Home / MAQOLA / VIJDON ERKINLIGI VA DINDAGI TALFIQCHINING HUQUQ TALAB QILISHI MASALASI (1-qism)

VIJDON ERKINLIGI VA DINDAGI TALFIQCHINING HUQUQ TALAB QILISHI MASALASI (1-qism)

Ijtimoiy tarmoqlarda soxta diniy arbob Sodiq Samarqandiy diniy erkinlik va vijdon erkinligi kabi huquqiy va islomiy tushunchalarni oʻz maqsad va manfaatlariga burib, notoʻgʻri talqin qilayotganini guvohi boʻldik. “Vijdon erkinligi” masalasini musulmonlarning ichki fiqhiy ixtiloflariga bogʻlab, jamiyatda notoʻgʻri tasavvur uygʻotishga harakat qilmoqda. Uning maʼruzalarida vijdon erkinligining haqiqiy mohiyati buzib koʻrsatilgan va unda kafolatlangan islomiy hamda huquqiy asoslar eʼtiborsiz qoldirilgan. Aytayotgan fikrlarida radikal gʻoyalar ochiq koʻrinmasa-da, bu orqali “vijdon erkinligi” tushunchasini salbiy maʼnoda talqin qilib, musulmonlar orasida bahs-munozara qoʻzgʻashga urinayotgani koʻrinib turibdi.

Sodiq Samarqandiyning bu fikrlari nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga munosabatini, balki uning diniy qarashlardagi sharʼiy pozitsiyani ham koʻrsatib beradi. Uning fikrlarida “Vijdon erkinligi” tushunchasi toʻgʻri taʼrifdan chiqarilib, musulmonlar ichidagi fiqhiy ixtilof himoyasiga yoʻnaltirib koʻrsatilgan. Bu esa mazkur qonunning huquqiy va diniy mohiyatini buzib koʻrsatish deb qaraladi. Aslida, “Vijdon erkinligi” – ular oʻylaganidek, ibodatlarida ixtilofli amallarni qiluvchilarni himoya qilish kafolati emas, balki din tanlash va uni erkin amal qilish huquqidir. Bu haqda quyida navbati bilan toʻxtalamiz.

BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 18-moddasida: “Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga egadir. Bu huquq oʻz dini yoki eʼtiqodini oʻzgartirish, uni targʻib qilish, amal qilish va ibodatda erkinlikni oʻz ichiga oladi”[1], deb din erkinligi alohida taʼkidlab qoʻyilgan. “Vijdon erkinligi” – insonning din tanlash, uni erkin bajarish yoki umuman din tutmaslik huquqi boʻlib, bu huquq koʻplab islomiy davlatlar konstitutsiyalarida eʼtirof etilgan. Jumladan, Sodiq Samarqandiy istiqomat qilib turgan davlatning qonunlarida ham mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida 35-moddasida ham:  “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi,”[2] soʻzlari bilan koʻp millatli diyorimizdagi fuqarolarning diniy erkinligi kafolatlangan. Bu qonun musulmonlarning ham, boshqa din vakillarining ham diniy amallarini himoya qiladi.

Demak, “Vijdon erkinligi – insonning shaxsiy huquqi va kafolatidir. Islom ham bu huquqni eʼtirof etadi va hurmat qilishni buyuradi. Unga aralashish yoki uni buzish mutlaqo mumkin emas. Islom dinida ham, qonunchiligimizda ham vijdon erkinligi ibodatlardagi farʼiy amallar himoyasi emas, balki dinni tanlash, oʻz eʼtiqodini erkin amalga oshirish, zoʻrlash va tazyiqdan himoyalanish huquqi sifatida talqin qilinadi.

Musulmon kishi, ayniqsa olim kishi har bir narsadan illat qidirmay, uning jamiyat va musulmonlar uchun foydali tomonlarini ochiqlashda, jumladan, “Vijdon erkinligi” tushunchasini talqin qilish va izohlashda ham xolis boʻlishga harakat qilish kerak Sodiq Samarqandiyning fikrlari esa vijdon erkinligini notoʻgʻri talqin qilib, Qonunning ushbu moddasi oʻz ichiga olgan maʼno va maqsaddan boshqa maʼnoga burish, musulmonlarning eʼtiqodiga gumon bilan qarash va jamiyatda ixtilof uygʻotishdan boshqa narsa emas. Shu bois musulmon kishi bunday notoʻgʻri talqinlarga ergashmasligi, balki Qurʼon va sunnatda Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan vijdon erkinligi tamoyillarini toʻgʻri tushunib amal qilishi lozim.

