Home / MAQOLALAR / MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY DINIY QARASHLARIDA ISLOH MASALASI

MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY DINIY QARASHLARIDA ISLOH MASALASI

Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, taraqqiyparvar ulamo  Mahmudxoʻja Behbudiy 44-yil umr koʻrgan boʻlsa-da, shu qisqa umri davomida ijtimoiy-siyosiy, diniy faoliyati bilan Turkiston tarixida muhim iz qoldirdi. Uning 200 dan ortiq  maqolalari, darslik va asarlari hozirgi kunga qadar oʻz dolzarbligini yoʻqotmay kelmoqda. Shu kunga qadar Behbudiyning koʻproq ijtimoiy-maʼrifiy, siyosiy faoliyati va qarashlari koʻproq yodga olinsa-da, diniy qarashlariga u qadar keng toʻxtab oʻtilmaydi. Ushbu maqolada M.Behbudiyning islom maʼrifatiga xizmat qiluvchi baʼzi qarashlari tahlil qilinadi.

Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti, faoliyati va asarlarini oʻrganish XX asrning 20-30-yillaridan boshlandi. Ammo orada katta uzilishlar bilan 80-yillardan boshlab keng tarzda tadqiq etib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar adabiyotshunos, tilshunos, tarixchi, sanʼatshunos, faylasuf va pedagoglar tomonidan uning maqolalari, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va diniy qarashlari oʻrganilib kelinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston, AQSH va yevropalik olimlar tomonidan Behbudiy hayoti va maqolalari oʻrganilib, baʼzilari jamlangan holda tanlangan asarlar sifatida bir necha bor nashr etildi. Umuman olganda, shu kunga qadar Behbudiy maqolalari Turkiston va xorij davriy matbuotining 18 dan ortiq gazeta va jurnallarida chop etilgan. Ushbu maqolalar allomaning ijtimoiy, siyosiy, diniy faoliyati va qarashlarini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Mazkur maqolani yozishda muammoviy – xronologik, davrlashtirish, qiyosiy taqqoslash va tizimlilik kabi tarixiy tadqiqot metodlaridan foydalanilgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy Ahmad Yassaviy avlodidan boʻlib, uning oilasi oʻz davrining ziyoli ulamolaridan edi. Yoshligida otasi Behbudxoʻjadan 3-4-yil ichida Qurʼonni yod oladi. Bu haqda Hoji Muin uni xotirlab shunday yozadi: “Behbudiy afandi ramazon kechalarida xatmlarga oʻtib yurdi. Behbudiy afandi  uch kechalik bir xatmda yolgʻuz birgina xato qilgon derlar,  Bu esa, uning  quvvai hofizasi na darajada ekanligini koʻrsatadi[13]”. Behbudiy qorilik bilan qanoatlanmay, Samarqand va Buxoro madrasalarida taʼlim olib, arab, fors tilini mukammal oʻrgangan. Shuningdek, diniy ilmlarni, xususan, fiqhni ham chuqur oʻzlashtirgani, keyinchalik uning muftiy va qozilik qilishiga asos boʻlib xizmat qilgan edi. Uning jadid matbuoti va oʻzi ochgan yangi usul maktablari uchun yozgan islom maʼrifatiga xizmat qiluvchi darslik, maqola va risolalari oʻz davrining taraqqiyparvar ulamolaridan boʻlganini koʻrsatib beradi. Xususan, u oʻz asar va maqolalarida  birdamlik, maʼrifatga chorlab, islom ruhoniyati, xalqchil islom amaliyoti va asosiy eng dolzarb masalalardan biri boʻlmish islomiy axloqqa nisbatan boʻlgan munosabati aks etgan [8:266].

