi, deb hisoblaydi va “Quzzot tisʼa” iborasini isteʼmolga kiritadi. Ular – Abu Jaʼfar Ustrushaniy, Abu Zayd Dabusiy, Ismoil Mustamliy, Abu Umar Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim Marvaziy, Abul Yusr Muhammad Bazdaviy, uning oʻgʻli Abul Maoliy Ahmad, Badiuddin Buxoriy, uning oʻgʻli Zahiriddin Buxoriy va Qozixon Oʻzgandiy [28:27]. Koʻrinib turganidek, bu roʻyxatda faqihlar soni toʻqqiztani tashkil etadi.
Toʻqqiz qozining toʻrttasi haqida yuqorida maʼlumot berildi. Al-Hayyotning roʻyxatidagi beshinchi qozi Abul Yusr Bazdaviydir. U Abu Jaʼfar Ustrushaniyning shogirdi Shamsul aimma Halvoniyning[23] shogirdi [29:18/177; 36:231]. Sadrulislom Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Mujohid Abul Yusr Bazdaviy 421/1030-yilda tugʻilgan [33:91]. Dastlabki saboqni otasi Abul Hasan Muhammad Bazdaviydan olgan. Bobosi Abdulkarim ibn Muso Bazdaviy Abu Mansur Moturidiyning shogirdlaridan biri boʻlgan. Abul Yusr Bazdaviy Samarqand kalom maktabi bilan oilasi orqali tanishish imkoniga ega boʻlgan. U bir necha asarlar muallifi [26:2-3,65]. Uning qator shogirdlari boʻlib, ularning mashhurlari Abul Muin Nasafiy va Abu Hafs Najmuddin Umar Nasafiy (vaf. 537/1142) hisoblanadi [20:321].
Abul Yusr Bazdaviyning “Faxrul islom Bazdaviy” nomi bilan mashhur faqih akasi ham boʻlib, toʻliq ismi Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim Bazdaviydir[24]. U ham Abu Jaʼfar Ustrushaniyning shogirdi Shamsul aimma Halvoniyning shogirdi sanaladi [40:2/55]. Faxrul islom Bazdaviy 400/1010-yili tavallud topgan. Samarqandda dars bergan. U mashhur fiqhiy asarlar muallifi. Faxrul islom Bazdaviy 482/1089-yil rajab oyining beshinchi kuni vafot etgan va Samarqandda dafn etilgan. Uning Abu Sobit Hasan ismli faqih oʻgʻli boʻlib, Samarqandda tavallud topgan va otasi vafotidan soʻng amakisi Abul Yusr Bazdaviy uni Buxoroga olib ketadi. U fiqh ilmini amakisidan oʻrganadi. Keyinchalik ilm izlab Marvga boradi va bir muddat oʻsha yerda yashab qoladi. Amakisining oʻgʻli Abul Maoliy Ahmad Bazdaviy haj safariga ketganidan soʻng, Buxoroga qaytib, u yerda muqim yashaydi va qozilik lavozimida faoliyat yuritadi. Uning vafot sanasi nomaʼlum [29:18/602-603].
“Quzzoti tisʼa”ning oltinchisi Abul Maoliy Ahmad Bazdaviydir. U Abul Yusr Bazdaviyning oʻgʻli boʻlib, uning toʻliq ismi – Abul Maoliy Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso Bazdaviy. U Buxoroda 481/1088 yoki 482/1089-yil tavallud topgan. Fiqh ilmini otasidan oʻrgangan. Hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi yirik vakillaridan biri sifatida tanilgan. Buxoroda qozilik vazifasida ishlagan. Haj safariga borib, qaytishda 542/1147-yil Saraxsda vafot etgan. U ham ustoz-shogird silsilasi bilan Abu Jaʼfar Ustrushaniyning shogirdi sanaladi [29:18/602-603].
Va nihoyat, “Quzzoti tisʼa”ning toʻqqizinchisi – faqih Qozixon. Uning toʻliq ismi – Faxrul islom (Faxruddin) Abulmafoxir Hasan ibn Mansur Oʻzgandiy Fargʻoniy boʻlib, Qozixon taxallusi bilan tanilgan. U bir qator kitoblar muallifi[25], mashhur mujtahid olim boʻlgan. Faqih Fargʻona vodiysining markaziy shaharlaridan boʻlgan Oʻzgandda tavallud topgan, vafoti esa 592/1196-yillarga toʻgʻri keladi. Oʻz zamonasida “Faxrul milla”, “Ruknul islom”, “Baqiyyatus salaf” sifatlari bilan tanilgan. Qozixonning fiqhiy merosi va mujtahidlik maqomi keyingi davr olimlari tomonidan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan [38:2/169].
