Home / MAQOLA / QUNUT DUOSINING HUKMI

QUNUT DUOSINING HUKMI

Zamonamizda yer yuzida fasod tarqatuvchi, hamma joyga fitna sochib yuradigan, moʻminlar orasida ixtilof chiqarib ittifoqlarga rahna soladigan, odamlarning ibodatlariga, eʼtiqodlariga, amallariga asossiz soʻzlar bilan taʼna qiladigan talfiqchi bemazhab kimsalar ijtimoiy tarmoqda fitnalarini goh u shaklda, goh bu shaklda koʻrsatib turibdi. Ularning navbatdagi yangi fitnasi vitr namozidagi Qunut duosi borasida boʻldi. Vitr namozida oʻqiladigan duolar toʻgʻrisida pisand qilmagan  ohangda ayrim fikrlarni aytib chiqibdi.  Zotan, haqiqiy xolis olim kishi shariatga oid masalalarda, xususan namoz haqida bunaqa ohangda beparvo holatda gapirmaydi.

Dastavval, vitr namozi va qunut duosining islomdagi mavqeini anglab olishimiz uchun uning oʻqilishi tarixi va sabablariga nazar tashlasak. Maʼlumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam hijrat qilganlaridan keyin sahobalarning aksari Madinaga hijrat qilishdi. Biroq safarga chiqishga qurbi yetmay Makkada qolgan musulmonlarning ahvollari ogʻir edi. Ularning ayrimlari hibsga olindi, baʼzilari barcha haq-huquqlardan mahrum etildi. Paygʻambar alayhissalom namozda ularning haqiga duo qilib, Alloh taolodan mushkullarini oson qilishni iltijo qilib soʻrar edilar. “Duoi qunut” oʻshanda paydo boʻlgan. Boshqa bir manbalarda taʼkidlanishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga Riʼl va Zakvon qabilalaridan islomni qabul qilganini aytib, dinni oʻrgatish uchun bir necha qorilarni yuborishni soʻrab elchilar kelishadi. Soʻng ular oʻzlariga yuborilgan qorilarni xiyonatkorona oʻldirishadi. Shu sababli Nabiy sollalohu alayhi vasallam bir oy Riʼl va Zakvon qabilalarini duoibaʼd qilib qunut oʻqiydilar.

عن أنس قال: قنت النبى صلّى الله عليه وسلّم شهرا يدعو على الرعل و ذكوان

Anas ibn molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollalohu alayhi vasallam bir oy Riʼl va Zakvon qabilalarini duoibaʼd qilib qunut oʻqidilar”.[1]

Qunut soʻzi lugʻatda “duo, tazarruʼ” maʼnolarini bildiradi. Sharʼiy istilohda mushkul holatda qolgan kishi namozda rukuʼdan oldin takbir aytib quloq qoqib, Alloh taologa iltijo qilgan holda yomonlikni daf qilish yoki yaxshilikni jalb qilishni soʻrash duosi “qunut” deb ataladi.

Qunut duosining hukmiga toʻxtaladigan boʻlsak, vitr namozida uchinchi rakatda zam sura qiroatidan keyin takbir aytib qoʻl koʻtargandan soʻng duo oʻqish vojib. Hanafiy mazhabida qunutda vojiblik maʼnosida muayyan bir duo tayin qilingan emas. Ammo “Qunut duosi” nomi bilan mashhur duoni oʻqilishi keng tarqalgan. Bu duo vitr namozining uchinchi rakaʼatida, rukuʼdan oldin oʻqiladi.  Hanafiy mazhabiga koʻra xufton namozi vaqtida vitr namozini oʻqish va unda duo qilish vojib, duoda aynan “Qunut”[2] nomi bilan mashhur duoni oʻqish sunnati muakkada, sanaladi[3].

Shofeʼiy va molikiy mazhablarida bomdod namozida muntazam oʻqiladi. Shofeʼiy mazhabida “Allohumma ihdiniy fiman hadayta” duosini oʻqish shart.