Mustamlaka zulmi ostida yashayotgan Turkiston musulmonlarining milliy davlatchilik tanazzuli, iqtisodiy qaramligi xalqning ijtimoiy-maishiy, diniy turmushiga naqadar katta taʼsir qilganini koʻrgan Behbudiy diniy va dunyoviy isloh masalasini dolzarb hisoblaydi.  Davr ruhiyati, xalq ongining muhim omili sanalgan islom dinining sofligi va unga qarshi boʻlgan mutaassibona odat va qarashlar hamda baʼzi mutaassib ulamolarni islohga chorlashni oʻzining asosiy vazifasi deb bilgan. Ayniqsa, mustamlaka hukumatning Turkistonda olib borayotgan siyosati islom dini amaliyotiga oʻta salbiy taʼsir qilganini Behbudiy quyidagilarda koʻradi va muammolarga yechimni ham koʻrsatib oʻtadi.

Taʼlimda (taʼlim islohi, taʼminot, vaqf masalalari);

Ulamolar faoliyati (qozi, mudarris va boshqalar);

Diniy faoliyatning nazoratsizligi (“Idorai ruhoniya”ga ehtiyoj).

Maʼlumki, taʼlim islohi masalasi jadidlar faoliyatining asosiy negizi edi. Maktab va madrasa taʼlimida nafaqat dunyoviy fanlar, balki diniy fanlarni oʻqitish ham qoniqarsiz edi. Xonliklar davri soʻnggiga kelib, taʼlim sifati va tizimi yomonlashib bordi, mustamlaka sharoitida esa undan ham battar muammolar girdobiga tushib qoldi. Xususan, madrasalar taʼminotining qisqarishi, vaqflarning nazoratga olinishi ham taʼlimning ahvolini yanada ogʻirlashtirdi. Mana shunday ijtimoiy, iqtisodiy muammolar kuchayib borishiga jim qarab tura olmagan jadidlar, taraqqiyparvar ulamolar qatorida Mahmudxoʻja Behbudiy jamiyatni uygʻotish, xalqning diniy, dunyoviy savodxonligini oshirishda taʼlimdagi muammolarni quyidagilarda koʻrdi.

– Darsliklar yetishmasligi, diniy va dunyoviy fanlarning notoʻgʻri taqsimoti. Bunda maktablarda boshlangʻich diniy taʼlim, islom asoslariga oid kitoblar, madrasalarda, islom tarixi, hikmat, hadisshunoslik, Qurʼon tafsiri, islom falsafasi kabi fanlar qisqarib, uning oʻrniga turli “Sharh”lar va “Basmala” kabilarga koʻp vaqt ajratilishi va boshqalar.

– Til muammosi boʻlib, madrasalarda ham darsliklar asosan arab tilida edi. Ammo ularning yangilanmagani arab tilini ham oʻzlashtirish qiyinlashishiga sabab boʻlgan edi. Buning asosiy sababi esa, taʼlimda, xususan, diniy darslar oʻzbek va tojik tillarida olib borilmasligi, bir necha yuz yillik arab tilidagi adabiyotlar hali ham tarjima yoki yangitdan yozilmagani edi. Koʻrinib turibdiki, maktab va madrasa taʼlimida arab tili muhim ahamiyat kasb etgan. Tabiiyki, arab tilini chuqur oʻzlashtirish islom asoslarini, Qurʼon karimni oʻrganishda muhim oʻrin tutgan. Darhaqiqat, Mahmudxoʻja Behbudiy ham diniy taʼlimga oid fanlar qatorida arab tilini alohida taʼkidlab oʻtib: “Arab tilisiz dinimizdin bebahra qolurmiz”[2], deb eʼtirof etgan. Yaʼni bu tilni mukammal oʻrganish Qurʼon va hadis maʼnolarini tushunish, ota-bobolari tomonidan arab tilida yozilgan asarlarni oʻqib tushunishda muhim ahamiyatga ega edi [3:123].

