Sharq adabiyotining tamal toshi hikmat bilan koʻtarilgan, hikmat asosida rivojlangan va hikmat tufayli oʻz taraqqiyotining yuksak choʻqqisiga chiqib, butun dunyo ilmu adab ahlini asrlar davomida hayratga solib kelmoqda.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning oʻgʻli orif shoir Sulton Valadning yozishicha, mohiyat eʼtibori bilan avliyoning sheʼri oddiy shoirlarnikidan butunlay farqlanadi. Avliyo Haq ila baqolikka yetishgan zot boʻlib, ularning harakati ham, tirikligi ham Haqdandir. Sheʼrda avliyo oʻzini emas, Haqni koʻrsatadi. Zero, chin oshiqning sheʼridan Haqning boʻyi keladi, xudparast shoirnikidan shayton vasvasasi sezilib, eshitilib turadi [6:76].
Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”i dunyoga kelishi bilan turkiy xalqlar oʻzining mustaqil tariqat kitobiga, tom maʼnosi ila maʼrifat, haqiqat, ruhoniyat qomusiga sohib millat oʻlaroq eʼtirof etilgan [7.3]. Shu sababdan uning hikmatlari asrlar davomida insonlar tomonidan sevib, yod olingan.
Alloh taolo insonni yaratgan ekan, uning barcha ehtiyojlarini ham Oʻzi qondiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo doimo Oʻzigagina sigʻinish va Oʻzidangina yordam soʻrashga buyurgan. Zero, U insonga jon tomiridan ham yaqinroq, Unga iltijo qilganning duosini eshitguvchi zotdir. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday marhamat qilingan:
واذا سالك عبادي عني فاني قريب اجيب دعوة الداع اذا دعان فليستجيبوا لي وليؤمنوا بي لعلهم يرشدون (سورة البقرة/186).
Yaʼni:“Sizdan (Ey, Muhammad) bandalarim Mening haqimda soʻrasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (daʼvatimni) ijobat (etib), Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) toʻgʻri yoʻlga tushib ketsalar” (Baqara surasi, 186-oyat). Alloh taolo bu oyatda bandaning duosini ijobat qilishini vaʼda qilar ekan, buning uchun banda Uning talabini soʻzsiz bajarishi va chaqirigʻiga doimo labbay deb javob berishi lozimligini taʼkidlamoqda.
Asrlar davomida ogʻir kunlarda mahzun koʻngillar Xoja Ahmad Yassaviyning Qurʼoni karim oyatlaridan ilhomlanib bitgan hikmatlaridan taskin topgan. Baʼzilar ularni dardga shifo sifatida qoʻllab ham kelgan [11:68]. Shu kunga qadar xalqimiz orasida Hazrati Yassaviyning “Shabi Yaldo” munojoti mashhurdir.
Bu haqda Sohibqiron Amir Temur tarjimai holini hikoya qiluvchi “Zafarnoma” asarida quyidagicha hikoya qilinadi:
“Va tangri bashoratidin biri bul erdiki, oʻshal vaqtki Rum poytaxti tomon yuzlanib, Hazrat Shayx Yassaviy maqomotidin fol ochtim. Bul bashorat boʻldikim, har urushda mushkil yuzlansa, bu ruboiyni oʻqungiz. Ruboiy:
Man bu ruboiyni yod ettim. Ul paytki Qaysar askarigʻa yuzlandim va bu ruboiyni yetmish marta oʻqudum. Gʻalaba hosil boʻldi”[1:21].
Bu haqda tilshunos olim Moʻminjon Teshaboy Vodiliy (1920-1963) shunday yozadi:
Amir Temur XIV asr oxirlarinda Anadolu tomon Osman padishahligining Sultani Bayazid I ga qarshi hujum qilar ekan, u Xoja Ahmad Yassaviyning maqomatidan tafʼul etmishdir. Temurning (“Voqiʼat Temur”) soʻziga koʻra, u quyidagi misrani jangga kirgan zaman 70-marta takraran oʻqumish va zafar qazanmish” [5:27].