Hanafiy mazhabida vitr namozini oʻqish vojib ekaniga bir qancha hadislarni dalil qilib keltirilgan, ammo bu alohida katta bir mavzu boʻlgani sababli unga toʻxtalmaymiz[4]. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, vitr namozining uchinchi rakaatida rukuʼdan oldin qunut maʼnosidagi duoni oʻqish vojib sanaladi.[5] Jumladan, Imom Buxoriy ham “al-Jomiʼ as-sahih”da ham qunut duosi rukuʼdan oldin oʻqilishiga xulosa qilgan.[6] Burhonddin Margʻinoniy “Hidoya” asarida:

قال المرغينانيُّ: (وفيها واجباتٌ، كقراءة الفاتحة… والقنوت في الوتر…؛ ولهذا تجبُ عليه سجدتَا السهوِ بتركها، هذا هو الصَّحيحُ، وتسميتُها سُنَّة في الكتابِ لِمَا أنَّه ثبَت وجوبُها بالسُّنَّة).

“Namozning ichida Fotiha surasini qiroat qilish, vitrda Qunut duosini oʻqish kabi vojib amallar bor. Ular vojib amal boʻlgani sababli, ularni tark qilgan kishiga sajdai sahv vojib boʻladi. Mana shu fatvo toʻgʻriroqdir. Bu amallar Qurʼoni karimda sunnat deb aytilgan boʻlsa-da, ularning vojibligi hadislar bilan sobit boʻlgan. Vitr namozida duo qilish Imom Abu Hanifa nazdida vojib, Imom Muhammad va Imom Abu Yusuf nazdida sunnat amaldir. Qabul qilingan fatvo Abu Hanifaning soʻzidir”.[7] 

عن عمر بن شعيب قال: خرج النبى صلّى الله عليه وسلم على اصحابه فقال: إن الله زادكم صلاة إلى صلاتكم. فحافظوا عليها و هى الوتر.

Amr ibn Shuaybdan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalar oldiga chiqdilar va: “Alloh taolo sizlarni namozlaringizga yana bir namozni ziyoda qildi. Uni muhofaza qilinglar. U vitrdir,” dedilar.[8]

Hanafiy mazhabi ulamolari vitrda rukudan oldin “Qunut”ni oʻqishga quyidagi dalillarni keltirgan: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning maktablarida bevosita taʼlim olgan bu ummatning faqihi Abdulloh ibn Masʼud[9], Abdulloh ibn Abbos, Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhum) va boshqa koʻplab mashhur sahobalar Qunut duosini rukuʼdan oldin oʻqiganlari  rivoyat qilingan.[10]  

عن عبدِ الرحمنِ بنِ الأسودِ، عن أبيه، قال: كان ابنُ مسعودٍ لا يَقنُتُ في شيءٍ من الصَّلواتِ إلَّا في الوتر قبلَ الركوع.

Asvad ibn Yazid Naxaʼiydan rivoyat qilinadi:  “Abdulloh ibn Masʼud faqat vitrning rukuʼsidan oldin “Qunut” oʻqir edilar.” [11]

عن إبراهيمَ، عن عَلقمةَ، قال: إنَّ ابنَ مسعودٍ وأصحابَ النبيِّ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم كانوا يَقنُتونَ في الوترِ قبلَ الرُّكوعِ.

Alqamadan rivoyat qilinadi: Ibn Masʼud va Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalari rukuʼdan oldin qunut duosini oʻqir edilar[12].

عن أبي بن كعب:  أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كان يوتر فيقنت قبل الركوع.  رواه ابن ماجة 

Abdulloh ibn Abbos, Ubay ibn Kaʼb, Abdurohman ibn Abzo va yana bir qancha sahobalardan (roziyallohu anhum) rivoyat qilingan hadisga binoan ham Qunut duosi rukuʼdan oldin oʻqiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam vitrda rukuʼdan avval “Qunut” oʻqirdilar”. Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyati.

Qunut duosini rukuʼdan oldin oʻqilishiga dalil boʻlgan bu kabi rivoyatlar juda ham koʻp.

Kim “Qunut” duosini oʻqimay rukuga ketgan boʻlsa, sahv sajdasi qiladi. “Qunut” duosini bilmagan odam uni yodlab olgunicha uch marta “Allohummagʻfir liy”, desa yoki “Robbanaa atina”ni oʻqib tursa boʻladi. Odatda taroveh namozida vitr ham jamoat bilan oʻqiladi. Shunda muqtadiy imomning ortidan “Qunut”ni oʻqiydi.

Namoz farz boʻladimi, vojibmi, sunnatmi, darajasidan qatʼiy nazar u moʻminning meʼrojidir. Namoz ichidagi amallar garchi mustahab darajasidagi amal boʻlsa ham, “qilsang ham boʻlaveradi, qilmasang ham boʻlaveradi,” kabi soʻzlar bilan  mensimasdan gapirish, jumladan vitr namozi haqida ham bunday ohangda gapirish olim odamning feʼlidan emas.

