11-sentyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi huzuridagi Yassaviyshunoslik markazi tashabbusi bilan “Samarqandda Yassaviya tariqati namoyandalari” mavzusida onlayn suhbat tashkil etildi.
Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov maʼruza bilan ishtirok etdi.
Olim tadbir mazmunini quyidagi soʻzlar bilan belgilab berdi:
– Yassaviya tariqati tarixini Samarqanddan ayri holda tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki bu muqaddas shahar nafaqat ilm-fan, balki maʼnaviyat markazi sifatida ham ulkan oʻrin tutgan.
Shu asosda maʼruzachi Samarqandda yashab oʻtgan yirik tasavvuf namoyandalari, xususan, Shayx Xudoydod Valiyning hayot yoʻli, ilmiy-maʼrifiy merosi va tariqatdagi oʻrniga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilganidek, Shayx Xudoydod Valiy XVI asr boshlarida Samarqandda yassaviya tariqatini yangi ruhda qayta tiklab, Gʻazira hududini tariqatning muhim markazlaridan biriga aylantirgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, u oʻz zamonasida “Tariqat sultoni”, “Oriflar ulugʻi”, “Qutblar qutbi” martabalari bilan eʼzozlanib, eʼtirof etilgan. Aynan shayx va uning shogirdlari orqali yassaviya taʼlimoti Samarqand osha Turkiston, Buxoro va Hirotga, u yogʻi Hindistongacha keng tarqalgan.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, Shayx Xudoydod Valiy nafaqat soʻfiylik maktabini mustahkamlagan, balki jamiyatda maʼnaviy uygʻonishga turtki bergan ulugʻ zot sifatida tanilgan. Uning shogirdlari tomonidan barpo etilgan xonaqohlar, masjid va ziyoratgohlar bugungi kunda ham maʼnaviyat maskani sifatida xizmat qilmoqda, mahalliy aholi va xorijdan kelayotgan ziyoratchilar uchun qutlugʻ manzilga aylangan.
Professor Ziyodov maʼruzasini quyidagi soʻzlar bilan yakunladi:
– Samarqanddagi yassaviya tariqati merosi – bu bizning maʼnaviy ildizlarimizning uzviy bir boʻgʻinidir. Uni oʻrganish, asrab-avaylash va yangi avlodga yetkazish – barchamizning umumiy burchimiz”.
Ilmiy musohaba yassaviya taʼlimoti va uning Samarqandda tutgan oʻrnini yana bir bor yoritib berdi. Ilgari surilgan fikr-mulohazalar nafaqat dolzarb ilmiy ahamiyatga ega, balki bugungi avlodni maʼnaviy merosimizni chuqurroq anglash va qadrlashga, ilhomlantirishga xizmat qiladi.
Shayx Xudoydod Valiy va uning yoʻlini davom ettirgan shogirdlar faoliyati faqat tarix sahifalarida emas, balki xalq xotirasida ham hamisha barhayotdir. Ular asos solgan maʼnaviy anʼanalar, barpo etgan ziyoratgohlar va qoldirgan madaniy meros bugungi kunda ham moddiy, ham nomoddiy tarzda – avlodlar shuurida yashab kelmoqda.
Mazkur tadbir yana bir bor shunchaki tarixni emas, balki milliy oʻzlikni, maʼnaviy barkamollik va maʼrifat rishtalarini qayta kashf etish zarurligini eslatdi.