Islomda “Vijdon erkinligi” masalasiga qaraydigan boʻlsak, dinimizda har bir insonning din tanlash va eʼtiqodda erkin boʻlish huquqi bor. Bu haqda Qurʼoni karimda ochiq aytilgan:

﴿لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ ۖ قَد تَّبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ ﴾

“Dinga zoʻrlab kiritish yoʻq. Albatta, toʻgʻri yoʻl adashgan yoʻldan ravshan ajralib turibdi”[3].

Ibn Kasir tafsirida bu oyatni: “Alloh Taolo dinni zoʻrlab qabul qildirishni harom qildi, chunki haqiqat va yoʻl ochiq-oydindir,”[4] deb tafsir qilgan..

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham boshqa din vakillariga dinlariga erkin amal qilish imkonini bergan. Masalan, Madinadagi musulmonlar bilan yahudiylar va nasorolar orasida tuzilgan “Vasiqatul Madina” (Madina shartnomasi)da har bir jamoaning oʻz diniga erkin amal qilish huquqi kafolatlangan[5].

Ibodat masalasida turli mazhablarning hukm olish boʻyicha oʻz uslubi mavjud. Masalan, rafʼul-yadayn (qoʻlni koʻtarish) masalasida ulamolar turlicha ijtihod qilgan. Ulamolar hukmi ixtilofli amallar masalasida musulmonlar orasida tortishishni, ayniqsa, bir-birini malomat qilishni man etgan. Bu haqda Imom Navaviy: “Ixtilofli masalalarda bir-birini ayblash yoki malomat qilish haromdir,”[6] degan.

Mujtahid faqihlar nazdida rafʼul yadayn (namoz ruknlari orasida ikki qoʻlni koʻtarish) amalini zavoid amallardan[7] boʻlib, bahs-munozaraga arzimaydigan ixtilofiy masala sifatida qabul qilingan[8]. Hanafiy ulamolar namoz orasida qoʻlni koʻtarmaslik (rafʼul yadayn qilmaslik)ka sahobalarning faqihlaridan bir qancha dalil keltirganlar:

عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه قال : أَلا أُصَلِّي بِكُمْ صَلاةَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ؟ فَصَلَّى فَلَمْ يَرْفَعْ يَدَيْهِ إِلا مَرَّةً .

Ummatning faqihi Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U: “Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozlarini oʻqib koʻrsataymi?” dedi va namoz oʻqib berdi. Qoʻlini faqat bir marta (namozga kirishda) koʻtardi. Imom Abu Dovud, Imom Termiziy (hadisning darajasini sahih va hasan hadis, deb aytgan), Ibn Qatton (hadisni sahih hadis, deb aytgan) va Doru Qutniy rivoyat qilgan.

عَنْ الْبَرَاءِ بن عازب أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا افْتَتَحَ الصَّلَاةَ رَفَعَ يَدَيْهِ إِلَى قَرِيبٍ مِنْ أُذُنَيْهِ ثُمَّ لَا يَعُودُ . رواه أبو داود (749)

Barro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirar vaqtda qoʻllarini quloqlariga qadar koʻtarar, soʻng bu amalni qayta takrorlamas edilar”. Imom Abu Dovud rivoyati.

عن علقمة أن بن مسعود رضي الله عنه قال : “ ألا أصلي بكم صلاة رسول الله صلى الله عليه و سلم ؟ قال : فصلى فلم يرفع يديه إلا في اول مرّة ” أخرجه أبو داود و الترمذي و النسائي .

Alqamadan rivoyat qilinadi: Ibn Masʼud roziyallohu anhu: “Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozlarini oʻqib koʻrsataymi?” dedi va namoz oʻqib berdi. Qoʻlini faqat namozni boshlanishida koʻtardi. Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati.