Namozga tegishli amallar beparvolik bilan “qilmasang shart emas” deb aytilmaydi. Qilsang savob boʻladi, qilolmasang gunohkor boʻlmaysan, kabi iboralar bilan tushuntirilsa, maqsadga muvofiq sanaladi. Chunki yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, namoz qadri buyuk ibodat, u moʻminning meʼrojidir. Namoz oʻqiyotgan kishi goʻyo meʼrojda  Alloh taolo bilan hamroz aytishayotgandek maqomda turadi. Namoz ham, undagi duolar ham “qilsam  ham, qilmasam boʻlar ekan” deb oʻqiladigan narsa emas. Aksincha undagi duolar ixlosu tavozeʼ bilan oʻqiladigan munojotdir. Ixlosu tavozeʼ bilan  namoz oʻqish ibodatning  ijobat boʻlganini belgisidir. “Oʻqisam ham, oʻqimasam ham hech narsa boʻlmas ekan” deb bajarilgan ibodatning savobi ham “hech narsa boʻlmaydi” qabilida boʻlishiga hech shubha yoʻq.

Eʼtiqod, ibodat va duoga oid amallarda soʻz yuritishda gapira olar ekanman deb, hamma meni soʻzimga mushtoq boʻlib quloq solib oʻtirar ekan deb ogʻizga kelganini gapiraverish chalasavod kishiga xos boʻlgan va oqibati xayrli boʻlmagan ishdir. Shu sababli sharʼiy masalalarda soʻzlashdan oldin aytiladigan soʻzlarimizni faqat aql tarozisida emas, shariat mezonida ham tortib koʻrishimiz lozim. Allohim barchamizni hidoyatda sobit qilib, toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin.

