Hanafiy mazhabi olimlari roviyning xabarini qabul qilish uchun unda toʻrtta: oqillik, zehni yaxshi boʻlishi, musulmonligi va adolatlilik sifatlari topilishini shart qilib qoʻygan. Bu toʻrt sifat muhaddislar aytgan ikki shart: adolat va zehni yaxshi boʻlishiga borib taqaladi. Muhaddislarga koʻra, zehni zoʻr boʻlishni xuddi musulmon boʻlmagan kishidan din borasida adolatni talab qilib boʻlmaganidek aqlsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Adolat dinda toʻgʻrilik bilan izohlanadi, shunday ekan musulmon boʻlmagan kishidan bu narsani talab qilish mantiqsizlik hisoblanadi. Hanafiy olimlari esa, aql va zehn, adolat bilan musulmonlik oʻrtasidagi farqni ajratib, oqillik zehni yaxshi boʻlishini keltirib chiqarmaydi yoki musulmon boʻlish adolatlilikni lozim qilmaydi deb, ushbu toʻrtta sifatni alohida-alohida shart qilib qoʻygan. Masalaning tub mohiyatini anglash uchun hanafiy mazhabi olimlari bildirgan fikr va asoslarini oʻrganib chiqish kerak.
Hanafiy mazhabi olimlarining hadis ilmi borasidagi istilohlari, usul al-hadis qoidalari va ularning hadislardan dalil sifatida keltirishdagi oʻrnini oʻrganish boʻyicha yurtimiz olimlari tomonidan bir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. Jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mustalahul hadis” kitobi, D.Rahimjonovning “Abu Hafs Nasafiyning “Kitob al-qand fi maʼrifat ulamo Samarqand” asari – Samarqandda hadis ilmi tarixi boʻyicha muhim manba”, D.Murotovning “Abdulloh Subazmuniyning “Kashf al-osor” asari hadis ilmiga oid manba” nomli tadqiqotlar, H.Aminov, H.Abiyev va M.Ismoilovning “Sharh Sunan Termiziy” va J.Hamroqulovning “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy” nomli kitoblari, J.Choʻtmatovning 2016-yilda “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy jurnalida e’lon qilingan “Abu Hanifaning termizlik shogirdi” nomli maqolasi va boshqa adabiyotlarda hadis ilmi va undagi istilohlar haqida umumiy maʼlumotlar berilgan. Yurtimizda mustalah al-hadis va usul al-hadisga doir istiloh hamda qoidalarni oʻrganish borasida bir qancha ilmiy ishlar amalga oshirilgan. Shunday boʻlsa-da, ularda mualliflar jumhur olimlarning qoida va asoslarini yoritish bilangina cheklangan. Ushbu maqolada hadis rivoyat qiluvchi kishiga hanafiy mazhabi olimlari tomonidan qoʻyilgan shartlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Koʻpchilik hanafiy olimlari nazdida ohod xabar roviysiga qoʻyilgan shartlar toʻrtta: oqillik, musulmon boʻlish, zobt[1] va adolat.
Birinchi shart – oqillik, lugʻaviy jihatdan aql bu – cheklov (oxiri yoʻq behuda his-tuygʻularga chek qoʻyadi) va idrok, ahmoqlikning aksi va bir xabarda: bilim deb kelgan [20:18]. Istilohda: “U bilan boshlanadigan yoʻlni yoritib turuvchi nur. Chunki u bor joyda oxiri yoʻq his-tuygʻular toʻxtaydi va qalbdan istalgan narsa boshlanadi. Qalb ham undan talab qilingan narsani Allohning marhamati bilan tafakkur qilib anglab yetadi” [12:165], deb taʼrif berishgan. Yaʼni aql kishida ilm olish, turli masalada fikr yuritish, idrok qila olish imkonini beruvchi hissiy quvvat hisoblanadi.
Aql ikki qismga boʻlinadi: komil va noqis. Ohod xabar roviysiga shart qilingan oqillik komil aqldir. Komil aql – boligʻ[2] boʻlishdir. Aql insonda sekin-asta paydo boʻladi. Aql kamolotning haqiqiy mezonini aniqlash imkonsiz, u Alloh taoloning ilmi doirasidagi ishdir. Aql xilma-xil boʻlib, ular orasidagi farqni ajratib berish qiyin. Shu sababdan shariat kishilarga oqillikni aniqlay olish uchun zohiriy sabab boʻlmish balogʻatni chegara qilib qoʻydi. Oqil deb hisoblanish uchun balogʻat shartdir. Shuning uchun baʼzi hanafiy manbalarida aql emas, balki uning oʻrniga balogʻat sharti keltirilgan. Shuning uchun balogʻatga yetmagan bolaning qilgan rivoyati qabul qilinmaydi.
