Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida “Durrul ajoyib” (№ inv. MR 51) nomli qoʻlyozma asar mavjud. Fazilatli xulqlar bayon qilingan fors tilidagi bu asar yaqin kunlarga qadar muallifi nomaʼlum kitob hisoblanar edi. Soʻngi tadqiqotlar natijasida asar samarqandlik buyuk faqih – Abu Shujoʼ Samarqandiy qalamiga mansub ekani maʼlum boʻldi.
Bu xulosani asoslash uchun yurtimizdagi qoʻlyozma fondlari maʼlumotlari qiyoslab koʻrildi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti elektron katalogida № inv 13077/2 raqam ostida[1] va Buxoro davlat muzeyida saqlanayotgan turkiy tildagi qoʻlyozmalar roʻyxatida № inv 10732/11 raqam ostidagi “Durrul ajoyib” asari muallifi sifatida Abu Shujoʼ Samarqandiy nomi qayd etilgan. Kataloglardagi maʼlumotlar – asarning bosh va oxiridagi jumlalar, boblar soni hamda nomlari – markaz fondidagi nusxa bilan toʻliq mos keladi. Buxoro muzeyidagi turkiy tildagi nusxa mazmunan fors tilidagidan farq qilmaydi, yaʼni til jihatidan ikkalasi bir asarning ikki shakli hisoblanadi. Maʼlumki, ajdodlarimiz arab, fors va turkiy tillarda erkin ijod qilgani sababli asarning ikki tilda tarqalishi tabiiy holdir.
Qoʻlyozmalar hamdu-sanodan keyin quyidagi jumlalar bilan boshlanadi:
Markazdagi qoʻlyozma |
بدان اي بنده نيك بخت اين كتابي است از احاديث صحيح و از قول متقدمان و از تفسير قاضي از روايات صحابها جمع كرده شود |
Sharqshunoslik institutidagi qoʻlyozma |
بدان اى بنده نيك بخت اين كتاب است از احاديث صحيحه و از قول متقدمان و از تفسير و از عبرتى شود |
Buxorodagi qoʻlyozma |
بيل گيل اي بنده نيك بخت بو كتاب ني جميع حديثلردان و صحابه لارني روايت لاري برلا جمع قيلديلار |
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Abu Shujoʼ Samarqandiy kim? Hanafiy mazhabining tarojim va tabaqot kitoblarida bu nom bilan faqat birgina olim, Samarqandning mashhur faqihlaridan biri Abu Shujoʼ Muhammad ibn Ahmad Alaviy Samarqandiy tilga olingan. Qoʻlimizdagi mavjud manbalarga tayangan holda Abu Shujoʼ Samarqandiy deyilganda faqat ushbu olim nazarda tutilgan dyeya xulosa qila olamiz. Demak, “Durrul ajoyib” asari aynan shu allomaga tegishlidir.
Yuqoridagi maʼlumotlar yana bir kemtikni toʻldiradi. Chunki manbalarda Abu Shujoʼ Samarqandiyning hayoti va ilmiy doiralardagi nufuzi haqida koʻplab maʼlumot kelgan boʻlsa-da, asarlari zikr etilmagan edi[2]. Mahalliy internet saytlari ham tor doiradagi maʼlumotlar berish bilan cheklangan[3]. Uning buyuk olim boʻlgani, mashhurlikka erishgani, Qozi Ali Sugʻdiy va Qozi Hasan Moturidiy singari zamondoshlari bilan birgalikda Samarqandda nafaqat oddiy xalq, balki ulamolarga ham rahnamolik qilgani bayon qilingan[4], ammo asarlari haqida maʼlumot berilmagan. Endi esa allomani asar yozgan olimlar safiga qoʻsha olamiz.
Asar muallifining aniqlanishi uning qadrini yanada oshiradi. Chunki kitobning qiymati koʻp jihatdan muallif shaxsiyatiga bogʻliq[5]. Manbalarda Abu Shujoʼning yuksak darajadagi olim ekanining taʼkidlanishi, uning qalamiga mansub asarni ham gʻoyat muhim ilmiy meros sifatida baholashga asos boʻladi. Qoʻlyozmaning mazmuni uning ahamiyatli asar ekanini koʻrsatsa-da, muallifi nomaʼlumligi qadriga soya solishi mumkin.
Markaz fondidagi “Durrul ajoyib” toʻliq saqlangan nusxa boʻlib, 240 varaqdan iborat va 66 bobni oʻz ichiga oladi. Asar muqaddimasida kitob sahih hadislar, sahoba va mutaqaddim ulamolar soʻzlariga tayanilgani, insonlarga oʻgit va nasihat sifatida yozilgani qayd etilgan [6].
Asar boblari mavzusiga nazar tashlansa, ular bugun ham dolzarb ekani yaqqol koʻrinadi. “Dunyoga muhabbat qoʻyishning jazosi”, “Taqvo va zohidlik”, “Alloh taoloni zikr etishning fazilati”, “Xolis niyat”, “Ilm va ulamoning fazilati” kabi mavzular hech qachon oʻz qimmatini yoʻqotmaydi.
Qoʻlyozmalarni oʻrganish jarayoni yangi manbalarga yoʻl ochadi. Ayrim asarlar muallifi nomaʼlum, boshqalari esa nusxalarda turlicha aks etgan. Shu bois qoʻlyozmalarni turli fondlardan yigʻish, qiyosiy tahlil qilish va ularni ilmiy jamoatchilikka ochiq maʼlumot sifatida taqdim etish tadqiqotlarni rivojlantirishning eng samarali yoʻli hisoblanadi.