Samarqand tarixi xorijiy mamlakatlar tarixshunosligida ham o‘rganilgan. G‘arb va Sharq tarixchi olimlari va sayohatchilari Samarqandning XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga oid maʼlumotlarni keltirgan. Samarqandning Rossiya imperiyasi bosqini davri tarixi G‘arbiy Yevropa tarixshunosligida ham tasniflangan. Shu sababdan, hozirgi kunda ushbu masalani chuqur tadqiq etish va uni tizimli yoritish asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Mazkur maqolani tayyorlashda umumqabul qilingan tarixiy metodlar – ilmiylik, xolislik, tarixiylik, qiyosiy-manbaviy tahlil va ketma-ketlik tamoyillariga amal qilindi.
Samarqand insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy markazlaridan biri boʻlib, jahon madaniyati va fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan. Darhaqiqat, Samarqand Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilganidan soʻng dunyoning taniqli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlarida uning tarixi, madaniyati va taʼlim tizimini keng koʻlamda oʻrganishga qiziqish boshlangan.
Varvara Duxovskaya oʻzining asarida yozishicha, quruqlikda yoʻllarning yomonligi Moskva yoki Peterburgdan Toshkentga borish Londondan Kalkuttagacha boʻlgandan koʻra ancha koʻproq vaqt talab qilgan [17:5]
Ammo, 1888-yilda Samarqandgacha boʻlgan Transkaspiy liniyasi qurib bitkazilgach, ushbu hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalar ancha jadallashgan. N.A.Mayev oʻz asarida: “Transkaspiy temir yoʻlining 1888-yilda Samarqandgacha kelishi bilan shahar birmuncha vaqt Rossiya Turkistonidagi eng joʻshqin shaharga aylangan” degan soʻzlarni keltirib oʻtgani ham yuqoridagi fikrimizning isbotidir [13:214].
1888-yilda Hindiston vitse-qiroli Jorj Kurzon yangi qurib bitkazilgan Transkaspiy temir yoʻli boʻylab Rossiya Turkistoni orqali Samarqandga ekspeditsiya uyushtirgach [6:12], yevropalik tarixchi va sayyohlarning Samarqandga kelishi tezlashgan.
Bu davrda Samarqand tarixini oʻrganishga ingliz, fransuz va nemis tarixchi olimlari va sayohatchilari – Jon Vesley Bukvolter, Demetriy Charlz Balgar, Uilyam Elroy Kyortis, Jorj Dobson, Ingeborg Baldauf, Bonvalot Per Gabriel, Genri Lansdell, Aleksandr Leman, Genri Norman, Vulrix Perovne, Izabella Mari Fibbs, Shubert fon Zoldern, Maks fon Proskovets, Armeniy Vamberilar katta hissa qoʻshgan. Ular Samarqandning oʻtmish tarixi va meʼmoriy obidalarining bunyod etilishi haqida koʻplab biografiya va monografiyalar yozgan [2:67].
Morrison oʻzining asarida 1886-yildan keyin Samarqand viloyati (Samarqand oblasti) Rossiya Turkistoni boʻlinmalari ichida eng kichik va aholi eng zich joylashgani boʻlib, bu hududdagi arxiv maʼlumotlari boshqa joylarga nisbatan koʻproq boʻlgan [2:2].
Bu imperiya tarixiga oid asar boʻlib, asosiy eʼtibor Rossiya imperiyasining Samarqanddagi tuzilmalari, mafkuralari va qadrlariga qaratilgan.
Morrisonning asarida Samarqand shahrining imperatorlik davridagi tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan oʻzgarishi haqidagi farazlar koʻrib chiqilgan. Zarafshon vodiysida koʻchmanchilar nisbatan kam boʻlgan va ular oʻtroq xalqlarga nisbatan imperatorlik tuzumi bilan ancha farqli munosabatda boʻlgan [2:3].
