Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosi tarixda oʻz oʻrniga ega. VIII-X asrlarda Movarounnahrda barcha diniy ilmlar qatori hadis ilmi ham taraqqiy etdi. Bu davrda Movarounnahr-ning oʻzida minglab taniqli muhaddis, mufassir, faqih va allomalar faoliyat olib borgan. Aynan shu davrda Samarqand, Shosh, Kesh, Buxoro va Nasaf shaharlari islom olamidagi nufuzli ilm-maʼrifat markazlaridan sanalgan.
Movarounnahrga islom dini kirib kelishi bilan bu yerda yangi dinga nisbatan katta qiziqish paydo boʻldi. Shu bilan birga, ilk davrlarda yangi eʼtiqod va tuzumga nisbatan qarshilik harakatlari ham yuz bergan. Movarounnahrga islom dini rasman 705-715-yillarda Qutayba ibn Muslim voliyligi davrida kirib kelgan boʻlsa-da, aslida yangi dinga daʼvat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va xalifalar Umar ibn Xattob va Usmon ibn Affon davrlarida boʻlgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam VI asrda islom dini vahiy orqali kelganidan soʻng, bu dinni yoyishga katta eʼtibor qarat-dilar. Arab hududlaridan tashqaridagi oʻz davrining buyuk podshohlari va ularning ahlini islom diniga taklif qilib, daʼvat maktublarini yozadilar.
Jumladan, Fors podshohi Kisro, Rum podshohi Qaysar, Misr podshohi Muqovqis, Habash podshohi Najjoshiyga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maktublari yetib borgan [7:12/112]. Arab tilidagi tarix, tarojim va Imom Muslimning “Sahih” asarida Turk xoqoniga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning islom diniga daʼvat qilgan maktubi kelgani toʻgʻrisida maʼlumot bor. Xabarda: “Albatta Nabiy sollallohu alayhi vasallam har bir taniqli podshohlarni Allohning haq yoʻli boʻlgan islom diniga daʼvat etib, maktub yoʻlladi. Oʻsha podshohlar orasida Turk xoqoni ham bor edi”, deyilgan [9:12/113]. Albatta, bu ulkan imperiyani boshqargan Turk hoqoniga ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning daʼvat maktubi joʻnatilgani mantiqan asosli. Turk xoqonligi VI-VIII asrlarda Markaziy Osiyo va unga tutash bir necha oʻlkalarni oʻz ichiga olgan yirik saltanat boʻlgan. Turk xoqonligi (552-747) turkiylar tomonidan Yevroosiyoda yaratilgan ulkan imperiya boʻlib, unga Ashina urugʻi asos solgan. Imperiya oʻz davrida Oxota dengizidan Qrim yarim oroligacha, Sibirdan Hindistongacha hududlarni birlashtirgan yer yuzidagi juda katta davlat boʻlgan. Aka-uka Bumin va Istami Buyuk Turk xoqonligiga asos solgan va bu imperiyani boshqargan. Bu ulkan imperiyani islom diniga chaqirish va unga daʼvat maktubini joʻnatish boshqa hududlarga joʻnatilganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eʼtiboridan chetda qolmagan, albatta.
Imom Navaviy keltirgan bu maʼlumot Movarounnahrga islom dinini yoyishga boʻlgan harakat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida boshlanganini tasdiqlaydi. Islom tarixi avvalida turkiy davlatlar rasman oʻz davlatchiligini islomiy qonun-qoidalar asosida olib bormasa-da, bu diyorlardan juda koʻp alloma, muhaddis, mufassir, muarrix va mutakallimlar yetishib chiqqan [12:4].