Mahmud ibn Ahmad maʼlumotlari va al-Hayyot xulosasining qiyoslashga asoslangan oʻzbek tadqiqotchisining fikricha, “Buxoroning yetti qozisi tarkibiga Abu Jaʼfar Ustrushaniy, Abu Zayd Dabusiy, Ismoil Mustamliy, Badiuddin Buxoriy va uning oʻgʻli Zahiruddin Buxoriy kirishi aniq. Zavzon, Abu Umar Ahmad Marvaziy, Abul Yusr Muhammad Bazdaviy, uning oʻgʻli Abul Maoliy Ahmad Bazdaviyning bu guruhga mansubligi boʻyicha esa ishonchli maʼlumot topilmagan [5:33].
Xulosa qilib aytganda, musulmon olamida mashhur boʻlgan movarounnahrlik “Yetti qozi” fenomenining paydo boʻlishi Ustrushana mintaqasi bilan bogʻliqligi mazkur hudud birinchi Renessans davrida shakllangan nufuzli ilmiy-madaniy markazlar qatorida boʻlganini koʻrsatadi.
- Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va izohlar muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2016.
- Abu Jaʼfar ash-Shaʼbiy al-Ustrushaniy. Al-Majolis fi furuʼ al-fiqh. – Koʻprulu kutubxonasi (Turkiya). – Mehmed Asimbey boʻlimi. – Qoʻlyozma №
- Jabborov M. Fiqh ilmi va Abu Jaʼfar Ustrushaniy. Imom Buxoriy saboqlari. – Samarqand. 4/2019.
- JoʻzjoniySh. Abu Zayd ad-Dabusiy – ilmul xilof (qiyosiy huquqshunoslik) fanining asoschisi // Toshkent islom universiteti ilmiy-tahliliy axborot. – T., 2003.
- Najmiddinov Z.X. Abu Zayd ad-Dabusiy merosining Movarounnahrda fiqh ilmi rivojida tutgan oʻrni: Tar. fan. nomz. … dis. TIU, 2007.
- Rahimov K. Movarounnahr tasavvufi ildizlari: Tasavvuf taʼlimotining shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII-XI asrlar). – T.: “Splendid Idea” nashriyoti, 2021.
- Uvatov U. Az-Zamaxshariy asari Irlandiyada. – Xalq soʻzi. – 2006-yil 21-mart. – №
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Fiqhiy yoʻnalishlar va kitoblar. ‒T.: Sharq, 2011.
- Akgündüz A. Karahanlıların Büyük Hukukçusu Ebu Zeyd Debbusi ve Mezheplerarası Mukayeseli Hukuka Teʻsirleri // Selçuk Üniversitesi Hukuk Fakultesi Dergisi. ─ Kunya (Turkıya), 1989.
- Bedir M. Interplay of sufism, law and theology: a tenth century example / The IVth International conference of islamic legal studies on sufism and law. – Murcia (Spain), May 8-11, 2003.
- Brockelmann C. Geschichte des arabischen Litteratur. – T. 1. – Leiden: Brill, 1943.
- Sezgin F. Geschichte des arabischen Schrifttums. – T. 1. – Leiden: Brill, 1967.
- Brockelmann C. Geschichte der arabischen Litteratur: T. I-II. – Weimar-Berlin, 1898.
- Schacht J. Theology and law in Islam / Ed. G.E. von Grunebaum. – Wiesbaden: Otto Harrassowitz,
- Özel A. Hanefi fıkıh alı – Ankara, 1990.
- Özen Ş. ʻİlm-i Nilâfın Ortaya Çıkışı ve Ebû Zeyd ed-Debûsîʻnin Teʻsisüʻn-nazar Adlı – Istanbul: Marmara unıversıtı, 1988.
- Kavakcı Y. Z. XI ve XII. Asırlarda Karahanlılar Devrinde Māvāraʻ al-Nahr İslâm Hukukçuları. – Ankara: Sevinç matbaası, 1976.
- ابن حجر العسقلاني. تهذيب التهذيب. القاهرة: “دار الفكر”، 2009 م.
- أبو جعفر محمد بن عمرو الشعبي بن سليمان الأستروشني. كفاية الشعبي. تحقيق. أ.د. زاهد الله منوّروف و د. مسلم رزقي عطاء. (faximile). طشقند. ٢٠٢١ م.