Hatto, islom asoslari, shariat qonunlari ham arab tilida edi. Iqtidorli talabalarni mustasno qilganda, aksariyat talabalar uchun ancha murakkab boʻlgan, faqatgina dars jarayonida qoʻllangan, kundalik muloqotda isteʼmolda boʻlmagan arab tilida (koʻp hollarda lugʻatlar yordamida) taʼlim olish oʻquv jarayonini murakkablashtirgan [4]. Bunday sharoitda taʼlim tizimida asosiy predmet hisoblangan islom asoslari, shariat qonunlarini chuqur oʻzlashtirish, ularning mohiyati va amaliyoti haqida keng mushohada qilish, nazariy bilimlarni real hayot bilan bogʻlash ancha mushkul boʻlgan. Buni yaxshi anglagan Mahmudxoʻja Behbudiy diniy taʼlim islohida avvalo necha asrlik darslik va qoʻllanmalarni qaytadan koʻrib chiqish, ularni bolalar tushunadigan oʻz ona tilida yozishni targʻib qilgan. Jumladan, madrasalarda “Islom tarixi” va “Hikmat”, “Falsafai oliy” va dunyoviy bilimlar kabi fanlar oʻqitilmaganidan “islomiyat zid madaniyat va muxolif hikmat va tabiatdir”[2], kabi noxolis tushunchalar kelib chiqqanini taʼkidlaydi. Bu esa, oʻz navbatida, islom dinini mutaassib, qoloq, taraqqiyotga gʻov sifatida koʻrsatish bilan birga, mutaassib va reaksion ruhdagi ulamolar yetishib chiqishiga xizmat qilishi tabiiy edi.

Behbudiy taʼlimdagi bu muammolarga oʻzining takliflarini yechim sifatida koʻrsatadi. Masalan, jadid maktablari uchun diniy va dunyoviy darslik va oʻquv qoʻllanmalar  nashr ettiradi va ularni butun Turkiston boʻylab keng tarqatish va oʻqitishni tavsiya etib, roʻyxatini oʻzining “Samarqand” gazetasida eʼlon qilib borgan[12]. Xususan, uning bolalar uchun moʻljallangan islom tarixiga oid risolasi, darslik sifatida jadid maktablarining 3-4-sinf oʻquvchilariga tavsiya etilgan. Darslik bir necha fasllarga boʻlingan. Unda islom dinining tarixiy geografik vujudga kelgan makoni, islomgacha boʻlgan Arabiston tarixi haqida qisqacha tarixiy voqeliklar keltirilgan. “Nasabi Hazrat paygʻambar”, “Silsilai tohira”, “Mavludi sharif”, “Valadin Mustafo”, “Paygʻambarlik bashorati” va yana boshqa fasllarida islom dini paygʻambari Muhammad (s.a.v.)ning tarix sahnasiga chiqishi, asta-sekin islom dinining keng yoyilishi, arab xalifaligining vujudga kelishi, toʻrt xalifalar haqida maʼlumotlar berilgan. Maqolada yana  maktablar uchun “Imloi islomiya” asari ham tavsiya etilgan boʻlib, uning qisqacha mazmuni quyidagicha ifodalangan: “Turkiyda, qalamiy xatida, 36 bet. Risola imon, islom, din, shariat millat, tahorat, namoz, roʻza, haj, zakot va ularni farz vojib, sunnat makruh va boshqalardan mufassal oʻrgatur”[12]. Bu jadid maktablari uchun chop etilgan darsliklar eski usuldagi taʼlimdan farqli ravishda tez va samarali usulda bolalarning diniy savodini chiqarishga xizmat qilgan edi.