Morrisonning taʼkidlashicha, mustamlakachilik davridagi Samarqand viloyatining tarixini toʻliq ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan oʻrganish uchun sharq tillaridagi manbalardan foydalanish talab etilgan. Morrison V.V.Krestovskiyning “В гоcтях у Эмира Бухарcкого” asaridagi general-gubernator fon Kaufmanning “Samarqand – Oʻrta Osiyo Moskvasidir” [2:21] degan fikrini keltirib oʻtish orqali Samarqandning bosib olinishi ruslar uchun alohida ahamiyatga ega boʻlganini taʼkidlagan. Lansdell kitobining sarlavhasida ham “Rossiya Oʻrta Osiyosi”ning markazi Samarqand shahri ekani nazarda tutilgan [7:42].
XIX asrning 60-70-yillarida Samarqandda Rossiya hukmronligi oʻrnatildi. Rossiya Samarqandni qurol, qaqshatqich urush yordamida bosib oldi va oʻzining vassaliga aylantirdi. Samarqandda toʻlaligicha mustamlakachilik siyosati oʻrnatilib, iqtisod, madaniyat ham shunga boʻysundirildi. Lekin boshqa sharq mamlakatlarida boʻlib oʻtayotgan maʼrifatparvarlik va mustamlakachilikka qarshi harakatlar taʼsirida Samarqandda ham Rossiya imperiyasi mustamlakachilari xohishiga zid holda Mahmudxoʻja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Siddiqiy Ajziy kabi ma’rifatparvarlar o‘lka aholisini ilmli qilishga harakat qildi. Asta-sekin undan maʼrifiy masalalar bilan birga, siyosiy masalalarni ham olgʻa sura boshlagan jadidlik harakati kelib chiqdi.
Samarqand shahridagi jadidlar harakati mavjud tuzum uchun xavfli kuchga aylanib borgan. Rossiya imperiyasi oʻlkada olib borgan siyosatining mazmuni va mohiyati mahalliy xalqni uning milliy, tarixiy ildizidan uzib tashlash, xalqning ma’naviy, madaniy, tarixiy merosini yoʻq qilishdan iborat boʻlgan. Mustamlakachilar “Millatni yoʻq qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyati, sanʼati va tilini yoʻq qilsang bas, tez orada oʻzi tanazzulga uchraydi” degan fikrni ilgari surgan va unga og‘ishmay amal qilgan [12:132].
Samarqandda ana shunday yovuz qarashlarga mos siyosat va amaliyot yuritildi. Samarqandning noyob tarixiy, maʼnaviy, madaniy boyliklari talon-toroj qilindi. Shaharning maʼnaviy-madaniy hayotini aks ettiruvchi oltin, kumush, misdan yasalgan qimmatbaho yodgorliklar, arxiv hujjatlari, qoʻlyozma va boshqa tarixiy boyliklar Moskva va Peterburgga tashib ketildi [4:7].
Masjid va madrasalar oyoq osti qilindi. Aholini ruslashtirishga alohida eʼtibor berildi. Mustamlakachilik siyosati oʻlkaning madaniy-maʼrifiy hayotini cheklab, oʻz manfaatlariga boʻysundiruvchi yoʻl tutdi. Rossiya imperiyasi buyuk davlatchilik gʻoyalarini Samarqandga zoʻrlik bilan joriy etdi, milliy madaniyat va maʼnaviy qadriyatlarni toptadi [19:91].
Bu esa oʻlkaning iqtisodiy, maʼnaviy-madaniy taraqqiyotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatdi, mahalliy aholining nafaqat turmush darajasi pasayishiga, balki maʼnaviy-madaniy jihatdan inqirozga yuz tutishiga sabab boʻldi. Demetriy Charlz Balgar o‘zining 1879-yilda nashr etilgan “England and Russia in Central Asia” nomli asarida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Oʻrta Osiyoning qadimiy poytaxti, bugungi Londondek dunyo ishlarida kuch va taʼsir manbasi bo‘lgan, arxitekturasi va me’moriy obidalarining hashamati jihatdan Parij va Venadagi binolarni ortda qoldiradigan, akademiyasi va taʼlim jarayonlarining oliyligi bilan Afina akademiyasi bilan tenglasha oladigan, diniy mavqeyi boʻyicha Rimdan ham ustun turuvchi Samarqand Rossiya imperiyasi bosqinidan keyin aholisi ham tanimaydigan shaharga aylanib qolgan edi [4:8].