Asrlar davomida ushbu ruboiy turkiy xalq orasida sevib yod olingan. Jahonga mashhur tarixchi Zaki Validiy Toʻgʻon (1890-1970) ham oʻz xotiralarida musibatli kunlarda Ahmad Yassaviyning “Shabi Yaldo” hikmatini koʻp oʻqiganini taʼkidlaydi:
“1918-yilda Orenburgda shoʻrolar tomonidan qamoqqa tashlandim. 1944-yilda Turkiyada Ismat posho tarafidan hibs etildim, oʻqiladigan har narsadan mahrum qilingan vaqtlarimda, koʻpincha, onamdan oʻrgangan sheʼrlarni va Ahmad Yassaviyning “Shabi Yaldo” (“Yaldo kechasi”) munojotini oʻqir ekanman, menga onajonimning taʼsiri naqadar muhim, ahamiyatli boʻlganini his etdim. 1944-yil voqealari vaqtida otamning xotiralari allaqachon unutilgan, faqat onamning xayoli “Asrovchi farishta” deyilguvchi malak kabi yonimda boʻlardi. Men baʼzan xuddi bolaligimdagidek, oʻzimni onamni hidlayotgandek, iskalayotgandek his etardim. Uning jozibasi va jozibadorligi sheʼrlar bilan ifodalangan axloqiy talqinlarda edi. Onam oʻz hayoti davomida hech qachon eng kichik bir gunoh ham qilmagan va menga nisbatan behad samimiy boʻlgan. Onam menga oʻrgatgan forscha, turkcha sheʼrlari faqatgina axloqiy parchalardan iborat emas, balki ular orasida adabiy va estetik sheʼrlar ham bor edi. U menga yodlatgan Navoiy gʻazallarining mumtoz parchalar ekanini keyinchalik shoir kulliyotini boshdan oxirigacha oʻqib chiqqanimda bildim.
“Devon”ning bu parchalarni ichiga olgan qismlari bizda yoʻq edi. Boshqa jihatdan oʻrgangan axloqiy sheʼr va hikoyalar esa bir majmua (antologiya) shaklida toʻplangan boʻlib, ularning koʻpini onam xotirasida saqlardi, yoddan bilardi. Bular asosan Attor, Jaloliddin Rumiy, Navoiy, Yassaviy, Soʻfi Olloyordan olinib toʻplangan parchalar edi”[2:26].
Izlanishlar davomida Margʻilon uyezdining Quva volosti qozisi boʻlgan Abdulqodir maxdum Nozik (1856-1914) qoʻlyozmalari orasidan oʻsha davrda Margʻilon va uning uning atrofida faoliyat koʻrsatgan ulamolarga yozgan maktublari aniqlandi. Ularda Abdulqodir maxdum Nozikning zamonga munosabati, uning axloqiy qarashlari bayon etilgan. Mazkur maktublardan biri Otabekboy nomiga Abduqodir maxdum Nozik tomonidan yozilgan. Unda ham Xoʻja Ahmad Yassaviyning “Shabi Yaldo” munojoti haqida alohida eslatmalar mavjud.
Maʼlumotlarga koʻra, Quvaning Guruchfurush qishlogʻi Bozorboshi mahallasida istiqomat qilgan Otabekboy Bobojon oʻgʻli 1898-yili Dukchi eshon qoʻzgʻoloni tarafdori sifatida oʻlimga hukm etilgan [9].
Tarixdan maʼlumki, 1898-yilda Andijonda yuz bergan oʻzbek xalqining mustamlakachilik va milliy zulmga qarshi ozodlik harakati Dukchi eshon qoʻzgʻoloni (voqeasi) nomi bilan ham mashhur. Unga Andijon uyezdining Mingtepa qishlogʻida istiqomat qiluvchi Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli rahbarlik qilgan. Qoʻzgʻolon muvaffaqiyatsizlikka uchragach, mustamlakachilar Andijon qoʻzgʻoloni munosabati bilan butun Fargʻona vodiysida dahshatli qatagʻon uyushtirdi.
Birinchi navbatda qoʻzgʻolon rahbari Muhammadali Eshon va uning yaqin maslakdoshlaridan 5 nafari 1898-yil 12-iyunda Andijon shahri markazida butun vodiy jamoatchiligining 8 mingga yaqin vakili koʻz oʻngida osib oʻldirilgan. Qoʻzgʻolonchilardan 18 nafari osib oʻldirishga hukm qilingan. Otabekboy ham oʻsha oʻlimga hukm etilgan 18 nafarning biri boʻlgan. Ammo maʼlum sabablarga koʻra jazodan omon qoladi. Bu haqda tarixchi olim Sirojiddin Ahmad shunday yozadi: “El-yurtning bilimdon, ishbilarmon kishilari orasida zamonga yangicha nazar tashlashi, mustamlakachilarga nisbatan murosasizligi bilan obroʻ topgan.
