Soʻnggi yillarda mamlakatimizda islom tarixida katta iz qoldirgan ajdodlarimizning ilmiy merosini oʻrganish yangi bosqichga kirdi. Jumladan, hadis ilmi sohasidagi buyuk olim Abu Iso Termiziy haqidagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga sazovor. Davlatimiz rahbarining “Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida[1] bu yoʻnalishda tadqiqotchilar oldidagi yangi vazifalar belgilab berildi. Bu doirada, Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi hamda u yashagan davrga oid xorijiy mamlakatlarda, xususan, Turkiyada amalga oshirilgan tadqiqotlarni oʻrganish katta ahamiyat kasb etib, mavzu yuzasidan olimlarimizni yangi manba va maʼlumotlar bilan tanishtirishga munosib hissa qoʻshadi.
Qariyb bir asrlik tarixga ega[2] Turkiyadagi ilohiyot maktabi tomonidan islomshunoslikning turli yoʻnalishlarida boy ilmiy adabiyotlar yaratilgan. Mamlakatda hadisshunoslik yoʻnalishida ham salmoqli tadqiqotlar amalga oshirilib, Mehmet Emin Oʻzafshar taʼbiri bilan aytganda,[3] oʻziga xos turk hadisshunosligi yuzaga kelgan.
Turk hadisshunoslari Imom Termiziy haqida ham salmoqli ilmiy ishlar amalga oshirgan. Oʻrganishlar natijasida, Turkiya Oliy taʼlim kengashida tasdiqlangan dissertatsiyalar, mamlakatdagi jurnallarda joy olgan ilmiy maqolalar hamda alohida nashr etilgan kitob va monografiyalardan, shuningdek, davom etayotgan ilmiy ishlardan iborat mavzuga doir jami 150 ga yaqin tadqiqot aniqlandi. Mazmunidan kelib chiqib, ularni Imom Termiziy asarlari haqidagi ilmiy ishlar, olimning islom ilmlari rivojidagi oʻrnini oʻrganishga qaratilgan izlanishlar, asarlariga yozilgan sharhlar va ustozlari haqidagi tadqiqotlar shaklida tasniflash mumkin.
- Imom Termiziy asarlariga doir tadqiqotlar.
- “Sunan at-Termiziy”.
Turkiyada Imom Termiziyning eng koʻp tadqiq qilingan asari “Sunan”dir. Diyonat vaqfiga qarashli Islom tadqiqotlari markazi nashr etgan “Islom ensiklopediyasi”da asar haqida “Al-Jomeʼ as-sahih” (el-Câmiuʻs-Sahîh) nomli salmoqli maqola mavjud[4]. Asarning maʼlum jihatlariga qaratilgan mustaqil tadqiqotlar ham talaygina. Jumladan, “Sunan”da qoʻllanilgan uslub[5], “Sunan”ning manbalari[6], “Sunan”dagi mavquf va maqtuʼ rivoyatlar[7], “Sunan”da kelgan “hadisu fulan” iboralari[8], “Sunan”dagi rijol maʼlumotlari va manbalari[9], “Sunan”dagi bob nomlarining mazmunan muvofiqligi[10], “Sunan”dagi istilohlar va tahlil usuli[11], “Sunan”dagi manoqib boʻlimi tahlili[12], islom tarixshunosligida “Sunan”ning tutgan oʻrni[13], “Sunan”da ulamolar ixtilof qilgan masalalar[14], “Sunan”dagi profilaktik tibbiyotga oid hadislar[15], “Sunan”da kelgan “bob ichidagi eng sahih hadis” tushunchasi[16], “Sunan”da kelgan Buxoriy va Abu Zarʼaning ixtiloflari[17], “Sunan” nusxalarining rivoyat zanjiri[18], “Sunan” doirasida jihod[19], “Sunan”ning siyar boʻlimi tahlili[20], “Sunan”da hadislarning taʼlil usuli[21], “Sunan”dagi zuhdga oid hadislar tahlili[22], “Sunan” doirasida muxtaliful hadis[23], “Sunan”da mursal hadisdan foydalanilishi[24], “Sunan”da “va fil-bab ʼan fulan” tushunchasi[25], “Sunan”dagi zavoyid tahlili[26], “Sunan”da kelgan duo haqidagi hadislar[27], “Sunan”ning daraja nuqtayi nazaridan Abu Dovud va Nasoiyning asarlari bilan qiyosi[28] kabi mavzular oʻrganilgan.
Imom Termiziyning mazkur asari 1970-yilda Usman Zeki Mullamuhammadoʻglu tomonidan hadislar sanadi qisqartirilgan (faqat roviy sahobalar qoldirilgan) holda turk tilida nashr etilgan[29].
- “Shamoyili nabaviyya”.
Imom Termiziyning ushbu asar haqida ham Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”da batafsil maqola mavjud[30]. Unda qayd etilishicha, asar Usmoniylar davridayoq – 1264 va 1285-yillarda Istanbulda toshbosma holda nashr etilgan. Ayni vaqtda asarning turk tilidagi koʻplab tarjimalari ham amalga oshirilgan. Ulardan Isʼhoq Xoʻjasining “Aqvamul-vasâil fi tarjamatish-Shamoyil”, Hasan Husomiddin Naqshbandiyning “Tarjamayi Shamoyil”[31], Ayub Sabri Poshoning “Tarjamatush-Shamoyil”[32], Mehmet Roif Afandining “Shamoyili sharifning muxtasar tarjimasi”[33] kitoblarini zikr qilish mumkin. Bularning ichidagi soʻnggi asar Mahmut Oʻzakkash tomonidan “Hadislar asosida Paygʻambarimizning goʻzal axloqi” nomi bilan zamonaviy turkchaga moslashtirilgan holda 1984-yil Istanbulda nashr etilgan[34].
Yuqoridagilardan tashqari, A.Yardimning “Shamoyil janrining paydo boʻlishi va Termiziyning Kitab ash-shamoyili” nomli ilmiy maqolada ham asar haqida qimmatli maʼlumotlar joy olgan[35].
- “Kitab al-ilal al-kabir”.
Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”da “Kitab al-ilal” nomli maqola mavjud boʻlib, unda Imom Termiziyning bu yoʻnalishdagi ikki kitobi haqida qisqacha maʼlumot berilgan[36].
Bugungi kunda Firat universiteti ilohiyot fakulteti dekani oʻlaroq faoliyat koʻrsatayotgan prof. Veysel Oʻzdemir esa, “Al-Ilal al-kabir”ning ilal ilmidagi oʻrni haqida maqola nashr etgan[37].
- “Kitab al-ilal as-sagʻir”.
Mazkur asar haqida Dijla universitetida T.Karasu tomonidan magistrlik ishi himoya qilingan[38]. Ayni tadqiqotchining “Termiziyning “Ilal as-sagʻir” nomli asarining usulul hadis jihatidan tahlili” mavzusida ilmiy maqolasi ham mavjud[39].
- “Tasmiyat asʼhab an-Nabiy”.
730 sahoba haqida maʼlumot beruvchi ushbu asarning Turkiya qoʻlyozma fondlaridagi nusxalari asosida A.Yardim tomonidan oʻrganilgan. Olimning tadqiqoti “Sahobalar haqidagi maʼlumot manbalari va Termiziyning Tasmiyat asʼhab an-Nabiy asari” nomi bilan Dokuz Eylul universiteti ilohiyot fakulteti jurnalida nashr etilgan[40].
- Imom Termiziy asarlariga yozilgan sharhlar.
Turk tadqiqotchilari Imom Termiziy asarlari sharhlari haqida ham koʻplab ilmiy ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, Ibnul Arabiy (vaf. 638/1240)[41], Ubaydulloh Taqiyuddin (vaf. 692/1292)[42], Ibn Sayyidunnas (vaf. 734/1334)[43], Ibn Rajab al-Hanbaliy (vaf.795/1393)[44], Muhammad Anvarshoh Kashmiriy (1875-1933), Muborakpuriy (1865-1935)[45], Ahmad Muhammad Shokir (1892-1958)[46], Husomuddin Naqshbandiy (1770-1864)[47] kabi olimlar tomonidan yozilgan sharhlardagi muayyan jihatlarni oʻrganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar mavjud.
Ayni vaqtda Turkiyaning ikki universitetida mavzusi bir-biriga yaqin ikki dissertatsiya ustida ilmiy ish davom etayotgani aniqlandi. Ulardan biri Marmara universitetida F.A.Muhajer tomonidan olib borilayotgan doktorlik ishi boʻlib, “Hind-Pokiston yarimorolida yozilgan “Sunan at-Termiziy” sharhlari va ularning xususiyatlari” (Sünen-i Tirmizi Üzerine Hint Pakistan Alt Kıtasında Yazılan Başlıca Şerhler ve Özellikleri) deb nomlangan. E.Usta tomonidan Trabzon universitetida tayyorlanayotgan magistrlik ishining mavzusi esa, “Hindiston yarimorolidagi Termiziy sharhlari va al-Kavkabud-Durriy” (Hint Alt Kıtasıʻnda Tirmizî Şerhleri ve el-Kevkebüʻd-Dürrî) deb atalgan.
Yuqoridagilardan tashqari, Termiziy sharhlarida arika hadisining sharhlanishi misolida hadislarning zamonga koʻra sharhlanish masalasiga bagʻishlangan ilmiy maqola ham mavjud[48].
- Imom Termiziy va islom ilmlari.
Turkiyadagi tadqiqotlarda Imom Termiziyning turli islom ilmlariga qoʻshgan hissasi haqidagi mavzular ham salmoqli oʻrin tutadi. Ularda jumladan, olimning fiqhiy qarashlari va mazhablarga munosabati, asarlaridagi hadislarning kalom ilmi nuqtayi nazaridan tahlili, tafsir ilmining shakllanishiga qoʻshgan hissasi haqida ilmiy ishlar amalga oshirilgan.
- Fiqh.
Bu sohada H.Ertashning “Fiqh mazhablari bilan qiyosiy asosda Termiziy huquqshunosligi” nomli magistrlik ishi[49] va “Oʻzbekistonlik muhaddis Abu Iso Termiziyning fiqhshunosligi” nomli maqolasi muhim oʻringa ega[50].
S.M.Gurses esa, Imom Termiziyning “Sunan” asari doirasida hadislarning normativ jihatlarini aniqlashdagi ittifoq va ixtilof sabablarini oʻrgangan[51]. H.Kuchukusmon Imom Termiziyning hanafiy mazhabi va fiqhiga munosabatini tadqiq qilgan va bu mavzuda bir magistrlik dissertatsiyasi[52] va maqola[53] muallifi hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Sunan” asari doirasida bir qancha fiqhiy masalalar ham oʻrganilgan. Jumladan, Oʻ.Yildiz ushbu asar asosida fiqhul-hadis va faqih muhaddislar masalasini tadqiq qilgan[54], Yu.Ajar esa zaif hadislarning amal yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlanishi haqida maqola yozgan[55]. M.Arikning magistrlik tadqiqotida “Sunan”da faqihlar ixtilof qilgan hadislar masalasi tahlil qilingan[56].
Maʼlumotga koʻra, bugungi kunda Ibn Xaldun universitetida A.Koʻchak tomonidan “Sunani Termiziy”dagi rivoyatlar doirasida Kufa ahlining amali” (Sünen-i Tirmiziʻdeki Rivayetler Bağlamında Kufe Ehliʻnin Ameli) nomli doktorlik dissertatsiyasi ustida ish davom etmoqda.
- Tafsir.
Imom Termiziyning tafsir ilmining rivojiga qoʻshgan hissasi mavzusida uchta ilmiy ish borligi aniqlandi. M.Ata tomonidan Termiziyning asarlaridagi “Abvab at-tafsir” asosida Qurʼonni tafsir qilish uslubi oʻrganilgan[57].
H.Demirchin tomonidan “Sunanut-Termiziyning tafsir kitoblariga taʼsiri”[58] nomli maqola yozilgan. Aniqlanishicha, ayni muallif Marmara universitetida “Sunan at-Termiziy”ning ulum al-Qurʼon va tafsir ilmi jihatidan ahamiyati” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida tadqiqot olib bormoqda[59].
Yana bir maʼlumotga koʻra, Trakiya universitetida X.Derin tomonidan “Termiziyning “Sunan”i tafsir ilmi manbai sifatida”[60] mavzusida magistrlik ishi tayyorlanmoqda.
- Kalom.
Turk olimlari Imom Termiziy asarlarini Kalom ilmi doirasidagi oʻrganishga ham harakat qilgan. Bu sohada ikki tadqiqot mavjudligini aniqladik. U.Akbulut muallifligidagi magistrlik ishi “Termiziy va Nasoiyning “Sunan”larida joy olgan imon bilan bogʻliq hadislarning Kalom ilmi doirasida tahlili”ga bagʻishlangan[61]. Ikkinchi tadqiqot esa maqola shaklida boʻlib, “Abu Iso Termiziy “Sunan”idagi Kitob al-imon boʻlimi rivoyatlarining kalom ilmi doirasidagi tahlili” deb nomlangan[62].
- Hadisshunoslik istilohlari.
Maʼlumki, har ilmda boʻlganidek, hadisshunoslikning oʻz ilmiy istilohlari mavjud. Ularning shakllanishida esa Imom Termiziyning oʻrni katta. Turk olimlari Termiziy asarlarida qoʻllanilgan maʼlum iboralar va ularning mohiyatini oʻrganishga ham katta eʼtibor qaratgan. Bu doirada, jumladan, Termiziy hadisshunosligida hasan[63], iztirob[64], ixtilof[65], mursal[66], fard va gʻarib[67] kabi istilohlarning qoʻllanilishi haqida alohida tadqiqotlar mavjud.
Shuningdek, A.Chelikning Imom Termiziyning usul ilmiga qoʻshgan hissasi haqidagi tadqiqoti[68], M.Chalganning “Termiziyning “Sunan”i va “Al-Ilal al-kabir”ida matn tanqidi”[69] maqolasi ushbu yoʻnalishda muhim manba hisoblanadi.
Aniqlanishicha, H.Karadeniz mutaqaddim muhaddislar, jumladan, Termiziy asarlaridagi tadlis[70] istilohining mohiyati haqida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
- Qiroat ilmi.
Oʻrganishlar natijasida, U.Bal tomonidan qiroatlardagi farqlarning manbalari, xususan, “Sunani Termiziy”dagi hadislar tadqiq qilingani aniqlandi. Mazkur mavzudagi magistrlik ishi 2024-yilda Akdeniz universitetida himoya qilingan[71].
- Imom Termiziyga qaratilgan tanqidlar.
Koʻplab olimlar qatorida Imom Termiziy haqida ham turli fikr va yondashuvlar bildirilgan. Jumladan, islom tarixida koʻplab ixtilofli fikrlari bilan tanilgan andalusiyalik Ibn Hazm tomonidan Termiziyning “majhul”, deya taʼriflagani koʻplab munozaralarga sabab boʻlgan. Bu holat Ibn Hazm davrida Termiziy haqidagi maʼlumotlar islom olamining gʻarbiy hududlariga yetib kelmagani bilan izohlanishi mumkin.
Turk hadisshunoslari Imom Termiziy va uning asarlarini oʻrganish jarayonida yuqoridagi kabi tanqidiy holatlarni tahlil qilishga ham alohida eʼtibor qaratgan. S.Basharanning “Ibn Hazm tomonidan Termiziy va Ibn Mojaning majhul deb tavsiflanishi” maqolasida yuqoridagi masala batafsil oʻrganilgan[72]. Shu kabi, Ibn al-Javziy (v. 597/ 1200)[73], Alboniy (1914-1999)[74], Muborakfuriy (1865-1935)[75] kabi olimlarning Imom Termiziyga yoʻnaltirgan tanqid yoki eʼtirozlari tahlil qilingan tadqiqotlar ham mavjud.
Bundan tashqari, M.Jemal Soʻfuoʻgʻlining “Zaif va mavzuʼ hadislar doirasida Termiziyning “Sunan”i tahlili”[76], S.M.Gursesning “Termiziyning bidʼatchi roviylardan rivoyatlari”[77] nomli maqolalarini ham ushbu tasnifga kiritish mumkin.
- Termiziy va ustozlari.
Imom Termiziyning oʻz davridagi buyuk muhaddislarga shogird boʻlgani va asarlarini yozishda ularning ilmidan foydalangani yaxshi maʼlum. Shu sababli ham, Imom Termiziyning asarlari uning ustozlari bilan munosabatini oydinlashtirish jihatidan muhim manba hisoblanadi. Turk hadisshunoslari oʻz tadqiqotlarida bu yoʻnalishga ham eʼtibor qaratgan.
M.Karabajak “Sunan” doirasida Termiziyning ustozi boʻlgan Imom Buxoriy foydalangan hadis ilmi istilohlarini aniqlashga uringan[78]. H.Akyuz esa, “Sunan”da Termiziy tomonidan Buxoriyga berilgan savollarni tahlil qilib, ustoz-shogird ilmiy munosabatlarini yortib bergan[79]. D.Uzeyir “Sunan”ga manba boʻlgan Buxoriy asarlari”[80] nomli maqolasida Termiziyning Buxoriydan qanchalik ilmiy istifoda qilganini koʻrsatib bergan. A. Jaʼdning “Sunan”da Termiziyning ustozi Buxoriyga muxolif qarashlarini oʻrganishga qaratilgan maqolasi[81] esa, olimning muayyan masalalarda ustozidan mustaqil qarorlar qabul qilganini koʻrsatib berishi jihatidan muhimdir. Yuqoridagilardan tashqari, A. Jaʼd Imom Termiziyning asarlarida uning yana bir ustozi – Imom Dorimiy haqidagi xabarlarni ham oʻrgangan[82].
Yuqoridagilardan tashqari, Turkiyadagi tadqiqotlarda Imom Termiziy hayoti va ijodi umumiy tarzda oʻrganilgan tadqiqotlar ham mavjud. Ularga L.Jebejining “Imom Termiziy” maqolasi[83], R.Chetresning “Imom Termiziyning shaxsiyati va ilmiy oʻzligi”[84], A.Erarslanning “Termizdan Damashqqa qadar hadis usulining rivojlanish yoʻli”[85] nomli tadqiqotlarni kiritish mumkin.
Xulosa. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, Turkiyada Imom Termiziy hayoti, ijodi, ustozlari bilan munosabatlari, asarlarining xususiyatlari, ilmiy qarashlari, islomiy ilmlarga qoʻshgan hissasi mavzularida salmoqli darajada ilmiy ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash zarur.
Tadqiqotlarning aksari “Sunan at-Termiziy” bilan bogʻliqdir. Asardagi muayyan boblar mazmunini oʻrganish, unda foydalanilgan istilohlarni tahlil qilishga qaratilgan koʻplab alohida dissertatsiya va maqolalar yozilgan.
“Shamoyili Nabaviya” bilan bogʻliq tadqiqotlar Usmoniylar davridayoq boshlangan boʻlib, Respublika davrida ularning zamonaviy turk tilidagi nashri amalga oshirilgan.
Kamroq boʻlsa-da, olimning qolgan asarlari – “Kitab al-ilal al-kabir”, “Kitab al-ilal as-sagʻir” va “Tasmiyat asʼhab an-Nabiy” haqida ham mustaqil tadqiqotlar mavjud.
Turk tadqiqotchilari izlanishlar olib borgan yana bir yoʻnalish – Termiziy asarlariga yozilgan sharhlardir. Bunda Ibnul Arabiy, Ubaydulloh Taqiyuddin, Ibn Sayyidunnas, Ibn Rajab al-Hanbaliy, Muhammad Anvarshoh Kashmiriy, Muborakpuriy, Ahmad Muhammad Shokir, Husomuddin Naqshbandiy kabi olimlar tomonidan yozilgan sharhlar haqida alohida tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Yuqoridagilardan tashqari, Turkiyada Imom Termiziyning muayyan islomiy ilmlar, xususan, fiqh, tafsir va kalomning rivojidagi oʻrniga bagʻishlangan tadqiqotlar ham katta oʻrin tutadi.
Turk tadqiqotchilari islom tarixi davomida baʼzi olimlar tomonidan Imom Termiziyga qaratilgan tanqidlar masalasini ham ilmiy asosda oʻrganib, bu borada bir qancha maqola va dissertatsiyalar nashr etgan.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda Imom Termiziy kabi ajdodlarimizning ilmiy merosini oʻrganish yangi bosqichga koʻtarilgan bir vaqtda, xorijdagi, jumladan, Turkiyadagi yuqoridagi kabi tadqiqotlardan xabardor boʻlish, ulardan foydalanish, zarur oʻrinlarda tanqidiy koʻrib chiqish katta ahamiyatga ega. Turk tilining oʻzbek tiliga yaqinligini inobatga olib, Imom Termiziy asarlarini ona tilimizga tarjima qilish jarayonida ularning turkcha variantlaridan ham keng istifoda qilish mumkin.
Umuman olganda, Turkiyada Imom Termiziy kabi boshqa ajdodlarimiz haqida ham koʻplab ilmiy izlanishlar amalga oshirilgan boʻlib, ularni bibliografik tadqiqotlar shaklida oʻrganish va olimlarimiz eʼtiboriga havola qilib borish har jihatdan foydalidir.
[2] Yuz yil avval Istanbul Dorulfununida Turkiyadagi ilk ilohiyot fakulteti ish boshlagan
[4] Chakan Ismail. Jamiʼus-sahih (el-Câmiʿuʻs-sahîh) / Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”, 7-jild. – Istanbul: TDV nashriyoti, 1993. – B. 129-130.
[5] Koʻyju Erdogʻan. Sunani Termiziyning uslubiy jihatdan tahlili (Sunenuʻt-Tirmiziʻnin Metot Yönünden İncelenmesi) / Monografiya. – Anqara: Anqara nashriyoti, 2013. – B.110.
[6] Gyokche Aziz. Sunani Termiziyning manbalari: tadqiq va tahlil (Sünen-i Tirmizîʻnin Kaynakları: Tespit ve Değerlendirme) / Nashr etilmagan doktorlik dissertatsiyasi. Sakariya universiteti, 2022.– B.171.
[7] Oʻzjan, Xidir. Termiziyning “Jomeʼ”idagi mavquf va maqtuʼ rivoyatlar va ularning tahlili (Tirmiziʻnin Camiʻindeki Mevkuf ve Maktü Rivayetler ve Değerlendirilmesi) / Nashr etilmagan magistrlik dissertatsiyasi. Marmara universiteti, 1995. – B.132.
[8] Murad Selvi Raif. “Sunani Termiziy”da “hadisu fulan” tushunchasi (Sünen-i Tirmizîʻde Hadîsü Fülân kavramı) / Nashr etilmagan magistrlik dissertatsiyasi. Sakariya universiteti, 2018. – B.132.
[9] Sayja Selim. “Sunani Termiziy”da rijol haqidagi maʼlumot va ularning manbalari (Tirmiziʻnin Sünenʻinde Ricâl Bilgisi ve Kaynakları) / Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. Istanbul universiteti, 19-may.
[10] Doʻgʻru Fatima. “Sunani Termiziy”da bob nomlari va ichidagi hadislarga uygʻunligi (Sünen-i Tirmiziʻnin Bab Başlıkları ve Altındaki Hadislerle Uyumu). Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. – Anqara universiteti.
[11] Yilmaz Selim. “Sunani Termiziy”da hadis istilohlari va Termiziyning hadislarni tahlil qilish usuli (Sünen-i Tirmizîʻde Hadis Istılahları ve Tirmizîʻnin Hadisleri Değerlendirme Usulü). Nashr etilmagan magistrlik dissertatsiyasi. Harran universiteti, 2015. – B.113.
[12] Bayat Zeyneb. “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy”ning manoqib boʻlimlari mazmuni tadqiqi (Sahîh-i Buhârî ve Sünen-i Tirmizîʻnin Menâkıb Bölümlerinin Muhteva Kritiği). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Van 100-yil universiteti, 2024. – B.70.
[13] Aksu Murat. Islom tarixshunosligi va bu jihatdan Termiziyning “Sunan”i. (İslam Tarihçiliği ve Bu Açıdan Tirmiziʻnin Sünenʻi). Nashr etilmagan magistrlik dissertatsiyasi. Firat universiteti, 2018. – B.86.
[14] Oʻrench Ashir. Termiziyning “Sunan”ida ulamoning ixtilof qilgani bildirilgan (Salot hadislari) hadislar (Tirmiziʻnin, Süneninde Ulemanın İhtilaf Ettiğini Haber Verdiği Hadisler (Salat Hadisleri). // Süleyman Demirel Üniversitesi Fen-Edebiyat Fakültesi Sosyal Bilimler Dergisi (jurnali). 2013/29. – B.171-189.
[15] Jessam Ekrem Tami. Imom Termiziyning “Jomeʼ”si doirasida profilaktik tibbiyotga oid hadislar: Tanqidiy tahlil (Ehâdîsüʻt-Tıbbiʻl-Vekâî İndeʻl-İmâm et-Tirmizî fiʻl-Câmi Dirâse Nakdiyye). YDÜ I. Uluslararası Hadis İhtisas Sempozyumu. – Nikosiya: YDÜ nashriyoti, 2014. – B. 475-520.
[16] Al-Jaʼd Anas. “Sunani Termiziy”da “asahhu ma fil-bab” hadislarining taxriji (Sünen-i Tirmîzîʻde “Esah mâ fiʻl-Bâb Hadisleri Tahrici). // Cumhuriyet Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali). 2015/19-1. – B.169-190.
[17] Al-Jaʼd Anas. Termiziyning “Sunan”ida Buxoriy va Abu Zurʼaning ixtiloflari (Tirmîzîʻnin Sünenʻinde Buharî ve Ebû Zurʻaʻnın İhtilafları) // Cumhuriyet Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali). 2016/20-1. – B.245-266.
[18] Kurtulush Mehmet Said. “Jomeʼ at-Termiziy” yozma nusxalarining rivoyati (Câmiʻuʻt-Tirmizî Yazma Nüshalarının Rivayeti). Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Marmara universiteti.
[19] Aksu Mustafa. Islom dinida jihod va hazrati Paygʻambarning urush bilan bogʻliq amaliyoti: “Sunani Termiziy” doirasidagi tadqiqot (İslâm Dininde Cihad ve Hz. Peygamberʻin Savaşla İlgili Uygulamaları: Sünen-i Tirmizî Özelinde Bir Değerlendirme) // Uluslararası Sosyal Araştırmalar Dergisi. 2016/9-43. – B.2317-2325.
[20] Agitoʻgʻlu Nurullah. Asosiy hadis manbalarining siyar boʻlimlari yuzasidan tahlil: Termiziyning “Jomeʼus-sahih”i misolida (Temel Hadis Kayanklarındaki Siyer Bölümleri Üzerine Bir Değerlendirme -Tirmizîʻnin el-Câmiuʻs-Sahîhʻi Örneğinde) // Türkoloji Araştırmaları jurnali. 2017/12-27. – B.51-64; Kapji Oʻmer Vahbi. Siyar manbai oʻlaroq hadis: “Sunani Termiziy” misolida. Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Najmiddin Erbakan universiteti.
[21] Ibrahim, Ibrahim Hamoud. “Sunan” asari doirasida Termiziyning hadislarni taʼlil qilish usuli (Menhecüʻt-Tirmizî fî Taʻlîliʻl-Ehâdîs fî Sünenihî) // Gaziosmanpaşa Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 2018/6-1. – B.249-264; Esen Mujahid. “Sunani Termiziy”da illatni aniqlash usuli (Sünen-i Tirmizîʻde İllet Tespit Yöntemi). Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. Van 100-yil universiteti.
[22] Chilingir Yunus Emre. “Sunani Termiziy”da zuhd mavzusiga oid hadislar tahlili (Sünen-i Tirmizîʻde Zühd Temalı Hadislerin İncelenmesi). Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. Mugʻla Sitki Koʻchman universiteti.
[23] Oʻrk Xalil. Muxtaliful hadis ilmi doirasida Termiziyning “Sunan”i (Muhtelifüʻl-Hadîs İlmi Bağlamında Tirmizîʻnin Sünenʻi). Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Xitit universiteti.
[24] Koʻnachoʻgʻlu Elif. Termiziyning “Jomeʼ”ida mursal hadis ishlatilishi (Tirmizîʻnin Câmiʻinde Mürsel Hadis Kullanımı). Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. Istanbul universiteti.
[25] Oʻzturk Mustafa. Termiziyning “Sunan”ida “va fil-bab ʼan fulan” ifodasi qoʻllanilgan rivoyatlar tahlili: Kitab al-ilm misolida (Tirmizîʻnin, Sünenʻinde “ve Fiʻl-Bâbi an Fulân” İfadesini Kullandığı Rivâyetler Üzerine Bir Tetkik (Kitâbuʻl-İlim Örneği). // İslami İlimler Dergisi (jurnali), 2020/15-1. – B.7-33.
[26] Marti Huriye. Termiziyning zavoyidi va ularning sahihligi: “Kutubi sitta” doirasida qiyosiy tahlil (Tirmiziʻnin Zevaidi ve Sıhhat Analizi -Kütüb-i Sitte Merkezli Bir Mukayese) // Hadis Tetkikleri Dergisi (jurnali), 2009/7-2. – B.7-17.
[27] Ayxan Ibrahim. Imom Termiziyning abvab ad-daʼvat rivoyatlari doirasida duoning maʼnosi va mohiyati (İmam Tirmizîʻnin Ebvâbuʻd-Daʻvât Rivayetleri Bağlamında Duanın Mana ve Mâhiyeti). Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Dijle universiteti.
[28] Murat Selvi Raif. Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylarning “Sunan” kitoblarining bir-biridan ustunligi haqidagi fikrlar va rivoyat manbalari jihatidan tahlil (Ebû Dâvud, Tirmizî ve Nesâî Üç Sünen Kitabının Birbirlerine Üstünlüğü ile İlgili İddialar ve Rivayet Kaynakları Açısından Bir Değerlendirme) // Kocaeli İlahiyat Dergisi (jurnali), 2023/7-1. – B. 31-50.
[29] Sunani Termiziy tarjimasi (Sünen-ı Tirmizi Tercemesi). Tarjimon: Usman Zeki Mullamuhammadoʻglu. – Istanbul: Yunus Emre nashriyoti, 1970.
[30] Kandemir Yashar. Ash-Shamoyil an-Nabaviyya (eş-Şemâilüʻn-Nebeviyye) / Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”, 38-jild. – Istanbul: TDV nashriyoti, 2010. – B. 500-501.
[31] Bulakda 1254-yilda, Istanbul 1248, 1287, 1313, 1316, 1322-yillarda nashr etilgan. Figʻoniy va F.Qovuqchioʻgʻli tomonidan lotin alifbosiga oʻgirilib, 1963 va 1974-yillarda ikki nashri amalga oshirilgan. 1976-yilda esa, M.Sodiq Oydin tomonidan soddalashtirilgan nashri amalga oshirilgan.
[32] 1298-yilda Istanbulda toshbosma usulida nashr etilgan.
[33] 1304 va 1311-yillarda Istanbulda nashr etilgan.
[34] Hadislar asosida Paygʻambarimizning goʻzal axloqi – Shamoyili sharif (Hadislerle Peygamberimizin Güzel Ahlakı – Şemail-i Şerif). Tarjimon: Xoʻja Raif Efendi. Nashrga tayyorlovchi: Mahmut Oʻzakkash. – Istanbul: Islamoʻgʻlu nashriyoti, 1984.
[35] Yardim, Ali. Shamoyil janrining paydo boʻlishi va Termiziyning “Kitab ash-Shamoyil”i (Şemâil Nevʻinin Doğuşu ve Tirmiziʻnin Kitâbuʻş-Şemâili) // Dokuz Eylül Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 1983/1. – B. 349-409.
[36] Koʻchkuzu Ali Osman. Kitab al-ilal (Kitâbüʻl-ilel) / Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”, 26-jild. – Istanbul: TDV nashriyoti, 2002. – B.109.
[37] Oʻzdemir Veysel. Termiziy va uning “Al-Ilal al-kabir”ning ilal ilmidagi oʻrniga umumiy nazar (Tirmizî ve el-İlelüʻl-Kebîrʻinin İlel İlmindeki Yerine Genel Bir Bakış) // Türkoloji Araştırmaları Dergisi (jurnali), 2014/9-2 – B.1175-1195.
[38] Karasu Taner. Termiziyning “Kitab al-ilal”i doirasida hadis metodologiyasi. Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Dijla universiteti, 2012. – B.117.
[39] Karasu Taner. Termiziyning “Al-Ilal al-sagʻir” asarining hadis usuli jihatdan tahlili (Tirmizîʻnin İlelüʻs-Sagîr Adlı Eserinin Hadis Usûlü Açısından Değerlendirilmesi) // e-Şarkiyat İlmi Araştırmalar Dergisi (jurnali), 2017/9-18 – B.975-989.
[40] Yardim Ali. Sahobalar haqidagi maʼlumot manbalari va Termiziyning “Tasmiyat asʼhab an-Nabiy” asari (Ashâb Bilgisinin Kaynakları ve Tirmizîʻnin “Tesmiyetü Ashâbʻin-Nebî”si) // Dokuz Eylül Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 1985/2. – B.247-348.
[41] Shahyar Ayshe Esra. “Orizat al-Axvaziy”da Termiziyning “Al-Ilal as-sagʻir”iga taʼliqot doirasida Abu Bakr ibn al-Arabiyning hadis usuliga doir qarashlari (Ârizatüʻl-Ahvezîʻde Tirmizîʻnin el-İlelüʻs-Sağîrʻine Talikâtı Kapsamında Ebû Bekir İbnüʻl-Arabîʻnin Hadis Usûlüne Dair Görüşleri). // Diyanet İlmî Dergisi (jurnali), 2022/58. – B.623-656.
[42] Bilen Mehmet. Siirtlik muhaddis Ubaydulloh Taqiyuddin va “Fazoyil al-Kitob al-jomeʼ li Abi Iso at-Termiziy” nomli asari (Siirtli Muhaddis Ubeydullah Takiyuddin ve “Fadâiluʻl-Kitâbiʻl-Câmiʻ li Ebî Îsâ et-Tirmizî” Adlı Eseri). İbrahim Hakkı ve Siirt Uleması Sempozyumu Bildirileri. – Siirt: Siirt univresiteti nashriyoti, 2008. – B.333-340.
[43] Berber Sema. Ibn Sayyid an-Nas va uning “An-Nafx ash-shazi fi sharh Jomeʼ at-Termiziy” asari (İbn Seyyidinnâs ve Nefhuʻş-Şezî Fî Şerhi Câmiʻiʻt-Tirmizî Adlı Eseri). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Trabzon universiteti, 2024. – B.167.
[44] Futsi Ali Fuat. “Sharh ilal at-Termiziy”dagi tanqidlar doirasida Kufa faqihlari va hadis rivoyati (Şerhu İleliʻt-Tirmizîʻdeki Eleştirel Bağlamında Kûfeli Fakihler ve Hadis Rivayeti) // Gümüşhane Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 2024/13-26. – B.417-445.
[45] Gurses Serdar Murat. Hanafiylik va ahli hadis prinsiplari jihatidan Kashmiriy va Muborakpuriyning Termiziy sharhlari (Hanefî ve Ehl-i Hadis Prensipleri Açısından Keşmîrî ile Mübârekpûrîʻnin Tirmizî Şerhleri) // Uluslararası Hadis Araştırmaları Dergisi (jurnali), 2019/3. – B.36-74.
[46] Chelik Idris. Ahmad Muhammad Shokir va “Sunani Termiziy”ga sharhidagi uslubi (Ahmed Muhammed Şâkir ve Sünen-i Tirmizîʻdeki şerh metodu). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Seljuk universiteti, 2023. – B.148.
[47] Keser Fatma. Termiziyning “Ash-Shamoyil an-Nabaviyya” asariga yozilgan turkcha sharhlarda Husomuddin Naqshbandiy (v. 1865)ning hissasi (Tirmizîʻnin (Ö. 892) Şemâilüʻl – Muhammediyye adlı eseri üzerine yazılmış Türkçe şerhlere Hüsamüddin Nakşibendiʻnin (Ö. 1865) katkısı). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Fatih universiteti, 2015. – B.107.
[48] Shaxyar Ayshe Esra. Hadis va aktual sharh: Termiziy sharhlariga koʻra arika hadisi (Hadis ve Aktüel Yorum Tirmizî Şerhlerine Göre Erîke Hadisi) // Hadis Tetkikleri Dergisi (jurnali), 2022/20-2. – B.245-269.
[49] Ertash Hikmetullah. Fiqh mazhablari bilan qiyosiy oʻlaroq Termiziyning huquqshunosligi (Fıkıh mezhepleriyle karşılaştırmalı olarak Tirmiziʻnin Hukukçuluğu). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Seljuk universiteti, 2006. – B.88.
[50] Ertash Hikmetullah. Oʻzbekistonlik muhaddis Abu Iso Termiziy (vaf.279/892)ning fiqhshunosligi (Özbekistanʻlı Muhaddis Ebû Îsâ et-Tirmizîʻnin (Ö.279/892) Fıkıhçılığı) / IV. Uluslararası Türk Dünyası Araştırmaları Sempozyumu, cilt: IV. – Nigʻde: Oʻmer Xalisdemir universiteti nashriyoti, 2017. – B.393-398.
[51] Gurses Serdar Murat. Termiziyning “Sunan”i doirasida hadislarning normativ jihatlarini aniqlashda ittifoq va ixtilof sabablari (Tirmizîʻnin Sünenʻi Özelinde Hadislerin Normatif Yönlerini Tespitte İttifak ve İhtilafın Sebepleri) // Mesned İlahiyat Araştırmaları Dergisi (jurnali). 2022/13-2. – B.159-188.
[52] Kuchukosman Hasan. Termiziyning “Sunan”ida hanafiy mazhabiga yondashuvi (Tirmiziʻnin Sünenʻinde Hanefi mezhebine yaklaşımı). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Anqara universiteti, 2018. – B.252.
[53] Kuchukosman Hasan. Termiziyning hanafiylarga nisbatan qarashlari (Tirmizîʻnin Hanefilere Bakışı) // Burdur Mehmet Akif Ersoy Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali). 2022/3-2. – B.47-76.
[54] Yildiz Oʻgʻuzxan. Ahli hadis fiqhining tadvini: Termiziyning “Jomeʼ”sida fiqh al-hadis va faqih muhaddislar tabaqoti (Ehl-i Hadis Fıkhının Tedvini Tirmizîʻnin Câmiʻinde Fıkhüʻl-Hadis ve Fakih Muhaddisler Tabakâtı) // Din Bilimleri Akademik Araştırma Dergisi (jurnali). 2018/18-3. – B.99-136.
[55] Ajar Yusuf. Zaif hadisning amal qarinasi bilan qoʻllab-quvvatlanishi va Termiziyning “Sunan”i (Zayıf Hadisin Amel Karinesiyle Desteklenmesi ve Tirmizîʻnin Süneni) // Necmettin Erbakan Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi. 2014/37. – B.41-69.
[56] Arik Selim. Termiziyning “Sunan”ida fuqaho dalil qilib olishda ixtilof qilgan hadislar (Tirmiziʻnin Sünenʻinde Fukahanın Delil Almada İhtilaf Ettiği Hadisler). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Uludagʻ universiteti, 1994. – B.127.
[57] Ata Mehmet Mahfuz. Termiziyning Qurʼonni tafsir qilish usuli: Abvob at-tafsir doirasida (Tirmizîʻnin Kurʻân Tefsir Yöntemi: Ebvâbuʻt-Tefsir Özelinde) // Tefsir Araştırmaları Dergisi (jurnali). 2022/6-2. – B.555-577.
[58] Demirchin Hadichatulkubra. “Sunan at-Termiziy”ning tafsir kitoblariga taʼsiri (Sünenüʻt-Tirmizîʻnin Tefsir Kitaplarına Etkisi) // Asos Journal: The Journal of Academic Social Science (jurnali). 2019/7-96. – B.399-416.
[59] Demirchin, Hadichatulkubra. “Sunan at-Termiziy”ning ulum al-Qurʼon va tafsir jihatidan ahamiyati (Sünenüʻt-Tirmizîʻnin Ulûmuʻl-Kurʻân ve Tefsir Açısından Değeri). Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Marmara universiteti.
[60] Derin Xalit. Termiziyning “Sunan”i tafsir manbai sifatida (Bir Tefsir Kaynağı Olarak Tirmiziʻnin Sünenʻi). Davom etayotgan magistrlik tadqiqoti. Trakiya universiteti.
[61] Oʻzbek Durmush. Kalom jihatidan Termiziy va Nasoiyning “Sunan”larida kelgan imon haqidagi hadislar tahlili (Kelâm Açısından Tirmizî ve Nesâîʻnin Sünenlerinde Geçen İman ile İlgili Hadislerin Değerlendirilmesi). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Seljuk universiteti, 2009. – B.112.
[62] Chetres Rejai. Abu Iso Termiziyning “Sunan”idagi “Kitab al-imon” boʻlimida joy olgan rivoyatlarning kalom ilmi tizimi jihatidan tahlili (Ebû İsâ et-Tirmizîʻnin Sünenʻindeki Kitâbüʻl-Îmân Bölümünde Yer Alan Rivâyetlerin Kelâm Sistemi Açısından Değerlendirilmesi) // Kelam Araştırmaları Dergisi (jurnali). 2015/13-2. – B.772-784.
[63] Murataliyev S. Termiziyning “Sunan”ida hasan hadis tushunchasi va uning ishlatilishi (Tirmizîʻnin Sünenʻinde Hasen Hadis Kavramı ve Kullanımı). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Qirgʻiz-turk Manas universiteti, 2017. – B.102.
[64] Chichek Gulbeyaz. Illatning sababi oʻlaroq iztirob: Termiziyning “Al-Ilal al-kabir”i doirasida (İllet Sebebi Olarak Iztırâb: Tirmizîʻnin el-ʻİlelüʻl-Kebîrʻi Özelinde). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Marmara universiteti, 2022. – B.111.
[65] Dulber Hadije. Termiziyning “Sunan” nomli asarida ixtilof terminining ishlatilish shakllari (Tirmizîʻnin Sünen Adlı Eserinde İhtilaf Kavramının Kullanım Şekilleri) // Asos Journal The Journal of Academic Social Science (jurnali). 2020/9-108. – B.136-153.
[66] Oʻpus Bahadir. Hijriy uchinchi asrda mursal terminining qoʻllanilishi: Termiziyning “Al-Ilal al-kabir”i doirasida (Hicrî Üçüncü Asırda Mürsel Kavramının Kullanılması: Tirmizîʻnin el-ʻİlelüʻl-Kebîrʻi Özelinde) / Hicrî Üçüncü Asırda İslâmî İlimler (kitobi). – Anqara: IKSAD nashriyoti, 2023. – B.383-393.
[67] Esher Ahmed. Tafarrudning ikki asosiy tushunchasi – fard va gʻarib hadis: Ilal at-Termiziy misolida (Teferrüdün İki Temel Kavramı – Ferd ve Garîb Hadis: İlelüʻt-Tirmizî örneği). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. – Istanbul, 2015. – B.101; Akgun H. Termiziy foydalangan “gʻarib hadis” tushunchasi (Tirmizîʻnin Kullandığı “Hadîsun Garîbun” Kavramı) // Din Bilimleri Akademik Araştırma Dergisi (jurnali). 2017/17-3. – B.107-124.
[68] Chelik Abdullah. Imom Termiziyning usul ilmiga qoʻshgan hissasi (İmam Tirmizîʻnin Hadis Usûlü İlmine Katkıları) / Prof. Dr. Fuat Sezgin Anısına Geçmişten Günümüze Türkistan Tarih, Kültür ve Medeniyet Sempozyumu. – Anqara-Turkiston: Ahmad Yassaviy universiteti nashriyoti, 2019. – B.8-21.