XIX asrda Registon bozor bilan oʻralgan boʻlib, bir nechta madrasa, Amir Temur qabri, uning xotini maqbarasi va bitta ajoyib masjiddan iborat boʻlgan. Registon maydoniga tavsif berishda quyidagicha soʻzlar keltirib oʻtilgan: “Forsning Arsloni va quyoshi sirlangan Sherdor madrasasi Registonning sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, oltin qoplama bilan qoplangan Tillakori nomi bilan mashhur madrasa shimolda joylashgan” [8:320].
Samarqandda XIX asr oxirlarida oʻnlab madrasa va mahalliy maktablar mavjud boʻlib, ularning baʼzilari koʻp yuzlab talabalarni oʻz ichiga olgan. Binolar ikki yoki uch qavatli boʻlib, toʻrtburchakli makonni eslatar, unda talabalar ham yashab, ham dars tayyorlagan. Ushbu xususiyati bilan Samarqand madrasa va maktablari ingliz universitetlari va kollejlariga juda oʻxshardi. Shubhasiz, Samarqandning asrlar davomida davrning oʻta murakkab bosqichlarida izchil rivojlanib, jaholat toʻsiqlarini yengib, yuksak ilm-maʼrifat maskaniga aylanganini tom maʼnoda jasorat namunasi deyish mumkin.
Normanning keltirib oʻtgan maʼlumotlarining isboti sifatida shuni aytish mumkinki, XIX asrda Samarqand shahri va uning atroflarida jami 22 ta bozor, jumladan, shaharning shimoliy qismida bitta ot bozori mavjud boʻlgan [8:212].
Samarqandning Registon qismida turli yoʻnalishlarga boradigan boshqa bozor koʻchalari mavjud boʻlib, ularning baʼzilarida haligacha eski toshdan qurilgan karvonsaroylar boʻlsa, boshqa binolar butunlay yangi yogʻochlardan qurilgan [14:51].
Perovne oʻzining asarida XIX asrda Amir Temur maqbarasidan pastroqda odamlar bilan toʻlgan bozor faoliyat olib borishini yozgan [20:158].
Bu davrda Samarqand shahrida paxta, ipak, bugʻdoy va sholi, shuningdek, pichoq, meva, ot, qoʻy va xachirlar savdosi bilan shugʻullanuvchi bozorlar boʻlgan. Bugʻdoy, guruch va ipak asosan Buxoroga eksport qilingan boʻlsa, paxta Toshkent orqali Rossiyaga joʻnatilgan [7:604].
Lansdell oʻz asarida Samarqandda Temur qabri yonida joylashgan manzilgoh Shohi-Zinda masjidi ekanini, Leman va Xanikov oʻz asarlarida bu joyni Amir Temurning yozgi saroyi deb ataganini yozgan. Ammo Fedchenko va Lansdell aniq dalil yoʻqligi tufayli bu fikrga qarshi chiqqan [7:571].
Norman o‘z tadqiqotida Amir Temur qurdirgan binolar mustahkam bunyod etilgani, ular zamonlar osha o‘z haybati va chiroyini saqlab kelgani va shu sababdan eng ulug‘vor me’moriy san’at namunasi ekanini qayd etgan. Shuningdek, u Sohibqiron qurdirgan har bir bino xomashyosi, uslubi va nomlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan [8:328].
Leman XV asrda Samarqand mashhur savdogarlar qarorgohi boʻlganini taʼkidlab, Rossiya va Tataristondan teri, moʻyna va asalarilar, Kataydan (Xitoy) ipak, mushk, marvarid, qimmatbaho toshlar va ravon (silliq qayroqtosh) olib kelinganini aytib oʻtgan. Samarqanddan Kambalugacha (Pekin) boʻlgan sayohat 6 oy davom etgan [1:25].
Gʻarbiy yevropalik tarixchi va sayyohlarning Samarqand tarixiga qiziqishi Temuriylar davridagi ijtimoiy-iqtisodiy tarix mavzusidan boshlanib, Rossiya bosqini davridagi Samarqand tarixining oʻrganilishigacha boʻlgan tadqiqot doirasini tashkil qilgan. Sharqshunos Armeniy Vamberi oʻzining asarida XIX asrda Samarqandda bozor va karvonsaroy, shu jumladan, hojilar uchun tekinga beriladigan yotoqxonalar borligini taʼkidlagan.
Vamberi Amir Temur qabri yonidagi xususiy uyda yashab, Samarqand toʻgʻrisida maʼlumot toʻplagan. Samarqanddagi eng diqqatga sazovor joy Shohi Zinda majmuasi boʻlib, bu joy shaharning shimoli-gʻarbida, Amir Temurga yozgi qarorgoh sifatida xizmat qilgan bino yonida joylashgan. Amir Temur qabri esa janubi-gʻarbiy tomonda joylashgan boʻlib, u ajoyib gumbaz bilan qoplangan va devor bilan oʻralgan boʻlgan. Bundan tashqari, Vamberi XV-XIX asrlarda Samarqandda mavjud boʻlgan uchta madrasa asosan ochiq osmon ostida joylashgan va Samarqand Registonini tashkil qilganini ham taʼkidlab oʻtgan [3:203-211].
Bu davrda Samarqandda Choʻpon ota masjidi va maqbarasi boʻlib, uning gumbazi moviy-firuza rangli emal bilan qoplangani ham taʼkidlab oʻtilgan [20:169].
Lemanning fikricha, Choʻpon otadan Samarqandga qaralganida shahar katta toʻqayzorga oʻxshaydi. Unda madrasalar va rang-barang minoralar ajoyib koʻrinadi [1:152].
Vamberi maʼlumotlariga koʻra, Dahbed goʻzal ziyoratgoh va dam olish maskani boʻlgan. Ushbu majmua Samarqanddan uzoqda, Zarafshon daryosining narigi tomonida joylashgan va Maxdumi Aʼzam avlodlari yashaydigan hamda shu yerda dafn etiladigan majmua hisoblangan [3:214].
XIX asrga kelganda Samarqanddan tashqarida joylashgan yodgorliklardan eng muhimi rus kvartalidan janubi-gʻarbiy yoʻnalishda, taxminan 4 farsax uzoqlikda joylashgan Xoja Ahror maqbarasi va madrasasi hisoblangan. Xoʻja Ahror madrasasi atrofida ushbu davrda Namozgoh masjidi ham boʻlib, uning gumbazi qulab tushgan vayrona holatda boʻlgan [14:52-55].
Dastlab rus qoʻshinlari oʻlkani birin-ketin bosib olib, shaharlardagi koʻplab meʼmoriy obidalarga ham katta zarar yetkazgan. Bu holat Samarqandni ham chetlab oʻtmadi. 1868-yil 1-mayda Samarqand yaqinidagi Choʻpon ota tepaligida rus podshosi qoʻshinlari bilan samarqandliklar oʻrtasida qattiq jang boʻlib oʻtgan. Samarqandliklar shaharni bosqinchilardan mardonavor himoya qilgan [19:228].
1868-yil Podsho Rossiyasi qoʻshinlari Samarqandni qamal qilganda Bibixonim jome masjidi toʻp oʻqidan vayron boʻlgan. Ammo Rossiya imperiyasi davrida Samarqand koʻchalarida kafelar, choyxonalar, muzqaymoqxonalar, kitob doʻkonlari, restoranlar, dorixonalar, zargarlik buyumlari doʻkonlari, sartaroshxonalar, fotogalereyalar, oziq-ovqat doʻkonlari, goʻsht bozorlari va boshqa zamonaviy joylar bunyod etilgan. Shahardagi oʻtmish yodgorliklarini oʻrganishda Turkiston havaskor arxeologlar toʻgaragining xizmati kattadir. Ushbu tashkilot Toshkentda 1895-yildan 1917-yilgacha faoliyat olib borgan [11:514-515].