Movarounnahrga islom dinining kirib kelishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida boshlanib, mahalliy hukmdorlar tomonidan yangi eʼtiqodga ragʻbat sekin-asta rivojlangan. Islom fitrati – boshlanishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak maktubidan keyin Umar ibn Xattob (13-23/632-342) va Usmon ibn Affon (24-35/643-656) davrida ham davom etgan. Shuningdek, bu daʼvat umaviylar zamonigacha davom ettirilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ikki buyuk xalifa davrida boshlangan daʼvatni Qutayba ibn Muslim (86-96/705-715) Movarounnahrda amalga oshirgan. U bu hududni fath qilib, arablar muzofotiga oʻtkazgan [8:15]. Shu bilan birga, mahalliy aholi toʻliq islom dinini qabul qilgani va islom rasmiy din ekani eʼtirof etilgan. Movarounnahrda diniy eʼtiqod va islom dinining qabul qilinishi va rivojlanishida xalifa Umar ibn Abdulaziz (99-101/717-719)ning mahalliy aholiga nisbatan yuritgan adolatli siyosati katta rol oʻynagan. U Xuroson va Movarounnahr aholisining islom dinini qabul qilgan qismini jizya soligʻidan ozod etgan. Natijada, koʻplab mahalliy aholi islom dinini qabul qilgan. Ikkinchi sabab Qutayba ibn Muslim but, sanam, olovga sigʻinadiganlarning ibodatxonalari oʻrniga yangi din ibodatxonasi boʻlgan masjidlarni bino qilgan. Bu esa, aholining islom diniga ragʻbatini oshirgan [4:8/90].
Abbosiy xalifalar Xorun ar-Rashid (180-194/) va uning oʻgʻli Maʼmun (180-193/) davrida ham Movarounnahrda islom dinini keng yoyishga va musulmonlarga sharoit yaratib berishga katta ahamiyat berilgan. Shuningdek, Hishom ibn Molik (105-125/723/742) xalifalik davrida ham Movarounnahrda islom dini rivojlandi. Xalifa Hishom ibn Molik tomonidan Xuroson-Movarounnahrga Ashras ibn Abdulloh Sullamiy (109-111/727-729) voliy qilib tayinlanadi. Bu voliy ham hududda islom dini rivoji uchun katta xizmat qilgan [13:1/321]. U bagʻrikengligi va buyuk fazilatlari tufayli komil inson sifatida tarixda iz qoldirgan. Samarqand ahliga qilingan daʼvat natijasida, ular jamoa-jamoa boʻlib, islomni qabul qilgan. Sugʻd va Movarounnahr ahlining islomni qabul qilishi targʻib, tabshir va daʼvat bilan boʻlgani taʼkidlanadi. Mahalliy aholi islom dinini qabul qilgandan keyin ulardan jizya yigʻimlari bekor qilinadi. Ular yangi din taraqqiyotiga xizmat qilib, diyorlarida masjidlar bino qilishga kirishadi. Ayni vaqtda bu masjidlar nafaqat ibodat uchun, balki ijtimoiy masalalar hal qilinadigan yigʻin va taʼlim oladigan maktab vazifasini ham bajargan. Movarounnahrda mahalliy aholi islom dini kirib kelishi bilan yangi dinni takomiliga yetkazadigan amallarni bajarishga kirishib ketadi. Mahalliy aholi islom dinini ham eʼtiqod, ham maʼrifat dini sifatida qabul qilgan. Shuning uchun bu yurtdan minglab alloma va ulugʻ zotlar yetishib chiqqan [13:8/155-157].
Movarounnahrda 120-132/738-749-yillarda Nasr ibn Sayyor voliy boʻlgan. Bu davrda musulmonlar soni keskin oshib, sakson mingga yetadi. Buning asosiy sababi Nasr ibn Sayyor tomonidan musulmonlarga yaratilgan sharoit edi. Har xil soliqlarning bekor qilinishi, musulmonlarga zakot, fidya va boshqa ehsonlarning joriy etilishi, murtadlarni (dindan qaytganlar) afv etilishi, xiroj va jizyaning bekor boʻlishi natijasida bu hududda musulmonlar soni koʻpaydi [3]. Umaviy xalifalardan keyin abbosiylar davrida ham Movarounnahrda islom dini rivojlandi. Turklar va arablar oʻrtasida yaxshi aloqa yoʻlga qoʻyildi. Turkiy qavm vakillarining yuqori lavozimlarga tayinlanishi, harbiy xizmatga olinishi, shuningdek, hududlar oʻrtasida savdo aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi arab va turkiy qavmlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirdi.
Imom Tabariyning “Tarixu rusul va muluk” asarida Fazl ibn Yahyo Barmakiy voliyligi davrida Movarounnahrda besh yuz ming jangchi tayyorlanib, ulardan yigirma mingtasi Bagʻdodga joʻnatilgani keltiriladi. Bu jangchilar “Kirmoniylar” deb atalgan. Ular Buxoro va Samarqand oʻrtasida joylashgan “Kirmon” hududiga nisbat berilgan [13:8/230-234].