عن عبد الله ابن الزبير رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه و سلم كان إذا افتتح الصلاة رفع يديه في أول الصلاة ثم لم يرفعهما في شيء حتى يفرغ. فالحديث مرسل و لكن المرسل حجة عند الجمهور سيما إذا توبع بحديث أخر

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga shuruʼ qilsalar namoz avvalida ikki qoʻllarini koʻtarar, soʻng to namozdan forigʻ boʻlgunlariga qadar ularni hech qaysi oʻrinda koʻtarmas edilar”. Bu hadis mursal boʻlsa-da, jumhur ulamolar nazdida hujjat sifatida olinadigan hadislar qatoriga kiradi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ibodatda ixtilofli boʻlgan amallarni qilgan (yoki qilmagan) sahobalarni “Sen kofir boʻlding, falon boʻlding”, deb ayblamaganlar. Aksincha, ularga islomdagi ayrim amallar tortishishga arzimasligini, bunday amallarni koʻtarib chiqib, musulmonlar orasida ixtilofga sabab boʻlmaslikni yaxshi soʻzlar bilan tushuntirib berganlar. Ammo rafʼul-yadayn amalini qilayotganlarni u zot tiriklik vaqtidayoq malomatladilar:

عن جابر بن سمرة قال : خرج علينا رسول الله صلى الله عليه و سلم فقال : “ ما لي أراكم رافعي أيديكم كأنها أذناب خيل شمس ( لا تستقر ) اسكنوا في الصلاة ” أخرجه مسلم في الصلاة .و قد استدلّ بهذا الحديث بن القصار على المنع من رفع الأيدي في الصلاة جملة .

Jobir ibn Sumra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bizni oldimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib: “Menga nima boʻldiki, sizlarni qoʻllaringizni (bir joyda qimirlamay turaolmaydigan) otning dumi kabi koʻrayapman!? Namozda sokin boʻlinglar!” dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Hanafiylar dalil keltirgani kabi shofeʼiylar ham rafʼul yadayn amalini qilishga dalil keltirishadi. Ammo unutmaslik kerak, aksar ulamolar nazdida, Imom Shofeʼ Imom Abu Hanifa olmagan amallarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida bir marta boʻlsa ham qilgan sunnat amali boʻlgani uchun, garchi u mansux boʻlsa ham, yoʻqolib ketishidan xavf qilib olganlar.

(davomi bor)

[1] United Nations, The Universal Declaration of Human Rights((UDHR), Article 18.
[2] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 35-modda.
[3] Qurʼoni karim. Baqara surasi, 256-oyat.
[4] Ibn Kasir. “Tafsir al-Qurʼan al-Azim”, Baqara surasi, 256-oyat izohi.
[5] Muhammad Hamidulla. “al-Vasiqa” (Madina Shartnomasi) matni.
[6] Imom Navaviy. “Sharhu “Sahihi Muslim””, 1-jild.
[7] Zavoid amallar – Zavoid sunnatlar – tark qilish makruh boʻlmagan sunnatlar. Bu sunnatlarni bajarish yaxshi  lekin,  tark qilish yomonlikka sabab boʻlmaydi. Ulamolar bu kabi sunnatlarga kiyimlarni oʻng tomondan kiyish, oʻng qoʻl bilan taomlanish kabilarni, ibodatlarda rafʼul yadayn kabi amallarni misol qiladilar.
Hanafiy fiqhida muhim oʻrin tutgan “Sharhul viqoya” kitobida bu borada quyidagi fikrlar mavjud: “Sunnat Nabiy sollallohu alayhi vasallam baʼzi paytlar tark qilib qolgan vaqtlarda doimiy bajargan amallaridir. Agar bu amallar ibodat tarzida boʻlsa ular sunanul hudadir. Agar odat tarzida bajarilgan boʻlsa ular zavoid sunnatlardir”.
Zavoid sunnatlar ham mustahab maʼnosidagi amallardir. Biroq farqi shundaki mustahab amallar ulamolar yaxshi deb bilgan ishlardir. Sunnatlar esa Paygʻambarimizning odatlaridir. https://oliymahad.uz/12129
[8] Imom Buxoriy. Sahih al-Buxoriy. Kitob al-Azan, Bobu rafʼul-yadayn.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XIX ASR IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIGA OID SAMARQAND TARIXINING XORIJIY MAMLAKATLAR TARIXSHUNOSLIGIDA YORITILISHI

Samarqand tarixi xorijiy mamlakatlar tarixshunosligida ham o‘rganilgan. G‘arb va Sharq tarixchi olimlari va sayohatchilari Samarqandning …