O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Olim, taniqli yozuvchi Ozod Mo‘minning “Mo‘’jiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Ushbu kitob buyuk bobokalonimiz, muhaddislar ustozi, quvvai hofizasi bo‘yicha “Ollohning yerdagi mo‘’jizalaridan biri” deya e’tirof etiladigan zot Abu Abdulloh Abu Hasan Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra inb Ahnaf Yazdabih al-Buxoriyning hayot yo‘liga bag‘ishlanadi.
Kitobning dunyoga kelishi sabablari xususida muallif shunday yozadi: “Birinchi navbatda Samarqand viloyatining Xo‘ja Ismoil qishlog‘ida joylashgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markaziga bordim. U yerda faoliyat yuritayotgan olimlar bilan suhbatlashdim. Chunonchi, Shukrullo Umarov, Otabek Muhammadiyevlar bilan qizg‘in fikr almashdim. Ilmiy markazning kutubxonasidagi adabiyotlar bilan tanishdim. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari Samarqand viloyati vakilligida bo‘lib, u yerda ham bir qancha kitoblardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldim. Ko‘p yillar shahar imom-xatibi bo‘lib faoliyat yuritgan ulamo mustafoqul Melikov bilan uchrashib, u zotdan qimmatli ma’lumotlar eshitdim. So‘ng Toshkentga qaytib, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov bilan uchrashdim. Ma’lumki, bu zot ko‘p yillar yuqorida aytilgan Ilmiy markazni boshqarganlar va Hazrat Imom Buxoriy to‘g‘risida, uning asarlari haqida katta bilimga ega mutaxassis hisoblanadilar. So‘ng Shayx Abdulaziz Mansur bilan uchrashib, maslahatlar olgach, yozishga kirishdim”.
Shu o‘rinda buyuk muhaddisning shaxsiy hayotiga oid muhim bir jihatga e’tibor qaratgan muallif: “Manbalarni o‘rganar ekanman, “Imom Buxoriy xalqaro markaz nashriyoti” (Samarqand, 1918y.) tomonidan chop etilgan ilmiy yo‘nalishdagi “Imom Buxoriy ta’rifi” kitobidagi Imom Buxoriyning o‘z varrog‘i va yordamchisi Abu Hotimga aytgan gapi – “Mening xotinim va cho‘rilarim bor…” jumlalaridan ma’lum bo‘ladiki, Imom Buxoriy uylanmay o‘tgan degan gaplar asossiz. Uning oilasi va qiz farzandi bo‘lgan, lekin o‘g‘ilsiz o‘tgan.
Kitobda o‘quvchini qiziqtiradigan ko‘plab savollarga javoblar bor.
Asarga so‘zboshi yozgan olim – O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Hamidulloh Aminov “Asarning ayrim o‘rinlarini ko‘zda yosh bilan o‘qidim, juda to‘g‘ri yondashuvlar bilan, tarixiy voqealardan chetlashmagan holatda, ajoyib tarzda yozilgan, deya e’tirof etadi.
Ozod Mo‘minning ushbu asari muhaddislar sultoni Imom Buxoriy haqidagi birinchi va oxirgi asar ham emas. Ammo, muallifning buyuk zot ijodi, hayot yo‘liga o‘ziga xos yondoshganligi bilan ajralib turadi.
Ozod Mo‘minning “Mo‘’jiza inson – Hazrati Buxoriy” tarixiy roman-essesini, albatta, o‘qing.