Home / MAQOLA / VIJDON ERKINLIGI VA DINDAGI TALFIQCHINING HUQUQ TALAB QILISHI MASALASI (2-qism)

VIJDON ERKINLIGI VA DINDAGI TALFIQCHINING HUQUQ TALAB QILISHI MASALASI (2-qism)

“Rafʼul yadayn” qilish yoki qilmaslik masalasida toʻxtaladigan boʻlsak, bu amal zavoid amallar toifasiga kirib, hukmi ixtiloflidir. Bu ixtilofni fitnaga aylantirish yoki uning orqasidan musulmonlarning orasiga tafriqa solish sogʻlom fikrli olim kishiga xos boʻlmagan ishdir. Bir musulmon ikkinchisining amalini fiqhiy ixtilof masalasida malomat qilish toʻgʻri emas. Ixtilofga sabab boʻlgan fiqhiy masaladagi bahsda magʻlub boʻlishini “huquqini poymol qilinish” sifatida talqin qilish, boshqalarga fikrini oʻtkazish uchun  “Vijdon erkinligi” qonunini daʼvo qilish faqih olimning ishi emas.

Har bir amalda tartib boʻlsa, uning ijrosi goʻzal boʻladi. Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan diyorimizdagi masjidlarda musulmonlar orasida turli xil tartibsizlik va tushunmovchiliklar, ixtilof va fitnalar chiqishini oldini olish uchun ibodatlar hanafiy mazhabida ado etilishi belgilab qoʻyilgan. Lekin bu holatni vijdon erkinligiga qarshi kurash deb talqin qilish notoʻgʻri. Albatta, sogʻlom aql egalari diyorimizdagi masjidlarda ibodatlarni Hanafiy mazhabida ijrosini talab qilinishini vijdon erkinligi toʻgʻrisidagi qonunga hech qanday aloqasi yoʻq ekanini yaxshi bilishadi.

Sodiq Samarqandiyning fikrlarida “vijdon erkinligi” namozdagi bir amalga aralashmaslik talabi kabi tor maʼnoga qisqartirilgan. Aslida, vijdon erkinligi taʼkidlab oʻtganimizdek din tanlash, unga amal qilish yoki qilmaslik huquqi boʻlib, har bir fuqaro undan istifoda etishga haqlidir. Sodiq Samarqandiy va unga oʻxshagan salafiylaru hizbiylar bu Qonunni oʻzlariga himoya vositasi qilib, diyorimizdagi masjidlarni ixtilof va fitnalar oʻchogʻi qilib olishga harakat qilayotgani ochiq-oydin koʻrinib turibdi.

Tasavvur qiling, “vijdon erkinligi” soyasida masjidda ular soʻrayotgan “rafʼul yadayn” amalini qilishga ruxsat berilsa?! Bu yoqda barlaviylar ham, hizbiylar ham, salafiylar ham va yana bir qancha turli oqimdagi kimsalar har biri bir tomon boʻlib oʻz qarashlarini masjidda namozga kelganlarga oʻtkazish uchun talab qilib chiqsa? Unda masjidni masjidligi qoladimi? Hamma masjidlar fitna va ixtiloflarning makoniga aylanib ketmaydimi?

Har bir musulmon kishi yaxshi biladi, masjidga ixtilof chiqarish, bahs-munozara qilish uchun emas ibodat qilish uchun boriladi. Alloh taologa munojot, iltijo qilib duo qilish uchun boriladi. Oʻzini koʻz koʻz qilib, urfda boʻlmagan amallarni qilib, musulmonlar jamoasida ixtilof chiqarish uchun emas. Xususan, olimlik daʼvo qilayotgan kishi bunday ishdan ehtiyot boʻlishi kerak. Tarixda oʻtgan ulamolarimiz har doim ixtilof chiqarishdan saqlanganlar. Bu oʻrinda Imom Shofeʼ rahimahulloh Imom Aʼzam – Abu Hanifa qabrlarini ziyoratiga borganlarida namozlarini hanafiy mazhabida ado etganlarini esga olish kifoya qiladi. Jumladan, uzoq yillar Damashq, Bogʻdodda va islomiy ilmlarning boshqa markazlarida shofeʼiy mazhabidan taʼlim bergan faqih alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy rahmatulloh alayh Shoshga qaytib kelganda oʻzlari shofeʼiy mazhabida boʻlsalar ham hanafiy mazhabidan taʼlim beradi. Maqsadi musulmonlar orasida fitna chiqarishdan saqlanish boʻlgan. Qaffol Shoshiy vafot etganlarida, shogirdlari ustozlariga hurmat oʻlaroq, uni shofeʼiy mazhabiga muvofiq dafn etishadi. Mazhab ulamolari oʻrtasidagi hurmatning hayotiy isboti boʻla oladigan misollar tarixda juda koʻp. 

Ayrim talfiqchi[1] salafiylaru hizbiylarchi? Unaqalar tilda sunnat amalini ijrosiga erkinlik talab qilish ortidagi maqsadlari musulmonlar orasida ixtilof chiqarib, fitna olovini yoqishdan boshqa narsa emas. Chunki ular uchun masjidlarda “rafʼul yadayn”ga ruxsat berilsa, “amiyn”ni jahriy aytishga ruxsat talab qilishadi. Unga ham ruxsat berilsa, oyoqning orasini ochib kerilib namoz oʻqishga ruxsatni talab qilishadi – aslida namoz gerdayib, kibru havo bilan emas, xushuʼ-xuzuʼ bilan ado etiladigan ibodatdir. Agar oyoqni ochib, kerilib namoz oʻqishga ham ruxsat berilsa, boshqasini va boshqasini talab qilishaveradi. To masjidda musulmonlar orasida ixtilof chiqarib, fitna olovini yoqishmaguncha talablaridan toʻxtashmaydi. Chunki bunaqa “olim”lar katta ogʻalari tomonidan shunday ishlarga programmalashtirilgan, musulmonlar orasida fitna chiqarish uchun yetishtirilgan. Hatto Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Fitna uyqudadir, uni (uxlab yotgan fitnani) uygʻotgan kishiga Alloh taoloning laʼnati boʻlsin,”[2] degan maʼnodagi tahdidli hadislari ham ularni toʻxtata olmaydi. Chunki ular tabiatlarini dinga moslashga emas, aksincha dinni oʻz tabiatlariga moslashga harakat qilishadi va boshqalarni ham shunday boʻlishini istashadi.

