16-sentyabr kuni Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: oʻtmish va hozirgi zamon” mavzusida VI xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda islomshunos va tarixchi olimlar, madaniyat sohasi vakillari, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Asosiy eʼtibor Markaziy Osiyo, xususan, Movarounnahr hududining islom ilm-fani va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrniga qaratildi.
Tadbirda Abu Rayhon Beruniyning ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi, Movarounnahrda shakllangan sulolaviy ilmiy maktablar, muhaddis va faqihlar faoliyati haqida maʼruzalar tinglandi. Shuningdek, tasavvuf taʼlimoti va Hakim Termiziyning “ilm an-nafs” (ruhshunoslik) haqidagi qarashlari, maʼnaviy tarbiya muammolari, Qoraxoniylar davridagi islomiy institutlar va epigrafik manbalar orqali tarixiy jarayonlarni oʻrganish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov “Oʻrta asrlarga oid Buxoro tarixini oʻrganishda vaqf kutubxonalarining oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.
Olim qadimiy Buxoroda kutubxonalarning vujudga kelishi va ularning islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni haqida atroflicha soʻz yuritib, Somoniylar davridagi sulolaviy kutubxonalar, jumladan, Amir Nuh ibn Mansur hukmronlik qilgan zamondagi kutubxona bilan bogʻliq faoliyat haqida tarixiy maʼlumotlar keltirdi.
Sh.Ziyodov Xoja Muhammad Porso kutubxonasiga alohida eʼtibor qaratdi. U nafaqat tasavvufiy markaz sifatida, balki turli mazhab va ilmiy yoʻnalishlarga mansub qoʻlyozmalarni yigʻish, saqlash va targʻib qilishda muhim oʻrin tutgani qayd etildi. “Vaqf” muhri bilan belgilangan asarlar orqali oʻsha davrning diniy-maʼrifiy hayoti, nutq odobi va madaniy qadriyatlarini oʻrganish imkoni borligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Gavkushon kutubxonasi va uning madrasa, masjid, hovuz va darsxonalar bilan birgalikda shakllangan majmua tarkibidagi oʻrni haqida ilmiy tahlillar oʻrtaga tashlandi. Bunday kutubxonalarga vaqf qilingan kitoblar, ularning muhr va sanalarini oʻrganish orqali oʻsha davr madaniy muhitini anglash imkoniyati mavjudligiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, qoʻlyozmalarning sanad va kitobat tarixi, ularni yaratgan va kutubxonalarni tashkil etgan amirlar, qozilar, din arboblari va ulamolarning ilmiy salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar orqali milliy imij va ilmiy merosni yangidan baholash zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar islom merosini chuqur va tizimli oʻrganish, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va bu boradagi tadqiqotlar samaradorligini oshirish yuzasidan kelishib oldi.