Shuningdek, Behbudiy oʻz fikrini davom ettirib, mustamlaka hukumati tomonidan oʻlkada 1884-yildan ochila boshlangan rus-tuzem maktablari taʼlimini ham qoralaydi: “Rus tuzem maktablargʻa oʻqugonlar ziyoli tugul xiyla ham hisoblanmaydular. Alar faqat ruscha chalasavod kishilardir, bu ziyolilar (“obrazavaniyalik”) dagi ixtiyojimizga aholi hanuz ilm hosil aytmabdur”[12]. Asosiy muammo sifatida rus-tuzem maktablari mustamlaka manfaatlariga moslab bolalarga taʼlim berilishi, ularda diniy bilim va milliy adabiyot namunalari oʻqitilmaganini alohida taʼkidlab oʻtgan. Behbudiy imperiyaning rus-tuzem maktablari taʼlimi uchun islom diniga oid bilimlar va milliy adabiyot kabi fanlarni qoʻshishni tavsiya qilgan. Shuningdek, gimnaziyalarda diniy taʼlim va “Adabiyoti islomiya” uchun mahalliy xalq orasida muallimlar qabul qilish maqsadida hukumatdan ruxsat olish kerakligi haqida yozgan edi [2].

Darhaqiqat, Behbudiy taʼlimda islom tarixiga alohida eʼtibor beradi. Har bir musulmon oʻz ona vatani tarixini islom tarixidan ayro bilmasdan oʻrganishi lozimligini uqtiradi. Behbudiy tarix fanini oʻquvchilarga oʻtmish haqida juda keng maʼlumotlar berish bilan birga, ularning dunyoqarashini kengaytirish va mantiqiy fikrlashga ham muhim xizmat qilishini quyidagicha ifodalaydi: “Musulmonlik qanday koʻpaydi va taraqqiy etdi va al-on na uchun musulmonlar tanazzul etdilar? Va iloji xuddoriy va taraqqiy nadur? Muning bilmoq, tarix oʻqumoq kerak. … Qurʼoni karimning qariyb toʻrtdan biri tarix va axborni muhtaviyidur” [11]. Behbudiy oʻz fikriga misol qilib, hatto baʼzi imom, eshonlarning islom tarixini yaxshi bilmasligini tarix oʻqimaslikning gunohidir, deb ataydi. Darhaqiqat, bu davrda yangi usul maktablari uchun islom tarixini oʻz ichiga olgan yangi turdagi darslik va asarlarga boʻlgan ehtiyoj kuchaygani sababli, jadidlar orasida islom tarixini sodda va ravon tarzda yozish anʼanasi kengaygan edi. Turkistonlik jadidlar orasida Behbudiy bu ishda birinchilardan boʻlgan edi. 

Mustamlaka hukumatning olib borgan siyosati, qonun va nizomlari barcha sohalar qatori diniy ulamolar faoliyatiga ham salbiy taʼsir qildi.

Turkistonda “islom dinini cheklash” yoʻlidan borgan oʻlka maʼmuriyati tomonidan ulamolar, qozi va mudarrislarni “saylash” amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda ularning bilimi va tajribasi emas, balki koʻproq hukmron tuzumga nechogʻlik sadoqati, mustamlaka manfaatlari uchun xizmat qila olishi  muhim hisoblanar edi. Natijada esa, Behbudiy diniy ulamolar: qozilar va boshqa bir qator vakolatli lavozimlarga poraxoʻr, noloyiq shaxslar saylanib, oqibatda isteʼdodli ulamolar chetda qolib ketganini afsus bilan tilga oladi [1]. Mustamlaka hukumat tomonidan Nizomda mustahkamlab qoʻyilgan Turkiston musulmonlari uchun cheklov va oʻzgarishlarga uchragan qozi va biy sudlari  tizimini koʻrib, ularning huquqiy maqomi va holatini sinchiklab oʻrganadi, oʻzi qozi va muftiy boʻlib ishlagani tufayli ham oʻz fikri va takliflarini ishlab chiqadi. Behbudiy qozilik sudlari tuzilishini oʻzgartirish va isloh qilish zarurligini taʼkidlab, rasmiy maʼmuriyatning Turkistonda olib borayotgan siyosati va oʻrnatgan qonun-qoidalari turkistonliklarning diniy qadriyatlari, talab-istaklari va turmush-tarziga mutlaqo zidligi, natijada, ijtimoiy-diniy hayotga qanday salbiy taʼsir qilayotganini tushuntirib bergan edi [7:98].

Shuningdek, Behbudiy bu davrda koʻpaygan soxta tariqatchilar, jumladan, “karomatgoʻy” eshonlar faoliyatini keskin qoralab, “Shariatdan bexabar, ammo amalda tariqatni daʼvo qiluvchi”lar deb tanqid qilgan [9]. Eshonlarni sohibkaromatga chiqarib, muqaddaslashtirish notoʻgʻri, shariatga xilofdir, degan. U “muqaddas” soxta eshon va ruhoniylarga qarshi kurashish maqsadida va muammoga yechim sifatida quyidagi fikrlarini keltirib oʻtadi: “Eshonlarni ustidan qaraydurgon bir idorai ruhoniya ochilmogʻi Turkistonga koʻpdin beri lozimdir. Xolo bizni ilmiy va ruhoniy kishilarimizni boshsiz va intizomsizliklarini bir necha sababi nozirsizliklarindadur” [9].

Darhaqiqat, Behbudiy haq edi. Rasmiy hukumat diniy muassasa va oʻquv yurtlariga qarshi siyosat olib borib, ularning aholi orasidagi ijtimoiy-iqtisodiy mavqeini pasaytirishga harakat qildi. Shayxul islom, qozikalon, rais, muhtasib kabi lavozimlar bekor qilindi, bir qator diniy ulamolar faoliyatida oʻzgarish va cheklovlar joriy qilindi. Natijada, din ulamolari va diniy hayot birmuncha nazoratsiz, yaʼni boshsiz  qolishiga sabab boʻldi. Diniy taʼlim muammolari, diniy mutaassiblikning kuchayishi kabi holatlarning barchasi esa, aholi oʻrtasida diniy bilimlar yetishmasligiga olib keldi. Oqibatda yuqorida qayd etilgan salbiy holatlar koʻpaydi.

Shuning uchun ham Behbudiy diniy ulamolar faoliyatida intizom, masʼuliyat va adolat  susaygani, ulamolarni nazorat  qiluvchi “Idorai ruhoniya” deb nomlanuvchi tashkilot tuzish kerakligini alohida taʼkidlagan. U bu borada oʻz takliflarini quyidagi tarzda ifodalaydi. “Turkistonni yagona ehtiyoji idorai ruhoniya va doxiliya tashakkkuli va aning aʼzolarini basiratli (koʻzi oʻtkir) ulushidir.  Ammo bu idora faqat ruhoniy boʻlmay, Turkistonni hozirgi quzzoti va tasarrufinda  boʻluvi, mulkiy va doxiliy ish va hukmlarinda muhtavi(ichiga olmoq)  oʻlsa kerak” [6:149]. Idorai ruhoniya Turkistonning 5 viloyatini oʻz ichiga olgan  shariat va zamondan xabardor bir shayxul islom besh yilga saylov asosida tayinlanib, Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatishini, shuningdek,  5 ta aʼlam va 5 aʼzo, mirzo va sarkotib tayinlashni taklif qiladi. Ular har bir viloyatdan saylanib, Idorai ruhoniya va doxiliya shoʻbasi shu viloyatlarning musulmonlar yashaydigan “eski shahar” qismida idorasini tashkil etish va ularda bir sadrinishin (rais), 3 ulamo, yaʼni viloyat aʼlami va bir oliy maʼlumotli musulmon (viloyat aʼzosi), mirzo, sarkotib tayinlashni taklif qilgan edi. Shu bilan birga, u faqat Turkiston musulmonlarinigina emas, kamsonli boshqa din va millat vakillarining ham manfaatlariga xizmat qiluvchi dinlar va millatlararo bagʻrikenglikni taʼminlovchi fikr va gʻoyalarini ham taklif sifatida koʻrsatgan edi. Yaʼni Turkiston Idorayi ruhoniya va doxiliyasi hamda yerli yahudiylardan saylov ila bir nafar yahudiy olimi ishtirok etishi koʻzda tutilgan edi [6:149].

Behbudiy mustamlaka sharoitida jamiyatni isloh qilish masalasini kun tartibiga qoʻyar ekan, xalqni diniy va dunyoviy ishlarida tez taʼsir koʻrsata oladigan omil islom dini ekanini yaxshi anglagan holda, bu yoʻlda ulamolarni eng old safda turishini taʼkidlaydi: “Xaloyiqni hech kim goʻrdin chiqib isloh etmas. Ulamo, maktab va madrasa isloh etar, vale maktab, madrasa ahli muni oʻylamaydurlar”. Ulamolarning millat peshvosi ekaniga alohida urgʻu beradi.

Bu davrda Turkiston musulmonlari umumiy diniy idorasi (mahkama) yoʻqligi sharoitida jadid matbuotida, xususan, oʻzining “Oyina” jurnalida fiqh ilmining bilimdoni sifatida baʼzi ijtimoiy-maishiy mavzudagi masalalarga shariat doirasida javob-fatvolar berib borgan. Ayniqsa, xalqni, Turkiston musulmonlarini yurt, millat, din ravnaqi uchun dindoshlar, qardoshlar birlashishi kerakligini bot-bot takrorlaydi. Ayniqsa, taraqqiyparvar jadidlarga nisbatan xalq orasida ularni qoralab, kofirga chiqargan mutaassib ulamolarni tanqid qilib, ularning fikrini inkor etadi. Jadidlar, “madaniyatparvar musulmon”, taraqqiyparvarlarga nisbatan bobiy deb atalishini qoralaydi: “Holbuki, “bobiy va mosun” boshqa, taraqqiyparvar musulmon boshqadur. Bobiylik va mosunlik ila faxr qilaturgon nomusulmonlar boʻlganidek, taraqqiyparvar musulmon bobiy va mosunlikni oʻzigʻa nisbat berishni abadan qabul qilmaydur”[10]. Behbudiy bobiylik(bahoiylik)ni islomga aloqador boʻlmagan mustaqil din sifatida qayd etib, taraqqiyparvar jadidlarning islohotparvar qarashlari uchun ularni “bobiylar” kabi uydirma bilan qoralashini tanqid qilgan.

Behbudiy islom olamida islohotchilik gʻoyalari bilan tanilgan mashhur misrlik islohotparvar ulamo Muhammad Abduning fatvolariga ijtimoiy-maishiy masalalarga yechim berishda suyangan. “Ishlyapa”, “shapka” va boshqa Ovrupo kiyimlarini kiymoq shariati islomiyacha hech bir zararlik emasdur. Yaʼni sharʼan mutlaqo durustdur[5], deb taʼkidlaydi. Shuningdek, ilm istash niyatida xorijda taʼlim olish, boshqa din vakillari pishirgan taomlarni yeyish va boshqa maishiy mavzudagi masalalarga Qurʼon va hadisdan misollar keltirib, sharʼan joiz boʻlgan javob fatvolarni beradi. Islom yengillikni istashini, ilm olish har bir erkak va ayol uchun farz amal ekanini muqaddas oyatlar va hadislar bilan asoslab beradi. Qayd etish joizki, Mahmudxoʻja Behbudiy matbuotda har bir masala yuzasidan fikr berganda, xalqqa yuzlanganda, albatta, Qurʼon oyatlari va hadislardan arab tilida va tarjimasi bilan misollar keltirib, oʻz fikrini dalillaydi. Tabiiyki, bu usul oʻz davrining maʼrifatparvar ulamosi uchun xos boʻlib, dinning xalq uchun muhim omilligini hisobga olgan holda, uning taʼsirli boʻlishini taʼminlar edi. Behbudiy haj va boshqa xorijga safarlari asnosida nafaqat Turkiston, balki necha yuz million musulmon xalqlarning diniy va dunyoviy hayot tarzini koʻrib, koʻplab ulamo va maʼrifatparvarlar bilan tanishib, islom olamining ahvolidan xabardor boʻladi. Tabiiyki, bu safarlar, unga musulmon olamini yaxlit bir ummat sifatida koʻrib, isloh va taraqqiyotga chorlovchi oʻz davrining islohotparvar ulamolari fikr va qarashlari bilan tanishish imkonini ham bergan edi.

