Home / MAQOLALAR / BUXORO AMIRLIGI HUKUMATINING MAXSUS MIRZAXONALARI

BUXORO AMIRLIGI HUKUMATINING MAXSUS MIRZAXONALARI

Soʻnggi yillarda XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Buxoro amirligi davri tarixini tadqiq etishga intilgan tadqiqotchilar asosan Turkiston general-gubernatorligi devonxonasi hamda amirlik qushbegisi devonxonasi hujjatlariga murojaat etmoqdalar. Bu albatta ijobiy va shu bilan birga tadqiqotchilar uchun birlamchi qadam hisoblanadi. Shu oʻrinda mazkur masalani mintaqa doirasida oʻrganishda Rossiya imperatorining Buxorodagi siyosiy agentligi devonxonasi hujjatlarni ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim.

Buxoro amirligi qushbegisi vazoratxonasi tizimiga kiruvchi maxsus devonxonasi bilan birga, Rossiya imperatorining Buxorodagi siyosiy agentligida ish yuritgan alohida amirlik devonxonasi xususida maʼlumotlarni ilmiy adabiyotlarda uchratish mushkul. Shuning uchun ham amirlikdagi devonxona tizimi tarixidagi bu kabi muassasalarni oʻrganishni oʻz oldimizga maqsad qildik.

ХIХ asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro amirligida faoliyat yuritgan devonxonalar faoliyatiga daxldor maʼlumotlarning aksariyati yurtimizdagi hujjat jamgʻarmalarida saqlanmoqda. Maʼnaviy merosimizni oʻrganish orqali davlatchilik anʼanalarimiz, xususan, boshqaruv tizimini tadqiq etish oʻz dolzarbligini yoʻqotmay kelmoqda. Bevosita birlamchi ilmiy qiymatga ega arxiv hujjatlarining tahlili shuni koʻrsatdiki, tadqiq etilayotgan muammoga oid maʼlumotlar Oʻzbekiston Milliy arxivining  I-1, I-3, I-126 hamda R-2678 fondlaridagi yigʻmajildlarda jamlangan. Amirlik hukumatining diplomatik xizmatida maxsus mirzaxonalar, ulardagi ish yuritish tizimi, faoliyat yuritgan mirzo, munshiylar bilan bogʻliq qaydlar I-126 fonddagi 382-yigʻmajilda, I-3 fondning 1-roʻyxat, 653 hamda shu fondning 2-roʻyxat, 134, 142, 267, 357, 474, 737,  shu bilan birga  I-1-fond, 1-roʻyxat, 45 yigʻmajildlarida saqlanmoqda. Mazkur yigʻmajildlarda oʻrin egallangan hujjatlar ilmiy muomalaga kiritildi. Qolaversa, amirlikdagi maxsus devonxonalar va undagi xodimlar faoliyati, ish yuritish tizimi natijasida shakllangan hujjat – yigʻmajildlar XIX asr ikkinchi yarmi – XX boshlarida Oʻrta Osiyo mintaqasida diplomatik munosabatlar tarixini tadqiq etish uchun qimmatli manba vazifasini bajaradi. Zero, tarixchilar uchun manba, uni yaratgan shaxs yoki muassasa faoliyati, qolaversa, uning yuzaga kelishiga xizmat qilgan sharoitni oʻrganish birlamchi ahamiyat kasb etadi.

Ushbu maqolani yozishda xronologik izchillik, muammoviy hamda qiyosiy tahlil kabi ilmiy tadqiqot usullaridan foydalanildi. Tadqiqotda qoʻyilgan masalalar xolislik hamda tarixiylik tamoyillariga tayangan holda oʻrganilmoqda.

Manbalarda Buxoro arkida yuqori qushbegi tasarrufidagi “Mirzaxonai kalon” faoliyat yuritgani toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Ushbu devonxona vazoratxona tarkibiga kiruvchi ikkita devonxonadan tashkil topgan[1].  Ularning bittasi mamlakat xazinasidagi oltin, xiroj mablagʻlari va tushumlarning sarhisobi va turli xildagi xarajatlarni amalga oshirish bilan; ikkinchisi esa bekliklar  bilan munosabatga kirishish hamda xorijiy mamlakatlarga chiqish uchun amirlik fuqarolariga pasport(ruxsatnomalar)ni taqdim etish bilan shugʻullangan.