Olimlar balogʻat – tahammul[3] emas, balki ado[4] paytida shart qilinishiga ijmo qilishgan. Yaʼni bola balogʻatga yetishidan oldin bir xabarni eshitsa va balogʻatga yetgandan soʻng uni rivoyat qilsa, uning xabari barcha olimlar nazdida qabul qilinadi. Bu masala quyidagi ikki dalil bilan isbotlanadi:
Birinchi dalil, ijmo: sahobalar, tobeinlar va tabaa tobeinlar shu kungacha kichik yoshdagi sahobalar rivoyatini qabul qilishga ittifoq qilgan. Masalan: Abdulloh ibn Abbos (r.a.) hijratdan uch yil avval tugʻilgan, Rasululloh (s.a.v) vafot etganlarida oʻn uch yoshda [18:67] boʻlgan; Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) hijriy 1 yilda [19:78] tugʻilgan. Muhojirlardan Madinada dunyoga kelgan birinchi bola hisoblanadi. Rasululloh (s.a.v) vafot etganlarida oʻn yoshda edi; Noʻʼmon ibn Bashir (r.a.) hijriy ikkinchi yilda [21:122] tavallud topgan. Rasululloh (s.a.v) vafot etgan kuni sakkiz yoshda boʻlgan. Bular eng yosh sahobalardan boʻlib, olimlar ular rivoyat qilgan hadislarni balogʻatga yetgunga qadar eshitgan yoki balogʻatga yetgandan keyin eshitgan deb ajratmasdan, hech qanday istisnosiz qabul qilgan. Garchi ular koʻpgina hadislarni balogʻatga yetishidan oldin, yoshligida eshitgan boʻlsa-da. Agarda yoshligida eshitilgan hadis balogʻatga yetgandan keyin qabul qilinmasa edi, ular qilgan rivoyatlar olinmas edi. Demak, hadis rivoyatida aql, yaʼni balogʻat sharti xabarni eshitib, uni qabul qilish paytida emas, balki uni rivoyat qilish vaqtida shart qilinadi.
Ikkinchi dalil aqliy dalil: yaʼni bola yoshligida guvoh boʻlgan masalaga balogʻatga yetgandan keyin guvohlik bersa, barcha olimlar [6:347] nazdida istisnosiz qabul qilingan. Rivoyat masalasi ham xuddi shunday, yoshligida eshitgan xabarini balogʻatga yetgandan soʻng rivoyat qilsa, qabul qilinadi va rivoyat guvohlikdan koʻra qabul qilishga loyiqroqdir. Chunki guvohlik masalasi rivoyatdan koʻra muhim va dolzarbroq hisoblanadi. Bu ikki masalada ayon boʻladi:
Birinchisi: Faqihlar qulning guvohligini qabul qilish borasida ixtilof qilgan, koʻplari esa uni qabul qilmagan. Ammo qulning rivoyatini qabul qilish haqida ixtilof qilmagan. Uning rivoyati qabul qilinadi.
Ikkinchisi: Guvohlik masalasida guvohlar soni eʼtiborga olinadi, ammo rivoyatda roviylar adadi zarur masala hisoblanmagan [10:185].
Hanafiy mazhabi olimlarining koʻpchiligi hadisni eshitib olish yoshini maʼlum bir yoshga chegaralab qoʻymagan. Yaʼni maʼlum bir yoshdan pastroqda eshitilgan xabar qabul qilinmaydi, deb belgilanmagan. Abdulmajid Juzajoniy “Qovaid fi ulum-il-hadis” (“Hadis ilmlaridagi qoidalar”) kitobida [3:50], Abdulaziz Buxoriy (vaf. 730/1330)ning: “Bir oʻrinda, bola aytilgan gapni tushunishga yaroqli boʻlishining eng kam muddati toʻrt yoshdir…, ammo bunda qandaydir yoshni tayin qilmaslik toʻgʻriroqdir” [16:735], degan gapini dalil qilib keltiradi.
Abdulmajid Turkmoniy “Dirosat fi usul-il-hadis ala manhaj-il-hanafiy” (“Hadis qoidalarini hanafiy mazhabi asosida oʻrganib chiqish”) asarida [4:188], Kamol Ibn Humom (790/1388-861/1457)ning bu masaladagi xulosasini keltirib: “Eng toʻgʻrisi qandaydir yoshni belgilab bermaslikdir. Bunda idrok va fahmga suyaniladi. Bola aytilgan gapni tushunsa, unga toʻgʻri javob qaytarsa, bu bola eshitgan rivoyatini balogʻatga yetgandan soʻng rivoyat qilsa, qabul qilinadi. Garchi eshitgan paytida besh yoshda boʻlgan boʻlsa-da. Agarda bolada idrok va fahm boʻlmasa katta yoshida eshitgan xabari ham qabul qilinmaydi. Bu masalada turli kishilar orasida maxsus bir yosh tayin qilinmaydi” [26:308], deydi. Demak, bu oʻrinda aql va farosat muhim sanaladi. Bola besh yoshida eshitganini anglay oladigan boʻlsa, balogʻatdan keyin qilgan rivoyati qabul qilinaveradi. Ellik yoshdan oshgan boʻlsa-da, tushunmaydigan boʻlsa, unday kishining xabari inobatga olinmaydi.
