Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida teologiya magistri, Rossiya islom universiteti tadqiqotchisi, shariatshunos ekspert va imom sifatida faoliyat yuritayotgan Aynaz Zaripovning tatar ulamolari orasida moturidiya aqidasining tarqalishi mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.
Taʼkidlanganidek, tatar islomiy anʼanalari asrlar davomida hanafiy fiqhi, moturidiya aqidasi va sharʼiy tasavvuf asosiga qurilgan boʻlib, oʻziga xos bu modelni ulamolar 1917-yilga qadar keng tatbiq etgan.
Shayx Muhammad Murod Ramziy oʻzining “Tarix ulamo Bulgʻor va Qozon” asarida tatar ulamolari haqida bunday yozadi: “Eʼtiqod borasida ularning barchasi sunniy-moturidiy, amal borasida hanafiydir. Shu kunga qadar ular orasida bidʼatchi chiqqani yoʻq”.
Maʼruzada keltirilgan ilmiy tahlilga koʻra, inqilobgacha boʻlgan davrda tatar madrasalarida 137 kitob oʻqitilgan boʻlib, ularning salmoqli qismi aqida masalalariga bagʻishlangan. Asosiy qoʻllanma “Aqoidun Nasafiya” boʻlgan. Uning eng nufuzli sharhi – Taftazoniy tomonidan bitilgan boʻlib, bu kitob tatar madrasalarida kamida 15-marta qayta nashr etilgan va keng tarzda oʻqitilgan.
Shuningdek, maʼruzada Abdunosir Kursaviy qalamiga mansub ikki muhim asar atrofidagi fikriy bahslar, Shihobiddin Marjoniyning “Al-Hikma al-boligʻa al-janiya” nomli risolasi tilga olindi. Bu kitoblar islom merosining yuksak ilmiy darajasi va intellektual murakkabligini namoyon etadi.
Maʼruzada tatar ulamolari aqida ilmlariga ustuvor ahamiyat bergani, madrasalarda anʼanaviy mumtoz manbalardan asosiy darslik sifatida foydalanilgani va sunniy-moturidiy qarashlar musulmon jamoalar orasida bosh eʼtiqodiy yoʻnalish sifatida saqlanib kelayotgani alohida taʼkidlandi.
Aynaz Zaripov quyidagi xulosani bayon qildi: “Moturidiya aqidasi asrlar davomida tatar musulmonlarining maʼnaviy tayanchi va diniy birdamligining asosiy ustuni boʻlib keldi. Bugun ham ushbu merosni chuqur oʻrganish, avloddan avlodga bus-butun yetkazish va zamonaviy sharoitda rivojlantirish muhim vazifa boʻlib qolmoqda”.