Mirzaxonai kalon ‒ yuqori qushbegi hovlisidagi xonalarda joylashgan. U xazina kirim va chiqim xarajatlarini amalga oshirgan. Ushbu devonxonada 10 nafar mirza faoliyat yuritar edi. Amirning mamlakat boʻylab safarlarida ushbu devonxonadan uchta mirza jalb qilingan. Ularning biri hisob amaliyotini, ikkinchisi mablagʻlarni qabul qilish va safar xarajatlari roʻyxatini olib borish, uchinchisi esa mablagʻ ajratish ishlari bilan shugʻullangan.

Qushbegi hovlisida joylashgan ikkinchi devonxonada ham 8-10 nafar mirza ishlar edi. Devonxonalarda alohida-alohida mirzaboshilar tayinlangan va qushbegiga hisobot berib turgan. Ushbu devonlarni mirzoi kalon ‒ bosh mirza boshqargan. Devonbegi, yaʼni quyi qushbegi devonxonasi Ark qoʻrgʻoni etagida joylashgan edi. U yana havli-i poyon ‒ yaʼni quyida joylashgan hovli deb ataladi.

Yuqori qushbegi va Rossiya imperatorining Buxorodagi siyosiy agentligi oʻrtasidagi yozishmalar bilan maxsus mirzaxona – devonxona shugʻullangan. Ushbu devonxona arkning sayisxona hovlisi tarkibiga kiruvchi xonalarda joylashgan edi. Devonxona ikki xonadan iborat boʻlib, uning birinchisida mirzalar, ikkinchisida esa daftardor hamda mirzoi munshiy faoliyat yuritgan [2].

Qushbegi devonxonasi tarkibiga kirgan maxsus mirzaxonada faoliyat yuritgan tarjimon mirzalar ham hukumatlararo maktublarni tayyorlashda muayyan oʻrin egallagan. Jumladan, amirlik hukumati maktublarini tarjima qilish va ularni siyosiy agentlikka yoʻllash tarjimon mirzalarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanar edi. Arxiv hujjatlarida ushbu lavozimda Iskandar Ahmedov, Abdulgʻani Abdumutalipov, Said Gerey Subxonqulov va Davlat Murodovlar faoliyat yuritgani xususida maʼlumotlar mavjud.

Kelib chiqishi Toshkent shahridan boʻlgan Abdulgʻani Abdumutalipov 1915-yil 1-noyabrdan eʼtiboran oyiga 90 rubl maosh evaziga Buxoro amirligi devonxonasida tarjimon sifatida ish boshlaydi. U dastlab tarjimon, soʻngra esa maxsus mirzaxonani boshqaradi. Rus, fors, arab tillarini bilgan [3]. 1916-yilgi mardikorlikka olish kompaniyasi davrida u Sirdaryo viloyatining fuqarosi sifatida mardikorlikka jalb qilinadi. Qushbegi uning malakali xodimligini eʼtirof etgan holda mardikorlikka olishdan ozod qilishni soʻrab siyosiy agentlikka murojaat qiladi [4]. Mavjud yozishmalar Abdulgʻani Abdumutalipov 1916-yil 26-oktyabrda mardikorlikka olishdan ozod etilganini koʻrsatadi.

Mirzaxonadagi tarjimonlar orasida Ahmedov Iskandar Usmonovich ham faoliyat yuritgan. U 1910-yilda Mirzo Nasrullobiy qushbegi taklifi bilan mirzaxonada ish boshlaydi va yetti yillik faoliyati davomida mirzaxonada tayyorlangan maktublarning tarjimasini amalga oshiradi. Buni qushbegi maktublarining tarjima qismi oxirida “Mirzo Iskandar jevochi” degan yozuv ham tasdiqlaydi.

Mirzaxona faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni oʻrganish natijasida u yerda faoliyat yuritgan tarjimon mirzalar oyiga 80-100 rubl miqdorida maosh olgani aniqlandi.