- أبو حفص عمر بن محمد النسفي. القند في ذكر علماء سمرقند. تحقيق: نظر محمد الفريابي. المكتبة الكوثر. المملكة العربية السعودية. 1991.
- أبو زيد عبد الرحمن بن محمد بن خلدون الحضرمي. المقدمة. اسكندرية.
- أبو زيد الدبوسي. كتاب المناسك من الأسرار. تحقيق نايف بن نافع العمري. القاهرة: دار المنار، 1411\1991
- أبو سعد عبد الكريم بن محمد بن منصور التميمى السمعانى. الأنساب.بيروت. ١٩٩٨م.
- أبو عبد الله محمد بن أبي بكر بن أيوب الزرعي المعروف بابن قيم الجوزية. إعلام الموقعين عن رب العالمين. تحقيق: محمد عبد السلام إبراهيم. دار الكتب العلمية – ييروت. الطبعة: الأولى، ١٤١١هـ – ١٩٩١م.
- أبو الليث السمرقندي. خزانة الفقه وعيون المسائل. تحقيق: صلاح الدين الناحي. شركة الطبع والنشر. بغداد. 1965.
- أبو اليسر محمد بن محمد بن حسين بن عبدالكريم بن موسى بن مجاهد البزدوي. أصول الدين. دار الكتب العربية. القاهرة. 1963.
- خير الدين الزركلي.الاعلام قاموس تراجم لاشهر الرجال و النساء من العرب و المستعربين و المستشرقين. القاهرة: دار العلم للملاين, 1998.
- سبحي جميل الخيات. دراسة مقارنة لكتاب تقويم الأدلة في اصول الفقه. القاهرة. ١٩٧٧.
- شمس الدين الذهبى. سير أعلام النبلاء. تحقيق: محيب الدين أبو سعيد عمر الأمروي. بيروت. دار الفكر. 1997.
- صديق بن حسن القنوجي. أبجد العلوم. بيروت. ١٩٧٨.
- عباس بن ابراهيم التعارجي المراكشي. اظهار الكمال في تتميم مناقب ثبات الرجال. دراسة و تحقيق: ظ.ادريس الشرواتي. الطباعة والاخراج: دار أبي رقراق للطباعة والنشر. 1434\2013.
- عمر فروخ، تاريخ الأدب العربي: من مطلع القرن الخامس الهجري إلى الفتح العثماني. الجزء الثالث. دار العلم للملايين – بيروت. الطبعة الرابعة – 1981.
- قاسم بن قطلوبغا الحنفي. تاج التراجم في طبقات الحنفية. مطبعة المثنى.بغداد. 1962.
- أبو إسحاق الشيرازى. طبقات الفقهاء. تحقيق: د.اسحاق عباس. بيروت. 1970.
- محمد أنور شاه بن معظم شاه الكشميري الهندي. العرف الشذي شرح سنن الترمذي. بيروت – لبنان. “دار الدراس العربية”.
- محمد عبد الحى اللكنوى. الفوائد البهية فى تراجم الحنفية. بيروت. ١٩٧٢ م.
- محيى الدين القادر بن أبى وفاء القرشى. الجواهر المضيئة في طبقات الحنفية. هجر للطباعة والنشر والتوزيع والاعلان ١٩٩٣ م.
- مصطفى بن عبدالله حاجي خليفة. كشف الظنون عن أعصام الكتب والفنون. دار الفكر. بيروت – لبنان. 1402\1972.
- معين الفقراء، تاريخ ملازاده در ذكر مزارات بخارا / با مقدمه و تصحيح وتحشيه و تراجم اعلام باهتمام احمد گلجين معاني. تهران، مركز مطالعات ايراني، 1370.
- مفتاح السعادة ومصباح السيادة. المؤلف: أحمد بن مصطفى الشهير بطاش كبري زاده. الناشر دار الكتب العلمية. في ثلاث مجلدات عام ١٩٨٥/١٤٠٥.
- ناصر الدين توره بخاري، سيد محمد. تحفة الزايرين. چاب سنگی . بخارا، 1910 م.
- نور الدين محمد عتر. الامام الترمذي. استانبول. “دار السلام”، 2009 م.
- پارسا، خواجه محمد. فصل الخطاب / به تصحيح و با مقدمه و تعليقات جليل مسگرنژاد. تهران. مركز نشر دانشگاهى، 1381.
- https://terminologyenc.com/ar/browse/term/75267.
- https://ziyouz.uz/ajoyibotlar/mash-ur-ettiliklar/