M.Behbudiy mustamlaka sharoitida islom sofligini saqlash, turli marosim va urf-odatlarning islom diniga nechogʻli aloqadorligini toʻgʻri anglab yetish, turli bidʼatlarga qarshi kurashish masalalarida xalqqa toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, Qurʼoni karim, hadislar asosida, hanafiya mazhabi doirasida tushuntirishlar berishga harakat qilgan. Buning uchun esa, diniy taʼlimni toʻgʻri tashkil etish, islom asoslarini chuqurroq oʻrgatish va bu orqali xalqni maʼrifatli qilishga chorlagan. Yaʼni islom dini ilm-maʼrifat, jamiyat va davlat rivoji uchun toʻgʻonoq emas, aksincha islom ilm-fan homiysi va ragʻbatchisi boʻla olishini oʻz diniy qarashlari orqali koʻrsatib bera olgan.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Behbudiy M. Bizga isloh kerak // “Najot” gazetasi. № 7.
  2. Behbudiy M. Felyeton. Ehtiyoji millat // Turkiston viloyatining gazeti. №75.
  3. Vasliy S. Har bir musulmonning arab tiligʻa oshno boʻlishi zarur //Al-isloh. № 123. – 1916. – B.123.
  4. Ziyoyeva D.X. XIX asr oxiri –XX asr boshlarida Turkistonda anʼanaviy taʼlim tizimi muammolari // Islom universiteti axborotnomasi. № 2009.
  5. Kiyim va tashabbuh masalasi // “Oyina” jurnali. 1914-yil 14-iyun. 34-son.
  6. Mahmudxoʻja Behbudiy. Turkiston madaniy muxtoriyati  loyihasi // “Jahon adabiyoti” jurnali. Nashrga tayyorlovchi B.Qosimov. 2003-yil. 8-son. – B.149.
  7. Ergasheva M. Mahmudxoʻja Behbudiy qozilar faoliyati va ularning huquqiy maqomi toʻgʻrisida // Mahmudxoʻja Behbudiy merosining milliy gʻoya targʻibotidagi ahamiyati” ilmiy maqolalar toʻplami. – T.: 2014. – B.98.
  8. Mahmudxoʻja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Ingeborg Baldauf. Mahmudxoʻja Behbudiy Falastinda. Nashrga tayyorlovchi, toʻplovchi, soʻzboshi, izohlar muallifi B.Qosimov. – T.: Maʼnaviyat, 2006. – B.266.
  9. Mahmudxoʻja Behbudiy. Andijonda yana bir eshon // Turkiston viloyatining gazeti. № 1907
  10. Mahmudxoʻja. Sart soʻzi majhuldir // “Oyina” jurnali. № 1914 yil 19 aprel.
  11. Mahmudxoʻja. Tarix va jugʻrofiya // “Oyina” jurnali. 27-son. 1914-yil 3-aprel.
  12. Usuli jadid maktablari uchun bosilgan kitoblar // “Samarqand” gazetasi. № 1913 yil 30 iyul.
  13. Hoji Muin. Mahmudxoʻja Behbudiy. // “Uchqun” jurnali. № 1. 1923.
Nigora RAHIMJONOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti katta ilmiy xodimi, PhD

Check Also

XOJA AHMAD YASSAVIYNING “SHABI YALDO” MUNOJOTI

Sharq adabiyotining tamal toshi hikmat bilan koʻtarilgan, hikmat asosida rivojlangan va hikmat tufayli oʻz taraqqiyotining …