Mazkur masalaga daxldor yozishmalar tahlil etilganda Turkiston general-gubernatorligi fuqarolari Buxoro amirligidagi maxsus mirzaxonada tarjimon sifatida ishlashga ruxsat berish xususida siyosiy agentlikka murojaat qilganliklari toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjudligi maʼlum boʻldi. Amirlikdagi mavjud tartib va qoidalarga binoan ushbu lavozimga xodimlarni tayinlash amir hukumatining vakolat doirasiga kirgan. Siyosiy agentlik esa bu lavozimga nomzodlarning hujjatlarini taqdim etish va bu xususida qushbegining fikrini bilish huquqiga ega edi [5].

Mazkur masalada siyosiy agent va amirlik qushbegisi oʻrtasida yozishmalar olib borilgan. Siyosiy agent va qushbegi oʻrtasidagi yozishmalardan shu narsa maʼlum boʻladiki, ayrim shaxslarning siyosiy agent nomiga oʻzini qushbegi devonxonasi tarjimoni lavozimiga tavsiya etishni soʻrab yuborgan  iltimosnomalari koʻp hollarda ijobiy hal etilmagan. Bu hol amir hukumati mazkur lavozim uchun munosib vakillarni oʻzi tanlaganini koʻrsatadi.

Shu oʻrinda bevosita Rossiya imperatorining Buxorodagi siyosiy agentligi  devonxonasida bosh, birinchi va ikkinchi kichik yozma tarjimon deb nomlangan lavozimlar joriy etilganini taʼkidlash joiz. Ularda mahalliy aholi vakillari ham faoliyat olib borgan. Bu kabi xodimlar asosan rus tilida yuritilgan rasmiy idoraviy hujjatlarni mahalliy tillarga tarjima qilish bilan shugʻullangan. Siyosiy agentlikning faoliyati davomida bosh tarjimon lavozimida uzoq yillar davomida Abdullov Axmad Gerey faoliyat olib boradi [6]. Abdullov Axmad Gerey 1869-yilda tugʻilgan va siyosiy agentlikda 1900-yil 25-noyabrdan oʻz faoliyatini boshlagan. Orenburgdagi oʻqituvchilar maktabini bitirgan. 1902-yili Buxoro amirining 2-darajali kumush yulduz ordeni bilan taqdirlanadi. 1910-yili Buxoro amiri (Abdulahadxon)ning 25 yillik hukmronligiga atab chiqarilgan yubiley medali sohibi. Romanovlar sulolasining 300 yilligi munosabati bilan 1913-yilda chiqarilgan yubiley medali egasi. U oʻz faoliyatini keyinchalik amirlikda tashkil etilgan Rossiya rezidentligida ham davom ettiradi [7].

Devonxonada kirill grafikasidagi hujjatlarni arab grafikasiga tarjima qilish bilan shugʻullanuvchi ikki tarjimon mirza: katta mahalliy yozma tarjimon Ahmadbek Rahimbekov va kichik mahalliy yozma tarjimon Gʻulom Haydar Nasrullaboyev ham ish olib borgan [8].

Ahmadbek Rahimbekov 1868 yilda tugʻilgan. Siyosiy agentlikda 1887-yildan oʻz faoliyatini boshlagan. Eski Buxorodagi madrasada oʻqigan. Arxiv maʼlumotlarga asoslanadigan boʻlsak, Ahmadbek Rahimbekov 1899-yilda Buxoro amirining 3-darajali, 1901-yilda 2-darajali kumush yulduz ordeni bilan taqdirlanadi. 1910-yili Buxoro amiri(Abdulahadxon)ning 25 yillik hukmronligiga atab chiqarilgan yubiley medali sohibi. Shuningdek, Romanovlar sulolasining 300 yilligi munosabati bilan 1913-yilda chiqarilgan yubiley medali bilan ham mukofotlangan [9]. 

Ikkinchi tarjimon mirzo Gʻulom Haydar Nasrullaboyev 1888-yilda tugʻilgan. Siyosiy agentlikda 1907-yil 7-maydan oʻz faoliyatini boshlagan. Eski Buxorodagi madrasada oʻqigan. 1911-yilda Buxoro amirining oltin medali bilan taqdirlangan. Romanovlar sulolasining 300 yilligi munosabati bilan 1913-yilda chiqarilgan yubiley medali sohibi hisoblangan [10].