Hanafiy mazhabi olimlari tomonidan roviyning xabarini qabul qilinishga qoʻygan ikkinchi shartlari uning musulmon boʻlishidir. Rasululloh (s.a.v.)ning hadislari gʻayridindan qabul qilinmaydi va bu borada hech qanday ixtilof yoʻq.
Rivoyatni qabul qilishda musulmon boʻlish sharti qoʻyilgani roviyning toʻgʻrisoʻzligini isbotlash uchun emas, chunki kufr toʻgʻrisoʻzlikni inkor qilmaydi. Qanchadan-qancha gʻayridinlar yolgʻon gapirishni mumkin emas deb hisoblaydi va doimo toʻgʻrisoʻz boʻlishga intiladi. Ular bu eʼtiqodi sabab emas, balki ularning gapida yolgʻonga dalolat qiluvchi maʼlumot yoʻqligi sabab rostgoʻy hisoblanadi. Ularning xabari qabul qilinmasligi islomga dushmanligi sababidandir.
Gap islom dini va shariat hukmlarini joriy qilish masalasida ketar ekan, kofir kimsalar dinning kelib chiqishi borasida musulmonlarga adovati, islomni buzishga intilishi va dinda boʻlmagan narsani kiritishga harakat qilishi ehtimoli mavjudligi sababidan ularning xabari qabul qilinmaydi. Bu borada ular farzandi foydasiga guvohlik beruvchi ota hukmida boʻladi [9:346]. Qanchalik harakat qilmasin, ota shafqati sabab bolasining foydasiga guvohlik beradi. Shuning uchun otaning farzandi haqida bergan guvohligi qabul qilinmaydi.
Roviyning xabarini qabul qilishga qoʻyilgan ikkinchi shart musulmonlik ham, tahammul (hadisni eshitgan) vaqtida emas, balki ado (hadisni rivoyat qilish) vaqtida shart qilinadi. Garchi xabarni kofir holida eshitgan boʻlsa-da, musulmon boʻlganidan soʻng rivoyati qabul qilinadi [16:735]. Bu quyidagi dalillar bilan asoslab beriladi:
– Molik ibn Anas (93/711-179/795) oʻzining “Muvatto” (“Oson va yengil”) asarida Jubayr ibn Mutim (r.a.)dan rivoyat qilib: “Rasululloh (s.a.v) shom namozida Tur surasini oʻqiganlarini eshitdim” [25:83], degan hadisni rivoyat qiladi. Jubayr ibn Mutim (r.a) bu holatga, Badrda [26:312] asirga olingan paytida, musulmon boʻlishidan oldin, guvoh boʻlgan va musulmon boʻlganidan soʻng aytib bergan. Shunday boʻlsa-da, uning rivoyati qabul qilingan.
– Abu Sufyon (r.a) musulmon boʻlishidan oldin guvoh boʻlgan, Rum podshohi Hiraql voqeasini musulmon boʻlganidan soʻng rivoyat qilib bergan, Imom Buxoriy va Imom Muslim [29:322] bu xabarni oʻzlarining “Sahihayn” (“Sahih hadislarni oʻzida jamlovchi ikki manba”)lariga hech qanday ixtilofsiz kiritgan.
– Abu Bakr Abdurazzoq ibn Humom ibn Humayriy Yamoniy Sanoniy (126/744-211/827) [7:347] Umar ibn Xattob (r.a.)ning, Xatib Bagʻdodiy [32:259] esa Usmon (r.a.)ning, agar islomni qabul qilganidan keyin boʻlsa, kofirning guvohligiga ruxsat berganini keltirib oʻtgan. Guvohlik masalasida ruxsat berilgan ekan, qanday qilib rivoyati qabul qilinmasin!? Chunki guvohlikka qaraganda rivoyatda kengchilik bor.
– Kamol Ibn Humom hadislarni eshitgan paytida musulmon boʻlish shart qilinmasligiga sahobalar va boshqalar roviylardan xabarni musulmon yoki kofir holida eshitganini surishtirmaganligini dalil qilib keltiradi. Faqih: “Agar hadislarni eshitish paytida musulmonlik shart qilinganida sahobalar surishtirgan boʻlar edi. Bunday xabarlar esa bizgacha yetib kelmagan” [26:312], deydi. Yuqorida keltirib oʻtilgan dalillardan maʼlum boʻladiki, hanafiy olimlari tomonidan ohod hadis roviysiga qoʻyilgan, ikkinchi shart, musulmon boʻlish, rivoyatni yetkazayotgan vaqtdagina shart qilinadi. Hadisni eshitgan paytida ham musulmon boʻlgan boʻlishi talab etilmaydi.