[69] Chalgan Mehmet Ali. Termiziyning “Sunan”i va “al-Ilal al-kabir”ida matn tanqidi (Tirmizîʻnin Sünenʻi ve el-ʻİlelüʻl-Kebîrʻde Metin Tenkîdi) // Hadis Tetkikleri Dergisi (jurnali), 2022/20-2. – B.291-310.
[70] Karadeniz Hatije. Mutaqaddimunning ilal asarlarida tadlis: Yahyo ibn Maʼin, Ahmad ibn Xanbal, Termiziy va Ibn Abi Xotim misolida (Mütekaddimûn İlel Eserlerinde Tedlîs – Yahyâ b. Maîn, Ahmed b. Hanbel, Tirmizî ve İbn Ebî Hâtim). Davom etayotgan doktorlik tadqiqoti. Yalova universiteti.
[71] Bal Umid. Ad-Doniy va Ibn al-Jazariyning kitoblarida qiroat farqlari haqidagi rivoyatlarning hadis kitoblaridagi asoslari: Termiziy va Abu Dovud misolida (Ed-Dânî ve İbnûʻl Cezerîʻnin Kitaplarında Kıraât Farklılıklarıyla İlgili Rivayetlerin Hadis Kitaplarında Kökenleri: Tirmizî ve Ebû Dâvûd Örneği). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Akdeniz universiteti, 2024. – B.101.
[72] Basharan Selman. Ibn Hazm tomonidan Termiziy va Ibn Mojaning majhul deb tavsiflanishi masalasi (Tirmizi ve İbn Maceʻyi İbn Hazmʻın Mechul Olarak Vasıflandırması) // Uludağ Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi, (jurnali). 1987/2-2. – B.19-25.
[73] Pekel Musa. At-Termiziyning Ibn al-Javziy tomonidan tanqid qilingan rvioyatlari (İbnuʻl-Cevzîʻnin Eleştirdiği et-Tirmizîʻde Yer Alan Rivâyetler). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Van 100-yil universiteti, 2018. – B.221.
[74] Akin Niʼmetullah. Termiziyning “Sunan”idagi Alboniy tomonidan toʻqima deb tavsiflangan hadislarning tahlili (Timizîʻnin Sünenʻinde Elbânîʻnin uydurma olarak nitelendirdiği hadislerin değerlendirilmesi). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Chanakkale 18-mart universiteti, 2010. – B.102.
[75] Noʻaman Aya Xalid. Muborakfuriyning Termiziyga “Jomeʼ”idagi eʼtirozlari: Tahorat va namoz boblari misolida (Mubarakfuriʻnin Tirmizîʻye Camiʻinde Yaptığı İtirazlar: Tahâret ve Namaz Örneği). Tugallangan magistrlik dissertatsiyasi. Istanbul universiteti, 2022. – B.77.
[76] Soʻfuoʻgʻlu Jemal. Zaif va mavzuʼ hadislar jihatidan Termiziyning “Sunan”i tahlili (Zayıf ve Mevzu Hadisler Açısından Tirmiziʻnin Sünenʻi Üzerine Bir İnceleme) // Dokuz Eylül Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali). 1989/6. – B.43-87.
[77] Gurses Serdar Murat. Termiziyning bidʼatchi roviylardan rivoyatlari (Tirmizîʻnin Bidʻatçı Râvilerden Rivayetleri) // Uluslararası Hadis Araştırmaları Dergisi (jurnali), 2021/6. – B.4-43.
[78] Karabajak Mustafa. Termiziyning “Sunan”i doirasida Buxoriy foydalangan hadis usuli terminlari (Tirmizîʻnin es-Sünenʻi Çerçevesinde Buhârîʻnin Kullandığı Hadis Usûlü Terimleri) Mütefekkir Aksaray Üniversitesi İslami İlimler Fakültesi Dergisi (jurnali), 2021/6-12. – B.345-378.
[79] Akyuz Huseyin. Hadislar tasʼhihi haqida Termiziyning ustozi Buxoriydan soʻragan savollari: “Sunan” doirasida (Hadislerin Tashihi İle İlgili Tirmiziʻnin Hocası Buhârîʻye Sorduğu Sorular: Sünen Bağlamında Bir Değerlendirme) // Bülent Ecevit Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 2018/5-2. – B.247-269.
[80] Durmush Uzeyir. “Sunan at-Termiziy”ga manba oʻlaroq Imom Buxoriyning asarlari: Taxrij va tahlil (Sünenüʻt-Tirmizîʻye Kaynaklık Bakımından İmâm Buhârîʻnin Eserleri: Tahrîc ve Değerlendirme), Amasya Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 2018/6-11. – B.447-468.
[81] Jaʼd Anas. Termiziyning “Sunan”ida oʻz ustozi Buxoriy bilan ixtilof qilgan masalalar (el-Mesâil Elletî Hâlefe fîhaʻt-Tirmizî fî Sünenihî Şeyhahüʻl-Buhârî) // Kilis 7 Aralık Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali), 2015/2-2. – B.151-176.
[82] Jaʼid Anas. “Sunan at-Termiziy” doirasida Ilal ad-Dorimiyning tahqiqi (Tahkîku İleliʻd-Dârımî fi Süneniʻt-Tirmizî) // Cumhuriyet Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi (jurnali). 2014/18-2. – B.191-206.
[83] Jebeji Lutfullah. Imomi Termiziy (İmâm-ı Tirmizî) // Atatürk Üniversitesi İslâmî İlimler Fakültesi Dergisi (jurnali), 1980/4. – B.287-311.
[84] Chetres Rejai. Imom Termiziyning shaxsiyati va ilmiy oʻzligi (İmâm-ı Tirmizîʻnin Şahsiyeti ve İlmî Hüviyeti), Diyanet İlmi Dergi Diyanet Dergisi (jurnali), 1992/28-3. – B.67-72.
[85] Eraslan Abdulvasif. Termizdan Damashqqa qadar hadis usulining rivojlanish yoʻli (Tirmizʻden Dımaşkʻa Hadis Usulünün Gelişim Serüveni) / Uluslararası Orta Asyaʻdan Anadoluʻya İslâmî İlimler Sempozyumu Bildirileri (kitobi), 2021. – Karabuk: Karabuk universiteti nashriyoti. – B.1074-1081.
Abdumalik TUYCHIBAYEV,
tarix fanlari doktori