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Rossiya imperatorining Buxorodagi siyosiy agentligida ham amirlik hukumatining devonxonasi tashkil etiladi. Bu devonxona agentlik binosida joylashgan boʻlib, amirlik hukumati nomiga yoʻllanadigan maktublarni tarjima qilish hamda oʻzaro yozishmalarni olib borish ishlarini amalga oshirgan. Ushbu muassasada amir hukumatining ikki amaldori faoliyat olib borgan. Ulardan biri toʻqsabo Mirzo Mahmud Musaxoʻja boʻlib, u Buxoro amirining agentlikdagi amaldori vazifasini bajarardi. U ikki mamlakat oʻrtasida olib boriladigan yozishma va davlatlararo munosabatlarni amalga oshirish uchun masʼul shaxs hisoblangan [11]. Bu lavozimga amirga yaqin kishilar tayinlangan. Mirzo Mahmud Musaxoʻja bu lavozimda uzoq vaqt faoliyat olib boradi. Faqat 1914-yilda amirlik hukumati uning oʻrniga Mirzo Malik miroxoʻrni tayinlaydi [12].

Amirning siyosiy agentlikda faoliyat olib borgan ikkinchi amaldori Mirbadalov Mir Haydar Qosimovichdir. U  Orenburgda yashovchi buxorolik shaxs oilasida tugʻilgan. Uyezd bilim yurti(uchilishi)ni bitirgan. 1880-yildan Zarafshon viloyati Kattaqoʻrgʻon boʻlimi boshqarmasida tarjimon. 1886-yildan siyosiy agentlikda katta yozma tarjimon lavozimida ishlay boshlaydi.  “Buxoroi sharif” gazetasining masʼul muharriri. 1880-yilda 3-darajali, 1904-yilda 2-darajali Stanislav ordeni, 1897-yilda 3-darajali, 1910-yilda 2-darajali Anna nomidagi ordenlar bilan taqdirlangan.

Amirning ushbu amaldori siyosiy agentlik tarkibiga kirgan Buxoro amirligi devonxonasi boshqaruvchisi vazifasini bajarardi. Bu lavozimdagi xodimni ishga tayinlash yoki unga tegishli sabablarga asoslanib mehnat taʼtili muddatini belgilash masalasi siyosiy agentlik va amir qushbegisi oʻrtasida olib borilgan yozishmalar asosida hal etilgan [13].

Garchi M.Mirbadalov siyosiy agentlikda faoliyat olib borgan boʻlsa-da, u bevosita amir koʻrsatmalariga rioya qilgan holda mahalliy aholi bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish va amirlikning siyosiy agentlikdagi devonxonasini boshqarish bilan shugʻullanar edi.

Tadqiqotda 1904-yilda Rossiya imperatori tomonidan Buxorodagi siyosiy agentlikda devonxona xodimlari uchun alohida bino ajratilgani qayd etiladi [14]. Siyosiy agentlik binosi hovlisida bir qavatli alohida bino qurilib, uning taʼminoti imperiya hukumatining mablagʻ ajratmasi asosida amalga oshirilgan.

Arxiv hujjatlarini oʻrganish jarayonida, siyosiy agentlikda Buxoro hukumati devonxonasi uchun bino ajratish masalasi ham koʻtarilgani maʼlum boʻldi. Tahlillar bino qurilishi uchun amir 13000 rubl miqdorida mablagʻ ajratganini koʻrsatmoqda [15]. Bu miqdordagi mablagʻ ajratilgani xususidagi maʼlumot 1916-yil 9-sentyabrda siyosiy agentning amirlik hukumatining siyosiy agentlikdagi devonxona boshqaruvchisi Mirbadalov Mir Haydar nomiga yoʻllagan xatida oʻz aksini topgan. Bu hol amirlik hukumati oʻzining rasmiy idoraviy muassasalari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratganini koʻrsatadi. Chunki agentlikda tashkil etilgan amir hukumati devonxonasi ikki mamlakat munosabatlariga oid hujjatlarni yuritish ishida muhim boʻgʻinlardan biri hisoblangan.