Morrisonning taʼkidlashicha, 1868-yilda Samarqand shahar aholisi fon Kaufmanga maktub yoʻllab, ruslar shaharni egallab olishini, amir shahar mudofaasiga masʼul etib tayinlagan qoʻmondon Shir Ali Inoq shafqatsizliklariga chek qoʻyishini soʻragan. Fon Kaufman shaharga kirib kelganida, shahar oqsoqollari uni hurmat va ehtirom ila kutib olgani sababli shahar aholisi bir yillik soliqdan ozod qilingan [2:22].
Demetriy Charlz Balgarning soʻzlariga koʻra, general-gubernator fon Kaufman Samarqand qozikaloniga maktub yoʻllab, shaharning oʻz ixtiyori bilan taslim boʻlishini talab qilgan. Shundan soʻng Samarqand shahar aholisi rus qoʻshinlariga darvozalarni ochib bergan [4:180].
Ammo oʻsha vaqtda Samarqandda boʻlgan rassom V.Vereshchagin oʻz asarida Samarqand egallab olingach, fon Kaufman bunday qaror chiqarmaganini va shahar aholisi general-gubernatorni laʼnatlaganini yozib qoldirgan [18:12].
Normanning soʻzlarini isbotlovchi dalil deb olsak, XIX asrda Samarqand aholisi sartlar deyilgan. Sartlar shaharlik va savdogar odamlar boʻlib, Rossiya imperiyasi tuzumiga mutlaqo boʻysunmagan [8:297].
Hattoki, Genri Lansdell ham o‘z asarida 1868-yil 14-iyulda Buxoro amiri Kattaqoʻrgʻon yaqinidagi Zirabuloq mavzesida fon Kaufmanga qarshi kurashganini va amirni ruslar butunlay magʻlubiyatga uchratganini keltirib oʻtgan [7:625]. Shubhasiz, Samarqand uchun kechgan milliy-ozodlik janglarini inobatga olsak, fon Kaufmanning shaharga ziyon-zahmatsiz kelgani haqidagi xabarlar mutlaqo asossizdir.
Morrison Samarqanddagi ruslar tomonidan qurdirilgan tarixiy inshootlari haqida yozar ekan, bu yerda Ofitserlar klubi, oltin yulduzlar bilan bezatilgan koʻk gumbazli yogʻoch cherkov (1898-yilda gʻishtdan qayta tiklangan) va okrug gubernatorining qarorgohi boʻlgan uzun, pastak oq bungalo (bugungi kunda Samarqand shahar hokimligi joylashgan) boʻlganini hamda ushbu binolar Amir Temur maqbarasigacha choʻzilgan Abramovskiy bulvarida joylashganini taʼkidlab oʻtgan [2:26].
Norman oʻz asarida XIX asrda gubernator qarorgohi Samarqanddagi bir necha gektar maydonni egallagan toʻrtburchak devorli bogʻning oʻrtasida joylashgan katta va keng bino ekanini bayon qilgan [8:334].
Bundan tashqari, Lansdell XIX asrda Samarqandda harbiy kasalxona ham faoliyat olib borganini va bu muassasa gubernator qarorgohining orqa tomonida joylashganini taʼkidlab oʻtgan [7:596]. Ushbu ma’lumot haqqoniyligini Vulrix Perovne ham o‘zining “Markaziy Osiyodagi rus mezbonlari va ingliz mehmonlari” nomli asarida keltirib o‘tgan [20:167].
Stupakovning taʼkidlashicha, ushbu inshootlar bilan bir qatorda 1898-1899-yillarda Samarqandda 111 ta zavod mavjud boʻlib, ularda atigi 1718 ishchi ishlagan [16:10]. Ularning uchdan bir qismi paxta tozalash korxonalari boʻlsa, qolgani asosan oziq-ovqat va spirtli ichimliklar ishlab chiqaradigan zavodlar boʻlgan [16:45]. Ushbu davrda shahardagi spirtli ichimliklar ishlab chiqaradigan zavodlardan eng mashhurlari Otto Bogau pivo zavodi va Filatov aroq zavodi hisoblangan [16:131].