Mazhabga oid amallardagi rafʼul-yadayn, ishorai sabboba, qiroatda “amiyn”ni baland aytish kabi amallar zavoidlar boʻlib, ulamolar tomonidan tortishishga arzimaydigan masala sifatida qabul qilingan. Mazhabga oid zavoid hisoblangan sunnat amallarda “men bu amalni qilayapman, sen qilmayapsan”, deb bir-birini ayblash dinimiz man qilgan ishlardandir.

Agar kimdir namozdagi boshqa mazhabga oid biror amal haqida soʻrasa, bu ilmiy savol boʻlishi mumkin. Lekin u majburlash yoki talab shaklida boʻlsa, bu fitna chiqarish deb qaraladi. Unday fikri buzuq odamga qarshi kurashishni bir “dindorning huquqlarini poymol boʻlishi” deb qarash, uning “Vijdon erkinligi”ga qarshi kurash” deb atash notoʻgʻridir. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, bu Qonun barcha din vakillarining huquqlarini birdek kafolatlaydi.

Mazkur Qonun fitna chiqarish maqsadida mazhabdan mazhabga oʻtib yuruvchi talfiqchini himoya qiluvchi qonun emas. Bunday himoya islom dinida ham yoʻq. Tarixda ahli sunna valjamoaga qarshi chiqqan kimsalar tavba qilishga chaqirilgan. Agar tavba qilmasa, jamoatdan ajratib qoʻyilgan. Hatto ularning ayrim toifalari bilan oldi-berdi qilish, jumladan qiz berish va qiz olish ham harom qilingan[3].

Dinimiz talabi boʻyicha, mazhabga oid ixtiloflar ilmiy mulohaza maydonida hal qilinishi kerak, bunday farʼiy masalalarni omma oldiga yoki ijtimoiy tarmoqqa olib chiqib tortishish musulmonlar orasida faqat fitna va oʻzaro dushmanlikka sabab boʻladi. Shuning uchun, “vijdon erkinligi”ni inkor etish yoki uni notoʻgʻri maʼnoda talqin qilish jamiyatda erkinlikka tahdid va musulmonlarga ham zarardir. Mujtahid faqihlarimiz vijdon erkinligi masalasini toʻgʻri maʼnoda qoʻllaganlar va bu huquqni jamiyat tinchligi uchun zaruriy vosita deb hisoblaganlar.

Imom Buxoriy “Sahih” asarida alohida “Bob: Rafʼul yadayn” nomli fasl ochib, bir nechta hadisni keltiradi. Ammo shu bilan birga, rafʼul yadayn qilmagan roviylardan ham rivoyatlarni zikr qiladi.

Soʻzimizga Imom Shofeʼiy (r.a.) rafʼul yadayn masalasida aytgan quyidagi fikrlari bilan yakun yasaymiz: “Agar biror kishi rukuʼda qoʻl koʻtarmasa, unga qarshi chiqmaymiz. Agar namoz ichida qoʻl koʻtarmasa, u ham sunnatga amal qilgan hisoblanadi”. [4] Bundan koʻrinib turibdiki, ulamolar ixtilofni tortishuv vositasi emas, balki sunnat amallarning rivoyat va qabul uslublarini turfa xilligining natijasi sifatida qabul qilgan.

[1] Oʻzini mazhabda ekanini daʼvo qilib, muayyan bir mazhabda turmay, mazhabdan mazhabga “sakrab yuradigan” beqaror kishilar. Salafiy talfiqchilarning ayrimlari, shu jumladan Sodiq Samarqandiy ham oʻzini hanafiy mazhabida ekanini daʼvo qilib, hanafiylarga qarshi gapiradi.
[2] Jaloliddin Abdurohman ibn Abu Bakr as-Suyutiy. “Al-Jomiʼ as-sagʻiyr”. “Doru-l-fikr”, Bayrut. 5975-hadis. 3-juz. –B 229. ; Jaloliddin Abdurohman ibn Abu Bakr as-Suyutiy. “Al-Fathu-l-kabiyr”. “Doru-l-fikr”, Bayrut – Lubnon 2003. 8272-hadis. 2-juz. –B 265. ; Ali ibnHisom al-Hindiy. “Kanzu-l-aʼmol”. “Muassatu-r-risola”. Bayrut – 1989. 30891-hadis. 11-juz. – B 186.
عن أنس قال: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم: الْفِتْنَةُ نَائِمَةٌ لَعَنَ الله مَنْ أَيْقَظَهَا
[3] Qarang: Imom Buxoriy. Xalqu afʼolil ibod. 66-xabar.
[4] Imom Shofeʼ. Al-Umm, 1-jild.  –B.102.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIGA OID SAMARQAND TARIXINING XORIJIY MAMLAKATLAR TARIXSHUNOSLIGIDA YORITILISHI

Samarqand tarixi xorijiy mamlakatlar tarixshunosligida ham o‘rganilgan. G‘arb va Sharq tarixchi olimlari va sayohatchilari Samarqandning …