Ohod hadis roviysi haqida hanafiy mazhabi olimlari joriy qilgan, uchinchi shart zobt. Zobt (ضبط) lugʻatda: puxta yod olish, degan maʼnoni bildiradi. Boshqa oʻrinlarda, masalan: رجل ضابط – arab. “juda kuchli”, “kuchli” va “qatʼiy” degan maʼnolarda ishlatiladi [17:492]. Istilohda esa, gapni aytilganidek eshitib, gapiruvchi nazarda tutgan maʼnoda anglab, to boshqaga yetkazguncha puxta yodda saqlash [4:192]ga aytiladi.
Abdulmajid Turkmoniy “Al-Madxal fi usul-il-hadis” (“Hadis qoidalarini hanafiy mazhabi asosida oʻrganishga kirish”) kitobida [5:50] zobtni ikki qismga ajratgan:
- Zohiriy: hadisning lugʻati va matnini buzmasdan, oʻzgartirmasdan, lugʻaviy maʼnosini bilgan holda yodlash.
- Botiniy (yashirin): zohiriy zobtda keltirilganlarga qoʻshimcha holda fiqhiy va sharʼiy maʼnolarini anglagan holda yodlash. Bu taqsimotning kelib chiqishi, hanafiy mazhabining uch usul olimi Dabusiy (369/979-430/1039) [10:187], Bazdaviy (400/1009-482/1089) [12:165] va Saraxsiy (vaf.483/1090) [9:347] ga borib yetadi.
Garchi botiniy zobt eng komil va eng avlosi boʻlsa-da, hadis roviyiga zohiriy zobt shart qilingan. Abdulmajid Turkmoniy “Dirosat fi usul-il-hadis ala manhaj-il-hanafiy” kitobida [4:193], Imom Bazdaviyning zobt haqida: “U ikki xil: matnning siygʻasi va lugʻatlarining maʼnosini bilgan holda yodlash. Ikkinchisi: yuqoridagiga qoʻshimcha holda fiqhiy va sharʼiy hukmlarini anglagan holda yodlash” [12:165], deb aytgan fikrlarini keltirib oʻtgan. Bundan koʻrinib turibdiki, roviyga zohiriy zobt shart qilingan, afzallik bobida esa botiniy zobt inobatga olinadi. Yaʼni ikkinchi tur zobt eng mukammali hisoblanadi. Lekin umumiy holda zobt deganda, zohiriy zobt nazarda tutiladi. Imom Saraxsiy, Xabbaziy (629/1232-691/1292) [23:201] va Nasafiy (620/1223-710/1310) [34:33] ham rivoyatni qabul qilish shartida faqatgina zohiriy zobtni keltirishgan. Shu sababli, tabiatan beparvo, loqayd kimsaning xabari hujjat sifatida qabul qilinmaydi. Chunki unday kimsada zohiriy zobt ham topilmaydi.
Shuning uchun ham hanafiy mazhabida fiqh ilmidan bexabar kishining rivoyati, faqih olim rivoyati bilan qarama-qarshi kelib qolsa, faqihning xabari yuqori qoʻyiladi. Tarjih[5] bobida bu hanafiy olimlarining tutgan yoʻli hisoblanadi.
Hanafiy mazhabi olimlari ohod hadis qabul qilinishi uchun roviyda boʻlishi lozim deb bilgan shartlarining toʻrtinchi qismi adolatdir. Adolat bu – toʻgʻrilik, uning aksi esa jabr qilish [17:209], baʼzi manbalarda: koʻp va ozning oʻrtasi [24:1760] deb aytilgan. Istilohda: “taqvo va oliyhimmatlikka undaydigan malaka” [14:166] maʼnosini anglatadi. Kishining maʼnaviy va ruhiy olamida, mustahkam qaror topgan uslub yoki ish tarziga – malaka, agar mustahkam qaror topmagan boʻlsa – holat deb yuritiladi.
Koʻpchilik hanafiy olimlari [2:543] adolatni ikki qismga boʻlgan:
- Zohiriy adolat – kishining zohiran musulmon ekani va sogʻlom aql sohibi boʻlishi bilan bilingan adolat.
Botiniy (ichki) adolatning qamrovini idrok etib boʻlmaydi. Uni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Uning baʼzi bir jihatlari, turli xato va kamchiliklardan, diniy va aqliy jihatdan havoyi nafsga berilishdan chetlanishida namoyon boʻladi. Bir inson amallarining botiniy mohiyatini oʻrganib chiqib, dini va aqli tomonidan harom deb hisoblagan ishlarni qilmasligi aniqlansa, u dalil asosida, toʻgʻri yoʻlda boʻlgani, rostgoʻyligi yolgʻonidan ustun boʻlgani uchun adolatli hisoblanadi.