[1] Imom Buxoriy – Muhammad ibn Ismoil. “Sahihul Buxoriy”. “Bushro” nashriyoti. Karachchi 2016. –B. 581.  1003-hadis. Ammo Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat paygʻambar etib yuborgani uchun u zotning bu duolarini ijobat qilmagan, deyiladi.
[2] Qunut duosi
Hanafiy va molikiy ulamolar qunutda oʻqiladigan duoga ushbu dalilni keltiradi: Imom Abu Dovud Xolid ibn Abu Imrondan rivoyat qiladi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muzarning ziddiga duo qilayotganlarida birdan Jabroil alayhissalom keldi va u zotga “Jim”, deb ishora qildi. U zot jim boʻldilar. Shunda u: “Ey Muhammad, Alloh sizni soʻkongʻich qilib ham, laʼnatlovchi qilib ham yuborgani yoʻq. Sizni olamlarga rahmat qilib yubordi. Sizga duoibaʼ qilish ishidan hech bir nasiba yoʻqdir”, dedi. Soʻng ushbu “Qunut” duosini oʻrgatdi:
اللَّهُمَّ إنَّا نَسْتَعِينُكَ وَنَسْتَغْفِرُكَ، وَنُؤْمِنُ بِكَ وَنَتَوَكَّلُ عَلَيْكَ، وَنُثْنِي عَلَيْكَ الْخَيْرَ كُلَّهُ، نَشْكُرُكَ وَلَا نَكْفُرُكَ، وَنَخْلَعُ وَنَتْرُكُ مَنْ يَفْجُرُكَ. اللَّهُمَّ إيَّاكَ نَعْبُدُ وَلَكَ نُصَلِّي، وَنَسْجُدُ وَإِلَيْكَ نَسْعَى، وَنَحْفِدُ نَرْجُو رَحْمَتَكَ، وَنَخْشَى عَذَابَكَ، إنَّ عَذَابَكَ بِالْكُفَّارِ مُلْحِقٌ.
 “Allohumma innaa nastaʼiynuka va nastagʻfiruka. Va nuʼminu bika va natavakkalu alayka. Va nusniy alaykal xoyro kullahu. Nashkuruka va laa nakfuruk. Va naxlaʼu va natruku man yafjuruk. Allohumma iyyaaka naʼbudu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nasʼaa va nahfidu. Narjuu rohmataka va naxshaa azaabaka. Inna azaabaka bil kuffaari mulhiq”.[2]
Sahoblar ushbu duoga ittifoq qilgan, bu duo Umar va uning oʻgʻli Abdulloh ibn Umarning duolari sifatida ham mashhur boʻlgan.
[3] Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhu) butun umr vitrda qunut oʻqilmogʻini maʼqul koʻrgan va Qunut (duosi) rukuʼdan oldin oʻqilmogʻini ixtiyor etgan. Sufyon Savriy, Ibn Muborak, Isʼhoq ibn Rohavayh va Kufa ahli shu fatvoni olgan.
[4] Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam:Ey Qurʼon ahli, vitr namozini oʻqing. Alloh toqdir, toqni yaxshi koʻrur”, dedilar” (“Sunan” egalari rivoyat qilgan).
Xorija ibn Huzofa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib: “Albatta, Alloh taolo sizlarga bir namozni ziyoda qildi. U sizlar uchun qizgʻish tuyalardan ham yaxshidir. U ham boʻlsa, vitrdir. U zot sizlarga uni xuftondan to tong otguncha qildi”, dedilar” (Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyat qilgan).
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir. Kim besh rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim uch rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim bir rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin”, dedilar” (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Hanafiylikda vitrni vojib deb belgilanishining oʻzi ushbu mazhabning afzalligini isbotlaydi. Mazkur mazhab vakillari vitrni vojib deb ado qilar ekan, boshqa mazhab vakillaridan koʻra obidroq ekanini ham isbotlagan boʻladi.
Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Vitr har bir musulmonga haq vojibdir” (Doraqutniy, 2/1659).
“Vitr har bir musulmon zimmasidagi haq (majburiyat)dir” (Abu Dovud, 1/1424).
Boshqa hadisda vitrning vojibligi yanada keskinroq ifodalangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu gaplarini uch marta takror-takror aytganlar: “Vitr haq vojibdir. Kimki vitr oʻqimasa, bizdan emas!” (Abu Dovud, 1/1421; Hokim, 1/1146; Bayhaqiy, 2/4251; Ahmad, 5/23069).
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir. Kim besh rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim uch rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim bir rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin”, dedilar (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat
“Muxtasarul Viqoya”da vitr borasida bunday deyilgan: “Vitr uch rakat boʻlib, bir salom bilan vojib boʻladi. Uchinchi rukudan oldin ikki qoʻlni koʻtargan holda takbir aytiladi, soʻngra boshqasida emas, faqat unda doimo qunut oʻqiladi” (Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy. Muxtasarul Viqoya. – Qozon, 1911. – B. 20.).
[5]Usmon ibn Ali Zaylaʼiy. Tabyinul haqoyiq sharhu “Kanzud daqoiq”. 1 jild. –B. 170. ; Kamol ibn Ibrohim. Fathul qadir. 1-jild. –B. 428. 
[6] Qarang: Imom Buxoriy – Muhammad ibn Ismoil. “Sahihul Buxoriy”. “Bushro” nashriyoti. Karachchi 2016. –B. 580. 1002-hadis.
[7] Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya. 1-jild. –B. 46. ; Aʼlouddin Kasoniy – Abu Bakr ibn Masʼud Hanafiy. Badoyiʼus sanoiʼ fiy tartibish sharoiʼ. “Dorul kutubil ilmiyya” nashriyoti. Bayrut 2002. 1-jild. –B. 273.
[8] Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy. Musannaf. “Maktabatul islomiy” nashriyoti. Bayrut 1983. 3-jild. –B. 7. 4582-hadis.
[9]  Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu – sahobalarning ulugʻlaridan, sahobalar orasida dinni mukammlroq bilishi, faqih va olimligi bilan alohida  ajralib turgan.
[10] Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy. Musannaf. “Maktabatul islomiy” nashriyoti. Bayrut 1983. 3-jild. –B. 7-113.
[11] Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy. Musannaf. “Maktabatul islomiy” nashriyoti. Bayrut 1983. 3-jild. –B. 120.4994-xabar.
[12] Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy. Musannaf. “Maktabatul islomiy” nashriyoti. Bayrut 1983. 3-jild. –B. 7-113.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIGA OID SAMARQAND TARIXINING XORIJIY MAMLAKATLAR TARIXSHUNOSLIGIDA YORITILISHI

Samarqand tarixi xorijiy mamlakatlar tarixshunosligida ham o‘rganilgan. G‘arb va Sharq tarixchi olimlari va sayohatchilari Samarqandning …