Movarounnahr va Xuroson toʻgʻrisida muarrixlar turli fikrlarni bildirgan. Ikki daryo – Sayhun va Jayhun (Amudaryo va Sirdaryo) orasidagi hudud Movarounnahr deb atalgan. Mazkur atama arablar bu yerni fath qilgandan keyin berilgan nom boʻlib, juda katta hududni qamrab oladi. Bu hudud gʻarb tomondan Turkiya, sharq tomondan Xitoygacha yetadi va Sharqiy va Gʻarbiy Turkiston deb yuritiladi [10:286].
Xuroson – xur (quyosh) oson (chiqish joy) quyosh chiqish joy degan maʼnoni bildiradi [11:2/337]. Xuroson qadimiy nom boʻlib, uning hududi juda katta mintaqani oʻz ichiga olgan. Samʼoniy: “Xurosonning hududi Iroqdan to kun chiqar yurtlargacha” degan. Shu sababdan bu hududning chegarasi juda katta ekanini koʻrish mumkin. Xurosonning bugungi geografik joylashuviga Eron, Afgʻoniston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlari kirgan. Shuningdek, bu ikki hudud bir-biriga qoʻshilib ketganidan Movarounnahr va Xuroson yaxlit hudud sifatida tushunilgan. Bu hududlardan yetishib chiqqan ulamolarga movarounnahrlik yoki xurosonlik degan bir xil nisba beriladi. Bu ikki hududdan ham islom olamida eng ulugʻ muhaddis, mufassir, mutakallim, faqih va muarrixlar yetishib chiqqan. Ular bu hududni ilm-maʼrifat bilan jahonga tanitishga muvaffaq boʻlgan [2:2/250].
Movarounnahrga islomning kirib kelishi arablar bilan mahalliy aholi oʻrtasida ilmiy-amaliy aloqalarning yoʻlga qoʻyilishiga sabab boʻldi. Ilm-maʼrifat rivojlanishi bilan birga, savdo-tijorat ham rivojlana boshladi. Ayniqsa, Movarounnahrning Samarqand, Termiz va Buxoro shaharlari arablarning doimiy savdo va maʼrifat markazlariga aylangan [12:7-8].
Movarounnahr va Xurosonga birinchi hijriy asrdayoq hadis rivoyat qilgan mashhur sahobalar kirib kelgan. Bu esa, oʻz navbatida, mahalliy muhaddislarning hadis masdarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrgan, suhbatida ishtirok etgan va ular haqida yaxshi taʼrif berilgan ulugʻ sahobalardan olishiga sabab boʻlgan.
Movarounnahr va Xuroson muhaddislariga birinchi hadis aytgan mashhur sahoba Burayda ibn Husayb ibn Abdulloh Aslamiy (63/683 v.y.)dir. Ushbu sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilib, Haybar va Fath gʻazotlarida ishtirok etgan va 150 ta hadis rivoyat qilgan. Burayda ibn Husayb Basrada bir muddat yashagan va keyin Marvga kelgan. Shu yerda hadis rivoyat qilib, islomni keng tarqatgan. Undan ikki oʻgʻli Sulaymon va Abdulloh, shuningdek, Marv, Xuroson va movarounnahrlik muhaddislar Abu Nazr Abdiy, Shaʼbiy va boshqalar hadis rivoyat qilgan. Burayda ibn Husayb Marvda 63/683-yilda vafot etgan. Sahobiy Burayda ibn Husayb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning saodat davrlarida islomga kirgan [1:5/452].
Movarounnahrga fathdan oldin kelib, hadis rivoyat qilgan sahoba Abdulloh ibn Hozim Sullamiy Abu Solih Basriy (vaf.71/690) boʻlib, Xuroson amiri ham boʻlgan [6:12/67]. Imom Buxoriyning “Tarixi Kabir” [1:4/47] va Hajar Asqaloniyning “Tahzibut tahzib” [14:5/170] asarlarida sahoba Abdulloh ibn Hozim Sullamiyning Xuroson amiri boʻlgani, shuningdek, Naysaburda boʻlib, keyin Buxoroga kelgani haqidagi maʼlumot mavjud [14:5/171]. Abdulloh ibn Dashtakiy otasidan rivoyat qilib: “Men Abdulloh ibn Hozimni Buxoroda oq ulov ustida qora salla oʻragan holda koʻrdim”, dedi. Bu hadisni Imom Dovud, Imom Termiziy, Nasoiy ham keltirgan. Bu sahobadan Buxoro, Naysabur va Marvda muhaddis va roviylar hadis eshitgan [10:293]. Shuningdek, Abdulloh ibn Hozimning oʻgʻli Muso ibn Abdulloh 70/689-yilda Termizda istiqomat qilib, bu hududni xalifalikdan alohida oʻn besh yil idora qilgani keltiriladi.