Fargʻona vodiysining talaygina shahar va qishloqlaridagi qulay payt poylab yurgan boy-savdogarlar ham Eshon bilan hisoblashgan. Oltin pul hisobida million soʻmlik mulkka ega savdogar boylardan Otabek Bobojon oʻgʻli ham Dukchi eshon bilan pul muomalasini olib borgan. Bu kishi ham qoʻzgʻolonchilar bilan birga qoʻlga olingan va oʻlimga hukm etilgan. Ammo farzandlari va onasi imperator va uning rafiqasi – Aleksandra Fyodorovnaga oʻtinch toʻla kechirishini soʻrab telegramma bergach, u afv etiladi. Otabek Bobojon oʻgʻli isyonchilar bilan mamlakatni ozod qilish masalasida hamfikr boʻlgan. Shu bois onasi telegrammada uning gunohkorligini va uning 63 yoshda, qari ekanini alohida taʼkidlaydi” [8:5].
Otabekboyning onasi tomonidan imperator va uning rafiqasi nomiga yuborilgan telegramma matni “Turkestanskiye vedemosti” gazetasining 1898-yil 20-avgustdagi 1-sonida chop etilgan. Unga koʻra, Otabekboyning oʻgʻli Madumar Bobojonov Imperator nomiga yozgan telegrammasida u otasiga rahm-shafqat qilishlarini iltimos qiladi. Shuningdek, Otabekboyning toʻqson yoshli onasi oʻgʻliga shafqat qilishlarini soʻraydi. Telegrammadagi maʼlumotlarga koʻra, Otabekboy toʻrt aka-ukaning toʻngʻichi boʻlgan. Gazetada berilgan xabarda aytilishicha, Otabekboyning onasining oltmish uch yoshli oʻgʻliga shafqat soʻrab yozgan arz-holi inobatga olinib, oʻlim jazosi bekor qilinadi va surgun jazosiga almashtiriladi [10].
Qoʻlimizdagi mavjud vasiqalar orasida Otabekboy nomi bilan bogʻliq bir necha hujjatlar saqlanadi. Ularda bayon qilinishicha, Otabekboy qoʻzgʻolonchilarga hamfikr boʻlgani uchun Sibirga surgun qilingan. U oʻsha yerda vafot etgan boʻlishi mumkin.
Abdulqodir maxdumni Otabekboy nomiga bitilgan maktubi turkiy tilda mahalliy qogʻozga old va orqa tomoniga qiyalab yozilgan boʻlib, hajmi 16×21 sm. Maktubda yozilishicha, Abdulqodir maxdum Nozik Otabekboyning yaqin doʻsti boʻlib, u hibsda yotgan yaqin kishisiga samimiy, doʻstona va nasihatomuz tarzda bitilgan. Ushbu nasihat bugungi kunda hayot sinovlariga bardosh bera olmay, umidsizlikka duchor boʻlganlarga, mol-dunyo toʻplash ilinjida ehson va saxovatni unutgan kimsalarga ham diniy jihatdan muhim tarbiyaviy ahamiyatga egadir [3:8-10].