Samarqandda inshootlar va meʼmoriy obidalardan tashqari Samarqand militsiyasi boshligʻi tomonidan homiylikka olingan mehribonlik uyi ham boʻlganini va u joyda oʻgʻil bolalar 7 yoshgacha, qizlar esa turmushga chiqquniga qadar tarbiyalanganini yozib qoldirgan [20:161-162]. Izabella Mari Fibbs ham XIX asrda Samarqandda yetim va kambagʻallarga yordam beradigan mehribonlik uylari faoliyat olib borgani haqida ma’lumot bergan [10:200].
Perovnening fikricha, Samarqandda tarixiy muzey ham boʻlib, u shahar cherkovining yonida joylashgan. Bundan tashqari, bu davrda Samarqandda ipak va jun fabrikalari ham faoliyat olib borgan. Xuddi Tiflisda boʻlganidek, Samarqandda ham sharob tayyorlash jarayoni aʼlo tarzda olib borilishini aytib oʻtgan. Samarqandda ilmiy jihatdan vino tayyorlaydigan katta-katta gʻorlarni koʻrganini oʻz asarida taʼkidlagan [20:163-164].
1917-yildagi siyosiy voqealar Samarqanddagi tarixiy yodgorliklarni oʻrganish jarayonini toʻxtatib qoʻydi. 1920-yilga kelib, Toshkentda Oʻrta Osiyo yodgorliklarini oʻrganish va asrash qoʻmitasi tashkil etildi. Buning uchun markazdan mutaxassislar jalb etilgan. 1920-yil oʻlkadagi tarixiy yodgorliklarni himoya qilish va muzey ishlari boʻyicha Turkiston qoʻmitasi tuzildi [19:234].
Qoʻmita tashkil topgan ilk yillarda asosiy eʼtiborini tarixiy yodgorliklarga boy Samarqandga qaratgan edi. Samarqand yodgorliklarini oʻrganish Turkistonni ruslar tomonidan bosib olingan vaqtdan boshlangan. Podsho hukumati davrida bu yerdagi yodgorliklar arxeologik komissiya roʻyxatida turgan. Dastlab ularni taʼmirlash vaqf mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan [15:67].
Yodgorliklarni himoya qilish mutavalli va u yerda ishlovchi kishilar zimmasida boʻlgan. Vaqf mulklarining tugatilishi va moddiy yetishmovchiliklar tufayli ularni muhofaza qilish ishlari sustlashgan va yodgorliklar ta’mirtalab holga kelgan. 1919-yil boshlarida Samarqandda yodgorliklarni vayron boʻlishdan muhofaza qilish va qayta tiklash boʻyicha maxsus kengash chaqirilgan. Mablagʻ va xom ashyoning yetishmasligi sababli taʼmirlash ishlari bajarilmay qolgan [9:112].
1920-yil Samarqanddagi meʼmoriy yodgorliklarni muhofaza qilish masalasi yana koʻtarilgan. Shundan soʻng Samarqandda yodgorliklarni muhofaza qilish, taʼmirlash boʻyicha maxsus qoʻmita tuzilgan. Qoʻmita Samarqanddagi yodgorliklarni koʻzdan kechirganidan soʻng, ularni ikki guruhga boʻlgan: 1) Vayron qilingan; 2) Saqlab qolish va taʼmirlanishi mumkin boʻlgan yodgorliklar [9:113].
Samarqand qoʻmitasi oʻz faoliyatining birinchi yilida halokat yoqasida turgan yodgorliklarni taʼmirlashga ahamiyat qaratdi. Bunda asosiy eʼtibor yodgorliklar tomini taʼmirlashga qaratilgan. Dastlab gʻisht, alebastr yoki boshqa aralashmalar yordamida yopilgan yodgorliklar usti yorilib, chang va loyqaga toʻlgan. Bu yerdan oʻsimliklar oʻsib chiqib, ularning ildizi gʻishtlarga taʼsir etgan va yomgʻir suvining ichkariga kirishiga imkon yaratgan. Tomlarni ixcham usulda yopish masalasi Samarqand qoʻmitasi va Moskva yodgorliklarni qayta tiklash qoʻmitasida koʻrib chiqilgan [5:149].
Bu masalani muhokama qilish jarayonida tomni yopishning uch usuli ilgari surilgan: 1) Eng yuqori qismini alebastr qorishmasi bilan qoplash; 2) Yupqa temir-beton plitalar bilan yopish; 3) Tomni kuchli ishqoriy aralashmalar yordamida berkitish. Bunday ishlarni amalda sinab koʻrish uchun Tillakori madrasasining tomi tanlangan. Bu yodgorlikdagi taʼmirlash ishlarida quyidagi ishlar amalga oshirilgan: masjidning chap qanot yuqori qismi qayta tiklangan, qishki va ayrim hujralar, mehrob kapital taʼmirdan chiqarilgan [5:150].
Soʻzimiz yakunida, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Samarqand vohasidagi meʼmoriy yodgorliklar oʻsha davr rus va ingliz tadqiqotchi olimlari tomonidan oʻrganilganini va ular tahlil qilinganini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Obidalar ustida olib boriladigan ishlar oʻsha davr mahalliy roʻznomalari va toʻplamlarida nashr etib borilgan. Mustamlaka davridagi Samarqand tarixi va meʼmoriy yodgorliklarning Gʻarbiy Yevropa olimlari tomonidan haqqoniy oʻrganilishi natijasida ilmiy-tarixiy maʼlumot va manbalar toʻplangan.
Angliya, Fransiya, Germaniya va boshqa Gʻarbiy Yevropa mamlakatlaridan kelgan tarixchi va sayyohlar Samarqand tarixi manbashunosligi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Ular Gʻarb tarixshunosligi va manbashunosligiga salmoqli oʻzgarishlar kiritdi. Nemis va fransuz manbashunoslik va tarixshunoslik maktabidan yetishib chiqqan sharqshunos olimlar tadqiqotlari XV-XIX asrlardagi Samarqand tarixini ilmiy jamoatchilikka yetkazishda katta rol o‘ynadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ushbu manbalarni tadqiq etish boshlandi. Bu esa, o‘z navbatida, Samarqand shahri va unda joylashgan me’moriy obidalar tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
-
Alexander Lehmann. Reise nach Buchara und Samarkand. – Petersburg, 1852.
-
Alexander Morrison. Russian rule in Samarkand 1868-1910. – New York: Oxford University Press, 2008.
-
Armenius Vambery. Travels in Central Asia. – London, 1864.
-
Demetrius C. Boulger. England and Russia in Central Asia. Volume 1. – London, 1879.
-
George Dobson. Russiaʼs railway advance into Central Asia. – London: W.H.Allen & Co., 1890.
-
George Nataniel Curzon. Russia in Central Asia in 1889. – London: Longmans, Green & Co., 1889.
-
Henry Lansdell. Russian Central Asia. Volume 1. – London, 1883.
-
Henry Norman. All the Russias travels and studies in contemporary European Russia, Finland, Siberia, the Caucasus and Central Asia. – London: William Heinemann, 1902.
-
Ingeborg Baldauf. Some thoughts on the formation of the Uzbek nation. – Berlin, 1991.
-
Isabelle Mary Phibbs. A visit to the Russians in Central Asia. – London, 1899.
-
John Wesley Bookwalter. Siberia and Central Asia. – Springfield, Ohio: 1899.
-
Karimov I.A. Biz kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan quramiz. Tanlangan asarlar // 9 jildlik. VII jild. – Toshkent, 1999.
-
Mayev N.A. Grand opening of the Samarkand section of the Trans-Caspian Railway. – Moscow, 1888.
-
Schubert von Soldern. Die Baudenkmale von Samarkand. – Vena, 1898.
-
Stephen Graham. Through Russian Central Asia. – London, New York, Toronto and Melburn: 1916.
-
Stupakov I.E. Address directory of the Turkestan region. – Tashkent, 1910.
-
Varvara Dukhovskaya. Turkestan Memories. – SPb, 1913.
-
Vereshchagin V.V. At War in Asia and Europe. Artist’s Memories. – Moscow: 1894.
-
William Eleroy Curtis. Turkestan: The Heart of Asia. Copyright by G.H.Doran Comp. – New York: 1911.
-
Woolrych Perowne. Russia Hosts and English Guests in Central Asia. – London, 1898.