Muarrix Ibn Hibbonning taʼkidlashicha, sahoba Abu Fotima Amr al-Iyodiy (Abdulloh ibn Unays ham deb keltirilgan) Termizda boʻlgani va shu joyda namozga imom oʻtib bergani haqida maʼlumot beradi. Islomning taraqqiy etishi va hadis ilmining rivojlanishida termizlik muhaddislarning oʻrni katta boʻlgan. Jumladan, bu vohada hadis rivoyat qilgan yetti nafar roviy tobeinlardan boʻlgan. Termizlik muhaddislar Movarounnahr hadis maktabi taraqqiyotida katta oʻrin tutgan. Ular: Abu Abdurahmon Xolid ibn Ziyod ibn Jarv (yoki: Jurv) Azdiy Termiziy, Abdulaziz ibn Xolid ibn Ziyod Termiziy, Isroil ibn Ziyod Termiziy Bazzoziy, Sufyon ibn Omir Termiziy, Gʻolib ibn Hilol Termiziy, Abu Muhammad Hajjoj ibn Muhammad Aʼvar Missisiy Termiziy, Abulhasan Ali ibn Hakam ibn Zobyon Ansoriy Marvaziy Muazzinlar boʻlib, ular muhaddis, faqih, mutasavvuf va mashhur hadis roviylaridan sanalgan [15:8-18].
Movarounnahrda hadis ilmi sahobiylardan olinganiga eng asosiy va yorqin dalil Qusam ibn Abbos (55/675 v.y.)ning Samarqandga kelishidir. U kishi bu yurtda odamlarni islomga daʼvat qilib, Qurʼon va hadis taʼlimotini tarqatgan va shu yerda shahid boʻlgan. Shu sababdan Movarounnahr mashhur sahobalarning muborak qadami yetgan ulugʻ makon sifatida eʼtirof etiladi [5:18/83]. Bu vaqtda Said ibn Usmon ibn Affon Samarqandda (Sugʻd)da voliy boʻlib, ular bir vaqtda Samarqandda faoliyat olib borgan. Said ibn Usmonning Movarounnahrga voliy boʻlib kelishi va u yerni 56/676-yilda sulh yoʻli bilan fath etgani toʻgʻrisida ham manbalarda maʼlumot berilgan.
Movarounnahr yerlarida birinchi azon aytgan sahoba Abuloʼliya Rofiʼ ibn Mehron Rayohiy (vaf.90/709)dir [5:18/83]. Sahoba Abuloʼliya Rofiʼ ibn Mehron Rayohiy Amudaryoni Balx tomondan kesib oʻtgan va Movarounnahrda birinchi boʻlib islom azonini aytgan [10:293].
Movarounnahrga islomning kirib kelishi va shakllanishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning daʼvat maktublari, ikki buyuk xalifa Umar ibn Xattob va Usmon ibn Affon topshirigʻi, buyuk sahobalar Burayda ibn Husayb, Abdulloh ibn Hozim Sullamiy, Qusam ibn Abbos, Said ibn Usmon ibn Affon va Abuloʼliya Rofiʼ ibn Mehronning bu yerga kelib, din targʻiboti yoʻlida koʻplab ishlarni amalga oshirishi orqali yuz bergan. Bu daʼvat yuz yil davom etgan. Xalifa Umar va voliy Qutayba ibn Muslim davrida, yaʼni 705-715-yillarda fath nihoyasiga yetkazilgan [10:295-310].
Movarounnahrlik muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va hadisni bu yerga kelgan mashhur sahobiy va tobeinlardan olgan. Movarounnahrga 55-65/675-685-yillarda toʻqqiz nafar mashhur sahoba kelgan. Ular: Said ibn Usmon ibn Affon, Qusam ibn Abbos, Abulʼoliya Rofiʼ ibn Mehron, Muhammad ibn Vosiʼ, Bard (Molik ibn Anasning mavlosi), Dahhok ibn Muzohim, Lays ibn Abu Sulaym, Ziyod ibn Mihron va Xulayd ibn Hassondir. Ushbu sahobiylarning bu yurtga kelishidan asosiy maqsadi islom dinini yoyish boʻlgan. Shu bilan birga, hali Movarounnahr fath qilinmagan boʻlsa-da, yurtga islom nuri kirib kelgan. Mahalliy aholidan islom diniga qiziquvchilar, ularga ixtiyoriy ergashuvchilar juda koʻp boʻlgan.