Hanafiy mazhabining barcha faqihlari roviyda adolatning har ikki qismi boʻlishi kerakligini shart qilgan. Bunda, zohiriy adolatning oʻzigina boʻlishi kifoya qilmaydi. Bu masalani oydinlashtirsh uchun, Abdulmajid Turkmoniy “Dirosat fi usul-il-hadis ala manhaj-il-hanafiy” kitobida [4:200] Dabusiyning: “Adolat ikki qismdir: zohiriy adolat va botiniy adolat……., uni ishlarining botiniy mohiyatiga qarab aniqlash mumkin va bu adolat (botiniy adolat) bilan xabarlar hujjatga aylanadi” [10:186], degan gapiga ishora qilib oʻtadi.
Muhammad ibn Abdulhamid Asmandiy Samarqandiy (488/1095-553/1158) botiniy adolatni chegaralab, uning mohiyatini tushuntirgan holda, uchta shartini aytib oʻtgan:
- 1. Katta gunohlardan saqlanish, kichik gunohlarda bardavom boʻ Katta gunoh ekanini bila turib, uni qilsa, Paygʻambar (s.a.v.) keltirgan narsa (islom dini)ni yolgʻonga chiqargani uchun musulmon hisoblanmaydi.
- 2. Odamlarning gapi toʻgʻrisida yolgʻon gapirmaslik. Bu haqda Hujurot surasining 6-oyatida quyidagicha marhamat qilingan: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar” [30:516]. Ushbu oyatga muvofiq fosiqning gapi qabul qilinmaydi. Alloh taolo bunday kishini qilayotgan ishidan toʻxtatish, uning xabarini qabul qilmaslikka buyurdi. Chunki u Paygʻambarimiz (s.a.v)dan rivoyat qilingan narsani yolgʻonga chiqardi.
- 3. Yengil hisoblangan, arzimas muboh ishlardan chetlanish. Bunga yomon odamlar bilan muloqot, ortiqcha hazil-huzul va turli joylarda bavl qilish misol boʻ Hanafiy olimlari tomonidan bildirilgan fikrlarga tayanib aytish mumkinki, adolatdan murod – hadis rivoyat qiluvchi katta gunohlardan saqlangan boʻlishi, yolgʻon gapirish va muboh narsalardan chetlanishi kabi amallar nazarda tutilgan. Bu shartlar baʼzi bir olimlar tomonidan bildirilgan ikki fikni yoʻqqa chiqaradi:
- 1. “Rivoyat bobida adolat deganda qasddan yolgʻon gapirishdan va rivoyat qilishda buzib gapirishdan saqlanish nazarda tutiladi”. Bu fikrni Valiyulloh Dehlaviy (1703-1763) aytgan boʻlib, oʻgʻli Abdulaziz Dehlaviy (1746-1824) va Abdulhay Laknaviy (vaf.1886) [2:541] tasdiqlagan.
- 2. Xatib Bagʻdodiy (vaf. 463/1071), Iroq ahlidan iqtibos keltirib: “Hanafiy olimlari bunda islom va adolatning zohiriy maʼnosi bilan cheklanib qolgan” [32:247], degan fikrlar asossiz ekani ayon boʻ Boshqa kitoblarda ham shunga oʻxshash gaplar keladi. Ammo hanafiy olimlari bu masalani atroflicha yoritib berganidan soʻng, bu fikrlar inobatga olinmaydi.
Hanafiy mazhabi olimlari adolat shartini, hadisni eshitish vaqtida emas, balki uni yetkazish paytida topilishini lozim qilgan. Kofir musulmon boʻlganidan soʻng, fosiq adolatli boʻlgandan keyin ular rivoyat qilgan hadislar qabul qilinadi. Bu borada olimlar orasida hech qanday ixtilof yoʻq. Ammo Paygʻambar (s.a.v)ga qasddan yolgʻon gapirgan, yaʼni hadisni Allohning Rasuliga nisbat berib, adolatli boʻlgandan soʻng tavba qilgan kimsaning rivoyati qabul qilinadimi yoki yoʻqmi? Hanafiy faqihlari orasida bu borada ikki xil fikr bor:
Birinchi fikr: qilgan ishiga jazo sifatida, uning uzri hech qachon qabul qilinmaydi. Abdulloh ibn Muborak aytganlaridek: “Yolgʻonchiga beriladigan jazo uning toʻgʻrisoʻzligini rad etilishidir” [32:360]. Abdulmajid Turkmoniyga koʻra, bu fikrni hanafiy mazhabi faqihlaridan: Abdulaziz Buxoriy, Kokiy Xoʻjandiy (vaf. 749/1348), Bobartiy (714/1314-786/1384), Ibn Molik, Mulla Ali Qori (vaf. 1014/1605), Abdul Haqq Dehlaviy (959/1552-1052/1642) va Mihloviy [4:203] tasdiqlagan.
Muhaddis olimlar ham ayni shu fikrni yoqlagan. Jumladan: Ahmad ibn Hanbal (164/780-241/855): “Uning tavbasi, u bilan Alloh oʻrtasidadir, ammo uning hadisi hech qachon yozilmaydi” [32:357], deb aytgan. Hofiz, Muhammad Ibn Muso Hozimiy (548/1153-584/1188) [28:146] va Ibn Saloh (577/1181-643/1245) [31:232] ham bu fikrni maʼqullagan.
Ikkinchi fikr: tavba qilganidan keyin rivoyati qabul qilinadi. “Al-Madxal fi usul-il-hadis” kitobida [5:54] bu Imom Navaviy (vaf.676/1278)ning [22:29] tutgan yoʻli boʻlib, hanafiy olimlaridan: Ibn Humom, Ibn Amir Hoj (825/1422-879/1474), Amir Podshoh Muhammad Amin Husayniy Xurosoniy Buxoriy (vaf. 972/1565), Abulhay Laknaviy shu fikrni tanlagani keltirib oʻtiladi. Imom Forisiy (vaf. 827/1424) “Javahirul usul” (“Usul ilmidagi javohirlar”) kitobida [27:71] va Abdulaziz Farhariy (vaf. 1239/1824) “Kavsar un-Nabiy” (“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Kavsar” nomli havzlari”) kitobida [1:95], birinchi fikrni mutaqaddim (avvalgi) olimlar, ikkinchi yoʻlni mutaaxxir (keyingi) olimlarga nisbat bergan.
Tavba qilganidan keyin ham kishining rivoyatini qabul qilmaslik gʻalati ish emasmi? Hatto kofirning ham musulmon boʻlganidan soʻng rivoyatini qabul qilinishiga kelishilgan-ku, deydigan kishilarga Ibn Humom yoqlagan fikr toʻgʻriroq tuyulsa-da, birinchi fikr afzalroqdir. Chunki unda katta xatardan omon qolish bor. Kim bunday ishga jurʼat qilsa, yaʼni Paygʻambar (s.a.v)ga qasddan yolgʻon toʻqisa, uning barcha hadislari atayin tark etiladi. Imom Ahmadning: “Uning tavbasi u bilan Alloh oʻrtasida, uning hadisi hech qachon yozilmaydi”, degan gapining maʼnosi ham shu.
Hanafiy mazhabi olimlari adolatli kishilar holati nomaʼlum kishidan rivoyat qilsa, shu kishini adolatiga dalolat qilishi toʻgʻrisida ikki xil fikr bildirgan. Birinchi: agar avvalgi uch asr adolatli kishilari koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan kimsadan rivoyat qilsa, holati nomaʼlum kishining adolatli ekaniga dalildir. Bunda faqatgina uch asrdagi adolatli kishilarning rivoyati eʼtiborli hisoblanadi. Abdulmajid Turkmoniy “Dirosat fi usul-il-hadis ala manhaj-il-hanafiy” kitobida [4:205], Abdulmajid Juzjoniy “Qovaid fi ulum-il-hadis an-Nabaviy ala manhaji sadat-il-hanafiy” (“Nabaviy hadislar ilmida, hanafiy mazhabiga koʻra qoidalar”) kitobida [3:57] Abu Bakr Jassos (305/917-370/980)ning: “Zobti, puxtaligi, ilmda mashhurligi bilinmagan kimsadan ishonchli kishilar hadis rivoyat qilsa, shu kishining adolatiga dalil boʻladi” [8:504], degan gapini dalil qilib keltirib oʻtgan.
Hanafiy mazhabining moʻtabar manbalarida, olimlar tomonidan bildirilgan bu fikrni quvvatlovchi bir qancha dalil keltirib oʻtilgan. Jumladan: Imom Quduriy (362/973-428/1037) “At-Tajrid” (“Qonunlarni ajratish”) asarida: “Olimlarning (kimdandir bir xabarni) rivoyat qilishi, (oʻsha kimsaning) adolatidir” [13:181]. “Baʼzi bir olimlar, Anas ibn Molik rivoyat qilgan hadisning roviyi Juld ibn Ayyub deb, eʼtiroz bildirishdi. Bu notoʻgʻri ish, chunki Savriy va Ibn Ulayya (Sufyon Savriy va Ibn Ulayya hadis ilmida yuqori darajada turadigan olimlar) bu hadisni oʻsha roviydan rivoyat qilishgan. Ishonchli kishilarning rivoyati, holati nomaʼlum kishining adolatiga dalolatdir” [13:361]. Yana boshqalar Hajjoj ibn Artaʼdan rivoyat qilgan, bu ham uning adolatiga dalildir. Baʼzi birlarning Hajjojni tanqid qilishiga eʼtibor bermaslik kerak, chunki bizning olimlarimiz undan rivoyat qilgan, bu esa uni adolatli deb bilishdir” [13:570], degan misollari keltirib oʻtiladi.
Imom Bazdaviy Maʼqal ibn Sinon (r.a) haqida: “Abdulloh ibn Masʼud (r.a), Alqama (r.a), Masruq (r.a), Nofiʼ ibn Jubayr (r.a) va Hasan (r.a) kabi ishonchli kishilar undan rivoyat qilgan. Ularning rivoyati ila uning adolatli ekani isbotlangan” [12:160], deb keltiradi.
Bu misollardan koʻrinib turibdiki, ishonchli insonlarning nomaʼlum bir kishidan qilgan rivoyatlari uning adolatli ekaniga dalil boʻladi. Faqatgina avvalgi uch asr roviylari boʻlsa, undan keyingi asrlarda boʻlsa, qabul qilinmaydi. Chunki keltirilgan misollarda avvalgi uch asr roviylari haqida gap ketgan. Abu Bakr Jassos aytib oʻtganidek, ishonchli kishilar rivoyati nomaʼlum roviy haqidagi adolatdir, ammo avvalgi uch asrdan keyingilari dalil va hujjatlar orqali tekshiriladi.
Ikkinchi: bir guruh hanafiy olimlari agar adolatli roviy faqatgina adolatli kishidan hadis qabul qilishi bilinsa, oʻsha kishining rivoyati roviy haqidagi taʼdildir. Abdulmajid Turkmoniy “Dirosat fi usul-il-hadis ala manhaj-il-hanafiy” kitobida: “Bu fikr birinchilardan boʻlib Ibn Saatiy (vaf. 1295) tomonidan bildirgan. U: “Ishonchli kishining bir kishidan rivoyat qilishi roviyni adolatli degani deyildi. Baʼzilar esa unday emas deyishdi. Bunda uchinchi yoʻl ham bor, agar ishonchli kishi faqatgina adolatli kishilardan rivoyat qilishi maʼlum boʻlsagina bu roviyning adolatli ekaniga dalildir, aks holda roviy adolatli hisoblanmaydi. Chunki uni adolatli deb bilmaganida undan hadis rivoyat qilmagan boʻlar edi” [14:169], deb aytgan. Forisiy, Fanoriy (751/1350-832/1429), Ibn Humom, Bihoriy (vaf. 1119/1707) va Ziyouddin Ahmad Kumushxonaviy (1227/1812-1311/1894) [15:21] singari olimlar ham bu fikrni maʼqullagan” [4:207], deb keltiradi.
Xulosa shuki, Abu Bakr Jassosga koʻra, odil kishi boshqa bir roviydan rivoyat qilishi agarda avvalgi uch asr doirasida boʻlsa, taʼdil hisoblanadi. Ibn Saatiyning yoʻliga koʻra, agarda u faqatgina adolat asosida rivoyat qilsa, taʼdil hisoblanadi, aks holda taʼdil hisoblanmaydi. Zafar Ahmad Tahonaviy (1892-1974): “Birinchi gap dalil jihatidan kuchliroq va ishonchliroq, ikkinchi gap esa adolatliroq” [33:215], deb taʼriflagan. Birinchi gapda avvalgi uch asrga cheklab qoʻyilgani hanafiy mazhabi ruhiyatiga yaqinroq hisoblanadi.
Maʼlum boʻladiki, hanafiy mazhabi olimlari roviy xabarini qabul qilish uchun unda toʻrtta: oqillik, zehni yaxshi boʻlishi, musulmonligi va adolatlilik sifatlari topilishini shart qilib qoʻyishgan. Bu hanafiy mazhabining muhaddislardan farqli, oʻziga xos uslublaridan biri deb aytish mumkin. Hanafiy mazhabi olimlarining bu kabi oʻziga xos uslublariga zamonaviy asarlardan bir qancha misollar topish mumkin.
Demak hanafiy mazhabi olimlarining hadis turlari, roviylarning adolati yoki boshqa sifatlariga doir ishlab chiqqan qoida va asoslari majmui boʻlgan. Ular shar’iy masalalarda hukm chiqarish va hadislardan dalil sifatida foydalanishda shu tamoyillarga tayangan. Koʻrib chiqilganidek, bu qoidalar boshqa mazhablar keltirib oʻtgan asoslardan ishonchliligi va mukammalligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham hanafiy mazhabi boshqa mazhablardan koʻra oʻzining ayrim qirralari bilan ajralib turadi. Bunga mazhab asoschilari va ularning izdoshlaridagi kuchli aql, zakovat, masalaning mohiyatini anglab, unga toʻgʻri yondashish hamda zabardast olimlarning asrlar davomidagi beqiyos xizmati sabab boʻlgan.
- Abdulaziz Farhariy. Kavsar an-Nabiy. – Pokiston: Maktabatu imdadiyya.
- Abdulhay Laknaviy. Zofar al-amaniy. – Bayrut: maktaba matbua al-islamiy, 1995.
- Abdulmajid Juzajoniy. Qovaid fi ulumil hadisin Nabaviyyi ala manhaji sadatul hanafiyyati. – Istanbul: Darul kutubul arobiy, 2021.
- A. Dirosat fi usulil hadis. – Bayrut: Dar ibn Kasir. 2020.
- A. Madxal fi usulil hadis. – Bayrut: Dar rayohiyn, 2021.
- Musonnaf. J.8. – Dar ut-taʼsiyl, 2015.
- Abu Bakr Abdurazzoq ibn Humom. Musonnaf. J.8. – Dar ut-taʼsiyl, 2015.
- Abu Bakr Jassos. Al-fusul fi al-usul. J.1. – Quvayt: Vizarotu avqof va shuun al-islamiyyati, 1994.
- Abu Bakr Saraxsiy. Usul us-saraxsiy. J.1. – Haydarobod: Lajnatu ihyau maarif ul Usmaniyya, 1994.
- Abu Zayd Dabusiy. Taqvimul adilla. – Bayrut: DKI, 2001.
- Abul Barakot Nasafiy. Kashf ul-asror. J.2 – Bayrut: DKI.
- Abul Usr Bazdaviy. Kanzul vusul ila maʼrifatul usul. – Madina: Dar as-siroj, 2015.
- At-tajrid. J.1. – Qohira: Dar as-salom, 2004.
- Ahmad ibn Ali Bagʻdodiy Baʼ Badiyʼ un-nizom. – Bayrut. Darul kutub al-ilmiyya, 2004.
- Ahmad ibn Mustafo Kumushxonaviy. Lavomiul uqul. 1. – Qohira: Maktabu sanoiʼ, 1899.
- Alouddin Abdulaziz Buxoriy. Kashful asror sharhu usul al-Bazdaviy. 2. – Bayrut: Dar ul kutub al ilmiyya, 1997.
- Tahziyb ul-lugʻot. J.2. – Misr. Dorul Misriyya, 1965.
- Ibn Abdulbarr. Istiyoob. J. 2. – Misr: Matbaatus saadati, 1910; Ibn Asir. Asad ul-gʻ J.3. – Bayrut: DKI, 2003.
- Ibn Hajar Asqaloniy. Al-isobati fii tamyizi as-sohabati. 4. – Bayrut: DKI, 1995.
- Ibn Saʼ Tabaqootul kubro. J.6. – Bayrut: DKI, 1998.
- Imom Navaviy. Sharhi Sahih al-Muslim. 1. – Qohira: Muassasatu qurtubatu, 1994.
- Jaloliddin Muhammad ibn Amr Xoʻjandiy Xobbaziy. Sharhul mugʻ J.1. – Makka: Maktabatul Makkiyya, 2005.
- Sihoh. J.5. – Misr: Darul kitabul arobiy. – B.1760; Ibn Manzur. Lisanul arob. J.2. – Muassasatul uʼlamiy lil matbuat. – B.2530.
- Molik ibn Anas. Muvatto. J.1. – Bayrut: Risala,1992. (216-hadis).
- Muhammad ibn Abdulvohid Iskandariy. Tahrir fii usulil fiqhi fii istilahayil hanafiyyati va ash-shofeiyyati. – Maktabatu amiyr, 2022.
- Muhammad ibn Ali Forisiy. Javahirul usul fi ilmi hadis ar-rosul. – Bayrut: DKI, 1992.
- Muhammad ibn Muhammad ibn Abdurazzoq Zabidiy. Tajul urus min javahir il-qomus. 18. – Quvayt: Matbaatu quvayt, 1979.
- Muhammad Ibn Muso Hozimiy. Shurutul aimmatil xomsati. – Bayrut: DKI, 1984.
- Muslim ibn Hajjoj. Sahihi Muslim. J.6. – Bayrut: Dar al-maʼrifa, 2002.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Quroni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. –: Sharq, 2008.
- Usmon ibn Abdurahmon Shahrozuriy. Maʼrifatu anvau ilmil hadis. – Bayrut: DKI, 2002.
- Xatib Bagʻ Kifaya fi ilmi rivaya. Dairotul maariful usmaniyya. J.1. – Hindiston: Darul huda, 2010.
- Zafar Ahmad Usmoniy Tahonaviy. Qovaid fi ulumil hadis. – Bayrut: DKI, 2018