“La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh salom masnun alayhissalom adosidin keyin bandalikka chor-nochor boʻyunsungʻon, Xudoyi Azim hukmigʻa rozi boʻlgʻon kirom qadrli qubolik Otabek bechora oshnomizgʻa va ham dardu alam rohat mehnatgʻa sherik boʻlishgʻon rafiqlarigʻa. Duoi farovon yaxshi soatda yetub ravshan boʻlsunkim, mundagi katta-kichik qavm-qarindosh va yori birodarlar hammasi tinch, amon tirik erta kech xususan, baʼd az namoz xulosaliklaringizni ozod boʻlishlaringizni Alloh taolodan talab qilurmiz. Ajab emaski, imperatur oq podshohimizga Alloh taolo koʻngullarigʻa solsa, andak bahona ilan ozod qilub, yana sihat-salomat vatanlarigʻa kelib, avlod asʼhoblaringiz ilan xush-xursandlik nasib boʻlsa. Alalxusus tonggacha sizni toʻgʻringizdin har kim afsus nadomat koʻp qilishurlar. Chunki sizni hamma bilur erdiki, bu fitnagʻa qoʻshulmagʻon erdingiz. Baʼzi dushmanlarni boʻhton tuhmati ilan mundogʻ mehnatlargʻa giriftor boʻldungiz va ham aning ustigʻa bemor boʻlubsiz. Alloh taolo shifo bersun hammalaringizgʻa. Xudoyim sabr jamil ato qilsun. Har holda bandagʻa shukr lozimdur. Chunonchi, Janobi Xoʻja Hofiz aytibdurlar: “Shukr bar hama hol boyad kardki, mabodo az in tabar kardi va ham Fiqh Kaydoniy moʻtabar kitobdur. Anda bu masala demishkim: “Iʼ lam anal abda mubtalan bayna an yutialloha taʼla fayusaba va bayna an yasiyahu fayuaqoba”. Maʼnisi buldurkim: “Alloh taolo bandasini imtihon qilur ikki ishda farmonbardorlik qilsa, savob berilur. Agar farmonni tark qilsa, azob berilur. Savob azob oxiratda boʻlur. Oshnoyi xolisligim shulki, yuqorida mazkur boʻlgʻon kalimayi sharifni hamisha zikr qilinglar. Har holda, har vaqtda vird qilub oʻqub, maʼnisini bilib oʻqunglar. Maʼnisi buldur… “Ibodat qilishgʻa loyiq hech kim yoʻqdur. Magar ibodatgʻa loyiq Alloh taolodur. Rasululloh Muhammad alayhissalom Xudoni elchisidur. Yaʼni Xudoyi olamni amrini bandalargʻa yetkurkuchidirlar. Iymon deb ushbu kalimani til birla oʻqub, dilda maʼnisigʻa tasdiq. Maʼnisi: “Rost eʼtiqod qilishni ayturlar”. Ushbu kalimai sharif dunyo va oxiratda dastgirlik qilur.
Albatta, hamisha yodi Haq bilan boʻlsunlar. Hammamizni bir kun oʻlishimiz bor. Nima holda boʻlushimizni Xudo bilur. Yana bir soʻz shulki, chin koʻngul birla bilib-bilmay qilgʻon gunohlaringizgʻa tavba qilung. Har duoni avvali va oxirida salovat oʻqub, Paygʻambarimizgʻa tuhfa qilub, ruhi poklarigʻa mutavajjuh boʻlub, imperatur oq podshohni insof va adolatlarini tilab duo qiling. Podshohni haqlarigʻa yaxshi tilak tilab duo qilsalaring, ajab emaski, xursandlikdin gunohlaringni avfu qilsalar. Ammo xatlari axiyri rajjab oyida kelib tegdi. Anolari bu toʻgʻrida hurmat ilan xat qilub ekanlar, koʻp xursand boʻldum. Darhaqiqat, adab shuldur. Dunyoni boʻlsa, xoʻb koʻrgansiz. Alhol, sizni barobaringizda bu mamlakatda musulmoniyalar ichida sizcha dunyo tofqon yoʻq ekan. Ammo qadrini bilmadingiz. Men sizni xayr ishigʻa koʻp dalolat qildim. Masjidni xonaqohidin boʻlak qilmadingiz. Avvali shulki, zakot bermadingiz. Ikkinchi shul tariqa farzi ayn Xudoni hukmlarini ado qilmadingiz. Alhol, tiriksiz, tavba qiling. Xudo yana oʻzingizgʻa nasib qilsa, ado qilishni qasd qiling… Farzandlaringizgʻa xat qiling: “Zakot shariani ado qiling” deb. Buyurung, ushbu amrlar ilan ham sharidin soqit boʻlsa, ajab emas. “Xonaqohni zinalarini, masjidlarni tuzatgil”, deb amr qiling. Modomiki, bu yaxshi ishlar bor, nomingiz qolur va oxiratgʻa zahira boʻlur. Dunyoni koʻp yigʻdingiz. Hammasi podshohlikka boʻldi… Hurmatlik yarim podshoh kelganlarida yurt sizni bu fitnalardin pok, yaxshi vajlar ilan oʻzum yozub, arz qilamiz deduk. Hurmatlik yarim podshoh boʻlsa, hech kimdin ariza olmadilar. Hurmatlu hokimlargʻa har kim bilganlaricha arz qilduk. Hammalari afsus qilishub, podshoh rahm qilsalar ajab emas, deb dil birodarlik qiladur. Hammamizni rahm qilsalar, deb umid qilamiz. Ammo bu dunyoni mashaqqatiga koʻb ham hafa boʻlub, dilni vayron qilmang. Ozod boʻlsangiz ham oʻlum bor, boʻlmasa ham. Alloh taolodin iymonni salomatligʻini, oxirat davlatini talab qilsangki, davlat oxirat davlatidur. Astoydil ozodliqni talab qilsalaring, Xudoyimni rahmi kelsa, oʻzigʻa osondur.
Ushbu ruboiy koʻb yaxshi munojotdir. Oʻqub yurish kerak. Bunday tuhmatlar ilgarigʻi paygʻambar va avliyolargʻa ham koʻp boʻlgʻon. Gʻamgin boʻlmang. Xudoni irodasi shunday ekan. Inshaolloh nekbaxtlikni alomatidur. Gʻofil kishi ogoh boʻlur, Xudoyi taoloni bilmagan boʻlsa. Qudratini bilub, noshukurlik qilgʻonigʻa tavba qilur. Bandani chorasi gʻayr az bechoralik. Hech ish qoʻlidan kelmas. To oʻzini ojizlik holatida koʻrmaguncha Xudoni tanumas. Noumid shayton. Andin boʻlak hammani Xudodin umidi bor. Hamma ahvolda Haq taoloni rahmatidin umid uzmasunlar. Agar yurtdin haqiqatgʻa oid boʻlsa, sagʻiru kabir, er-xotin sizni bu fitnalargʻa qoʻshulmagʻon, deb ayturlar. To oʻtqungʻacha duo qilib turamiz. Xususan, sizlarni duolarin mustajobdur. Kaminani oqibati baxayr boʻlsun, deb duo qilsalar degan umidda bu xatni yozdum. Ammo boy qilgʻon xatlarida men yoʻq ekanman. Ushbu joyda turgʻon holda hech bir vaqt borib koʻrmadum. Ushbu toʻgʻridin kelsa, qilgʻondur deb gumon qildim…”[4:230-234].
“Shabi Yaldo” munojoti deb olgan mazkur ruboiyni hozirgi kunda ham xuddi qoʻshiq singari xirgoyi qilib yurgan insonlarni uchratish mumkin. Aslida, buning hech qanday hayron qoladigan tomoni yoʻq. Chunki mazkur toʻrtlikni har doim oilaning yoshi ulugʻlari oʻsib kelayotgan avlodga yod oldirib borgan.
Xulosa qilganda, adabiyotshunos olim Nodirxon Hasan taʼkidlab oʻtganidek: “Ahmad Yassaviy ijodiyoti va taʼlimotini oʻrganish oʻtmish zamonlar uchun milliy mafkura, siyosat, badiiy ijod va shaxs kamoloti jihatidan nechogʻlik qimmat kasb etgan boʻlsa, bugungi kun uchun ham albatta muhimdir.
-
Amir Temur Koʻragon. Zafarnoma. – T., 2000.
-
Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon. Xotiralar: Turkistonda mustaqillik va ozodlik uchun kurashlar tarixi. – T.: Istiqlol nuri, 2014.
-
Abdulahatov N. Dukchi eshon qoʻzgʻoloni va Otabek boyvachcha // Vodiynoma. № 6.
-
Abdulahatov N. Margʻilon olimlarining ilmiy-maʼrifiy merosi (XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari). 1-kitob. – Fargʻona: “Classic” nashriyoti, 2021.
-
Turkistonda atom bomba. Xoja Ahmad Yassaviy. // Milliy Turkiston. 6 (11). San. 85-86.A.
-
Ibrohim Haqqul haqiqati / Toʻplovchi Zulayho Rahmonova. . – T.: “iBooK” MCHJ, 2023.
-
Ibrohim Haqqul. Ehtiyoj va tajriba // Xoja Ahmad Yassaviy. Hikmatlar. – T.: Movarounnahr, 2004.
-
Sirojiddin Ahmad. Ikki imperiya asoratida. II jild. – T.: Info Capital Group, 2018.
-
Туркестанские ведомости. 19 (31)-го июля. 1898 года. №
-
Туркестанские ведомости. 20-го августа. 1898 года. №
-
Эркинов А. Против о лихорадочная молитва, относимая к Ахмаду Ясауи// Материалы международной научной конференции, посвященной 550-летию Казахского ханства. – Астана, 2015