Tadqiqot natijasida shu narsa maʼlum boʻladiki, Movarounnahrga islom dini uch bosqichda kirib kelgan.
Birinchi bosqich: 622-662-yillarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak maktublari asosida, buyuk toʻrt xalifa davrida tabshir (islom dinidan xabardor) koʻrinishida boʻlgan.
Ikkinchi bosqich: 665-705-yillarda sahobiy va tobeinlarning hududga kelishi va islom diniga ochiq daʼvat qilishi bilan amalga oshirilgan.
Uchinchi bosqich: 705-715-yillarda Umar ibn Abdulaziz va voliy Qutayba ibn Muslimning Movarounnahrni fath qilishi bilan islom dini bu yerga toʻliq kirib kelgan.
Movarounnahrga kelgan sahobiylar oʻzi bilan birga Qurʼon va hadis ilmini ham olib kelgan. Shuning uchun ham, yurtimizga islom dini sahobiylar davrida kirib kelgan, Qurʼon va hadislar ilk sahobiylardan olingan, deb aytishga toʻliq asos bor. Darhaqiqat, yurtimizga sahobalarning kirib kelishining yana bir buyuk fazilati shundan iboratki, ularni koʻrib, suhbatida boʻlgan va bunday ulugʻ insonlardan ilm oʻrgangan mahalliy aholiga tobein darajasi berilgan.
Movarounnahr va Xurosonga sahobiylar olib kelgan hadis ilmini oliy sanad asosida rivoyat qilgan holda yurtimizdan koʻplab mashhur muhaddislar yetishib chiqqan. Abdulloh ibn Muborak, Abdulhamid Keshiy, Imom Doxiliy, Poykandiy, Ahmad ibn Hanbal, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Ibn Moja, Imom Dorimiy, Haysum Shoshiy va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning faoliyati va hadis ilmiga oid qoldirgan nodir asarlari bu ilmning butun islom olamiga tarqalishiga xizmat qilgan.
-
Torixu Kabir. – Bayrut: Dor Maʼorif Usmoniya. 2010.
-
Yoqut Hamavay. Muʼjam buldon. – Bayrut: Dor ihyo turos arab, 1985.
-
Ziri Aʼlom. Misr: Dor as-sodr. 1999; Al-Komil. – Bayrut: Dor al-fikr, 2015; Ibn Xaldun. Al-iʼbar. – Ar-Riyod: Baytul afkoril ilmiy, 2018; Abdulhodiy Shaʼir. Al-Mamoliku xalifa. – Bayrut: Dor al-kutubi, 2020.
-
Ibn Asir. Al-Komil. – Bayrut: Dor al-fikr, 2015.
-
Ibn Asokir. Torixu Damashq. – Bayrut: Dor al-kutubi ilmiy, 2010.
-
Ibn Kasir. Al-Bidoya va an-nihoya. – Bayrut: Maktaba al-maorif, 2016.
-
Ibn Hishom. Siyrati Nabaviy. – Qohira: Maktubat Safo, 2001.
-
Mahmud Muhammad. Bilodu Movarounnahr fiy asri Abbosiy.
-
Sahih Muslim bi sharhihi Navaviy. – Qohira: Maktabatu Hijoz, 2010.
-
Sayyid Ahmad Hoshimiy. Majallatul Akademiya lil abhos. Juhudul ulamoi Movarounnahr fiy nashri ilmil hadis. www. ajrsp.com. Afgʻoniston. Qobul №25. 2021.
-
Samʼoniy. Al-Ansob. – Bayrut: Dor jinon, 2015.
-
Saʼod Muhammad. Intishorul islom fiy bilodi Movarounnahr. – Misr: Jomitu Banho, 2017.
-
Tarixu rusul va muluk. – Misr: Dor al-maorif, 2018.
-
Hajar Asqaloniy. Tahzibut tahzib. – Hindiston: Doirat maorif Nizomiya, 2010.
-
Chutmatov J. Termiziy allomalar. – Termiz: Kitob nashr, 2023.