Tadqiqot jarayonida siyosiy agentlik devonxonasi va qushbegi devonxonasi oʻrtasida devonxona faoliyati kunlari rejalarining oʻzaro almashilganlik holati mavjudligi aniqlandi. Bu kabi tadbirlar asosan agentlikka yangi siyosiy agent tayinlangan paytda amalga oshirilar edi. Jumladan, ushbu masala yuzasidan siyosiy agent A.Ya.Miller 1916-yil oktyabrda qushbegiga murojaat qilib, uning devonxonasi uchun oʻzining 17-oktyabrda ishlab chiqqan siyosiy agentlikdagi qabul kunlari roʻyxatining besh nusxasini yuborishini bildiradi [16]. Siyosiy agent tomonidan qabul kunlarining ishlab chiqilishi va bu haqda amirlik hukumatiga bildirilishi qabul jarayonlarini tartibga solish maqsadida amalga oshirilgan tadbir hisoblanadi. Siyosiy agentlik devonxonasi ikki mamlakat oʻrtasida koʻtarilgan masalalarni hal etishda muhim boʻgʻin vazifasini bajargani bilan ham ahamiyatlidir. Rossiya imperatori siyosiy agentligi 1917-yilning martidan eʼtiboran Rossiya rezidentligiga aylantiriladi.  Rezidentlik ham qushbegi devonxonasi bilan rasmiy yozishmalar olib borishni davom ettiradi. 

Yuqorida bildirilgan fikrlarga asoslanib, rasmiy hukumatlararo yozishmalarni olib borishda siyosiy agentlik va amir qushbegisi rahbarligidagi devonxonalarining oʻrni muhim. Shu oʻrinda amirlik qushbegisi vazoratxonasi tizimiga kiruvchi ikki maxsus mirzaxona – devonxonalarning tashkil etilganligini alohida qayd etish joiz. Zero, oliy darajadagi maktublarni tayyorlash hamda ularning tarjimasi davlatlararo muloqot va munosabatlar dinamikasiga taʼsir etmasdan qolmagan. Shuning uchun ham maxsus mirzaxonalarning ish tartibi, mirzaxona xodimlarini ishga qabul qilish kabi masalalarda amirlik maʼmurlari ehtiyotkorlik bilan ish koʻrgan. Mirzaxonlarning mehnat mahsuli ham oʻz davrida, ham bugungi kunda amirlik davri tarixini oʻrganishni maqsad qilgan tadqiqotchilar uchun zarur  muhim maʼlumotlarni taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.                                                                                                               

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbekiston Milli arxivi (keyingi oʻrinlarda – Oʻz MA), R-2678-fond, 1-roʻyxat, 448-yigʻmajild, 137-varaq.
  2. Андреев М.С. Чехович О.Д. Арк Бухары в конце XIX – начале XX вв. – Душанбе: Изд-во Дониш, 1972 .
  3. Oʻz MA, I-3-fond, 1-roʻyxat, 653-yigʻmajild, 7-varaq.
  4. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 737-yigʻmajild, 152-varaq.
  5. Oʻz MA, I-3-fond,1-roʻyxat, 653-yigʻmajild, 26-28-varaqlar.
  6. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 357-yigʻmajild, 49-50-varaqlar.
  7. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat,134-yigʻmajild, 15-16-varaqlar.
  8. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 267-yigʻmajild, 4-5-varaq.
  9. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 357-yigʻmajild, 51-52-varaqlar.
  10. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 357-yigʻmajild, 51-52-varaqlar.
  11. Oʻz MA, I-1-fond, 1-roʻyxat, 45-yigʻmajild, 247-varaq.
  12. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 134-yigʻmajild, 30-varaq.
  13. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat,134-yigʻmajild, 9-10 varaqlar.
  14. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat, 142-yigʻmajild, 131-133-varaqlar.
  15. Oʻz MA, I-3-fond, 2-roʻyxat,474-yigʻmajild,156-varaq.
  16. Oʻz MA, I-126-fond, 2-roʻyxat, 382-yigʻmajild, 1-varaq
 Oybek KLICHEV,
Buxoro davlat universiteti Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi dotsenti, tarix fanlari doktori (DSc)

Check Also

Oʻzbekiston xalqining 34 ta ANʼANAVIY QADRIYATI

Oʻzbekiston xalqining 34 ta ANʼANAVIY QADRIYATI   Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib …